Connect with us

Iqtisodiyot

Issiq suvning “kuydiradigan” tannarxi, arzon Ai-92 va’dasi va raqamlashadigan YaTTlar

Published

on


Yopiq kelishuvning nozik qismi ochildi: Toshkentda uy isitish 4 yilda 5 barobar qimmatlashadimi? Jahon bankidan pessimistik prognoz: O‘zbekiston yuqori daromadli davlatga aylanishiga nahotki hali 100 yil bor? Rasmiylardan qaltis tashabbus: aholi juda zich yashaydigan joylarda 80-90 tezlikka ruxsat beriladimi? Kichik biznes raqamli shaklga o‘tadi: YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlarni nimalar kutyapti?

Yakunlanayotgan haftaning O‘zbekiston oid muhim mavzulari – Kun.uz dayjestida.

“Har yili 30 foizga oshirishga kelishilgan”

Jamoatchilikka ochiqlanmaydigan kelishuvlardan nima kutish mumkinligi har doim katta savol ostida bo‘ladi. Bunday kelishuvlar aholi va tadbirkorlar uchun syurprizlarni ham o‘z ichiga olishi mumkinligi shu hafta yana bir bor o‘z isbotini topdi.

2021 yilda Toshkent shahridagi issiq suv va issiqlik ta’minoti tizimi 30 yilga Fransiyaning Veolia kompaniyasiga topshirilganida, Moliya vazirligi rus va ingliz tillarida umumiy gaplardan iborat press-reliz e’lon qilish bilan cheklangan. Bu bayonotning davlat tilidagi versiyasi berilmaganiga sabab juda oddiy va sharmandali: press-relizga “Moliya vazirligi Axborot xizmati” deb imzo qo‘yilgan bo‘lsa-da, aslida uni vazirlikdagilar emas, Veolia kompaniyasi yozgan – piar sohasidan salgina xabari bor odam buni bir qarashdayoq tushunadi. Xususiy kompaniyaning bayonotini nuqta-verguligacha ko‘chirib, davlatniki deb e’lon qilgan rasmiylar, tayyor matnni davlat tiliga o‘girib qo‘yishga ham yaramagan.

Lekin hozir gap bunda emas. Bu kelishuvning o‘sha vaqtda ochiqlanmagan muhim shartlaridan biri oradan to‘rt yil o‘tib ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, xususiy sherik bilan Toshkentda issiqlik ta’minoti tariflarini har yili 30 foizga oshirib borishga kelishilgan ekan. Buni Veolia kompaniyasi navbatdagi narx oshirish yuzasidan bergan izohida ma’lum qildi.

Kompaniyaning bildirishicha, aholi uchun tariflarni har yili 30 foizdan oshirish “turli ijtimoiy sabablar”ga ko‘ra kechikyapti. Faqat o‘tgan yili ikki marta 15 foizdan oshirishning uddasidan chiqilgan. Navbatdagi oshirish 2025 yil 1 oktyabrga belgilangan. Shu sanadan e’tiboran, poytaxtda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari aholi uchun 15 foizga, biznes uchun naq 40 foizga oshirish rejalashtirilgan. Bazaviy tariflarning 17 oy ichida uch marta oshishi umumiy hisobda aholi uchun 52 foizga, biznes uchun 85 foizga qimmatlashishni anglatadi.

E’tiborlisi, 2024-2025 yillarda tariflar ko‘tarilishi bilan budjetdan subsidiya ajratish kamayib qolmaydi, aksincha, keskin oshadi. Poytaxtning o‘tgan yilgi budjetida issiqlik ta’minoti uchun 2 trln so‘m subsidiya ajratilgan bo‘lsa, bu yilgi bu miqdor 38 foizga oshib, 2,7 trln so‘mga yetgan. Vaholanki, davlat strategiyasida issiqlik ta’minotini subsidiyalashni oshirish emas, 2030 yilgacha to‘liq to‘xtatish ko‘zda tutilgan. Veolia’ning ma’lum qilishicha, oktyabrdagi ko‘tarilishdan keyin, tannarx tarkibida tarif va subsidiyaning ulushi 20/80 shakliga keladi: iste’molchilar issiqlik xarajatlarining 20 foizini to‘g‘ridan to‘g‘ri, qolgan 80 foizini soliqlari orqali to‘laydi. Bu degani, strategiyada belgilangan maqsadga erishish uchun, keyingi 4 yilda tariflar 5 barobarga oshishi va shu vaqtda tannarx oshmay turishi kerak.

