Connect with us

Jamiyat

“Operatsiyalarni tibbiy ma’lumotsiz “mutaxassislar” qilyapti” – O‘zbekistonda kosmetologiya nega nazoratsiz?

Published

on


Oxirgi vaqtlarda teriga ishlov berib, odamlarni yoshartirish “daromadli biznes”ga aylandi. Bu sohaga kirish uchun talablar sust, kosmetologlar faoliyatini esa deyarli hech kim tekshirmaydi. Qisqa kurslarda o‘qigan, tibbiy bilimga ega bo‘lmagan “mutaxassislar” tanaga igna sanchib, uni kesib-tikib, in’yeksion muolajalarni bexavotir amalga oshiryapti. “Mualliflik texnikasi” deya tarmoqlarda reklama qilinayotgan protseduralar esa klinik tekshiruvlardan o‘tkazilmay, noqonuniy qo‘llanyapti. Bemorlar salomatligiga yetkazilgan zarar javobsiz qolmoqda. Kun.uz muxbiri mutaxassislar bilan bog‘lanib, ushbu holatga sabab bo‘layotgan muammolarni o‘rgandi.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Kosmetologiya – yuz, teri, soch, tirnoq va tananing boshqa tashqi elementlarini parvarishlash, estetik jihatdan yaxshilash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot sohasi. Mazkur yo‘nalishda ishlash uchun dermatologiya, farmakologiya, psixologiya bilimlari talab qilinadi.

Afsuski, O‘zbekistonda bu soha nazoratsiz rivojlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan 7 kun, 1 oylik kurslar orqali “sertifikat” olib, amaliy tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lmaganlar ham ineksion muolajalar o‘tkazyapti. Shuningdek, jarrohlik amaliyoti tashkil etish uchun litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, “go‘zallashtirish”ga xizmat qiluvchi operatsiyalarni bemorlarda tajriba tariqasida sinab ko‘rayotganlar ham topiladi. Tibbiy kosmetologiya va estetika bir-biriga aralashib ketgan: kosmetologiyaning sog‘liq bilan bog‘liq jihatlari yengil baholanmoqda.

Tibbiyot sohasida oliy ma’lumotga ega kosmetolog Guljahon Shirinovaning aytishicha, boshlang‘ich tibbiy bilimi (kollej yoki texnikum diplomi) mavjud bo‘lmaganlar ustoz-shogird an’analari asosida protseduralarni o‘rganib, murakkab muolajalarni bajarmoqda.

“Bizda menejer bo‘lib ishlagan sobiq hamkasbimiz boshqa kosmetologlar ishiga qarab turib o‘rganib, hech qanday kurs yoki oliygohda o‘qimasdan, hozirda kosmetolog sifatida faoliyat yurityapti. Diplom yoki biror bir tibbiy ma’lumoti bor-yo‘qligini hech kim so‘ramaydi, talab qilmaydi. Bemorlar ham muolajalardan avval mutaxassisning qanday malakaga egaligini surishtirmaydi. Odamlarning aksariyati Instagramʼda ko‘rganiga ishonib keladi – reklamalarda namoyish qilinayotgan surat va videolar o‘sha kosmetologning haqiqiy ishimi yoki o‘g‘irlangan surat, buni tekshirib ko‘rishmaydi”, ­– deydi u.

Ko‘pchilikda ushbu yo‘nalish tibbiy xizmat hisoblanadimi yoki yo‘qmi o‘zi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aslida kosmetologiya bir nechta turga bo‘linadi, ularning ayrim turlari to‘liq tibbiy xizmat sanaladi, ba’zilari esa parvarishlovchi-gigiyenik servis bo‘lib, yarim tibbiy tusga ega hisoblanadi.


