Connect with us

Iqtisodiyot

Yarim yillik davlat budjeti: asosiy raqamlar

Published

on


Tabiiy gaz uchun 2025 yilga deb ajratilgan 7 trillion subsidiyaning hammasi yarim yildayoq o‘zlashtirib bo‘lindi. Ish haqi va ijtimoiy nafaqalarning umumiy xarajatlardagi ulushi kamaymoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yilning birinchi yarmi yakuni bo‘yicha davlat budjeti ijrosi haqida ma’lumot berdi. Unda daromad va xarajatlar dinamikasi, subsidiyalar tarkibi hamda asosiy moliyaviy oqimlar ochiqlangan.

Daromadlar

2025 yilning yanvar-iyun oylarida davlat budjeti daromadlari 144,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga (121 trln so‘m) nisbatan 19,2 foizga ko‘p.

Daromadlar tarkibida eng katta ulushga ega qo‘shilgan qiymat solig‘i o‘sish dinamikasi bo‘yicha ham birinchi o‘rinda: QQSdan tushumlar 34 foizga oshib, 35,9 trln so‘mga yetdi. Ikkinchi eng katta tushum manbayi – foyda solig‘i bo‘yicha esa budjet daromadlari atigi 2 foizga ko‘payib, 22,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Yanvar-iyun oylarida jismoniy shaxslar o‘zlari olgan daromadlardan 19,9 trln so‘m soliq (JShODS) to‘ladi – bu bir yil oldingidan 18 foizga ko‘p.

Hisobot davrida yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqdan tushumlar 10,3 trln (+12%), aksiz solig‘idan tushumlar 10,0 trln (+16%), bojxona bojlaridan tushumlar 5,4 trln (+15%), yer solig‘i tushumlari 4,8 trln (+20%), mol-mulk solig‘i tushumlari 4,1 trln (+17%), aylanmadan olinadigan soliq tushumlari 1,6 trln (+23%) bo‘ldi.

Davlat budjetiga tushumlarning 80 foizini sanab o‘tilgan shu soliqlar va bojxona bojlari tashkil etadi. Qolgan 20 foiz – xususiylashtirish tushumlari, dividendlar, davlat mulkini ijaraga berish va boshqalarni qamrab oluvchi “boshqa daromadlar” tasnifidagi tushumlar 25 foizga o‘sib, 29,3 trln so‘mni tashkil etdi.

Xarajatlar

Yarim yillikda davlat budjeti xarajatlari 173,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,4 foiz ko‘p.

Eng yirik xarajatlar:


ish haqi – 62 trln (+15%);
ijtimoiy nafaqalar – 11,4 trln (–2%).
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga transfertlar – 10,5 trln;
Pensiya jamg‘armasiga transfertlar – 10,3 trln (+51%);
energetikaga subsidiyalar – 8,9 trln (–17%).

Yuqoridagi beshta xarajat birgalikda davlat budjeti chiqimlarining 59 foizini tashkil etdi.

Hisobot davrida ish haqi xarajatlarining umumiy xarajatlardagi ulushi 36 foizdan 35,8 foizgacha pasaydi. Ijtimoiy nafaqalar ulushi esa 7,7 foizdan 6,6 foizgacha kamaydi.

Ayrim xarajatlar keskin o‘sdi. Xususan, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga davlat budjetidan 10,5 trln so‘m o‘tkazildi (2024 yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha budjet ijrosi hisobotida bu jamg‘arma bo‘yicha alohida ma’lumot berilmagan). 2025 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, ushbu jamg‘armaga 22,3 trln so‘mlik transfert ko‘zda tutilgan, 2024 yilgi qonunda bu transfert 4 trln so‘m bo‘lgan.

Bundan tashqari, 2025 yil birinchi yarmida avtomobil yo‘llarini saqlash va ta’mirlash xarajatlari 115 foizga oshib, 1,7 trln so‘mni tashkil qildi.

Asosiy vositalarga xarajatlar 30 foiz oshib, 2,6 trln so‘mga yetdi. Foiz to‘lovlari esa 23 foizga ko‘payib, 8,6 trln so‘mni tashkil etdi.

Subsidiyalar

2025 yilning birinchi yarmida davlat budjetidan ajratilgan subsidiyalar umumiy miqdori 15 trln so‘mni tashkil etdi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 foizga kam.

