Connect with us

Iqtisodiyot

Transafg‘on temiryo‘li – amalga oshirish imkonli ishmi?

Published

on


Bir necha yildan beri O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston hukumati Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘laydigan temiryo‘l liniyasini qurish ustida ishlayapti. Bu loyiha O‘zbekistonga nima beradi va uni amalga oshirish uchun qanday muammolarni yechish kerak?

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

17 iyul kuni Kobulda O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari Transafg‘on temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzoladi. Xo‘sh, katta umidlar bog‘lanayotgan bu loyihani amalga oshirish imkoniyati qay darajada?


Foto: Transport vazirligi

Transafg‘on temiryo‘lining ahamiyati

Qariyb 250 mln aholiga ega Pokiston – O‘zbekiston uchun juda ulkan bozor. Qolaversa, Karachi, Qosem va Gvadar dengiz portlari Yaqin Sharq, Afrika va Hindiston bozorlariga chiqish imkoniyatini beradi.

Prognozlarga ko‘ra, “Mozori Sharif–Kobul–Peshovar” temiryo‘lining qurilishi O‘zbekistondan Pokistonga yuklarni tashish vaqtini 35 kundan 3-5 kungacha qisqartiradi. Shuningdek, tovar yetkazib berish xarajatlari Markaziy Osiyo va Pokiston o‘rtasida 40 foizgacha kamayishi mumkin.

Birinchi bosqichda yangi temiryo‘l yiliga 3 mln tonnaga yaqin yuk tashish imkoniyatini berishi kutilyapti. 2035−2040 yillarga borib, tashish hajmi 15−20 mln tonnagacha o‘sishi mumkin. Bu – loyihaning ko‘p e’tirof etilayotgan iqtisodiy jihatlari.

O‘z navbatida, qator geosiyosiy omillar ham mavjud.

Birinchidan, Transafg‘on temiryo‘li loyihasini amalga oshirish Afg‘onistonni qayta tiklash uchun juda muhim strategik ahamiyatga ega. Xususan, ushbu tashabbusning hayotga tatbiq etilishi Afg‘oniston tashqi savdosining keskin o‘sishini ta’minlashi va tranzitdan rasmiy Kobul yiliga yuz millionlab dollar daromad olishi mumkin.

Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi o‘z isbotini topib ulgurdi. Mintaqada barqaror xavfsizlik va savdo aloqalarini ta’minlashning yagona yo‘li – mamlakatni siyosiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish. Tarixan ham, Kobul va Qandahor har doim Hindiston, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo aloqalarining asosiy nuqtalaridan biri bo‘lib kelgan. Ayni paytda O‘zbekiston hukumati “Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi” konsepsiyasini hayotga chuqurroq tatbiq etish ustida ishlayapti. Ya’ni ushbu loyiha Afg‘onistonning hududiy birliklarini o‘zaro bog‘lash bilan bir qatorda, mamlakatdagi ishsizlik muammosini kamaytiradi, infrastruktura yaratiladi. Shu bilan birga, rasmiy Toshkentga Afg‘onistonning o‘zi bilan ham savdo va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish eshiklari ochiladi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston uchun Janubiy Osiyodagi ikkita ulkan bozorga ega mamlakatlar – Pokiston va Hindiston bilan aloqalarni yaxshilash kundan kunga geosiyosiy ambitsiyalari kuchayib borayotgan Rossiya ta’siridan uzoqlashish va bog‘liqlikni kamaytirishga yordam beradi. Ukraina voqealari fonida joriy qilingan sanksiyalardan kelib chiqilsa, uzoq yillar Rossiya hududidan tranzit sifatida foydalanish imkoni cheklangan bo‘lib qolishi mumkin. Transafg‘on temiryo‘li istiqbolda O‘zbekistonning Rossiya yoki Xitoyga bog‘lanib qolgan iqtisodiy qaramligini kamaytirib, kuchlar muvozanatini diversifikatsiya qilish uchun yangi vositalarni taqdim etishi kerak.

Uchinchidan, Eronning Chobahor, Bandar Abbos portlari ham O‘zbekiston uchun dengizga chiqish imkoniyatini taqdim qiladigan eng qisqa yo‘nalishlardan hisoblanadi. Ammo so‘nggi paytlardagi Eron–AQSh munosabatlarining yanada keskinlashishi rasmiy Toshkentni Eron temiryo‘llariga muqobil yo‘nalishlarni izlashga majbur qilyapti. Erondagi har qanday mojaro mintaqadagi muhim iqtisodiy munosabatlar va transport aloqalari buzilishiga olib keladi.

Shu jihatdan, Transafg‘on temiryo‘li bir qancha jihatga ko‘ra jozibador, lekin eng muhimi, agar u qurib bitkazilsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston uchun dengiz portlariga qisqaroq yo‘l ochiladi.

Loyihani to‘liq amalga oshirish imkoniyati qanday?

Transafg‘on temiryo‘lini qurish tashabbusi 2018 yilda ilgari surilgandi. 2021 yil boshida Mozori Sharif–Kobul–Peshovor temiryo‘lining qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. Xususan, qurilish ishlari 2021 yilning kuzida boshlanishi rejalashtirilgan edi, biroq Afg‘onistonda hokimiyat almashishi bunga yo‘l qo‘ymadi. «Tolibon» harakatining muvaqqat hukumati esa bir qancha muzokaralardan so‘nggina loyihaga qo‘shildi. 2022 yilning boshida mazkur temiryo‘l yo‘nalishi tasdiqlandi. 2023 yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temiryo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.

Ya’ni bu loyiha kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Dastlabki rejalar o‘xshaganida, qurilish hozirga qadar tugallangan bo‘lishi kerak edi. Ammo, ayni paytda ushbu temiryo‘lni qurishga xalaqit beruvchi bir qancha jiddiy to‘siqlar bor.

