Connect with us

Jamiyat

7 va undan yuqori ball olganlar IELTS uchun to‘lovni qanday qaytarib olishi mumkin?

Published

on


2024 yilda IELTS imtihonida yuqori ball olgan talabalar soni oshdi: 13,4 ming ishtirokchi 7–8 ball, 300 dan ortiq kishi esa 8,5 balldan yuqori natijaga erishdi. Borgan sari ko‘proq yoshlar ingliz tilini C1 va C2 darajasida bilishini tasdiqlayapti, ammo hamma ham bunday natija imtihon uchun to‘langan mablag‘ni qaytarib olish huquqini berishini bilmaydi.

Men, Asal Ravshanova, shu yil iyunda IELTS topshirdim va 7.0 ball oldim. my.gov.uz portali orqali kompensatsiya uchun ariza berdim va uch hafta ichida to‘lovni oldim. Aslida bu jarayon unchalik murakkab emas, lekin ba’zi nozik jihatlarni oldindan bilib olgan yaxshi.

Kimlar kompensatsiya olishi mumkin?

Kompensatsiya umumiy balli 7 va undan yuqori bo‘lganlarga beriladi. Bu ingliz tilini bilish darajasi yuqori – CEFR bo‘yicha C1–C2 ekanligini tasdiqlagan ishtirokchilar imtihon uchun sarflangan mablag‘ni qaytarib olish huquqiga ega degani. Masalan, agar siz IELTS topshirib, 7.0, 7.5, 8.0 va undan yuqori ball olgan bo‘lsangiz, imtihon xarajatlari qisman yoki to‘liq qoplab beriladi.

Qisman qaytarish faqat davlat kompensatsiyasi doirasida emas, balki nomzodning o‘zi imtihonni bekor qilgan taqdirda amal qiladi.

Agar imtihon test sanasidan (qog‘ozli shaklda) 5 hafta oldin yoki (kompyuterli shaklda) 2 hafta oldin bekor qilingan bo‘lsa – mablag‘ 25 % ma’muriy to‘lovni chiqarib tashlagan holda qaytariladi. Agar imtihon keyinroq bekor qilinsa — pul qaytarilmaydi.

Xarajatlarni qoplash dasturi (Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 apreldagi 209-son qaroriga asosan) bo‘yicha mablag‘ni to‘liq qaytarish imtihondan faqat 7.0 va undan yuqori ball olganlarga qo‘llaniladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 apreldagi 209-son qarori to‘liq matni

Kompensatsiya uchun arizani qanday topshirish mumkin?

So‘rov my.gov.uz portali orqali rasmiylashtiriladi. Shaxsiy kabinetga kirib, “Ta’lim va xalqaro imtihonlar uchun xarajatlarni qoplash» bo‘limini tanlang va elektron shaklni to‘ldiring.


my.gov.uz portalining bosh sahifasi. OneID yoki MyID orqali avtorizatsiya qilish uchun “Tizimga kirish” ko‘rsatilgan.

1. my.gov.uz portaliga kirish

my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tish taxminan 10 daqiqa vaqtni oladi. Tizimga OneID yoki MyID orqali kirish mumkin.

OneID — bu aksariyat onlayn davlat xizmatlari uchun standart avtorizatsiya usuli;

MyID — ID-karta orqali kirish, bu arizachining ma’lumotlari avtomatik ravishda yuklanadigan zamonaviy variant.

MyID orqali kirilganda tizim avtomatik ravishda foydalanuvchining asosiy ma’lumotlarini — familiyasi, ismi, JShShIR, manzili va tug‘ilgan sanasini to‘ldiradi. Bu anketa to‘ldirish jarayonini yengillashtiradi. Agar ma’lumotlar qo‘lda kiritilayotganda xatolikka yo‘l qo‘yilsa (masalan, familiyada yoki JShShIRda), ariza yuborilmaydi, tizim xato haqida xabar beradi.

Arizani yuborishdan oldin barcha ma’lumotlarni ikki marta tekshirish tavsiya etiladi. Ariza muvaffaqiyatli yuborilgandan keyin, uning holatini portaldagi shaxsiy kabinet orqali kuzatish mumkin.


my.gov.uz portalining OneID yoki MyID orqali kirish tugmalari. Ekranda avtorizatsiya usulini qanday tanlash ko‘rsatilgan.