Tannarx nega bunchalik baland degan savolga Veolia’ning javobi quyidagicha: qozonxonalar, quvurlar va nasos stansiyalari yoppasiga eskirib ketgan, issiqlik yo‘qotishlari juda katta, ustiga ustak tabiiy gaz va elektr energiyasi xarajatlari oshyapti. Bugungi kunda shahardagi issiqlik tarmoqlarining 68 foizi modernizatsiyaga muhtoj. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 72 foiz bo‘lganiga qaraganda, 4 yildagi o‘zgarish 4 foizga teng bo‘ladi. Lekin kompaniya tabiiy eskirish tufayli har yili bu hajm ortib borayotgani hisobiga, 4 foizlik natijani “sezilarli qadam” deb baholayapti.

Kommunal qarzlar oylikdan ushlab qolinadi

Kommunal sohaga oid yana bir yangilik haqida Qonunchilik palatasi xabar berdi. Deputatlar 12 avgust kuni qabul qilgan qonunga asosan, kommunal xizmatlar va xalq tilida “kvartplata” deyiladigan to‘lovlardan qarzdorlikni soddalashtirilgan tartibda undirish joriy etiladi. Qonun keyingi bosqichlardan o‘tib kuchga kirgan taqdirda, kommunal qarzdorliklar MIB tomonidan qarzdorning ish haqi, pensiyasi yoki stipendiyasidan ushlab qolinadi. Ushlab qolinadigan miqdor qarzdan tashqari, majburiy undiruv uchun jarimani ham o‘z ichiga oladi.

Qonun loyihasining birinchi o‘qishdagi versiyasida undiruvni fuqaroning bank kartasidagi pullarga ham qaratish ko‘zda tutilgan edi. Lekin muxolifatdagi XDPning qarshiligi bilan, loyiha o‘zgartirildi va kommunal qarzdorlikni soddalashtirilgan tartibda undirishda bankdagi mablag‘larga teginilmasligi belgilandi. Lekin agar qarzdorning rasmiy oyligi, pensiya yoki stipendiyasi bo‘lmasa, undiruv amaldagi tartib bo‘yicha oddiy shaklga o‘tadi va undirish uchun xuddi hozirgidek hamma choralar ko‘riladi.

Yangi qonun qabul qilinishi fonida, kommunal to‘lovlar bo‘yicha avvalroq aytilgan boshqa bir g‘oya kun tartibidan tushib qolgandek ko‘rinyapti. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili “kvartplata”dan qarzi borlarning sveti o‘chirib qo‘yilishi e’lon qilingandi. Lekin keyinchalik bu masala boshqa ko‘tarilmaganiga qaraganda, qarzdorlarning svetini o‘chirish o‘rniga, qarzlarni osonroq undirishga qaror qilingan bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, “qarzi bor svetsiz qoladi” degan qoida joriy yil 1 avgustdan boshlab chiqindi to‘lovlari bo‘yicha amal qila boshladi.

Ai-80 qimmatlashdi, Ai-92 arzonlashishi aytildi

Ai-80 benzinidan voz kechilishi arafasida, uning narxi sezilarli oshdi. O‘zbekistondagi eng yirik AYoQShlar tarmog‘i – Carvon’da 13 avgustdan boshlab Ai-80 9100 so‘mdan sotila boshlandi. Shu tariqa, eng arzon benzin narxi 1,5 yil ichida 1,5 barobarga oshdi.

Kun.uz ixtiyoridagi hujjatga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” kelasi oydan boshlab Ai-80 ishlab chiqarishni to‘xtatish niyatida. Buning evaziga Ai-92 narxi biroz bo‘lsa-da pasayishi mumkin. Dushanba kuni “O‘zbekneftgaz” Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan Ai-92ning birjadagi boshlang‘ich narxi 2 foizga pasaytirilganini e’lon qildi. Kompaniya buni “birinchi bosqich” deb atadi va narxni yana tushirishga va’da berdi.

Shuni e’tiborga olish kerakki, rasmiylarning “narx pasayadi” degan va’dasi shoxobchalardagi narxlarga taalluqli emas. Hozir hamma AYoQShlar turli yo‘llar bilan xususiy qo‘llarga o‘tib ketgan, rasmiy jihatdan chakana narxlarni davlat belgilamaydi. Shu sabab, birjadagi boshlang‘ich narx pasaygani shoxobchalarda ham narx arzonlashuviga olib keladi deb hech kim kafolat bermaydi.