Estetik kosmetologiya asosan, tashqi ko‘rinishni parvarishlash, yuzni tozalash, oddiy massaj va gigiyenik niqoblar qo‘yish kabi yengil muolajalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur xizmatlarda tibbiy aralashuv bo‘lmaydi, bunday muolajalar maxsus kursni bitirgan mutaxassislar tomonidan bajarilishi mumkin.
Tibbiy kosmetologiyada esa inson organizmiga bevosita fiziologik, kimyoviy yoki apparatli aralashuv orqali ta’sir ko‘rsatiladi. Masalan, botoks, filler, lazer muolajalari, PRP terapiya, mezoterapiya, kimyoviy piling singari in’yeksion usullar professional tibbiy bilim va steril sharoitda bajarilishni talab etadi. Shu bois, bu xizmatlar “tibbiy faoliyat” deb baholanadi va faqatgina maxsus litsenziyaga ega shifokor-kosmetologlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.

“Sohani biznes sferaga aylantirib yuborishgan: kosmetologiya mo‘may pul topish manbai bo‘lib qoldi. Faoliyatni litsenziyalash bilan hech kimning ishi yo‘q. 1-2 haftalik kursni tugatib, hech qanday amaliy tajriba, ilmiy bilim, oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar inson yuz terisini igna bilan teshib, bemalol muolaja va operatsiya o‘tkazyapti. Bu holat nafaqat professional kosmetologlar obro‘si, balki butun sog‘liqni saqlash tizimiga putur yetkazyapti. Allergik reaksiyalar, teri infeksiyalari, hatto chandiq va asoratlar bilan yakun topayotgan holatlar yetarlicha. Eng og‘riqlisi, bu vaziyatni tartibga soluvchi rasmiy mexanizmlarning sust ishlayotganida. Malaka nazorati deyarli qog‘ozda qolib ketgan”, – deydi kosmetologiya akademiyasi asoschisi Muattar Raupova.

2021 yil 12 mayda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin bo‘lgan tibbiy yo‘nalishlar ro‘yxati (ya’ni ixtisosliklar nomenklaturasi) tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga tibbiy kosmetologiya ham kiritilgan, ya’ni bu yo‘nalish tibbiy xizmat deb e’tirof etiladi va u bilan faqat maxsus tibbiy ma’lumotga ega mutaxassislar shug‘ullanishi mumkin.

“Ijtimoiy tarmoqlarda yuzini torttirgan, ajinlarni ketkazuvchi ukollar olgan qizlarning videolariga ko‘zimiz tushadi. Ularning muolaja olish sharoiti o‘rganilganda protseduralar oddiy salonlarda o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Salonlar yuz va terining yengil parvarishi uchun ochiladi, ularda terini tikib-kesish, nitlar qo‘yish, shaklni o‘zgartiruvchi ukollar qilish umuman mumkin emas. Bunday ishlar sanitar-gigiyenik talablarga javob beradigan xonada steril sharoitda tibbiy ma’lumotga ega jarrohlar tomonidan amalga oshirilishi kerak aslida”, – deydi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bo‘lim mudiri Dilbar To‘raxo‘jayeva.

Bu holat bir tomondan xizmatlar arzon va keng tarqalishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomondan sifatsiz muolaja, infeksiya xavfi, asoratlardan aziyat chekayotgan mijozlarning ko‘payishi kabi muammolarni yuzaga chiqarmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi vakilining ta’kidlashicha, yengil ko‘ringan muolaja, masalan, oddiy piling ham noto‘g‘ri bajarilsa, teriga infeksiya tushishi mumkin. Odatda, bu darhol sezilmaydi, bakteriya yashirin davrda rivojlanadi va simptomlar bir necha haftadan keyin yuzaga chiqadi. Ushbu holat kasallikning aniqlanishini kechiktiradi.

Kosmetologik amaliyotlar orqali yuqishi mumkin bo‘lgan eng xavfli infeksiyalardan biri bu – virusli gepatitlar (B va C turlari). Mazkur viruslar qon orqali o‘tadi va jigar faoliyatini izdan chiqaradi. Mutaxassisning ma’lum qilishicha, salonlarda o‘tkazilayotgan amaliyotlarda tibbiy buyumlarning to‘laqonli sterillanmagani oqibatida OIV yuqish holatlari ham uchrab turadi.