Moliyaviy muammolar. Transafg‘on temiryo‘lini qurishdagi eng katta muammo uni kim moliyalashtirishi masalasidir. Loyihani amalga oshirish dastlab 4,8 – 5 mlrd dollar atrofida baholangan edi. Keyinchalik bu miqdor 8,2 mlrd dollargacha oshirildi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy uzunligi 647 kilometr bo‘lgan temiryo‘lni qurishga 4,6 mlrd dollar mablag‘ kerak. O‘zbekiston tomoni dastlab AQShning Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi hamda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi moliyaviy institutlardan kredit jalb qilishni reja qilgandi. Ammo, AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi va «Tolibon»ning hokimiyatga kelishi fonida, dastlabki kelishuvlar bekor qilindi. Hozirgacha biror bank yoki donor loyiha uchun mablag‘ ajratishini rasman tasdiqlamagan.

Pul tikishi mumkin bo‘lgan mamlakatlardan biri – Xitoy. Rasmiy Pekin “Bir kamar va yo‘l” tashabbusi doirasida Yevrosiyo transport koridorlarini kengaytirish bo‘yicha aniq belgilangan strategiyani amalga oshiryapti. Biroq Xitoy tomoni ham xavfsizlik masalalarini inobatga olgan holda, aniq moliyaviy sarmoya ajratish borasida ehtiyotkorlik bilan yondashishda davom etyapti. Bundan tashqari, Xitoy Pokiston bilan Hind okeaniga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkonini beruvchi CPEC (Xitoy–Pokiston iqtisodiy yo‘lagi) loyihasini amalga oshiryapti.

Rossiya ham temiryo‘lga qiziqish bildirgan. Moskva toliblar bilan ijobiy aloqalarga ega. Ammo Rossiyadagi hozirgi iqtisodiy holat moliyalashtirishning asosiy yukini ko‘tarishga imkon bermaydi. Ularning ishtiroki ko‘proq texnik qo‘llab-quvvatlash ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Qatar o‘zining “yumshoq kuch” siyosatini ommaviylashtirish strategiyasi doirasida ushbu loyihaga qiziqish bildiryapti. O‘tgan yilning fevral oyida to‘rt tomonlama Transafg‘on temiryo‘lini moliyalashtirish mexanizmlari doirasida uchrashuv o‘tkazilgandi. Joriy yilning iyul oyida Qozog‘iston hukumati ham Transafg‘on koridoriga 500 mln dollar investitsiya qilishga tayyorligini e’lon qildi.

Hozirgi bosqichda O‘zbekiston va Pokiston mavjud resurslar hisobidan loyiha hujjatlari va texnik-iqtisodiy asoslash ishlarini boshlagan. Afg‘onistonning xalqaro miqyosda tan olinmagani esa mamlakatni huquqiy javobgarlikni talab qiluvchi global loyihalardagi ishtirokida jiddiy muammolarni keltirib chiqaryapti. Xalqaro moliyaviy tashkilotlarning bugungi pozitsiyasi o‘ta ehtiyotkor. AQSh va Yevropa davlatlari Markaziy Osiyoning Xitoyga qaramligini pasaytirish maqsadida kelajakda Transafg‘on temiryo‘liga sarmoya kiritishi mumkinligi haqida ehtimollar bor, ammo bu mavjud reallikni o‘zida aks ettirmaydi.

Xavfsizlik muammolari. Transafg‘on temiryo‘lini qurish bilan bog‘liq yana bir katta muammo xavfsizlik bilan bog‘liq. “Tolibon” hukumat tepasiga kelganidan 4 yil o‘tib ham, turli etnik guruhlar va radikal harakatlar o‘rtasida ziddiyatlar davom etyapti. Xususan, “IShID-Xuroson” Kobul va Hirot viloyatlarida ko‘plab amaliyotlar o‘tkazgani loyihaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida ko‘riladi. Terroristik guruhlar ayniqsa Pokiston bilan chegaradosh Afg‘onistonning janubiy viloyatlarida faol harakat qilyapti. Bu yer tog‘li hudud bo‘lgani boisidan ham xavfsizlikni ta’minlash juda ham murakkab. “Tolibon”ga qarshi guruhlar infratuzilma obektlarini ham nishonga olishi mumkin. Afg‘oniston tomoni xavfsizlik kafolatlarini berayotgan bo‘lsa-da, bu xalqaro investorlarning ishonchi uchun kamlik qiladi.

Bu borada Pokiston bilan bog‘liq vaziyat ham yaxshi emas. Eng yirik strategik portlardan biri bo‘lgan Gvadar Balujiston viloyatida joylashgan. Bu hudud mamlakatning eng katta, shu bilan birga eng kam aholi yashaydigan qismidir. Balujlar uzoq yillardan beri milliy ozodlik talab qilib kelishadi. So‘nggi paytlarda Balujiston ozodlik armiyasi (BLA) va Pokiston harbiylari o‘rtasida to‘qnashuvlar tez-tez kuzatilyapti. Balujiston ozodlik armiyasi 1970 yillardan beri mavjud, ammo 2013 yilda Pokiston Gvadar portini Xitoyga ijaraga berganidan keyin uning faolligi keskin oshdi. Ayirmachilar hukumatni Balujiston tabiiy boyliklarini mahalliy aholi manfaatlarini hisobga olmasdan ishlatishda ayblamoqda. Jangarilar xitoylik ishchilarni Gvadarga olib ketayotgan karvonlarga muntazam hujum qilib turadi, qurbonlar ham ko‘p. Masalan, birgina 2024 yilning o‘zida 150 dan ortiq hujum uyushtirishgan.