Iqtisodiy o‘sish tezlashmasa…

O‘zbekistonda bir necha yildan beri sifatli benzin AQShdagidan ham qimmatroq bo‘lib qolyapti. Vaholanki, o‘rtacha amerikalik o‘rtacha o‘zbekistonlikdan 28 barobarga boyroq. Xo‘sh, qachon O‘zbekiston ham o‘ziga to‘q davlatlar qatoriga qo‘shiladi? Jahon banki kuni kecha e’lon qilgan hisobotdagi raqamlarga qaraganda, yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga kirishimiz uchun bizga 100 yildan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi.

Jahon banki bu raqamni hisoblab chiqarishda oxirgi 10 yillikdagi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga tayangan. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev esa pandemiyadan keyingi davrni ajratib olib, alohida hisob-kitob qilib ko‘rdi. Unga ko‘ra, agar O‘zbekiston iqtisodiyoti oxirgi 4 yildagi kabi sur’atda o‘sishda davom etsa, yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga 2042 yilda qo‘shilishi mumkin. Qozog‘iston esa kelasi yildayoq yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo‘shilishi ehtimoldan xoli emas.

E’tiborlisi, Jahon bankining hisob-kitobi bo‘yicha ham, Mirkomil Xolboyevning versiyasi bo‘yicha ham, O‘zbekiston bu marraga Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng oxirgi bo‘lib yetib boradi.

Ma’lumot uchun, Jahon banki tasnifi bo‘yicha “yuqori daromadli mamlakat” deganda, jon boshiga bir yillik yalpi milliy daromadi 2023 yildagi narxlar bo‘yicha 14 ming dollardan oshadigan mamlakatlar tushuniladi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 3 ming dollarga yetdi, Qozog‘istonda esa 12 ming dollardan oshdi. Yuqorida benzin narxlarini bizdagi bilan deyarli bir xil deganimiz AQShda esa jon boshiga o‘rtacha daromad 84 ming dollarni tashkil etadi.

Norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish choralari

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 5 yillik maxsus huquqiy rejim e’lon qilindi. Prezident farmoniga ko‘ra, bu rejim doirasida bir-biriga bog‘langan yangi elektron platformalar ishlab chiqiladi. YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar bu platformalar orqali o‘z faoliyatini raqamlashtiradi, ya’ni bank hisobvaraqlarini boshqaradi, kontragentlari va xodimlari bilan hisob-kitoblarni amalga oshiradi, hujjatlarni Face-ID orqali imzolaydi, mijozlar uchun fiskal cheklar shakllantiradi va albatta, soliqlarni ham oson hisoblab, to‘lab borishi mumkin bo‘ladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq 1 foiz deb belgilanadi. Ya’ni YaTTlar uchun hozirgi 4 foizlik soliq 1 foizga tushadi. Shu paytgacha yiliga 100 mln so‘mlik daromad uchun soliqlardan ozod etilgan o‘zini o‘zi band qilganlar esa 1 foiz stavkada aylanmadan soliq to‘lay boshlaydi. Shuningdek, YaTTlar ham, o‘zini o‘zi band qilganlar ham elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun QR-kodga ega bo‘lishi majburiy deb belgilanyapti. Ular sotish paytida har bitta tovar va xizmatning identifikatsiya kodini kiritib o‘tirmasdan, guruh kodini kiritishi mumkin bo‘ladi.