2. Anketa to‘ldirish

my.gov.uz portalidagi «Ta’lim va xalqaro imtihonlar uchun xarajatlarni qoplash» xizmatini tanlagandan so‘ng, foydalanuvchi anketa to‘ldirishi kerak bo‘ladi.


my.gov.uz portalidagi qidiruv satri. Qidiruv satriga “ta’lim va xalqaro imtihonlar uchun xarajatlarni qoplash” kiritilgan, kerakli xizmat natijasi ko‘rsatilgan.

Bu bosqichda juda e’tiborli bo‘lish lozim: ko‘pincha aynan shu yerda xatoga yo‘l qo‘yilishi oqibatida ariza qabul qilinishi kechikadi yoki qaytariladi.

Tanlov ekranida imtihonni kim topshirganiga qarab «Arizachi» yoki «Ota-ona/ qonuniy vakil»ni tanlash ko‘rsatilgan.

Birinchi ekranda foydalanuvchi ariza kim tomonidan berilayotganini tanlashi kerak:


Ariza beruvchi — agar imtihonni o‘zi topshirgan bo‘lsa (31 yoshgacha bo‘lgan shaxs);
Ota-ona yoki qonuniy vakil — agar imtihonni 16 yoshga to‘lmagan bola topshirgan bo‘lsa.

Aynan mana shu orqali hujjatlar kimning nomiga rasmiylashtirilishi va kompensatsiya kimga to‘lanishi aniqlanadi.

Noto‘g‘ri tanlov arizaning rad etilishiga sabab bo‘ladi, shu sababli birinchi martadayoq to‘g‘ri variantni belgilash zarur.

Ariza beruvchi haqida ma’lumot

Ikkinchi bosqichda agar foydalanuvchi One ID orqali tizimga kirgan bo‘lsa, ayrim ma’lumotlar avtomatik ravishda to‘ldiriladi.

Qolgan maydonlarni esa tekshirib chiqish va zarurat bo‘lsa, qo‘lda to‘ldirish kerak bo‘ladi.


Shaxsiy ma’lumotlar to‘ldirilgan shakl. Qaysi ma’lumotlar (JShShIR, ism-familiya, manzil) avtomatik to‘ldirilishi va qayerda qo‘shimcha ma’lumotlar kiritish kerakligi

Quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:


JShShIR (shaxsiy identifikatsion raqam, baza orqali avtomatik kiritiladi);
Doimiy yashash hududi va tumani;
Manzil (pasportdagi singari erkin shaklda yoziladi);
Telefon raqami — my.gov.uz portaliga bog‘langan faol mobil raqam;
Elektron pochta manzili (bildirishnomalar yuborish uchun kerak).

Barcha ma’lumotlar pasportdagi ma’lumotlar bilan to‘liq mos bo‘lishi muhim, aks holda keyin kompensatsiyani olishda muammolar kelib chiqishi mumkin.

3. Hujjatlarni yuklash

Anketaning so‘nggi bosqichida imtihon haqidagi ma’lumotlar va kompensatsiyani olish usuli belgilanadi.

Bu yerda quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatish kerak:


Kompensatsiya olinadigan hudud (viloyat);
To‘lov amalga oshiriladigan «Xalq banki» tuman filiali;
Imtihon turi — ro‘yxatdag IELTS Academic yoki IELTS General Training tanlanadi;
Sertifikatning ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqami (IELTS sertifikatining chap yuqori burchagida ko‘rsatilgan);
Sertifikat olingan sana (kun, oy, yil shaklida);
Imtihon o‘tkazgan tashkilot — British Council yoki IDP Education.


fayllarni yuklash bo‘limi. IELTS sertifikati va PDF shaklidagi to‘lov kvitansiyasini qanday yuklash, «Xalq Banki» filiali va imtihon turini tanlash ko‘rsatilgan

So‘ngra quyidagi hujjatlar nusxasini PDF shaklida tizimga yuklash kerak:


IELTS sertifikati nusxasi;
Imtihon uchun to‘lov qilinganligi haqidagi kvitansiya.