“Kosmetologlarning ko‘pi salonda ish boshlab, tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. Sub’yekt go‘zallik markazi sifatida rasmiylashtirilgan holatda faqat estetik xizmatlar taqdim etishiga ruxsat beriladi. Ammo shunga qaramay, hozirda salonlarda kosmetologik-in’yeksion protseduralarni ham amalga oshiryapti. Bu bevosita litsenziyasi doirasida ish yuritishni tartibga solish mexanizmlari sustligi belgisidir. Undan ham yomoni, aksariyat salonlar va kosmetologlarda faoliyat olib borish uchun litsenziya ham mavjud emasligida”, – deydi mutaxassis.

Vazirlar Mahkamasining 2009, 2017 va 2022 yillardagi qarorlariga ko‘ra, tibbiyot sohasida ishlaydiganlar faqat ruxsat berilgan, ya’ni litsenziyada ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda faoliyat olib borishi mumkinligi, tibbiy xizmatlarni litsenziyalash esa Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklatilganini ko‘rishimiz mumkin. Demak, kosmetologik xizmatni tartiblash Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasidagi vazifa. Bu borada vazirlikka talaygina savollarimiz bor edi. Tashkilot matbuot kotibiga mavzuni o‘rganishni boshlagan vaqtimizdan to kontent tayyor bo‘lguniga qadar bir yarim oy mobaynida bir necha marta aloqaga chiqdik, ammo turli sabablar bilan na savollarimizga javob, na intervyu uchun mutaxassis topa oldik – bu borada savollarimiz ochiq qoldi.

Inson salomatligi yo‘lida muolajalarning sifatli va gigiyenik qoidalar asosida amalga oshirilayotganini nazorat qilib borish ham muhim. Bunga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat xavfsizligi qo‘mitasi mas’ul. Ushbu tashkilot muolaja xonalarining belgilangan talablarga javob berishi, tibbiy buyumlarning sterillanish holati, preparatlarning yaroqlilik muddati va saqlanish sharoiti kabilarni tekshirib turishi, belgilangan gigiyenik me’yorlar buzilsa yoki tibbiy jarayonlarda bemorga xavf tug‘diruvchi holatlar aniqlansa, ogohlantirish, jarima solish yoki faoliyatni to‘xtatib qo‘yish kabi choralarni ko‘rishi kerak. Lekin mazkur qo‘mitada bunday vakolat cheklangan, biror bemorda jiddiy noxush holat ro‘y berib, shikoyat tushmaguncha mutaxassislar kosmetologik sub’yektlarni mustaqil tarzda borib tekshira olmaydi.

“Faqat ariza kelib tushgan hollarda, unda ham aniq faktlar bo‘lsagina, biznes-ombudsmandan ruxsat olgandan keyin tekshira olamiz. Kosmetologlar tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgani uchun ularning faoliyatiga aralashishimiz mumkin emas – bu qonunda belgilangan”, – deydi Dilbar To‘raxo‘jayeva

Ushbu holat sohaga oid qonunlar bo‘lsa-da, O‘zbekistonda kosmetologik faoliyat ustidan davlat nazorati tizimi to‘g‘ri va to‘liq ishlamayotganini ko‘rsatadi. Rasmiy hujjatlarda tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashuv man etilgan. Bu borada huquqiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish yoki unga qo‘shimchalar kiritish kerakdir balki. Negaki kosmetologik xizmatlar biror mahsulotni ishlab chiqarish yoki sotish emas, bevosita inson salomatligiga daxl qiluvchi ish: u shunchaki nazoratsiz qolmasligi kerak.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar o‘zlari vakolatli bo‘lmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanibgina qolmasdan, muolaja va jarrohlik amaliyotlarida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va sifati kafolatlanmagan mahsulotdan foydalanishlari hamda hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmasdan turib tibbiy muolajalarni o‘tkazishi qat’iy man etiladi.

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda kosmetologik muolajalar reklamalaridan “mualliflik texnikasi” nomi ostida targ‘ib qilinayotgan e’lonlarni ko‘rish mumkin. Bunday muolajalar tarkibi so‘ralganda o‘z nomi bilan “avtorskiy” deya tarkib ochiqlanmaydi. Bu aslida iste’molchi huquqining buzilishi hisoblanadi.