Bundan tashqari, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ham yaxshi emas. Ikki o‘rtada tez-tez qurolli to‘qnashuvlar ham bo‘lib turibdi. Rasmiy Islomobodning aprel oyida 80 mingdan ortiq afg‘on muhojirini vataniga deportatsiya qilishi munosabatlardagi sovuqchilikni yanada kuchaytirdi. Shuningdek, Pokiston tomoni pushtunlardan tarkib topgan “Tehrike Tolibon Pokiston” qurolli harakatini terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi. Pokiston hukumati “Tolibon”ni Pokiston toliblarining yetakchilariga boshpana berganlikda ayblab keladi. Kobuldagilar esa buni rad etadi.

Texnik va texnologik muammolar. Yana bir to‘siq – topografik va mavsumiy cheklovlar bilan bog‘liq. Transafg‘on liniyasining bir qismi Hindukush tog‘li hududidagi Salang dovoni orqali 3500 metr balandlikdan o‘tishi rejalashtirilgan. Bu uni dunyodagi eng baland temiryo‘l liniyalaridan biriga aylantiradi. Salang dovoni qish mavsumida kuchli qor yog‘ishi yoki qor ko‘chkilariga moyil bo‘lib, bu temiryo‘lning uzoq vaqt davomida ishlamay qolishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli tog‘ ostida yana bir tunnel qurish kerak bo‘ladi. Bu esa xarajatlarni oshiradi va investitsiya jalb qilishni murakkablashtirishi, kechiktirishi yoki umuman cheklashi mumkin.

Topografiya va ob-havo sharoiti bilan bog‘liq muammolar yetkazib berish infratuzilmasiga cheklovlar qo‘yadi va bozorlarga borish uchun vaqt va masofani oshiradi. Afg‘oniston tomoni Bag‘lon va Bomiyon orqali temiryo‘l yo‘nalishini tasdiqladi, bu Salang dovoni va uning asoratlaridan qochishga urinish bo‘lishi mumkin. Salang dovoni ta’mirlash uchun vaqtincha yopilganda aynan Bag‘lon-Bomiyan yo‘nalishidan foydalanilishi mumkin.

Taklif etilayotgan Transafg‘on temiryo‘l liniyasi bo‘ylab xususiy yer egalariga tovon puli to‘lash, Afg‘onistondagi elektr uzatish yo‘llarining ishonchliligini ta’minlash va ushbu temiryo‘l liniyasini yaratish va saqlash uchun mahalliy ishchi kuchini tayyorlash zarurati kabi boshqa operatsion masalalar ham tegishli xarajatlarni talab qiladi.

Afg‘oniston temiryo‘l relslaridagi standartlar ham har xil. Pokistonliklar tomonidan loyihalashtirilayotgan temiryo‘l izlarining kengligi 1676 mm. O‘zbekistondan Mozori Sharifgacha bo‘lgan temiryo‘l izlari kengligi esa MDH standarti bo‘yicha 1526 mmni tashkil etadi. Bu tovarlarni qayta yuklash va ularni yetkazish uchun vaqt va xarajatlar ketishiga olib keladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Transafg‘on liniyasining qurilishini eng ko‘p xohlayotgan davlat bu – O‘zbekiston. Ushbu temiryo‘l nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo mavjud reallik ushbu loyihaning yaqin yillarda amalga oshishi imkoniyati ancha cheklanganini ko‘rsatyapti.

Doston Ahrorov tayyorladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Biznes-ombudsman Toshkent shahar hokimligini ogohlantirdi

Published

on


O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning tom qismiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari demontaj qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Idora reklama pasportlari qonuniy kuchida bo‘lgan tadbirkorlarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Reklama joyi pasportidan namuna

Nizoli holat yuzasidan avvalroq Kun.uz tarqatgan xabarda aytilganidek, poytaxt hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan dizayn kod kuchga kirishi bilan ko‘p kvartirali uylar tomidagi reklama konstruksiyalarini demontaj qilish borasida talabnoma yuborilgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkor hokimlik tomonidan 2030 va 2034 yilgacha muddatga berilgan reklama pasportlarining bekor qilinishi noto‘g‘ri ekanini aytgandi.

14 iyul kuni Biznes-ombudsman ushbu masalani nazoratga olganini ma’lum qildi.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, reklama joyining pasporti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan hujjat bo‘lib, ushbu hujjat yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga, mulk shaklidan qat’i nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi. 


“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlanadi.


Qolaversa, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi”, – deyiladi Biznes-ombudsman bayonotida.

Tashkilot Toshkent shahar hokimligiga reklama pasportlari amalda bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, qabul qilinadigan qarorlarda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish yuzasidan xulosa kiritgan.

Agar bu jarayonda tadbirkorlarning mulkiy huquqlari yoki qonuniy manfaatlari buzilsa, Biznes ombudsman o‘z vakolatlari doirasida ularning huquqlarini, jumladan, sudlarda ham himoya qilishini bildirdi.

Vaziyat bo‘yicha poytaxt hokimligi va Adliya vazirligining izohi bilan Kun.uz’ning avvalgi materialida tanishishingiz mumkin.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda mehnat ruxsatnomasisiz ishlagan xorijliklar javobgarlikka tortiladi

Published

on


Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatda viza berish va xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibining soddalashtirilishi, shuningdek, turizm sohasida yaratilgan imtiyozlar natijasida O‘zbekistonga kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni ortib bormoqda.

Shu bilan birga, ayrim xorijiy fuqarolar hamda doimiy ravishda boshqa davlatlarda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olmasdan ishlayotgani qayd etildi. Shuningdek, tasdiqnomada ko‘rsatilmagan mehnat turlari bilan shug‘ullanish holatlari ham uchramoqda.

Qonun loyihasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida tasdiqnomasiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, tasdiqnomada nazarda tutilmagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga asosan, mazkur turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati Davlat mehnat inspeksiyasi, ichki ishlar organlari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilishi taklif qilinmoqda.

Deputatlar ta’kidlashicha, qonun loyihasi mehnat munosabatlari sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, qonuniy mehnat bozorini shakllantirish hamda fuqarolarning mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Published

on


Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi. Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xulosa hamda tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Markaziy bank o‘z huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etilgani haqida xabar berdi.


