Connect with us

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Rossiya bilan JSTga a’zolik yo‘lidagi “hal etilmagan masalalar”ni muhokama qildi

Published

on


Muzokaralarda Rossiya tomoni O‘zbekistonga gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish oshayotganini qayd etib, O‘zbekiston energetika infratuzilmasiga oid loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidlagan.

Foto: Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Moskvada bo‘lib, Rossiya hukumati bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zolik borasida muzokara o‘tkazdi.

Bosh muzokarachi Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov bilan kechgan muzokaralarda ikki tomonlama bozorga kirish bo‘yicha “hal etilmagan masalalar” ko‘rib chiqilgan.

“Muzokaralar foydali, mazmunli va konstruktiv o‘tdi. Ayni paytda ikkala tomon ham oldinga siljishga intilmoqda. Qisqa vaqt ichida taqdim etgan fayllarimizga tezkor reaksiya qilganliklari uchun rossiyalik hamkasblarga minnatdorchilik bildiraman”, – deya yozdi Urunov 14 mart kuni LinkedIn’dagi sahifasida.


Foto: Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi

Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vazir Reshetnikov bu uchrashuvda Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida “Rossiya gazi, nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish oshib borayotgani”ni qayd etgan.

“Bu kontekstda O‘zbekiston energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga oid rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi”, – deyiladi 12 mart kungi xabarda.

Reshetnikovning qo‘shimcha qilishicha, ikki o‘rtada oziq-ovqat mahsulotlari savdosida o‘sish kuzatilgan va bu borada deyarli paritet kuzatilmoqda: O‘zbekiston Rossiyadan 1 mlrd dollarlik, Rossiya ham O‘zbekistondan salkam 1 mlrd dollarlik oziq-ovqatlar import qilmoqda.


Foto: Rossiya hukumati

Tashrif davomida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev 11 mart kuni RF bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov hamda RF bosh vaziri o‘rinbosari Denis Patrushev bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgan. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Markaziy bank raisi Timur Ishmetov va transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov ham joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonini 2026 yil mart oyi oxirigacha – tashkilotning Kamerunda o‘tadigan sammitiga qadar yakunlash maqsadini e’lon qilgan.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

oziq-ovqat narxlari nega oshib boryapti?

Published

on


Neft va gaz bozoridagi beqarorlik nafaqat yonilg‘i narxlari, balki global oziq-ovqat xavfsizligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz tufayli o‘g‘itlar ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi uzilishlar qishloq xo‘jaligi xarajatlarini keskin oshirib yubordi. Bu esa global miqyosda oziq-ovqat narxlarining qimmatlashishi va kelgusi hosil hajmlarining qisqarishi haqidagi xavotirlarni kuchaytiryapti.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Ko‘pchilik neft va gaz narxi faqat avtomobil yonilg‘isi va isitish tizimlari uchun muhim deb o‘ylaydi. Ammo, jahon iqtisodiyotining eng sezgir nuqtasi bo‘lmish qishloq xo‘jaligi bevosita energiya bozoriga qaramdir. Zamonaviy dehqonchilik mineral o‘g‘itlarsiz yashay olmaydi. 2026 yilning fevral oyi oxirida boshlangan urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi global oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bozorlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. 2026 yilning aprel oyida dunyo miqyosida oziq-ovqat narxlari so‘nggi uch yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Narxlarning keskin oshishiga uchta asosiy omil sabab bo‘lyapti.