Subsidiyalarning 8,9 trln qismi energetikaga to‘g‘ri keladi. Shundan 7 trln so‘mi UzGasTrade kompaniyasining zararlarini qoplashga yo‘naltirilgan (o‘tgan yilning mos davrida – 9,3 trln). Yana 1,6 trln so‘m esa issiqlik ta’minoti korxonalarining zararlarini qoplashga ketgan.

2025 yilgi davlat budjeti qonuniga ko‘ra, ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kompaniya – UzGasTrade’ning zararlarini qoplash va joriy faoliyatini moliyalashtirish uchun 7 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. 6 oylik budjet ijrosidan kelib chiqilsa, bir yillik limit yarim yilda o‘zlashtirib bo‘lingan.

Energetikadan boshqa sohalarga subsidiyalar 6,1 trln so‘m bo‘lib, shuning asosiy qismi – 4,5 trln so‘mi “ijtimoiy ahamiyatga ega subsidiyalar” sifatida tasniflangan. Xarajatlarning bu guruhi, jumladan, xususiy bog‘chalarga 1,8 trln, jamoat transporti zararlarini qoplashga 1,1 trln, uy-joy sotib olish uchun 0,9 trln so‘mlik subsidiyalarni o‘z ichiga oladi.

Konsolidatsiyalashgan budjet

O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti – davlat budjeti, davlat maqsadlari jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘larini o‘z ichiga oladi.

2025 yilning birinchi yarmida konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 209,1 trln so‘m, xarajatlari 241,7 trln so‘mni tashkil etdi. Daromadlar 23 foizga oshgan bo‘lsa, xarajatlar 18 foizga o‘sdi. 32,6 trln so‘mlik taqchillik – prognoz qilingan yillik YaIMning 1,9 foiziga teng (o‘tgan yilning mos davrida 2,4 foiz bo‘lgan).

Hisobot davrida tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga xarajatlar 4,9 trln so‘m bo‘lgan (o‘tgan yilning mos davrida – 5,9 trln).

Ma’lumot uchun, 2025 yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti 49,5 trln so‘m yoki prognoz qilingan YaIMning 3 foizi miqdorida tasdiqlangan.

Joriy yilda davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun 3 mlrd dollar, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yana 2,5 mlrd dollar davlat tashqi qarzi olish ko‘zda tutilgan.

Boshqa infografikalar



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Dollar kursida sezilarli pasayish yuz berdi

Published

on



Dollar kursida sezilarli pasayish yuz berdi



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Google va Meta’dan qanday ma’lumotlar olinadi? Ularni soliqqa tortish mexanizmi aytildi

Published

on


O‘zbekistonda xorijiy IT-kompaniyalar qanday soliqqa tortilmoqda, buning uchun ulardan qanday ma’lumotlar talab qilinadi? Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning Kun.uz’ga aytishicha, Google va Meta kabi platformalardan O‘zbekistondagi faoliyatiga doir moliyaviy ma’lumotlar so‘raladi va shu asosda soliq hisoblanadi. Xorijiy platformalar mijozlarining shaxsiga oid ma’lumotlar so‘ralmasligi aytildi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev 27 mart kungi matbuot anjumanida xorijiy platformalar bilan ishlash mexanizmini tushuntirdi.

Avvalroq, joriy yil fevral oyida Soliq qo‘mitasi banklardan 2023-2025 yillarda O‘zbekistonda soliq hisobida turgan xorijiy kompaniyalar foydasiga jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan barcha to‘lovlar haqida ma’lumot taqdim etishni so‘rab xat yuborgani bank siriga oid muhokamalarni keltirib chiqargan edi.

Jahongir Abdiyevning izohlashicha, qo‘mita soliqqa tortish maqsadida batafsil ma’lumot so‘ramaydi.

“Biz [xorijiy IT-kompaniyalardan] sizlarda qanday tranzaksiyalar bo‘lgan, deb so‘raganmiz. Mana, Google, Facebook kabi kompaniyalar bizga QQS to‘laydi-ku? Ular bizda ko‘rsatgan xizmatlari summasidan QQS to‘lashi kerak, to‘g‘rimi? Biz ulardan so‘raganmiz, buni har oy qilamiz. Bu bir martalik operatsiya emas. Ular har oy bizga o‘z hisobotlarini topshiradi. Har oy ulardan qancha aylanma bo‘lganini so‘raymiz, ular bizga aylanma hajmini ko‘rsatadi”, – dedi u.

