Iqtisodiyot
O‘zbekistonda birinchi migrantlar resurs markazi ochildi – u xavfsiz migratsiyaga ko‘maklashadi
Markaz Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etildi. U xavfsiz va qonuniy migratsiya bo‘yicha maslahat berish, norasmiy migratsiya xavflari haqida xabardorlikni oshirish, odam savdosi tahdidlari haqida ma’lumot berish bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Protect loyihasi doirasida mamlakatdagi birinchi migrantlar resurs markazini ochdi. Bu haqda Yevropa ittifoqining Toshkentdagi vakolatxonasi xabar berdi.
Yuqoridagi uch idora “Protect: Ipak yo‘li va Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilishni yaxshilash loyihasi”ni amalga oshiradi. O‘zbekistonda birinchi migrantlar resurs markazi ushbu loyiha doirasida tashkil etilgan.
Rasmiy xabarga ko‘ra, markazning asosiy maqsadi – mintaqa bo‘ylab potensial migrantlar uchun xavfsiz va qonuniy migratsiya bo‘yicha xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, noqonuniy migratsiya xavflari va odam savdosi tahdidlari haqida xabardorlikni oshirish. Loyiha O‘zbekiston hukumati bilan 2025 yil mart oyida imzolangan anglashuv memorandumi orqali rasman yo‘lga qo‘yilgan.
“Bunday markazlar odamlarni migratsiya haqida ongli qaror qabul qilish uchun zarur ma’lumot bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Global Gateaway strategiyasi tamoyillariga muvofiq, YeI Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan transport, raqamli texnologiyalar, energetika yoki ijtimoiy sohalarda barqaror, inson markazidagi infratuzilmaga investitsiya qiladi. Bu esa uyda va chet elda imkoniyatlarni yaratib, noqonuniy migratsiyani rag‘batlantiruvchi bosimlarni kamaytiradi”, – deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar.
Ma’lum qilinishicha, Toshkentdagi migrantlar resurs markazi dunyo bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 14 ta MRM tarmog‘ining eng so‘nggi tashkil etilgani hisoblanadi. Yangi markaz migratsiya yoki qaytishni rejalashtirayotganlar uchun amaliy va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatib, ularning qarorlari ongli, xavfsiz va huquqlarga asoslangan bo‘lishini ta’minlaydi.
Toshkentdagi MRM potensial migrantlar, qaytib kelgan fuqarolar va ularning oilalari uchun ishonchli, qulay va dolzarb ma’lumot hamda maslahatlarni taqdim etadi. Jumladan, o‘zbekistonlik fuqarolar uchun quyidagi xizmatlar ko‘zda tutilgan:
qonuniy migratsiya yo‘nalishlari va xorijda ish imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumot berish sessiyalari;
noqonuniy migratsiya, odam savdosi va ekspluatatsiya xavflari haqida xabardorlik kampaniyalari;
jo‘nab ketayotganlar uchun tayyorgarlik bo‘yicha maslahatlar va qaytganlar uchun reintegratsiya bo‘yicha maslahatlar.
Shunday markaz 2023 yilda Dushanbe shahrida va 2024 yilda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida ochilgan.
“O‘shdagi markaz ishga tushirilganidan buyon 6 mingdan ortiq kishiga maslahat berilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali maslahat olganlar soni qariyb 1 million kishiga yetgan. Dushanbedagi markaz esa 10 mingdan ortiq kishiga yuzma-yuz maslahat bergan va 710 mingdan ziyod kishiga onlayn axborot yetkazgan”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkentdagi markaz butun O‘zbekiston bo‘ylab faoliyatini kengaytiradi, mahalliy muassasalar bilan hamkorlik qiladi, maqsadli shaxslar bilan ishlash orqali migratsiya masalalari bo‘yicha samarali xabardorlik ishlarini olib boradi. Bundan tashqari, ma’lumot kampaniyalari davomida yig‘ilgan axborot migratsiya siyosatini dalillarga asoslangan holda shakllantirish, boshqaruv tizimini mustahkamlash va yanada samarali xizmat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalaniladi.
Avvalroq, Migratsiya agentligining ikki xodimi Koreyaga yuborish uchun 700 ming dollar olgani xabar qilingandi. Shundan keyin Migratsiya agentligi Koreyaga yuborish bilan bog‘liq barcha kadrlar to‘liq o‘zgartirilganini ma’lum qildi.