Sertifikat IELTS va to‘lov kvitansiyasi

Barcha ma’lumotlar va fayllar ariza yuborilishidan oldin tekshiriladi. Tasdiqdan keyin ariza ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

4. Kutish va natija

Ariza yuborilganidan so‘ng, tizimda uning holati ko‘rsatiladi: «Ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi». Buyog‘iga arizangiz tekshirilishini kutasiz va bu yerdagi muhim jihat: portalda ko‘rsatilgan 7 kunlik muhlat amalda har doim to‘g‘ri kelavermaydi. Tekshirish jarayoni, odatda, o‘rtacha 15 ish kunigacha davom etadi.


my.gov.uz portalidagi ariza. Arizaning qayta ishlanish bosqichlari ko‘rsatilgan – «Ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi»dan «Ma’qullandi»gacha. Ariza holatini qanday kuzatish mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ariza tasdiqlangandan so‘ng foydalanuvchi SMS-xabarnoma oladi, my.gov.uz shaxsiy kabinetida esa kompensatsiya olish huquqini tasdiqlovchi hujjat paydo bo‘ladi.


ma’qullangandan keyin berilgan hujjat namunasi. Ariza bo‘yicha qaror to‘g‘risidagi elektron xabarnoma ko‘rinishi

Amalda tekshiruv jarayoni 2 haftadan 4 haftagacha vaqt oladi — bu hudud va komissiyaning ish yukiga bog‘liq. Amalda ariza tasdiqlanishiga 23 kun ketgan.

Kompensatsiya olish uchun ariza ma’qullanganidan keyin mablag‘ my.gov.uz anketaңgizda ko‘rsatilgan bank hisob raqamingizga o‘tkaziladi.

Kompensatsiya tasdiqlanganidan so‘ng birdaniga emas, taxminan 5 kundan keyin kartaga tushgan.


Mablag‘ tushganligi haqida Xazna mobil ilovasidan SMS yoki push-xabarnoma

Natijada ariza topshirilganidan to pulni olishgacha bo‘lgan vaqt qariyb bir oy ketadi va bu normal muddat.

Bu bosqichda nima bo‘ladi?

Ariza avval hududiy xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tekshiriladi. So‘ng ma’lumotlar vazirlikka yuboriladi, u yerda IELTS sertifikati va to‘lov ma’lumotlari solishtirib chiqiladi. Agar barcha ma’lumotlar mos kelsa, tizim to‘lovni avtomatik ravishda ma’qullaydi.

Ba’zan ariza holati uzoq vaqt davomida o‘zgarmaydi, lekin bu ariza unutilganini anglatmaydi. Bu shunchaki uning tekshiruvga navbatda ekanligini bildiradi. Bir hafta ichida javob kelmasa ham bu tekshiruvning me’yoriy muddatidir. «Ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi» degan yozuv turgan bo‘lsa, demak, hujjatlar ko‘rib chiqilayotganini bildiradi. Takroran ariza yuborish ko‘rib chiqish jarayonini sekinlashtiradi.

Mablag‘ni tanlangan «Xalq banki» filialida naqd yoki Xazna mobil ilovasi orqali (naqdsiz) olish mumkin.

Mablag‘ni mobil ilova orqali qanday olish mumkin?

Yaqindan buyon IELTS kompensatsiya dasturi bo‘yicha to‘lovlar ko‘pincha to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartasiga emas, balki Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy platformasi – Xazna mobil ilovasi orqali amalga oshirilmoqda.

Ilova mablag‘larni xavfsiz o‘tkazishni ta’minlaydigan, davlat to‘lovlari va foydalanuvchi o‘rtasidagi vositachi sifatida xizmat qiladi.


“Ijtimoiy xizmatlar” bo‘limi va Xazna ilovasidagi shaxsni tasdiqlash uchun shakl

«Ijtimoiy xizmatlar» bo‘limida zarur ma’lumotlarni kiriting va shaxsingizni tasdiqlang.