Soliq qo‘mitasi mas’uli foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari olinadimi, degan savolga: “Biz xizmat foydalanuvchilarining shaxsini so‘ramaymiz”, deb javob berdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniyalar qancha va qanday xizmatlar ko‘rsatgani, qanday tovar yoki xizmatlar sotgani yoki qanday reklamalar joylashtirilgani – O‘zbekistonga to‘lashi kerak bo‘lgan QQS summasini hisoblash uchun talab qilinadi.

Xorijiy platformalarni soliqqa tortish masalasi o‘tgan yillar davomida faol muhokama qilingan. Shu maqsadda ayrim marketpleyslar, jumladan Temu faoliyati cheklangan.

“Bu borada bizning pozitsiyamiz qat’iy: agar qandaydir xorijiy kompaniyalar tekinga O‘zbekiston Respublikasida kelib, shundoq daromad olib ketaman deydigan bo‘lsa, noto‘g‘ri o‘ylayapti.


O‘zbekiston fuqarolarining milliardlab pulini olib, ularning orqasidan daromad olayotgan kompaniya nima uchun bizga solig‘imizni qaytarib to‘lab berishi kerak emas?” – deydi Abdiyev.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritayotgan xorijiy onlayn kompaniyalarga cheklovlar qo‘llash tartibi ishga tushdi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekistonda Apple 49,5 mlrd so‘m, Meta korporatsiyasi (Facebook, Instagram, WhatsApp egasi) 49 mlrd so‘m, Google 44,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Alimentdan qarzi borlarga ayrim xizmatlardan foydalanish cheklanadi

Published

on


Soliq qarzini undirishda yangicha yondashuv joriy etiladi.

Bu haqda «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi Prezident farmonida nazarda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha yondashuv joriy etiladi:

– ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulkni undiruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisining qarori bilan elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilish imkonini yaratish;

– yuridik shaxslarning mol-mulklarini xatlash, ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini:

– soliq organining soliq qarzini undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha – soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan;

– garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha davlat ijrochisining topshirig‘iga asosan tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirish;

– ijro hujjatlari bo‘yicha savdolarni tashkil etish bilan bog‘liq hujjatlarni (garov hujjatlari, xatlov, ko‘zdan kechirish dalolatnomalari va boshqalar) elektron platformalar orqali yuborish;

– soliq organining mansabdor shaxsi yoki tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirilgan xatlash va ko‘zdan kechirish dalolatnomalariga asosan realizatsiya qilingan yoki taklif etilgan mol-mulklarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xatarlarni rasmiylashtiruvchi idoralar zimmasida qoldirish.

Ayrim toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb e’lon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy qilinadi.

Qonunda nazarda tutilgan ayrim toifadagi ijro hujjatlarini majburiy ijroga taqdim etilguniga qadar tegishli davlat organi, tashkilot yoki uning mansabdor shaxsiga topshirishni undiruvchining huquqi sifatida belgilash va ushbu ijro hujjatlari toifasiga undiruvni undiruvchi-yuridik shaxslar tomonidan qarzdor-jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari kiritiladi.

2026-yil 1-maydan aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.

Muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklanadi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

“O‘zbekiston blogerlarni soliqqa tortish masalasida boshlang‘ich bosqichda turibdi” – Jahongir Abdiyev

Published

on


Blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol shaxslar daromadlarini soliqqa tortish masalasi hali muhokama bosqichida turibdi, dedi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari. Fevral oyida qo‘mita delegatsiyasi bu borada Rossiya tajribasini o‘rganish uchun Moskvaga borib kelgandi. Abdiyevning aytishicha, hali boshqa davlatlarning ham tajribasi o‘rganilib, eng maquli tanlab olinadi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev blogerlar daromadlarini soliqqa tortish yuzasidan izoh berdi.

2026 yil fevral oyida qo‘mita delegatsiyasi Moskvada RF soliq xizmatidagi hamkasblari bilan uchrashuv o‘tkazib, blogerlar daromadlari ustidan soliq nazorati mexanizmlarini muhokama qilgan edi.