Foto: Markaziy bank

Qayd etilishicha, u islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklar, mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.

Kengash tarkibi Islom huquqi bo‘yicha mutaxassis va texnik ekspert bo‘lgan 5 nafar a’zodan iborat. Tuzilmaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan Saidjamol Masayitov rais, Muhammadayubxon Homidov rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Kengash a’zolari tarkibidan Hikmatilla Toshtemirov, Abdullatif Tursunov va texnik ekspert sifatida Axrorjon Sadullayev ham o‘rin olgan.

Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi. Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xulosa hamda tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya bo‘yicha tavsiyalar beradi, ular bilan maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi hamda AAOIFI yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashib, xalqaro standartlar loyihalari yuzasidan taklif va mulohazalar bildiradi. Kengash har yili Markaziy bank boshqaruviga o‘z faoliyati bo‘yicha yillik hisobot taqdim etadi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Islomiy investitsiya – u nima? Har bir inson investor bo‘la oladimi?

Published

on


O‘zbekistonga islomiy investitsiyalarni olib kelish umidida yurgan insonlar bor. Bunday investitsiya uchun mamlakatda shart-sharoit yaratilayotgani ularni ruhlantirgan. Shu bilan birga, milliardlarni jalb qilishimiz uchun hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor, deydi ular.

Al-Azhar universiteti doktoranti Mahmud Usmon hamda Qatardagi Lesha Bank investitsion banki katta vitse-prezidenti Habibullo Ibragimov Kun.uz’ga bergan intervyusida islomiy investitsiyalar haqidagi savollarga oddiy tilda javob berishdi.

Mahmud Usmon: Sarmoya va sarmoyaga oid mahsulotlar islom moliyasining eng chiroyli mahsulotlari hisoblanadi. Deylik, masalan, bir odam chet el bankidan, kredit olib keldi. “Men investitsiya olib keldim falon davlatdan” deydi. Yo‘q, kredit bo‘lsa, investitsiya emas bu. Chunki u kredit, u sizga shartlari bilan berildi, 100% qaytarib oladi. Investitsiya bu – sheriklik, go‘zal mahsulot.

O‘zbekistonning ichida investitsiya jalb qilsangiz bo‘ladi hamda tashqaridan investitsiya jalb qilsangiz bo‘ladi. Islomiy banklar o‘zining faoliyatini boshlagandan keyin, tashqaridagi islomiy banklar bilan aloqa o‘rnatib, ularning ishonchi qozonilsa, O‘zbekistondagi bizneslarga pul kiritish: murobaha shaklidami, musharaka shaklidami, pul kiritish bo‘yicha shartnomalarga erishsa bo‘ladi. Mana bu tashqaridan kirishi mumkin bo‘lgan bitta investitsiya turi.

Bu bo‘yicha harakatlar bor, urinishlar bor, turli bizneslar tomonidan. Biz o‘zimiz mana Habibulloh aka bilan Qatarda edik, u yoqda harakat qilish bo‘yicha ba’zi uchrashuvlar bo‘ldi.

Ikkinchi yo‘nalish, bu – O‘zbekistonning ichidagi pullarni investitsiyaga aylantirish. Ya’ni O‘zbekistonning ichida odamlarning ta’bir joiz bo‘lsa, yostiqlari ostida turgan pullarni. O‘zbekiston bizneslarining chanqog‘ini qondira oladigan, O‘zbekistonning ichida ko‘plab pul bor deyishadi mutaxassislar. O‘sha pullarni investitsiya sifatida bizneslarga jalb qila olganimizda, katta g‘alaba bo‘lardi. Ichki investitsiyalar qanaqa tarzda bo‘ladi?

Deylik, boy odam, xos investor bo‘lishi ham mumkin. 100 ming, 200 ming, 500 ming dollar, million dollar puli bor odamda. Yoki deylik oddiy o‘qituvchi, doktor. Oyligidan 20%, 10% o‘zining xarajatlaridan tejab, investitsiya qilishni xohlashi mumkin. Mana shu pulni olib, birorta bir biznesdan ulush sotib olishi, tushadigan daromadlarga sherik bo‘lishi, shu biznesning o‘sishidan, kapitalizatsisi o‘sishidan manfaatlashishi mumkin. Kapitalni birga o‘stirish bu. Bu ichki investitsiyaning bir chiroyli ko‘rinishi.

Shokir Sharipov: Ya’ni qaysidir ma’noda G‘arb olami aynan investitsiya instituti evaziga rivojlanyapti-da, biz esa hozir to‘xtab turibmiz, chunki islomiy shakli yo‘q, cheklovlar bor, men misol uchun istamayman foiz bo‘layotgan joyga ishtirok etishga, siz ham istamaysiz, natijada iqtisodiyot qafas ichida turgandek, shunaqami?

Habibullo Ibragimov: To‘ppa-to‘g‘ri. Masalan, ikkita narsaga men ulagan bo‘lardim shu narsani. Birinchidan, islomiy moliya. Islomiy moliyada, masalan, taxminlarga ko‘ra 10-20 milliard pul bor ichkarida (O‘zbekistonda – tahr.). Katta pul bor odamlarning qo‘lida, hali sistemaga kirib kelmagan. Islomiy moliya ochilishi bilan, shu pullar sistemaga kirib kelgandan keyin, o‘z-o‘zidan, masalan, banklarning qo‘lida ko‘proq pul paydo bo‘lgandan keyin, bozordagi kredit ajratish yoki, masalan, moliyalashtirish stavkalari ham ancha tushadi o‘z-o‘zidan. 2030-yilgacha, masalan, qayta moliyalash stavkasini 5% ga tushirish rejalashtirilgan.