Iqtisodiyotni oqartirish uchun o‘tgan hafta mehnat munosabatlariga doir farmon ham qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, 1 sentabrdan boshlab xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida ishlayotgan, qo‘l ostidagi xodimlari soni 50 nafardan oshmaydigan tadbirkorlarga ortiqcha qog‘ozbozlik qilib o‘tirmasdan, xodimlarni Face-ID orqali ishga olish va ishdan bo‘shatish huquqi beriladi. Farmonda ish beruvchilarni yana bir nechta byurokratik majburiyatlardan xalos qilish, evaziga norasmiy tarzda xodim yollaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Paxtani o‘z vaqtida terib olish uchun, fermerlarga tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya beriladigan bo‘ldi. O‘z mablag‘iga paxta yetishtirgan yoki xarid qilgan korxonalarga xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi. Shuningdek, to‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foizga tushiriladi. Klasterlarga kelsak, ularning 2,2 mlrd dollarlik kredit qarzidan 377 mlrd so‘mlik penyalar kechib yuborilyapti. Bunchalik katta qarzning sababi – ma’muriy yo‘l bilan tuzilgan va imtiyozlarga ko‘milgan klasterlar jahonda paxta narxlari tushib ketgani sabab tashqi bozorlarda raqobat qilolmay, qiyin ahvolga tushib qolgan. Bunga munosabat bildirgan iqtisodchi Yuliy Yusupov klasterlarni ham xuddi avtosanoat kabi arzanda qilib yurmasdan, katta hayotga qo‘yib yuborishga chaqirdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yana o‘zining mavjudlik mohiyatiga g‘irt teskari tashabbus bilan chiqdi. Toshkent shahrining beshta ko‘chasida ruxsat etilgan tezlikni 60 km/soatdan 80 km/soatga ko‘tarish taklif etilyapti. Toshkent shahar YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari bu masalani xalq deputatlari shahar kengashi yig‘ilishida ilgari surdi. Insonlar o‘limini ko‘paytiradigan bu tashabbusga birortayam deputat qarshi chiqqani yo‘q. Aftidan, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘z nomini “Tezliksevar haydovchilar manfaatini himoya qilish xizmati” deb o‘zgartiraversa bo‘ladi. Avvalroq radarlar qayd etgan tezlikdan 5 emas, 10 km/soat chegirib tashlash masalasi kun tartibiga chiqarilgandi. Bu ikkita tashabbusni birlashtirganda, dahshatli manzara hosil bo‘ladi: hatto Toshkent shahri markazida, aholi zich joylashgan mavzelardan o‘tuvchi ko‘chalarda ham tezlikni naq 90 km/soatgacha oshirish imkoni berilishi mumkin.

O‘zbekistonda 6 xil tovar uchun ekologik yig‘im joriy etilishi mumkin. Gap batareyka va akkumulyatorlar, transport vositalari, moylash materiallari, shinalar va rezinka kameralar, qadoqlash va shisha mahsulotlari haqida ketyapti. Bu boradagi rejalar payshanba kuni ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning davlat rahbariga qilgan taqdimotidan o‘rin oldi. Eslatib o‘tamiz, transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi allaqachon joriy etilgan. Shuningdek, o‘tgan oyda qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish haqidagi qonun qabul qilinib, Senatga yuborilgan edi.

Davlat xavfsizlik xizmati quyi bo‘g‘inlardagi korrupsiya haqida seriyali xabarlar berishda davom etmoqda. Toshkentda 50 martadan ko‘p pora olgan pasport-viza mansabdori qo‘lga tushdi. Buxoroda viloyat IIB xodimi 13 ming dollar, Farg‘onada bojxona posti boshlig‘i 5 ming dollar, Shahrisabzda favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 3,5 ming dollar, Marg‘ilonda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi 2 ming dollar bilan ushlandi. Samarqandda esa “Afrosiyob” poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik sodir etgan ikki temiryo‘lchiga hukm o‘qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ular lavozimi pasaytirilganidan norozi bo‘lib, qasd olish maqsadida “Afrosiyob” yo‘liga beton tashlab qo‘ygan. Sudlanuvchilardan biri 13 yil, yana biriga 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Zapravkalardagi portlashlar haddan tashqari ko‘payib bormoqda. 13 avgust kuni Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida ham propan quyish shoxobchasi portladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida jabrlanganlar bor-yo‘qligi haqida hech narsa deyilmagan. Viloyat hokimligi esa jabrlanganlar borligini tasdiqladi, lekin ularning sonini ochiqlamadi. Qayd etish kerak, bu – oxirgi bir oy ichida portlagan respublikadagi beshinchi zapravka bo‘ldi. Buning ortidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi yonilg‘i quyish, saqlash va tashish korxonalarining rahbarlariga murojaat bilan chiqib, ularni mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.

G‘azo sektoridan O‘zbekistonga olib kelingan bir guruh falastinliklarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish haqida prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, bu bolalar davlat bog‘chalari va maktablariga navbatsiz joylashtiriladi, 2028 yilgacha bog‘cha puli olinmaydi, qo‘shimcha ta’lim xarajatlari to‘liq davlat hisobidan qoplanadi. Katta yoshdagi falastinlik mehmonlarga esa nafaqalar va ijara xarajatlari uchun kompensatsiya tayinlandi. Shuningdek, har bir oilaga birlamchi zaruriy vositalar xaridi uchun bir martalik moddiy yordam ham to‘lanadigan bo‘ldi. Ijtimoiy xodimlar ularning O‘zbekiston ijtimoiy muhitiga moslashishini monitoring qilib boradi.