Mablag‘ kelib tushgach, ilovani oching, balansingizni tekshiring va pulni Humo yoki Uzcard kartangizga o‘tkazing. Agar Xazna ilovasida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz ham mablag‘ avtomatik ravishda ilovaga tushadi, biroq ilovaga kirib shaxsingizni tasdiqlamaguningizcha pulni olish imkoni bo‘lmaydi.

“Men IELTS imtihonini may oyida topshirdim va 7 ball oldim. my.gov.uz orqali ariza berdim, hujjatlarimni yukladim va «Xalq banki»ni tanladim. Tekshiruv taxminan uch hafta davom etdi. Keyin SMS orqali pul Xazna ilovasiga o‘tkazilgani haqida xabar keldi. Ilovani o‘rnatganimdan so‘ng mablag‘ni kartaga muammosiz o‘tkazdim”.

Nimani yodda tutish kerak?


IELTS kompensatsiyasi faqat 7.0 ball va undan yuqori natija olganlarga beriladi va arizani my.gov.uz portali orqali, barcha hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirgan holda topshirish lozim.
Hozirgi kunda to‘lovlar asosan Xazna ilovasi orqali amalga oshiriladi, shuning uchun oldindan ro‘yxatdan o‘ting — bu mablag‘ni tezroq olishga yordam beradi.
Arizani ko‘rib chiqishga uch haftaga yaqin vaqt ketadi, holatni shaxsiy kabinet yoki SMS-xabarnoma orqali kuzatish mumkin.
Ariza rad etilmasligi uchun anketani diqqat bilan to‘ldiring va va sertifikatni olgach darhol kompensatsiya uchun ariza bering, shunda mablag‘ni tezroq olasiz.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Elektr ta’minoti tizimida mansabdorlar pora bilan ushlandi

Published

on


Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimida faoliyat yurituvchi ikki mansabdor shaxs pora olish bilan bog‘liq holatlarda qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan.

U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilgani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagichini o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida muhandis avval olgan 200 AQSh dollari va 1 mln 50 ming so‘mdan tashqari, qolgan 500 AQSh dollari hamda 2,4 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari ham korrupsiya bilan bog‘liq holatda qo‘lga olindi.

U tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining oylik faoliyat ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlarini viloyat filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, ulardan pul talab qilgan. Tezkor tadbirda mansabdor shaxs xodimlar tomonidan yig‘ib berilgan 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.

Har ikki holat yuzasidan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekiston importda mashina va transport uskunalariga eng ko‘p mablag‘ sarflagan

Published

on


2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Hisobotga ko‘ra, import tarkibida eng katta ulushni mashina va transport asbob-uskunalari egallagan. Mazkur toifadagi mahsulotlar importi 5,5 mlrd AQSh dollariga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga oshgan.

Shuningdek, sanoat tovarlari importi 2,5 mlrd dollar (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 2 mlrd dollar (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari hamda tirik hayvonlar 1,9 mlrd dollar (+47,2 foiz), xizmatlar esa 1,6 mlrd dollar (+15,5 foiz)ni tashkil etgan.

Mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 1,4 mlrd dollarga (+25,8 foiz) yetgan.

Bundan tashqari, turli xil tayyor buyumlar importi 585,7 mln dollar (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) 464,8 mln dollar (+34,5 foiz), hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar 217,7 mln dollar (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 100,5 mln dollar (+24,3 foiz)ni tashkil qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Javaharla’l Neru qidirgan jadid Po‘lat Soliyev kim edi?

Published

on


1955-yil 15-iyun kuni Hindiston bosh vaziri Javaxarla’l Neru rasmiy tashrif bilan Toshkentga keladi. Nufuzli mehmon sharafiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi majlislar zalida tantanali tadbir tashkil etiladi.

Anjuman yakuniga yetgach, Hindiston bosh vaziri tarjimoni SSR Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vasiliy Kuznetsovga “janob Bosh vazir hurmatli professor Bulat (Po‘lat) Soliyev janoblari bilan uchrashmoqchi”, deydi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri G‘ani Sultonov bunday odamni tanimasligini aytib, vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ladi. Hamma yalt etib O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Tesha Zohidovga qaraydi. Olima ayollar Hadicha Sulaymonova va Sabohat Azimjonova labini tishlagancha yerga qarab turishardi. Bir oz sukutdan so‘ng Tesha Zohidov o‘zini qo‘lga olib, “Janob Bosh vazir, professor Po‘lat Soliyev ancha yillar oldin yo‘lda vafot etgan. Qabri qayerdaligi noma’lum”, deya javob beradi.