Islomiy banklarning ochilishi bu narsani yana ham tezlashtirib yuborishi mumkin. Chunki tashqarida hali bank sistemasiga kirib kelmagan pullarni sekin olib kirishga yo‘l ochib beradi. Ikkinchisi, kapital bozor hali O‘zbekistonda yaxshi rivojlanmagan. Bu narsa rivojlanishi kerak.

Arab mamlakatlarida investitsion banklar bor. Investitsion banklar kompaniyalarga sheriklikka kirishga yordam beradi, o‘rtada turadi. Biz Qatarda xuddi shu ish bilan shug‘ullanamiz. Masalan, tez o‘sayotgan kompaniyani topamiz, o‘rganamiz, strategiyasi bilan tanishib chiqamiz, moliyaviy holatini o‘rganamiz. Shu kompaniya bir necha yil ichida biz kutgan moliyaviy natijaga erishishiga ko‘zimiz yetadigan bo‘lsa, bir qismini sotib olamiz va investorlarga taklif qilamiz. Hali shu narsa O‘zbekistonda rivojlanmagan, rivojlantiriladigan bo‘lsa, odamlarda faqat bankka depozit qo‘yishi emas, qo‘shimcha investitsiya qilishi uchun mahsulotlar ham ko‘p bo‘ladi.

Shokir Sharipov: Investitsiya so‘zi hadislarda yo‘q, to‘g‘rimi? Lekin bu iqtisodiyotning bir muhim unsuri – investitsiya. Men bir ish qilyapman, tijorat qilyapman yoki korxona ochdim yoki startap qilyapman. Siz hissangizni qo‘shyapsiz, menga ishonganingiz uchun. Bu yerda ijtimoiy yaqinlik ham hosil bo‘ladi, to‘g‘rimi? Ishonyapsiz-da menga chunki, shuning uchun investitsiya kirityapsiz. Shu ma’noda, investitsiyaning islomiy jihatdan mohiyatini ochib beraylik. Nimasi bilan u qadrli? Chunki islomda, bilamiz, hamma yaxshi narsalarga ruxsat etilgan, to‘g‘rimi? Uning nimasi yaxshi ekanligini ochib berishimiz kerak.

Mahmud Usmon: Ajoyib tomoni, hozir masalan, shu suhbatni o‘tkazasiz, suhbat tamomlangandan keyin chiqib bir joyda, deylik, kechki ovqat yemoqchi bo‘lasiz. O‘sha oshxona uchun siz iste’molchisiz, oshxonaning egasi daromad ko‘radi bundan. Jurnalist sifatida yoki boshqa bir kasb egasi sifatida siz ishlaysiz, vaqtingizni pulga almashtirasiz. Keyin haligi pulni olib borib o‘sha oshxonada yoki boshqa joyda sarflaysiz. Natijada vaqtingiz go‘yo ovqat yeyishga sarflanyapti, yo‘q bo‘lib ketyapti. Umringizni shu narsaga sarflagandek bo‘lib qolyapsiz. O‘z-o‘zidan “shu oshxonaning 1% iga yoki 0, 1% iga bo‘lsa ham men ega bo‘lsam bo‘lmaydimi”, degan savol savol paydo bo‘ladi.

Tasavvur qiling, men oyligimdan oz-oz tejasam-da, shu oshxonaning 0, 1% ini yillar davomida, mayli, sotib olsam. Oxir-oqibat shu oshxonaga kirib ovqatlanayotgan odamlarning xarajatlaridan menga qanaqadir daromad kelib tursa. Shu ma’noda investitsiyaning mohiyati bo‘lgan sheriklikning yaxshi tomoni, u tadbirkor bilan oddiy xalq vakilini va kerak bo‘lsa, uning o‘zining mijozi bo‘lgan xalq vakilini uning sherigiga aylantiradi!

Natijada xalq orasida bo‘layotgan mana shu siz ko‘rib turgan bizneslar, masalan, mashhur supermarketlar bo‘lsin, ishlab chiqarish joylari bo‘lsin, xizmat ko‘rsatish joylari bo‘lsin, bular xalqning biznesiga aylanadi.

Oxirgi besh yil ichida, ayniqsa, juda keskin o‘sish bo‘ldi ko‘p bizneslarda. Va bu o‘sish oqibatida biznes egalarining hammasida paydo bo‘lgan savol: qayerdan sarmoya topsam bo‘ladi, qayerdan investitsiya jalb qilsam bo‘ladi? Xorijdan jalb qilishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Banklardan olishda ba’zi odamlarda qadriyat bilan bog‘liq, masalan, to‘siqlar bor. Mana shunday holda u qarab o‘zining mijozlaridan o‘sha pulni olsa bo‘ladi. Va mijozlarini o‘zining biznesiga sherik qilsa bo‘ladi.

Sheriklikning mohiyatini, go‘zalligini to‘rtta narsada jamlasak.

Birinchi ijobiy nuqtasi, odam o‘zining biznesiga o‘zining mijozlarini va xalq vakilini, o‘qituvchini, doktorni jalb qiladi. Qaysidir ma’noda hamma jamiyat uchun ishlayapti, jamiyat uchun bu kasblar ham kerak. Mana shu kasb egalarini o‘zining biznesiga sherik qiladi. Oqibatda ularni ham manfaatlantiradi o‘zining muvaffaqiyatidan.

Ikkinchi nuqta, ularning pullari buning biznesiga kirib kelishi oqibatida bu o‘zi halol va deyarli tugamaydigan investitsiya manbayiga ega bo‘ladi. Masalan, siz hozir, deylik, orttirib, tejab, boshqa qilib, deylik, bir yillik, yarim yillik pulingizdan muayyan bitta restoranga investitsiya kiritdingiz. Ulush oldingiz shu restorandan. Va qanaqadir foyda ko‘rishni boshladingiz. Keyingi yilga yana kiritaman deysiz. Chunki birinchi yil foyda ko‘rdingiz-ku. Ayniqsa, agar o‘sha restorandan pulingizni kerak paytda yechib ola olsangiz. Oqibatda yana ham xotirjam bo‘lib, kelajakda pul kiritasiz. Oqibatda restoran doim pul kelib turadigan bitta manbaga ega bo‘ldi. Doimiy sherigi bor. Qachon pul kerak bo‘lsa, o‘zining investorlariga e’lon qila oladi. Hozir yangi filial ochishimiz kerak, bizga shuncha pul kerak. Hamma o‘rtaga pul tashlaydi, bir pastda pul jamlanib qoladi va bitta yangi filial ochib olasiz. Daromadga sherik qilasiz.