Kun.uz 27 mart kungi matbuot anjumanidan keyin Abdiyevdan bu masala qanday bosqichda ekani haqida so‘radi.

“Bunda hozir hech qanaqa vahima qiladigan masala yo‘q. Biror yangi tartibni bitta davlat tajribasi bilan amaliyotga kiritib bo‘lmaydi. Biz hali bu yo‘lda dastlabki bosqichdamiz, hali birinchi qadamni qo‘yish uchun oyoqni endi ko‘tarish jarayonida bo‘lsak kerak. Hali boshqa davlatlarni ko‘ramiz. Rossiyada qanaqa yo‘lga qo‘yilgan, nechog‘li darajada yaxshi, o‘rganamiz. Ammo bu yetarli emas”, – dedi u.

Abdiyevga ko‘ra, Rossiya tajribasi o‘rganilgan bo‘lsa-da, bu yakuniy model sifatida ko‘rilmayapti. Uning qo‘shimcha qilishicha, Soliq qo‘mitasi boshqa davlatlar, xususan, Yevropa mamlakatlaridagi amaliyotni ham tahlil qilmoqda. Ayrim davlatlarda bu tizim muvaffaqiyatli joriy qilingan, deydi u.

“Gollandiyada yoki Yevropaning ayrim davlatlarida yaxshi joriy qilingan va amaliyotga kirib ketgan. Jamoatchilik ham juda oson qabul qilgan. Shu bilan birga, barcha tajribalar ham ijobiy natija bermagan. Ayrim mamlakatlarda bunday tartiblar salbiy oqibatlarga olib kelgani uchun bekor qilingan. Qaysidir davlatlarda bu tajriba kiritilganidan keyin bekor bo‘lgan. Negativ munosabatlarga olib kelgani uchun undan voz kechilgan”, – dedi qo‘mita rasmiysi.

Jahongir Abdiyevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston turli tajribalarni solishtirib, ijobiy jihatlarni olish va xatolardan qochish yo‘lini tanlamoqchi.

“Demak, biz ham qilganimizda kimningdir yaxshi tomonini olishimiz kerak, yomon tomonini esa takrorlamasligimiz kerak”, – dedi u.

Suhbat davomida bu yo‘nalishda aniq reja bor-yo‘qligi haqida ham savol berildi. Rasmiy bu borada “yo‘q, bu hali o‘rganish jarayonidagi narsa”, deya, hozircha aniq dastur ishlab chiqilmaganini bildirdi.


2022 yilda YouTube’dagi o‘zbekistonlik vlogerlarga soliq idoralari tomonidan xabarnoma yuborilgani OAV e’tiborini tortgandi.
Rossiyada ham blogerlar daromadlari ustidan soliq nazorati bir necha yil avval kuchaytirilgan. 2021 yildan boshlab soliq xizmati yirik blogerlarning tushumlarini faol tekshira boshlagan, 2023 yilda esa ayrim inflyuenserlarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda qaysi xorijiy davlat IT kompaniyalari ko‘p?

Published

on


O‘zbekistonda 2026-yil 1-mart holatida axborot va aloqa sohasida 1 242 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, eng katta ulush 457 ta korxona bilan Rossiyaga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlardan Qozog‘iston (113 ta) va Belarus (63 ta) davlatlari joy olgan.

Shuningdek, AQShdan 58 ta, Turkiyadan 51 ta, Xitoydan 40 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Qolgan davlatlar hissasiga esa 341 ta korxona to‘g‘ri keladi.

Ro‘yxatda Birlashgan Arab Amirliklari (32 ta), Yaponiya (30 ta), Tojikiston (29 ta) va Janubiy Koreya (28 ta) ham muhim o‘rin egallagan.

Ma’lumot uchun, 2026-yilning yanvar–fevral oylarida axborot va aloqa xizmatlari hajmi 14 trln 776 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bunda eng katta ulushni kompyuter dasturlashtirish xizmatlari egallab, 46 foizni tashkil etdi. Shuningdek, telekommunikatsiya xizmatlari 31,2 foiz, axborot xizmatlari 14,3 foiz, noshirlik xizmatlari 6,3 foiz ulushga ega bo‘lgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.