Jamiyat
60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olyapti – Prezident
Ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan ta’limga doir yig‘ilishda jalb qilinayotgan investitsiyalarga, yangi ochilayotgan korxonalarga yarasha munosib kadr ham tayyorlanishi lozimligi qayd etildi.
O‘tgan davrda o‘qituvchilarning oyligiga qo‘shimcha 10 dan ziyod ustamalar joriy qilindi.
«E’tibor bering, bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olyapti. Bu qachon bo‘lgan?» – dedi davlat rahbari.
Joriy oydan boshlab maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi. Yangi baholash tizimiga o‘tgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatgani uchun butun jamoasi 40 foizgacha ustama oladi.
«Men xalqimizga vaqti kelib o‘qituvchilarning maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim mana uch yil ichida haqiqatga aylandi», – dedi davlat rahbari.
Jamiyat
Samarqandda 2 gektar yerni 490 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Samarqand shahrida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan shaxs yer uchastkasini noqonuniy sotishga urinishda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi, 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan til biriktirgan. Ular mazkur fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda 1993-yilda tug‘ilgan shaxs 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur ikki fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, yer uchastkalarini ajratish va sotish faqat qonun doirasida amalga oshirilishi kerak. Xususan, barcha jarayonlar faqat «E-AUKSION» elektron savdo platformasi orqali shaffof va rasmiy tarzda o‘tkaziladi.
Jamiyat
Andijonda attraksion quladi: kamida 7 kishi jarohatlangan
Yakshanba kuni «Bog‘ishamol» dam olish majmuasida ichida odamlar bo‘lgan attraksion qulab tushdi. Guvohlar kamida 7 kishi jarohatlanganini aytmoqda. Andijon viloyat FVB hodisani tasdiqladi va 2 kishiga yordam ko‘rsatilganini ma’lum qildi.
Andijon viloyatida joylashgan Z.M.Bobur nomidagi istirohat bog‘ida (“Bog‘ishamol“) zanjir uzilib ketishi natijasida, ichida odamlar bo‘lgan attraksion qulab tushdi.
Ijtimoiy tarmoqlar hodisadan keyin attraksionni qismlari yerda sochilib yotgani aks etgan videolar tarqaldi. Guvohlarning Kun.uzʼga xabar qilishicha, baxtsiz hodisa natijasida kamida 7 kishi jarohatlangan.
Shuningdek, tarmoqlarda «attraksionlarga chiqishda hushyorlikka chaqirib, ularning ko‘plari tekshiruvdan o‘tkazilmagani» aytiladi.
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 26 aprel kuni ushbu bog‘ hududida attraksionlarning birining temir konstruksiyasi singanini tasdiqladi. Rasmiylarga ko‘ra, hodisa oqibatida «2 fuqaro yengil tan jarohati olgan va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgan».
Andijon viloyati FVB baxtsiz hodisa sabablari haqida ma’lumot bermagan.
Jamiyat
Tadbirkordan 63 ming dollar talab qilgan mansabdor qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida favqulodda vaziyatlar tizimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxs tadbirkordan katta miqdorda pul talab qilgani aniqlandi. U tuman hududidan oqib o‘tuvchi uchta soy qirg‘oqlarini mustahkamlash va beton plitali yo‘l o‘tkazgichlari qurishga oid umumiy qiymati 5,04 mlrd so‘mlik shartnomalarni olib berganini ro‘kach qilgan.
Mazkur shartnomalarni go‘yoki vazirlikdagi hamkasblari orqali mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga rasmiylashtirib berganini aytgan mansabdor, korxona rahbaridan 63 ming AQSh dollari miqdorida «ulush» talab qilgan.
2026-yilning mart-aprel oylarida u ushbu mablag‘ning 24 ming dollarini olgani ham ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik esa tadbirkordan qolgan 39 ming dollarni ham berishni talab qilishda davom etgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda mansabdor talab qilingan pulning navbatdagi qismi — 25 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat uning «Tracker» rusumli xizmat avtomashinasida sodir bo‘lgani qayd etildi.
Tezkor tadbir davomida u ashyoviy dalillar bilan ushlangani rasman tasdiqlandi. Bu holatda pul mablag‘larining aynan talab qilingani va olingani hujjatlashtirildi.
Hozirda mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov organlari tomonidan barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
Jamiyat
Samarqandda ikki qizga zo‘ravonlik qilgan vaqtinchalik vasiy ayolga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati fosh etildi. Voqea Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-aprel kuni fuqaro M.S. o‘zining vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019-yilda tug‘ilgan B.D. va 2017-yilda tug‘ilgan B.M.ga nisbatan turli shaklda tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu holatni videoga olgani qayd etilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylik vazifasidan chetlatildi. Bu qaror bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu jarayonda barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb qilingan. Hozirda ular tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Shu bilan birga, yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilib, ta’lim olish huquqlari tiklandi.
Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning o‘z ota-onalik majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani ham o‘rganilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ish bo‘yicha kuzatuvni davom ettirmoqda.
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Jamiyat5 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot4 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Iqtisodiyot4 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
