Iqtisodiyot
500 ming so‘mlik yangi banknot haqidagi xabarlar asossiz
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 500 ming so‘mlik yangi banknot muomalaga chiqarilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Regulyatorga ko‘ra, mazkur ma’lumot asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. “Bugungi kunda yangi pul belgisini muomalaga chiqarish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ko‘zda tutilmagan”, deyiladi MB izohida.
Bir qator ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda 500 ming so‘mlik kupyura chiqarilishi va ularda Mirzo Ulug‘bek surati tushirilishi haqida xabarlar tarqaldi.
Regulyatorning qayd etilishicha, mazkur ma’lumot asossiz bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Bugungi kunda yangi pul belgisini muomalaga chiqarish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ko‘zda tutilmagan”, deyiladi MB izohida.
Ma’lumot uchun, “Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunining 39-moddasiga asosan O‘zbekistonda pul belgilarining nominal qiymati regulyator tomonidan belgilanadi.
Mazkur qonunning 40-moddasiga muvofiq, Markaziy bank mamlakat hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida banknotlar va tangalar ko‘rinishidagi pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq xuquqqa ega hisoblanadi. Yangi pul belgilarini Senat ma’qullanganidan so‘ng Markaziy bank yangi pul belgisi tavsifi va uning muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
Iqtisodiyot
Xitoy O‘zbekistondan 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni olib kirishga ruxsat berdi
Ro‘yxatdan quritilgan sabzi, lavlagi, pomidor, rediska, baqlajon, qovoqcha, qovoq, piyoz, sarimsoq piyoz va ko‘katlar o‘rin olgan.
Xitoy O‘zbekistondan 10 turdagi sabzavotlarni quritilgan holda olib kirishga ruxsat berdi, deya xabar berdi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi.
Qayd etilishicha, agentlik vakillari may oyi boshida hukumat delegatsiyasi tarkibida Xitoyga tashrif buyurgan. Tashrif davomida Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi bilan muzokaralar o‘tkazilgan, natijada bir qator turdagi mahsulotlarga fitosanitar ruxsatnomalar rasmiylashtirilgan. Ro‘yxatdan quritilgan sabzi, lavlagi, pomidor, rediska, baqlajon, qovoqcha, qovoq, piyoz, sarimsoq piyoz va ko‘katlar o‘rin olgan.
«Yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlarni eksport qilish uchun korxonalar Xitoy reyestriga kiritilgan bo‘lishi, mahsulotlar karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlardan xoli bo‘lishi, fitosanitariya sertifikatiga ega bo‘lishi hamda Xitoyning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak», deyiladi agentlik xabarida.
Iqtisodiyot
Oltin qazib olish bo‘yicha yetakchi davlatlar ma’lum qilindi
Jahonda oltin qazib olish hali ham asosan cheklangan sondagi yirik davlatlar qo‘lida qolmoqda. Xitoy, Rossiya va Avstraliya dunyodagi eng katta oltin qazib oluvchi mamlakatlar sifatida yetakchilik qilmoqda.
Visual Capitalist tomonidan Jahon oltin kengashi ma’lumotlari asosida tayyorlangan infografikada oltin qazib olish bo‘yicha yetakchi davlatlar reytingi keltirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy 380,2 tonna oltin qazib olish hajmi bilan dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Bu jahon bo‘yicha umumiy oltin qazib olish hajmining 10 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. Shu bilan birga, Xitoy nafaqat eng yirik qazib oluvchi, balki dunyodagi eng katta oltin iste’molchilaridan biri ham hisoblanadi.
Rossiya sanksiyalar va geosiyosiy bosimlarga qaramay ikkinchi o‘rinni saqlab qolgan. Avstraliya esa boy mineral-xomashyo zaxiralari va rivojlangan tog‘-kon sanoati tufayli yuqori natijalarni qayd etmoqda.
So‘nggi yillarda Afrikaning jahon oltin bozoridagi ahamiyati keskin oshib bormoqda. Hozirda qit’a davlatlari dunyodagi umumiy oltin qazib olishning qariyb choragini ta’minlamoqda.
Gana 140,6 tonna oltin qazib olish bilan Afrikadagi eng yirik ishlab chiqaruvchi davlatga aylangan. Undan keyin Mali va Janubiy Afrika Respublikasi joylashgan.
Burkina-Faso, Sudan, Tanzaniya va Kot-d’Ivuar kabi davlatlarda ham so‘nggi o‘n yil ichida oltin qazib olish hajmi sezilarli darajada oshgan. Bu asosan tog‘-kon sohasiga investitsiyalar ko‘paygani bilan izohlanmoqda.
Shu bilan birga, ayrim mintaqalardagi siyosiy beqarorlik va xavfsizlik muammolari oltin qazib olish jarayonlarini qiyinlashtirmoqda. Shunga qaramay, Afrika xalqaro tog‘-kon kompaniyalari uchun eng istiqbolli bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Iqtisodiyot
Qayta ishlangan mahsulotlarga bojxona imtiyozlari qo‘llanadi
O‘zbekistonda bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona qiymatini belgilash va to‘lovlarni hisoblashning yangi tartibi joriy etildi. Hukumatning tegishli qarori bilan ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi.
