Iqtisodiyot
Toshkent viloyatida kambag‘allik 4,5 foizga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-sentyabr kuni Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bu go‘zal tabiatli va salohiyati yuqori viloyat iqtisodiyoti bugun izchil rivojlanib bormoqda. Keyingi 8 yilda 10 milliard dollar hududiy, 8 milliard dollar tarmoq investitsiyalari kiritilgan, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushgan.
Oxirgi 3 yilda yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalar soni 1,8 barobar oshib, 1,7 mingga yetgan. Yana aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori korxonalar esa 137 tadan 193 taga ko‘paygan. Natijada oldingi yillarda yillik o‘rtacha eksport 1 milliard dollarga ham yetmagan bo‘lsa, shu yilning 8 oyida bu raqamdan oshgan.
Viloyatda xitoylik investorlar tomonidan 2,1 milliard dollarlik yirik sanoat parklari tashkil etilmoqda. Shuningdek, viloyatni 2025-2027 yillarda jadal rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarorlari qabul qilinib, ular ijrosi uchun 40 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirilgan. Bularning bari hududlarda ishsizlikni pasaytirib, kambag‘allik darajasini qisqartirish imkonini bermoqda. Yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirishning aniq hisob-kitobi qilingan.
Bunday natijalarni oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, Toshkent viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda shtab tomonidan tayyorlangan reja va loyihalar taqdimot qilindi.
Prezidentimiz tomonidan mazkur loyihalarni bekam-ko‘st amalga oshirishga ko‘maklashish, ayrim masalalarni zudlik bilan yechish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Jumladan, Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy investitsiya ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun 2 ta nimstansiya qurish ko‘zda tutilmoqda.
Bekobod shahrida import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Oqqo‘rg‘on tumanida oziq-ovqat va to‘qimachilik korxonalarini ochish, Ohangaron, Angren va O‘rta Chirchiq hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘yida turizm va savdo maskanlarini tashkil etish imkoniyati bor.
Umuman, viloyatda 2 milliard 500 million dollarlik investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Ularning natijasida 11 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanadi, 434 million dollarlik eksport quvvati yaratiladi.
Prezidentimiz loyihalar bilan atroflicha tanishib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
– Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik iste’mol va xizmatlar bozorini, ya’ni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirsa bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari ham qatnashdi. Toshkent viloyatidagi bo‘sh yerlar “Toshkent invest” kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chirilishi aytildi.
Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lash vazifasi belgilandi. Bu orqali u yerlarda ham yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga talab oshadi, odamlar poytaxtga qatnab ishlashi mumkin bo‘ladi.
Viloyatdagi 263 ta mahalla biror mahsulot yetishtirish, sanoat yoki xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashmagan. Shu bois, ularda bog‘dorchilik, limon, uzum, malina, brokkoli va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish mo‘ljallanmoqda. Bu mahallalarga “Agrostar” kompaniyasini bog‘lab, urug‘, ko‘chat va kafolatli xarid bo‘yicha odamlarga yordamlashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Toshkent viloyati yer va suvga juda boy. Bundan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish bilan birga ularni qayta ishlab, eksportini oshirish vazifasi qo‘yildi.
Umuman, barcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Source link
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
-
Jamiyat3 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Sport3 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat2 days ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
-
Iqtisodiyot3 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