O‘sha vaqtda o‘zbekistonliklarni noqulay vaziyatga solib qo‘ygan, 1938-yil 28-fevralda “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan, ismi tilga olinishi taqiqlangan bu inson — birinchi o‘zbek tarix professori Bulat (Po‘lat) Soliyev edi.

O‘zbekiston ilm-fanining taniqli arbobi, Markaziy Osiyodagi yangi tarixshunoslik ilmiy maktabi asoschilaridan biri bo‘lmish Po‘lat Soliyev 1882-yil 22-martda Astraxan shahrida, mang‘it urug‘iga mansub o‘zbek oilasida tug‘ilgan. Shu bois rasmiy va ilmiy hujjatlarda uning ismi goh Bulat, goh Bekbulat, aksariyat hollarda Po‘lat shaklida tilga olingan.

Qozon va Ufa shaharlarida madrasa ta’limini olgan, arab, fors, turk, rus, keyinchalik fransuz va nemis tillarini puxta o‘rgangan olim 1909 yilda ona yurti Turkistonga keladi. Bulat Soliyev jadid sifatida Turkistonning ko‘pgina shahar va viloyatlarida, jumladan, Toshkent, Farg‘ona, Jalolobod viloyatlarida o‘zining ma’rifatparvarlik faoliyatini olib boradi. Toshkent va Qo‘qon maktablarida tarix, arifmetika hamda ona tilidan dars beradi.

U 1917-yilda Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatadi va Muxtoriyatning asosiy nashri bo‘lgan “El bayrog‘i” gazetasining bosh muharriri bo‘ladi. 1918-yili Muxtoriyat qulatilgach, o‘zini to‘liq ilmiy-pedagogik faoliyatga bag‘ishlaydi. Shu yilning noyabr oyida Po‘lat Soliyev Nazir To‘raqulov bilan birgalikda Qo‘qon Xalq universitetini tashkil etishda ishtirok etadi. Mazkur o‘quv dargohi, asocan, Farg‘ona vodiysidagi qishloq o‘qituvchilarining malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi va Po‘lat Soliyev uning direktori etib saylanadi. Bu oliygoh keyinchalik Farg‘ona vodiysidagi pedagogika institutlarining paydo bo‘lishida tamal toshi bo‘ladi.

SSSRning butun 70 yillik umri davomida tarix fan sifatida mafkuraviy aralashuv obyekti bo‘lib kelgan. 1920-yillarning oxirigacha inqilobdan oldingi tarixchilik maktabi vakillari nisbatan erkin faoliyat yuritishi, o‘z asarlarini o‘quv muassasalarida o‘qitish va nashr etishi mumkin edi. Bunday “iliqlik”ka 1920–1928-yillarda amalga oshirilgan Yangi iqtisodiy siyosat (YaIS) ham ma’lum darajada imkoniyat bergan.

Bulat Soliyev ham bu paytda o‘zining asarlari bilan allaqachon mahalliy ziyolilar orasida tanilgan edi. Jumladan, olim tomonidan yozilgan “Mang‘itlar davrida Buxoro”, “Hindiston Angliya zulmi ostida”, “Buxoro tarixi, I qism”, “O‘rta Osiyoda savdo kapitali davri”, “O‘rta Osiyo tarixi: XI–XV asrlar”, “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekiston va Tojikiston”, “O‘rta Osiyoda islomning tarqalishi” asarlari birin-ketin nashr etiladi. 1926-yilda Bulat Soliyevga professor unvoni beriladi.