Hukumatning 2026 yil 21 maydagi 266-son qarori bilan “Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va ular bo‘yicha bojxona to‘lovlarini hisoblash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom bojxona hududida qayta ishlangan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarish jarayonida tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash hamda ular bo‘yicha bojxona to‘lovlarini hisoblash tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq, qayta ishlangan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda import bojxona boji qayta ishlash uchun olib kirilgan xomashyo va materiallarning bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Bunda qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasiga muvofiq sarflangan xomashyo va materiallar miqdori inobatga olinadi.
Shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qayta ishlangan mahsulotlarga nisbatan ham qo‘llanishi belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya tayyor mahsulotlar uchun bojxona boji summasidan yuqori bo‘lgan import bojlari qo‘llanadigan xomashyo va materiallar ro‘yxatini shakllantiradi. Bu ro‘yxat manfaatdor vazirlik va idoralar takliflari asosida tuziladi.
Mazkur nizom tajriba-sinov tariqasida amal qilib, 2027 yil 1 martga qadar kuchda bo‘ladi.
Iqtisodiyot
Meva-sabzavot eksporti uchun yangi tartib joriy etildi
O‘zbekistonda fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini takomillashtirish maqsadida yangi tizim joriy etilmoqda. Prezident qaroriga muvofiq, fitosanitar nazoratda avtomatlashtirilgan mexanizmlar, jamoatchi inspektorlar instituti va agrologistika markazlari orqali eksport qilish tartibi bosqichma-bosqich amalga kiritiladi.
Prezidentning “Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish jarayonlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–193-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, tadbirkorlarning yuklarini ko‘rik uchun omborlarda saqlash bilan bog‘liq xarajatlari 60 milliard so‘mgacha qisqartiriladi.
Shuningdek, fitosanitar xavf darajasi o‘rta bo‘lgan import tovarlarini nazorat qilishga ketadigan vaqt o‘rtacha 3 ish kunidan 1 ish kunigacha qisqartiriladi.
2026 yil 1 avgustdan boshlab karantin mahsulotlari bo‘yicha fitosanitar nazoratda xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi joriy etiladi.
Bu tizim E-Fitouz elektron portali orqali shakllantiriladi va Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilinadi.
Shu bilan birga, 2026 yil avgust oyidan sinov tariqasida meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan ayrim tumanlarda mahsulotni yetishtirishdan tortib eksportgacha bo‘lgan jarayonda fitosanitar nazoratni amalga oshirish uchun jamoatchi inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga muvofiq, 2029 yil 1 yanvardan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
Bugun, 20-may kuni Hilton mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) IPO jarayonlari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda UzNIF IPO‘si, joylashtirish natijalari hamda O‘zbekiston kapital bozori rivojlanishiga oid masalalar muhokama qilindi.
Anjumanda Xabar.uz muxbirining IPO orqali aksiya sotib olgan oddiy fuqarolar huquqlari qanday himoya qilinishi haqidagi savoliga O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev javob berdi.
Uning ta’kidlashicha, Toshkent fond birjasida bo‘lib o‘tgan IPO jarayonlarida jismoniy shaxslar faol ishtirok etgan. Shuningdek, investorlar orasida norezidentlar ham ko‘pchilikni tashkil qilgan.
«Toshkent fond birjasida bo‘lib o‘tgan IPO‘da ham qiziqish baland bo‘ldi. Ko‘plab jismoniy shaxslar qiziqish bildirdi. E’tiborli jihati, ularning orasida norezident bo‘lganlari ham ko‘pchilikni tashkil etdi. Bu avvalo O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchni ko‘rsatadi.
Bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilyapti. Shuningdek, aksiya sotib olgan jismoniy shaxslarning ham huquqlari, albatta, davlat tomonidan himoya qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan qonunchilik loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», dedi Xurshid Mustafoyev.
Matbuot anjumanida hukumatning kelgusi IPO rejalari haqida ham ma’lumot berildi. Rejaga ko‘ra, jamg‘arma portfelidagi oltita kompaniya 2028-yil oxiriga qadar yakka tartibda IPO o‘tkazishi kutilmoqda.
Xurshid Mustafoyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi ulushiga ega kompaniyalar IPO‘si «Franklin Templeton» bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Jamg‘arma portfeliga kirmagan kompaniyalar esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda transformatsiya jarayonlarini amalga oshirib, IPO‘ga chiqishi rejalashtirilgan.
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonga qaytarilgan noyob tarixiy buyumlar ilk bor ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etildi
-
Siyosat4 days ago
Prezident Bokuga yetib keldi
-
Jamiyat5 days agoAfg‘onistondan olib kelingan qariyb 600 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
-
Iqtisodiyot4 days agoChorva mollari va asalarilar QQSning nol stavkasi qo‘llanadigan ro‘yxatga kiritildi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston urbanizatsiya darajasini 2040-yilga borib 65 foizga yetkazishni maqsad qilgan – Prezident Mirziyoyev
-
Jamiyat4 days ago
Bugun O‘zbekistonda quruq va juda issiq ob-havo kutilmoqda
-
Jamiyat5 days agoJizzaxdagi savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘izistonda sanksiyalar tahdidi tufayli 50 ta korxona tugatildi