Iqtisodiyot
«Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yana takomillashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan innovatsion infratuzilma subyektlari uchun startaplarni qo‘llab-quvvatlashning qonunchilik asoslarini takomillashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soha ekspertlari hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi. Unda Prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi qaroriga muvofiq, startap loyihalarini moliyalashtirish, infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash va huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish vazifasi belgilangani qayd etildi.
Shu asosda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh tomonidan «Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Davra suhbatida startap subyektlarining huquqiy maqomini belgilash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay huquqiy muhit yaratishga oid takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, startap ekotizimi ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni samarali huquqiy tartibga solish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yoshlar parlamenti a’zolari va soha ekspertlari tomonidan bildirilgan amaliy taklif va tavsiyalarni qonun loyihasini yanada takomillashtirish jarayonida inobatga olish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 33 moddadan iborat «Startaplar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ilk bor 2020-yil aprel oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda o‘tgan yili 70 mingdan ortiq ipoteka kreditlari ajratilgan – MB
2025-yilda O‘zbekistonda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi va soni sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha tahlilida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida banklar tomonidan aholiga 70,4 mingta ipoteka krediti ajratilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 20 foizga yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, mehnatga layoqatli doimiy aholining har 1000 nafariga to‘g‘ri keladigan ipoteka kreditlari oluvchilari soni 18 nafardan 20 nafarga yetgan.
Ipoteka kreditlarining o‘rtacha hajmi ham oshgan. Xususan, 2024-yilda o‘rtacha bir kredit 290,5 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 301,3 million so‘mga yetgan.
Tahlilda qayd etilishicha, ipoteka kreditlash shartlari ham ancha yengillashgan. 2025-yilda ipoteka kreditlarining o‘rtacha qaytarish muddati 17,2 yilni tashkil etib, bir yil oldingiga nisbatan 0,6 yilga uzaygan. Shu bilan birga, o‘rtacha foiz stavkasi 19,8 foizdan 19,2 foizga tushgan.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni dollar kursi keskin qimmatlaydi
Markaziy bank 2026-yil 13-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 63,77 so‘mga oshib, 12 0075,98 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 69,27 so‘mga oshdi va 13 800,43 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 193,89 so‘m bo‘ldi (+81,91).
Rossiya rubli 157,32 so‘m etib belgilandi (-0,82).
Iqtisodiyot
O‘zbekistondagi tijorat tashkilotlarining qariyb 80 foizi — MChJ
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 1-iyun holatiga O‘zbekistonda 430,9 mingta tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
Ulardan 343,6 mingtasi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MChJ) bo‘lib, bu umumiy korxonalar sonining 79,7 foizini tashkil etdi.
Tashkiliy-huquqiy shakli bo‘yicha korxonalar soni quyidagicha:
Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar — 343 584 ta (79,7 foiz);
Xususiy korxonalar — 46 515 ta (10,8 foiz);
Oilaviy korxonalar — 36 697 ta (8,5 foiz);
Aksiyadorlik jamiyati — 645 ta (0,2 foiz);
Boshqalar — 3 496 ta (0,8 foiz).
Iqtisodiyot
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmalari davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan monitoring va murojaatlar tahlili natijasida umumiy qiymati 17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlarini aniqladi.
Qonun talablari buzilgan xaridlar qatoridan Andijon, Buxoro, Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahridagi davlat tashkilotlari o‘rin olgan.
Eng yirik qonunbuzilishlar:
«Mikrokreditbank» ATB – qariyb 2,8 mlrd so‘m;
Respublika ftiziatriya va pulmonologiya tibbiy reabilitatsiya markazi – qariyb 2,5 mlrd so‘m;
Saksonota davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasi – 1,3 mlrd so‘mdan ortiq;
Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi – qariyb 1,3 mlrd so‘m;
«Samarqand xalqaro aeroporti» MChJ – 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilib, raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Shu munosabat bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarida qonun ustuvorligini ta’minlash, budjet mablag‘larining shaffof va samarali sarflanishi hamda tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar kursida keskin ko‘tarilish yuz berdi
-
Dunyodan4 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp, Turkiyaga moʻljallangan F-35 samolyotlari haqida hech qanday qaror qabul qilinmaganini aytdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
-
Jamiyat3 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Sport1 day agoJCh anonsi. Holand Keynga qarshi, Argentinada ilk jiddiy raqib
-
Sport5 days agoArgentinada afsonaviy 13 daqiqa. Amaldagi chempionlar kambek qilishdi