Bulat Soliyevning yozish uslubi mutlaqo o‘ziga xos edi. U, asosan, biror ilmiy muammoni ko‘tarayotganda, aslida umuman boshqa narsa haqida yozgan bo‘lardi. Masalan, olimning 1920-yilda nashr etilgan “Hindiston Angliya zulmi ostida” nomli asarida Bulat Soliyev tarixchi sifatida kapitalistik Angliyaning Hindistondagi qilmishlarini ochib bergan bo‘lsa-da, olim shu o‘rinda Lenin boshliq bolsheviklar hukumatining bosqinchilik siyosatini ham mohirlik bilan fosh qilib ketgan. Xususan, shunday deydi: “Hindistonga xavf bo‘lganligi uchun Angliya davlati Tibetni o‘ziga tobe qildi. O‘zining nazorati ostiga oldi. Tibet ixtiyorsiz suratda Angliyaga itoat etishga majbur bo‘ldi. Ko‘ngilga bir so‘roq keladir: Angliyaning Tibetga hujum etishga qanday haqqi bor? Tibetda qanday ishi bor? Qanday asosga binoan Angliya davlati Tibetni o‘ziga qo‘shadi? Belgili bu ish haqqoniyasizlik, adolatsizlikdir”.

Ushbu savollarning barchasi aslida Turkistonni kuch bilan bosib olgan sovet dohiylariga qaratilgan edi.

1920-yillaryoq Po‘lat Soliyev Turkiston tarixi bo‘yicha darslik yozish ishlariga jiddiy kirishadi. Ammo bolsheviklar Soliyev va boshqa mahalliy olimlar tayyorlagan tarix darsligi loyihalarini doimiy rad etib keladi. Shunday bo‘lsa-da, olim 1929-yilda “O‘zbekiston tarixi” kitobini nashr ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Muallif tarix sohasidagi mafkuraviy ko‘chkiga qarshi ekanligini ta’kidlagan holda, kitobning kirish qismiga, o‘sha kunlari sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur suratini ilova qiladi.

“O‘zbekiston tarixi” o‘quvchiga Temur davrida Turkistonning jahon geosiyosatda qanday o‘rin tutgani va Turkistonning buyuk o‘tmishi haqida qimmatli ma’lumotlar berardi.

Bundan sal avval, ya’ni 1927-yilda ham Po‘lat Soliyev “Maorif va o‘qituvchi” jurnalida “O‘zbeklar ham Temur bolalari” deb nomlangan maqolasi bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Ushbu maqola chiqishi bilan sovet mafkurachilari o‘sha davrdagi davriy nashrlarda birin-ketin Po‘lat Soliyevning maqolasi haqida tanqidiy materiallar e’lon qila boshlaydi.

1933-yil avgust oyida Butunittifoq Kommunistik partiyasining Samarqand bo‘limi tomonidan olimning 1926-yilda nashr etilgan “O‘rta Osiyo tarixi” asari g‘oyaviy jihatdan “nobop” deb topiladi. Chunki asardagi Xorazmshohlar davlatining nufuzi va O‘rta Osiyoning XI asrda jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar sovetlarga yoqmagan edi.

1936-yildagi tarixchilar qurultoyida Bulat Soliyev asarlari “o‘tmish ideallashtirilgan” va “panturkistik” deya baholanib, oliy o‘quv yurtlarida darslik sifatida qo‘llash taqiqlab qo‘yiladi. Po‘lat Soliyevning tarixshunosligi “millatchilik va panturkistik” ruhda deya ta’riflanadi.

1937-yilda boshlangan “Katta terror” siyosati natijasida O‘zbekistondagi bir qator taniqli davlat arboblari va adabiyot san’at namoyandalari hibsga olinadi. Bulat Soliyev boshiga ham qora bulutlar kela boshlaydi. 1937-yil sentyabrda professor Po‘lat Soliyev Samarqanddagi O‘zbekiston davlat universitetidan bo‘shatiladi.

1937-yil 11-oktyabrda Soliyevni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqariladi. Unda jumladan shunday deyiladi:

“Toshkent shahri, 1937-yil 11-oktyabr. Men O‘zbekiston NKVD 3-bo‘limi operativ xodimi – davlat xavfsizligi leytenanti Gaynitdinov panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lgan Po‘lat Soliyevga tegishli hujjatlarni o‘rganish jarayonida uning butunlay O‘zbekistonda Sovet hokimiyatini ag‘darishni maqsad qilgan antisovet panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lganligini, mahalliy ziyolilar orasida muntazam ravishda sovetlarga qarshi tashviqot olib borganligini aniqladim”.