“Iste’molchilar kosmetologik xizmat (yoki har qanday boshqa xizmat) va uning tarkibi, sifati, xavfsizligi haqida to‘liq va aniq ma’lumot olishga haqli. Bu ma’lumot mahsulot (xizmat) tarkibi, uning ishlatilishiga doir ko‘rsatmalar, xavfsizlik choralari, ishlab chiqaruvchi (yoki xizmat ko‘rsatuvchi) haqida axborot, amal qilish muddati, muolajani o‘tkazish shartlarini o‘z ichiga olishi zarur”, ­– deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassisi.

Mualliflik muolajasi tarkibida ishlatilayotgan dori vositalarining klinik tadqiqotlari ham mavjud emas. “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi. Bundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, har qanday dori vositasi amaliyotga joriy qilinishidan oldin klinik tadqiqotdan o‘tishi, davlat ekspertizasi tomonidan baholanishi zarur. “Mualliflik muolajasi” nomi ostida ayrim kosmetologlar tomonidan foydalanilayotgan vositalar bu mezonlarning birortasiga javob bermaydi. Ularning tarkibi noma’lum, ta’sir mexanizmi esa ilmiy asosga ega emas. Eng ayanchlisi, muolajadan keyingi salbiy oqibatlar uchun hech kim javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmaydi – terisi kuygan, to‘qimalari shikastlangan yoki infeksiyaga chalingan bemor qandaydir “salon”da qilinadigan sifatsiz protsedura qurboniga aylanadi-qoladi.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, bemor tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga ega.

Bu kabi gaplar bilan sizni xavotirga solmoqchi yoki kosmetologga umuman bormang demoqchi emasmiz. Shuningdek, hamma kosmetologlar tajribasiz, sifatsiz ish bajaradi degan qarashdan ham yiroqmiz. O‘z ishini professional darajada taqdim etayotganlar oz emas. Shunchaki yaxshisi bilan yomonining farqiga boring, o‘zingizni ehtiyot qiling va aldanib qolmang degan maqsadda bu kontentni tayyorladik.

Ko‘rsatuv mobaynida Instagramʼdagi reklama tuzoqlari, kosmetologik faoliyatni tartibga solish bo‘yicha jahon tajribasi, iste’molchi huquqlari haqida so‘z yuritiladi. Uni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Muallif: Diyoraxon Nabijonova

Operatorlar: Abdulloh Hasanov, Ziyaddin Mamatjonov, Jahongir Aliboyev

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Hokim yordamchilariga oid yana bir korrupsiyaviy holat fosh etildi

Published

on


Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilari ishtirokida imtiyozli mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida bir nechta hududda imtiyozli mablag‘larni talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.

Jumladan, departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi aniqlagan holatga ko‘ra, «U.T.» va «Q.A.» MChJning mas’ul shaxslari, Qayirma mahallasi hokim yordamchisi hamda boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish uchun ajratilgan 442,3 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar amalda bajarmagan ishlar hujjatlarda bajarilgan deb rasmiylashtirilgan.

Yana bir holat Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida aniqlangan. Unda Toshkent mahallasi sobiq hokim yordamchisi va boshqa shaxslar ushbu mahallada yashovchi sakkiz nafar fuqaroga ajratilgan 248 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda «L.A.» MChJ rahbari va Farobiy mahallasi sobiq hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan 163 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qurilishi tugallanmagan uylarga ko‘chirish holatlariga chek qo‘yiladi

Published

on


O‘zbekistonda qurilishi tugallanmagan va belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarni ko‘chirish holatlarining oldini olish maqsadida qonunchilik kuchaytirilmoqda. Buning uchun mas’ul shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasi majlisida mazkur masalaga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda qurilishi tugallanmagan hamda rasman foydalanishga topshirilmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning noqonuniy ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday holatlar aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin. Shu bois sohada faoliyat yuritayotgan sub’yektlar mas’uliyatini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish zarur.

Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachilar va pudratchilar zimmasiga belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi normalar kiritilishi nazarda tutilgan.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va ahamiyatini ta’kidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Yakunda qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda 3,2 kgga yaqin narkotiklar qo‘lga olindi

Published

on


Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Holatlar yuzasidan bir necha nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Dastlabki holatda Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan Gentra rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Avtomashinada Yashnobod tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgan. Tekshiruv chog‘ida transport vositasi salonidan bir nechta zip-paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topildi.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar avvaldan yashirib qo‘ygan xufiya joy hamda ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirildi. U yerdan ham kukunsimon moddalar, elektron tarozilar va giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedron ekani tasdiqlangan. Ma’lum qilinishicha, mazkur ikki shaxs ham muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.

Yana bir tezkor tadbirda Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadonidan 47 gramm gashish va 34 gramm opiy musodara qilindi.

Tergov harakatlari davomida uni narkotik moddalar bilan ta’minlab kelgani gumon qilinayotgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlandi. Ularning avtomashinalari va yashash xonalari tekshirilganda, 1,8 kilogramm gashish hamda 12 gramm opiy aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi

Published

on


Reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi.

«Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish  hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish  chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-265-son, 15.07.2026-y.) qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojidan ozod qilinishi belgilandi.

2026-yil 1-oktyabrdan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi  va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda o‘zida ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi ma’lumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil 1-noyabrdan boshlab: 

– mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yo‘li bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan so‘ng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi; 

– mobil aloqa vositalariga reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘zlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi; 

– reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi; 

– mobil aloqa operatorlariga o‘zlari tomonidan tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini abonent so‘roviga ko‘ra to‘liq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi; 

– mazkur belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

teatr, kino va konsertlarga borish umrni uzaytirishi mumkin

Published

on


Kino, teatr, muzey va konsertlarga muntazam tashrif buyurish fiziologik qarishning sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bu ikki mingga yaqin keksa odamlarning ma’lumotlarini tahlil qilgan yapon olimlari tomonidan chiqarilgan xulosadir. Tadqiqot natijalari Epidemiologiya va Jamiyat Salomatligi jurnalida (JECH) chop etildi. 

Tadqiqotchilar qarish bo‘yicha uzoq muddatli tadqiqotda ishtirok etgan 50 yoshdan oshgan 1899 nafar ingliz fuqarosining ma’lumotlarini o‘rganib chiqdilar.

Ishtirokchilar kinoteatrlar, muzeylar, san’at galereyalari, teatrlar, konsertlar va operalarga qanchalik tez-tez tashrif buyurganliklarini xabar qilishdi. Keyin bu ma’lumot ularning fiziologik yoshi bilan taqqoslandi – bu qon bosimi, o‘pka funksiyasi, gemoglobin va xolesterin darajasi, tana massasi indeksi, ushlash kuchi va yurish tezligi kabi o‘nta parametr asosida tananing haqiqiy sog‘lig‘ini aks ettiruvchi ko‘rsatkich. 

Ma’lum bo‘lishicha, madaniy tadbirlarga kamida bir necha oyda bir marta tashrif buyurgan odamlarning o‘rtacha fiziologik yoshi 66,9 yoshni tashkil etgan. Deyarli faqat madaniy hayotda ishtirok etganlar orasida bu ko‘rsatkich 69,9 yoshga yetdi – bu taxminan uch yillik farq. 

Daromad, bandlik, surunkali kasalliklar va boshqa omillarni hisobga olgan holda ham, madaniy faoliyat shkalasidagi har bir qo‘shimcha birlik fiziologik yoshni taxminan 31 kunga qisqartirish bilan bog‘liq edi.

Mualliflarning fikriga ko‘ra, bu ta’sir madaniy dam olish ijtimoiy muloqotni rivojlantirishi, aqliy farovonlikni yaxshilashi va sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirishi bilan izohlanishi mumkin. 

Olimlar madaniy faoliyatning fiziologik qarishga ta’siri muntazam jismoniy faollikning ta’siriga o‘xshashligini va qo‘shimcha tadqiqotlarga loyiqligini ta’kidlamoqdalar.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.