Uchinchi ijobiy tomoni, mijozlar biznesni o‘zining biznesi deb ko‘rishni boshlaydi. Oqibatda o‘sha biznesga bo‘lgan mijozning munosabati o‘zgaradi. Masalan, men bir kuni bu restoranda ovqatlanaman, bir kuni bu restoranda ovqatlanaman. Lekin endi agar mana bu restoranning 0, 01% iga bo‘lsa ham, ulushdor bo‘lsam, endi men faqat shu restoranda ovqatlanaman, chunki mening restoranimda bu. Tushunyapsizmi? Men nafaqat doimiy mijoz, balki reklamachi, balki qattiq mudofaachiga aylanib qolaman bu biznesga. “Direct celling” deydi buni, yuzma-yuz sotish. Bu doimo samaradorroq bo‘ladi. Mana hozir qanchadir pul berib, televideniye, radioda e’lon berasiz. Bilmaysiz, o‘sha reklama foyda beradimi, yo‘qmi. Foydaning hajmidan qat’iy nazar, siz baribir o‘sha pulni sarflaysiz. Lekin “direct celling”da, ya’ni bir odam sizga reklama qilib berishida, manfaat ko‘rasiz va manfaatga qarab pul to‘laysiz. Shuning uchun Google va boshqalar rivojlanib ketdi. Klikiga qarab pul to‘laydi, masalan. Tekinga sizni reklama qiladi mijozingiz. Ya’ni xalqning sizga nisbatan alohida sadoqati va alohida chiroyli bir munosabati, muhabbati bo‘lishi.

To‘rtinchisi, odamlarda mana shunday madaniyat paydo bo‘ladi: birga o‘saylik, bir narsa ulashaylik degan madaniyat.

Masalan, birorta bankdan kredit oladigan bo‘lsangiz, u yerda mavsumlar bor. Ba’zi mavsumlarda daromad topmaysiz, lekin baribir o‘sha pulni berishingiz kerak, to‘lov jadvali bor. Pul topmaysiz ba’zi holatlarda, baribir to‘lashingiz kerak. Ba’zi holatlarda o‘sib ketasiz, o‘sha miqdorni to‘laysiz. Bank o‘sishingizdan manfaat ham topmaydi.

Bu yerda esa mavsum yomonmi, pul to‘lamaysiz. Yoki kamroq pul to‘laysiz. Mavsum yaxshimi, ko‘proq pul to‘laysiz. Natijada sherigingiz siz bilan birga harakatlanadi. Va siz bilan harakatlanuvchi sherigingizda o‘z o‘rnida investorlik mentaliteti paydo bo‘ladi. Ya’ni u endi o‘zini nafaqat o‘qituvchi, balki investor deb biladi. Va natijada o‘z puliga qarashi o‘zgaradi. Ya’ni u endi biladi – vaqtni pulga almashtirish kerak emas, vaqtni hayotidagi eng qimmat kapital – vaqtga almashtirsa bo‘ladi.

Shokir Sharipov: Har bir inson investor bo‘lsa, o‘sha jamiyat muvaffaqiyatli, samarali jamiyatga aylanadi. Shunday desak bo‘ladimi?

Mahmud Usmon: Shunaqa. Buning ikkita tomoni bor. Bir videoda ikkita odam suhbatlashyapti. Bittasining qo‘lida AirPod degan narsa bor. Bittasi 399 dollarga manaqa narsa chiqdi, muzika eshitsa bo‘lar ekan, deb maqtayapti. Ikkinchisi “qaysi kompaniya chiqaribdi” shuning aksiyasini olaman deyapti. Oradan uch-to‘rt yil o‘tgandan keyin, yana uchrashishdi, haligi AirPod olgan kishi “bu kompaniya endi iPhone chiqarishdi, knopkalari bo‘lmas ekan, ekranning o‘zida boshqarilar ekan” deyapti. Besh yil o‘tgandan keyin bu kishi “iPhone 5-chisi chiqdi, 10 yil o‘tgandan keyin iPhone 10-chisi chiqdi, sening aksiyang nima bo‘ldi” deb so‘rasa, unisi “aksiyam 300 ming dollarga yetdi” deyapti. Ya’ni birinchi kishi iste’mol, iste’mol, iste’mol, qilish bilan shug‘ullanyapti. Ikkinchi kishi fikrlayapti, qanaqa qilib mana shu – iste’mol qilayotganim narsadan foyda ko‘rsam bo‘ladi?

Birinchi yo‘l, bu iste’molchilik botqog‘i. Mana shu narsani xohlayman. Olaman. Keyin 10 yil to‘lab yuraman. 10 yil davomida yana bir narsani xohlayman. Keyin uni olaman. Keyin uni to‘lab yuraman. Doimiy ravishda uni to‘lab, buni to‘lab, shu botqoqda yuraveraman.

Ikkinchisi, shuni xohlayman, lekin shuning yarmicha pulim bor. Shu pulni olay-da, mana bu joyga investitsiya qilay. Natijada sekin-sekin pul ko‘payishni boshlaydi va qolgan pullarni ham shunga qo‘yaman, sabr qilaman, sabr qilaman va sekin-sekin menda investitsiya uchun kapital jamlanishni boshlaydi. Keyin o‘z-o‘zidan menda bu bo‘yicha tajriba ham paydo bo‘ladi: “Bu kompaniya yaxshiroq ekan, bunaqa shaklda qilsam yaxshiroq ekan, mana bu narsani ertaga men o‘ndan birini, 10 barobar ko‘prog‘ini olishim mumkin”. O‘zimning bulog‘im bo‘ladi, menga pul keltirib turadigan manbayim bo‘ladi.

