Jamiyat
54 ming dollarlik “yer bitimi” tezkor tadbirda to‘xtatildi
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qibray tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fermer xo‘jaligi yer maydonini noqonuniy sotishga urinish fosh etildi. Ikki shaxs pulning bir qismini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Departament ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolar R.S. (muqaddam firibgarlik uchun sudlangan) va M.T. fuqaro F.Sh.ning ishonchiga kirib, Qibray tumanidagi “I.O.” fermer xo‘jaligining sug‘oriladigan yer maydonini go‘yoki toifasini o‘zgartirish orqali 6 sotixini 54 000 AQSh dollariga sotishga kelishgan.
Tezkor tadbir vaqtida ulardan 25 000 AQSh dollarini qabul qilish jarayoni qayd etildi va gumonlanuvchilar ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatma: Yer uchastkalari ayirboshlash yoki sotishga oid barcha operatsiyalar amaldagi qonunchilikka muvofiq faqat vakolatli tashkilotlar orqali amalga oshirilishi lozim.