Muallif – Komron Chegaboyev

Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov

Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

«O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston emitentlari orasida birinchi bo‘lib Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar chiqarmoqchi

Published

on


2026 yil 9–10 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududiga tashrifi doirasida «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ («O‘zmilliybank» AJ) va «China International Capital Corporation» (CICC) Osiyo kapital bozorida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 11-sammiti doirasida tomonlar Gonkong fond birjasida Xitoy yuani va O‘zbek so‘mida umumiy qiymati 250 million AQSh dollari ekvivalentiga teng bo‘lgan xalqaro obligatsiyalarni chiqarish hamda ularni Gonkong fond birjasida listingdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi bitimni imzoladilar.

Erishilgan kelishuv «O‘zmilliybank» AJning Osiyo kapital bozoriga ilk bor chiqishini anglatadi hamda bankning xalqaro qarz olish geografiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Mazkur kelishuvning amalga oshishi bankning moliyalashtirish manbalari va valyuta tarkibini diversifikatsiya qilish, xalqaro investorlar doirasini kengaytirish hamda O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Osiyo kapital bozori resurslarini jalb qilish imkonini beradi.

Rejalashtirilayotgan mazkur emissiya «O‘zmilliybank» AJning xalqaro kapital bozorlaridagi izchil faoliyatining navbatdagi bosqichi hisoblanadi. 2020 yildan buyon bank London va Vena fond birjalarda umumiy qiymati 1,13 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi uchta obligatsiya emissiyasini amalga oshirgan.

Mazkur kelishuv 2026 yilga mo‘jallangan davlat investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida imzolangan bo‘lib. Ushbu dasturga muvofiq, «O‘zmilliybank» AJ zimmasiga O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun yetakchi xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘larni jalb etish vazifasi yuklatilgan.

Imzolangan kelishuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikni izchil kengaytirish borasidagi amaliy natijalardan biri bo‘lib, mazkur hamkorlik so‘nggi yillarda ikki davlat yetakshilarining uzoqni ko‘zlagan siyosati va strategik qarashlari tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard AQSh dollariga yaqinlashdi. Yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 30 milliard AQSh dollariga yetkazish maqsad qilib olindi. Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard AQSh dollarini tashkil etib, O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik kengayib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kapital jalb qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. «O‘zmilliybank» AJning CICC bilan erishgan kelishuvi mazkur yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri bo‘lib, O‘zbekistonning Osiyo kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish hamda mamlakat iqtisodiyotiga uzoq muddatli resurslarni jalb etishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik tizimli ahamiyatga ega bank hisoblanadi. 2025 yil yakuniga ko‘ra, bank aktivlari 12 milliard AQSh dollaridan, kredit portfeli 9 milliard AQSh dollaridan, jami kapitali esa 1,6 milliard AQSh dollaridan oshgan.

China International Capital Corporation (CICC) 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning yetakchi investitsiya banklaridan biri hisoblanadi. Kompaniya investitsiya banking, kapital bozorlari va aktivlarni boshqarish sohalarida xizmatlar ko‘rsatadi hamda Gonkong, Singapur, London va Nyu-York kabi xalqaro moliya markazlarida o‘z faoliyatini amalga oshiradi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston mahsulotlarini eng ko‘p sotib oluvchi mamlakatlar ma’lum bo‘ldi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonning eksport hajmi 19,9 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.

Mazkur davrda O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan mamlakatlar (top-10):


Rossiya — 2,8 mlrd AQSh dollari;
Xitoy — 1,7 mlrd;
Afg‘oniston — 1,1 mlrd;
Qozog‘iston — 868 mln;
Fransiya — 854,9 mln;
Gonkong (Xitoy maxsus ma’muriy hududi) — 716 mln;
Turkiya — 596,2 mln;
Qirg‘iziston — 575,8 mln;
Tojikiston — 437,5 mln;
BAA — 420,8 mln.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi

Published

on



Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi

Published

on


Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.

Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.

2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi

Published

on


Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).

Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.