Men xohlardim Habibulloh aka Qatarni misol keltirib berishlarini.

Habibullo Ibragimov: Qatarda investitsion bankda ishlayman, katta vitse-prezident bo‘lib.

Shokir Sharipov: Ikki og‘iz shu banklaringiz haqida, qancha oborot qilinadi?

Habibullo Ibragimov: 5 milliard dollardan oshiq pul aylantiramiz.

Shokir Sharipov: Asosan katta-katta obektlarga investitsiya kiritasizlarmi?

Habibullo Ibragimov: Bizning yo‘nalishimiz, biz faqat investitsiya qilamiz. Bizning investitsiyamiz faqat Qatarning o‘zida emas, jahon bo‘yicha, masalan, Amerikada, Yevropada, Saudiyada hozir. Bir nechta yo‘nalish bo‘yicha ishlaymiz. Masalan, yo‘nalishlardan birinchisi aviatsiya yo‘nalishi. Samolyotlarni sotib olamiz, qiymatini shu fondning ichiga tashlab olamiz har safar. U fondning yunitlarini investorlarga bo‘lib-bo‘lib sotamiz. Investorlar u fonddan yunit sotib oladigan bo‘lsa, doimiy, masalan, ijaradan kelgan puldan dividend olib turishadi.

Investorlarga o‘zlari borib to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilish imkoniyati bo‘lmagan investitsiyalarni qilamiz. Chunki katta investitsiyalar bo‘ladi, 100 million, 200 million, 300 million dollarlik investitsiyalar bo‘ladi.

Mahmud Usmon: Aytganimizdek, bitta odam borib bir restorandan ulush oladi dedik. Muammo shundaki, voqelikda shu odam shu yaxshi restoranni topa olmaydi. O‘sha ulushni olishda yaxshi shartnoma tuza olmaydi. Yoki bir odam borib, deylik, ko‘chmas mulkka investitsiya qilmoqchi. Unga ko‘chmas mulkka yetarli puli bo‘lmasligi mumkin. Ko‘chmas mulk bozoridagi stabillik, bozordagi o‘sish yoki boshqaga sherik bo‘lishi uchun unda yetarli pul yo‘q. Yoki puli bo‘lsa ham, u o‘zining manfaati uchun qulay bo‘lgan shartnoma tuzish darajasida moliyaviy, huquqiy bilimlarga, ko‘nikmalarga, malakalarga ega emas. U boradi, odatda shuncha narx yozilgan deydi, talashadi, tortishadi, qo‘lidan kelgancha shu narxga oladi. O‘tirib, bozorni o‘rganib, kelajakda shaharning qaysi tomoni yaxshiroq bo‘ladi, qayerda ko‘chmas mulkni oladigan bo‘lsam, narx tushib ketmaydi, qayerda oladigan bo‘lsam, menga ko‘proq foyda keltiradi degan o‘rganishlar qiladi.

Habibullo Ibragimov: Juda ko‘p, besh-olti yilda o‘sib qolgan kompaniyalar bilan gaplashdik. Ular kompaniyalarini o‘zlari o‘stirib, rivojlantirishgan. Katta kompaniyalarni boshqarish bo‘yicha ularda tajriba yetishmasligi mumkin. Investitsion banklar bilan sheriklikka kirgandan keyin esa ulardan tegishli tavsiyalarini ola boshlaydi, direktorlar kengashiga odamini qo‘yadi, doimiy hisobotlarini audit qildirib turadi. Ko‘plab kompaniyalarda muammo bo‘ladi – bitta odamga bog‘liq bo‘lib qoladi. Agar u odam ketadigan bo‘lsa, kompaniyaning kelajagi yo‘q. Investitsion kompaniya bu joyda ham qo‘l keladi, “butun kompaniya sizga bog‘lanib qolibdi, sizdan keyingi odam kim, qanaqa qilib shu muammoni hal qilsak bo‘ladi?” deb tergaydi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

tadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi 

Published

on


Toshkent shahrida dizayn-kod kuchga kirgach, Raqamli rivojlanish departamenti ko‘p qavatli uylar tomiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha tadbirkorlarga talabnomalar yubora boshladi. Tadbirkor Kun.uzʼga yuborgan murojaatida reklama joylari uchun davlatga yuz millionlab so‘m to‘laganini, reklama pasportlari esa yana bir necha yil amal qilishi kerakligini aytmoqda. Biznes yangi talablar sabab bu huquqlardan muddatidan oldin mahrum bo‘lmoqda. Masala atrofida tadbirkor, Toshkent shahar hokimligi va Adliya vazirligi turlicha huquqiy talqinlarni ilgari surmoqda. 

Single Media Group MChJning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, kompaniya 2025 yilda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentidan ko‘p kvartirali uylar tomiga reklama konstruksiyalarini joylashtirish bo‘yicha ikki reklama joyi pasportini olgan. Ulardan biri 2030 yilgacha, ikkinchisi esa 2034 yilgacha amal qilishi belgilangan. 

Biroq 2026 yil may oyida kompaniyaga yuborilgan bildirishnomada Toshkent shahrining dizayn-kodi kuchga kirgani, unga ko‘ra ko‘p kvartirali uylar tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirish taqiqlangani sabab reklama konstruksiyalarini 10 kun ichida demontaj qilish talab qilingan. Departament  reklama joyi pasportlarini bekor qilish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. 