Birinchidan, global miqyosda o‘g‘itlar tanqisligi kuzatilyapti. Azotli o‘g‘itlar ammiakdan tayyorlanadi, uni ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo esa tabiiy gazdir. Tabiiy gaz azotli o‘g‘itlar tannarxining 70 foizdan 80 foizgacha qismini tashkil qiladi. Qatardan gaz yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli narx keskin oshib ketdi. Bu esa Yevropa va Osiyodagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlab chiqarishning qisqarishiga yoki to‘xtashiga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish uchun ham ammiak va ulkan hajmdagi oltingugurt kerak. Paradoks shundaki, Yaqin Sharq mamlakatlari dunyodagi eng yirik oltingugurt eksportchilari hamdir. Ushbu o‘ta muhim kimyoviy moddalarning katta qismi, xususan, oltingugurt savdosining deyarli yarmi aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berilgan. Inqiroz boshlangach, Qatar portlarida minglab tonna o‘g‘itlar qamalga tushib qoldi. Shu sababli fermerlar 2026 yilda bug‘doy maydonlarini qisqartirib, o‘g‘it talab qilmaydigan arzonroq ekinlarga o‘tishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaydi. Umuman olganda, Jahon banki 2026 yil yakunlari bo‘yicha o‘g‘itlar narxi 30 foizdan ziyodroq oshishini prognoz qilyapti.

Ikkinchidan, logistika xarajatlari qimmatlashib ketdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi neftga boy Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘lovchi asosiy suv yo‘lidir. Uning strategik ahamiyati bebaho: har kuni bo‘g‘oz orqali 20 million barreldan ortiq neft o‘tadi, bu jahon bo‘ylab dengiz orqali savdo qilinadigan neftning qariyb 25 foiziga teng. Shuningdek, global suyultirilgan tabiiy gazning beshdan bir qismi ham Ho‘rmuz orqali tashilgan. Bo‘g‘ozning yopilishi kemalarni uzoqroq yo‘nalishlar bo‘ylab aylanib o‘tishga majbur qilyapti. Bu nafaqat yoqilg‘i sarfini oshirdi, balki urush hududi bo‘lganligi sababli dengiz transporti sug‘urtasi narxlarini ham keskin qimmatlashtirib yubordi.

Uchinchidan, proteksionizm kuchayyapti. Dunyodagi eng yirik o‘g‘it ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Xitoy qat’iy eksport kvotalarini joriy qildi. Tabiiy gaz taqchilligiga yuz tutayotgan Misr esa gazni kimyo zavodlaridan elektr stansiyalariga majburan yo‘naltiryapti va azotli o‘g‘itlar eksportini qisqartirishni rejalashtirgan. Hindiston va Pokiston kabi yirik qishloq xo‘jaligi davlatlari subsidiyalash mexanizmlaridan foydalanyapti. Bu esa global talabni rag‘batlantirib, narxlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin. Natijada subsidiya to‘lash uchun budjeti bo‘lmagan Afrika va Lotin Amerikasining kambag‘al davlatlari bozordan o‘ta qimmat narxlarda o‘g‘itlar sotib olishda muammoga duch keladi.

Oziq-ovqat narxlari oshishi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti Ho‘rmuz bo‘g‘ozining 6–12 oy davomida blokada qilinishi sababli dunyo oziq-ovqat inqiroziga yuz tutishi mumkinligi haqida ogohlantirish bilan chiqdi. Oziq-ovqat mahsulotlari uch oydan beri qimmatlayapti. Narx dinamikasiga ob-havo xatarlari, energiya qimmatlashuvi va logistikadagi uzilishlar kuchli ta’sir ko‘rsatyapti. Bug‘doy bahosi oshgan. Bunga o‘g‘itlar narxining qimmatlashishi hamda AQShning ayrim hududlaridagi qurg‘oqchilik xavfi va Avstraliyada yog‘ingarchilik me’yordan past bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘lyapti. Go‘sht narxlari oylik hisobda 1,2 foizga, yillik hisobda esa 6,4 foizga o‘sdi va yangi rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.

Neft narxlarining qimmatlashishi o‘simlik yog‘idan olinadigan bioyoqilg‘iga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Natijada oziq-ovqat sanoati va kundalik iste’mol uchun mo‘ljallangan o‘simlik yog‘i narxlari global miqyosda ko‘tarilib boryapti. Jumladan, aprel oyida o‘simlik moylari narxi indeksi 5,9 foizga oshib, 2022 yil iyulidan beri eng yuqori darajaga yetdi.