O‘zSSR Jinoyat kodeksining 49-modda “6“ bandiga asoslanib qaror qilinadi: 1882-yilda tavallud topgan, partiyasiz, Samarqand shahridagi O‘zbekiston Davlat universiteti professori, SSR Ittifoqi fuqarosi bo‘lmish Po‘lat Soliyev hibsga olinsin va O‘zSSR Jinoyat Majmuasining 60- va 67-moddalariga ko‘ra javobgarlikka tortilsin.”

Shu tariqa qariyb 5 oy davom etgan qiynoqlardan so‘ng 1938-yil 8-fevralda “maxsus uchlik” Bulat Majidovich Soliyevni otuvga hukm qiladi. Hukm 1938-yil 28-fevralda ijro etiladi. Shu tariqa birinchi o‘zbek tarix professori Po‘lat Soliyev SSR Ittifoqining qatag‘on mashinasi tomonidan mahv etiladi

Po‘lat Soliyevning asarlari nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab Sharq xalqlari orasida ancha keng shuhrat qozonadi. 1954-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Hindiston Bosh vazirining ham olimni yodlagani bejiz emas edi. Soliyevning vafot etganligini eshitgan Neru uning “Angliya zulmi ostidagi Hindiston” asari hind ozodlik harakati namoyandalari orasida mashhur bo‘lgani, ularning mustaqillik kurashlariga ilhom berganini aytib, o‘zbek tarixchiga minnatdorlik bildiradi.

Oradan ikki yil o‘tib, 1956-yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudi komissiyasi Bulat (Po‘lat) Soliyev haqdagi 1938-yilgi qarorni uning jinoyati tasdiqlanmaganligi tufayli bekor qiladi. Olimning nomi oqlanadi.

Soliyevning rafiqasi Fotima aya 1987-yilda vafot etadi. Bulat Soliyevdan 4 nafar farzand qolgan. Ular hozirda turli faoliyatlar bilan mashg‘ul. Po‘lat Soliyevning nabirasi Alisher aka Muhiddinov bugungi kunda bobosining merosini saqlab kelmoqda.

Ubaydulla Quvvataliyev,
TerDU qoshidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Mirziyoyev Namanganda raqamlashtirish, bandlik va investitsiya bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatidagi vaziyatlar markazida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda Namanganda tashkil etilgan «aqlli» vaziyatlar markazi va Yangi Namangan mahallasidagi «Mahalla axborot va xizmat markazi» loyihasi taqdim etildi. Markaz orqali 8 ta mahallada yashovchi 27 mingdan ortiq aholiga qariyb 980 turdagi xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda viloyat sanoati hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgan. Joriy yilda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foizga oshirish vazifasi belgilangan.

Prezident hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta «aql markazi»ni yangi ish uslubiga o‘tkazishni topshirdi. Ular har bir tuman va shaharning iqtisodiy salohiyatini o‘rganib, qo‘shimcha o‘sish manbalarini aniqlaydi.

Yig‘ilishda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda 80 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.

Investitsiya sohasida Namanganga bu yil 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha 3 milliard dollarlik 43 ta kelishuvga erishilgani qayd etildi.

Shuningdek, jamoat transportini rivojlantirish uchun 1-sentyabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus olib kelish, ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, eksport infratuzilmasini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va jinoyatchilik profilaktikasi masalalari ham muhokama qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Poytaxtning uch va Toshkent viloyatining bir tumani elektrsiz qoldi

Published

on


Toshkent shahrining Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilmoqda.

Bugun, 28 iyun soat 20:45 da Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida nosozlik bo‘ldi.

Buning oqibatida Toshkent shahrining Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilmoqda.

Hozirgi vaqtda energetiklar tomonidan nosozliklarni bartaraf etish hamda iste’molchilarning elektr ta’minotini qayta tiklash choralari ko‘rilmoqda.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.