 Tadbirkor: «Biz qonuniy ruxsatnoma asosida investitsiya qilganmiz» 

Kompaniya vakilining aytishicha, reklama joylari uchun davlatga katta miqdorda to‘lovlar amalga oshirilgan. Xususan, Shota Rustaveli ko‘chasidagi reklama joyi uchun shu kungacha 270,4 mln so‘m, Chilonzor tumani, Olmazor dahasidagi reklama joyi uchun esa 69,4 mln so‘m to‘langan. 

Tadbirkor reklama pasportlari 2030 va 2034 yilgacha amal qilishiga ishonib investitsiya kiritganini, yangi dizayn-kod esa amalda ilgari berilgan huquqlarni bekor qilayotganini ta’kidlamoqda. 

 Kompaniya Ombudsmanga yo‘llagan murojaatida bir nechta huquqiy asoslarni keltirgan. 

Birinchidan, tadbirkor prezidentning 2026 yil 5 fevraldagi PQ-48-son qaroriga tayanmoqda. Mazkur hujjat bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilgan bo‘lib, unda uylarning umumiy mol-mulkidan olinadigan daromadlar qatorida reklama joylashtirishdan tushadigan mablag‘lar ham ko‘rsatilgan. Qarorga ko‘ra, reklama, mobil aloqa antennalari va boshqa umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushadigan daromadlar ko‘p kvartirali uyning bank hisobraqamiga yo‘naltiriladi hamda mulkdorlarning daromadi hisoblanadi. 

Shuningdek, qarorning 9-ilovasida ishchi guruhlarga ko‘p kvartirali uylarning reklama joylashtirish mumkin bo‘lgan joylarini aniqlash vazifasi yuklatilgan. 

Tadbirkor aynan shu normalarga tayanib, Prezident qarorida reklama konstruksiyalarini, jumladan tom qismida reklama joylashtirishni taqiqlovchi norma mavjud emasligini, aksincha reklama joylashtirish daromad manbayi sifatida e’tirof etilganini ta’kidlamoqda. 

Ikkinchidan, kompaniya “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga murojaat qilib, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligini eslatmoqda. Uning fikricha, dizayn-kod kuchga kirishidan avval qonuniy ravishda berilgan reklama pasportlariga yangi cheklovlar tatbiq etilmasligi kerak. 

Yana bir e’tiroz Vazirlar Mahkamasining 104-son qaroriga taalluqli. Tadbirkor reklama joyi pasportlarini bekor qilishdan oldin maxsus ishchi guruh xulosasi bo‘lishi kerakligini, biroq bunday xulosa taqdim etilmaganini bildirgan. 

 Hokimlik pozitsiyasi 

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti esa aksincha fikrda.  

Departament yuborgan bildirishnomada Vazirlar Mahkamasining 104 va 428-son qarorlari hamda Toshkent shahrining dizayn-kodi talablariga muvofiq barcha tashqi reklama obektlari shaharsozlik normalari va dizayn talablariga mos bo‘lishi shartligi qayd etilgan.

Bildirishnomada, shuningdek, reklama tarqatuvchi bilan tuzilgan ommaviy oferta shartnomasiga havola qilinib, qonunchilik yoki shaharsozlik vaziyati o‘zgargan taqdirda reklama konstruksiyalarini demontaj qilish tadbirkorning majburiyati ekani ko‘rsatilgan. Shu asosda reklama konstruksiyalarini 10 kun ichida olib tashlash, aks holda ular majburiy tartibda demontaj qilinishi hamda xarajatlar tadbirkordan undirilishi haqida ogohlantirilgan. 

Adliya vazirligi nima deydi? 

Mazkur masala yuzasidan Adliya vazirligi ham tadbirkorning murojaatini ko‘rib chiqdi. 

Vazirlik javobida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq Toshkent shahar Kengashi dizayn-kodni qabul qilish vakolatiga ega ekanini qayd etgan. 

(Muharrirga: Fotogalereyada adliya vazirligining javobi va hokimiyat xatidan skrinshot bor, shuni qo’ya olmadim)

Shuningdek, vazirlik bahs markazida turgan prezidentning 2026 yil 5 fevraldagi PQ-48-son qaroriga ham izoh berib, unda ko‘p kvartirali uylar tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirishga ruxsat beruvchi norma mavjud emasligini bildirgan. 

 Biroq vazirlik tadbirkorning huquqiy manfaatlari masalasiga ham e’tibor qaratgan. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga ko‘ra, manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi. Shu bois vazirlik tadbirkorga Toshkent shahar Kengashi qarori yuzasidan sudga murojaat qilish huquqi mavjudligini ma’lum qilgan. 

Bahs nimada? 

Tomonlar bir hujjatni turlicha talqin qilmoqda. Tadbirkor prezidentning PQ-48-son qarori reklama joylashtirishni ko‘p kvartirali uylarning daromad manbayi sifatida tan olganini, shu bois dizayn-kod bilan bunday reklama konstruksiyalarini to‘liq taqiqlash prezident qaroriga zid ekanini ta’kidlamoqda. 

Adliya vazirligi esa boshqa yondashuvni ilgari suradi: vazirlikka ko‘ra, PQ-48 qarorida reklama joylashtirishdan daromad olish nazarda tutilgan bo‘lsa-da, unda aynan ko‘p kvartirali uylarning tom qismida reklama konstruksiyalarini joylashtirishga ruxsat beruvchi norma mavjud emas. Shu sababli dizayn-kodning mazkur taqiqi prezident qaroriga zid deb baholanmagan. 

Natijada bahsning asosiy savoli ochiqligicha qolmoqda: davlat tomonidan 2030 va 2034 yilgacha amal qilishi belgilab berilgan reklama pasportlari yangi mahalliy normativ hujjat asosida muddatidan oldin bekor qilinishi mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, reklama joylari uchun yuz millionlab so‘m to‘lagan tadbirkorning investitsiyalari va mulkiy manfaatlari qanday himoya qilinadi? 

Kun.uz bu borada Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasiga so‘rov yubordi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.