Hozirda eng katta tahdid o‘g‘it yetishmovchiligi sababli keyingi mavsumlarda olinadigan hosilning kamayishidir. Agar bu tendensiya davom etsa, oziq-ovqat taqchilligi va qimmatlashuvi qisqa muddatli inqirozda uzoq yillik muammoga aylanishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston davlat qarzi 47 milliard dollarga yaqinlashdi

Published

on


O‘zbekiston davlat qarzi so‘nggi yillarda izchil o‘sishda davom etmoqda. Yangi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning 1-choragi holatiga mamlakat davlat qarzi 46,98 milliard dollarga yetgan. Bu 2019 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 2,6 baravar ko‘pdir.

Jadval tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2019-yilda O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 17,8 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilda pandemiya davrida qarz hajmi keskin oshib, 23,3 milliard dollarga chiqqan. Keyingi yillarda ham o‘sish sur’ati saqlanib qolgan:


2021-yil yakuni — 26,3 mlrd dollar;
2022-yil yakuni — 29,2 mlrd dollar;
2023-yil yakuni — 34,9 mlrd dollar;
2024-yil yakuni — 42,5 mlrd dollar;
2026-yil 1-choragi — 46,98 mlrd dollar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qarzning asosiy qismi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi. 2026 yil boshiga kelib tashqi qarz 39,7 milliard dollardan oshgan va umumiy davlat qarzining qariyb 85 foizini tashkil qilgan.

Shu bilan birga, davlat qarzining YaIMga nisbati ham o‘sgan. Agar 2019-yilda bu ko‘rsatkich 26,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda 31–34 foiz atrofida shakllangan. 2026-yil 1-choragida esa davlat qarzining YaIMga nisbati 26,6 foiz etib ko‘rsatilgan.

Mutaxassislar fikricha, davlat qarzining o‘sishi infratuzilma, energetika va yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish bilan bog‘liq. Biroq tashqi qarz ulushining yuqoriligi kelgusida budjet yuki, valyuta bosimi va qarz xizmatini qoplash masalalarini dolzarblashtirishi mumkin.

Qayd etilishicha, tashqi qarzning katta qismi qat’iy belgilangan foiz stavkalari asosida jalb qilingan bo‘lib, bu xalqaro bozorlardagi foiz o‘zgarishlari xavfini qisman kamaytiradi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga yuborilgan 21 tonna tarvuzning ortga qaytarilishi sababi ma’lum qilindi

Published

on


Qayd etilishicha, fitosanitar sertifikatda mahsulot markirovkalanganligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, surishtiruv natijasida qadoqlarda aynan markirovka talablariga amal qilinmagani aniqlangan.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Qirg‘izistonga eksport qilingan 21 tonna tarvuz ortga qaytarilgani haqidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat berdi.

Qayd etilishicha, holatga oydinlik kiritish maisadida Qirg‘izistonning fitosanitar xizmati hamda tadbirkor bilan bog‘lanilgan.

«EPhyto.uz» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali aniqlanishicha, Qirg‘izistonga yuklangan tarvuz Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yetishtirilgan va 950 ta qadoqda joylashtirilgan.

Fitosanitar sertifikatda mahsulot markirovkalanganligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, surishtiruv natijasida qadoqlarda aynan markirovka talablariga amal qilinmagani aniqlangan. Holat nazorat ostiga olindi va chegara maskanlarida karantin ostidagi mahsluotlarning nazorati kuchaytirilishi belgilangan.

“Shuningdek, Qirg‘izistonning fitosanitar xizmati bilan muloqotda xabarlarda e’lon qilingan boshqa holatlar yuzasidan ham qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi bo‘yicha so‘rov jo‘natildi. Hamkor davlatning mutaxassislari postda qayd etilgan holatlarni tasdiqlamadi. Misol uchun, piyoz va pista eskporti yuzasidan xabarlar asossiz ekanligini ma’lum qildi”, deyiladi agentlik xabarida.

 



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistondan Suriyaga mahsulotlar eksporti boshlanadi

Published

on


Suriyaga maishiy texnika, yog‘-moy mahsulotlari, avtomobil ehtiyot qismlari va motor moylari yetkazib beriladi.

O‘zbekistonning Kuvaytdagi favqulodda va muxtor elchisi Ayubxon Yunusov hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ishtirokida Suriyadagi savdo uyi faoliyatini rivojlantirish hamda o‘zbek mahsulotlarini Suriya bozoriga yetkazib berish masalalari yuzasidan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda Suriyaning “Kalash Trading Co., Ltd.” kompaniyasi rahbari Axmad Kalash, shuningdek, O‘zbekistonning “Premier Electrotech”, “Sam-Ferre”, “Nassar Trading Agro”, “Metsol”, “Solis Oils” va “Technologies of Real Time” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Suriya bozorida o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan talab, logistika yo‘nalishlari va Savdo uyi orqali mahsulotlarni taqdim etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida dastlabki bosqichda Suriyaga 10 ta yuk mashinasida maishiy texnika, yog‘-moy mahsulotlari, avtomobil ehtiyot qismlari va motor moylari eksport qilishga kelishildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Har sakkizinchi kilovatt tok energiya saqlash tizimlaridan olinmoqda — Energetika vazirligi

Published

on


O‘zbekistonda har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi energiya saqlash tizimlaridan olinmoqda, bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bilan bir qatorda, energiya saqlash tizimlari (BESS) ham joriy etilmoqda.


Infografika: Energetika vazirligi

Xabarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 3930 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh hamda 1652 MVt bo‘lgan 5 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Joriy yil boshidan buyon ushbu stansiyalar tomonidan 4 milliard kVt·soatdan ortiq “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining ortib borishi energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishni ham taqozo etadi. Chunki quyosh elektr stansiyalari kunduzgi vaqtda, shamol elektr stansiyalari esa tabiiy sharoitga bog‘liq ravishda elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Energiya saqlash tizimlari ortiqcha energiyani jamg‘arib, iste’mol eng yuqori bo‘ladigan soatlarda tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

2024-yilda O‘zbekistonda ilk bor Farg‘ona va Andijon viloyatlarida har birining quvvati 150 MVtdan bo‘lgan 2 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilib, ularning umumiy quvvati 300 MVtni, energiya sig‘imi esa 600 MVt·soatni tashkil etdi. 2025-yilda esa yana 1245 MVt quvvat va 1600 MVt·soat energiya sig‘imiga ega yangi energiya saqlash tizimlari foydalanishga topshirilgan. Natijada bugungi kunga kelib respublika energetika tizimida umumiy quvvati 1545 MVt, energiya sig‘imi esa 2600 MVt·soat bo‘lgan energiya saqlash tizimlari faoliyat yuritmoqda.

Energiya saqlash tizimlarining o‘rnatilgan quvvati bugungi kunda mamlakat energetika tizimining kechki maksimal yuklamasining 13,5 foizidan ortig‘ini tashkil etmoqda. Boshqacha aytganda, kechki eng yuqori iste’mol soatlarida foydalaniladigan har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi avvaldan jamg‘arilgan energiya hisobidan qoplanishi mumkin.

Yil yakuniga qadar mamlakatimizda energiya saqlash tizimlari quvvatini 2000 MVtga, energiya sig‘imini esa 3600 MVt·soatga yetkazish rejalashtirilgan. 2030-yilga borib energiya saqlash tizimlarining umumiy quvvatini 4,5 GVtga yetkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu O‘zbekistonning “yashil” energetika sohasidagi maqsadlariga erishish va energetika xavfsizligini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi xabarda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.