Jamiyat
2500 chaqirim naridagi olamshumul urush
Quyida so‘z yuritayotganimiz o‘rta asrlar tarixida yirik janglardan biri hisoblanib, unda Amir Temur “o‘z davlati osoyishta yashay olishiga imkon beradigan bir sharoit yaratish, atrofda dushman davlatlar bo‘lmasligiga erishish”ni ko‘zlagan holda eng qiyin vazifani uddalagan edi. “Hazrat sohibqiron” kitobida yozilganidek, “Amalda notanish bo‘lgan dala sharoitida, son jihatdan ko‘p dushmanga qarshi jangda faqat qo‘shinni to‘g‘ri boshqara olish yo‘li bilan g‘alabaga erishildi…
Eslaylik, Amir Temur To‘xtamishxonning g‘animlik harakatlariga chek qo‘yish maqsadida 1391-yilning 19-yanvari, ya’ni qahraton qish o‘rtasida yo‘lga otlangan. 2500 chaqirim masofani olti oy davomida 200 ming askar bilan bosib o‘tib, 18 iyun kuni son jihatidan beadad bo‘lgan dushmanga to‘qnash kelgan.
Sohibqiron jangga kirishdan oldin yog‘iy ko‘z oldida otlardan tushib chodirlar tikishga amr etdi, ikki rakaat namozni ixlos bilan o‘qidi, faqat Haqdan nusrat tiladi. So‘ng, mana, yigirma besh yildirki Termiz yaqinida uchrashganlaridan beri u bilan safarlarda doimo birga bo‘layotgan Mir Sayyid Baraka qo‘l ko‘tarib duo qildi va aytdi: “Mo‘ljallangan ishlaringni amalga oshiraver, sen g‘olib bo‘lasan, Tangrining o‘zi senga madadkor bo‘ladi” (Mixail Ivanin. “Ikki buyuk sarkarda: Chingizxon va Amir Temur”. Toshkent, “Fan”, 1994, 176-bet).
Mazkur muhoraba harbiy san’atning yangi – tartibli usuli jahonda ilk marta qo‘llangani bilan tarixda alohida ajralib turadi. “Hech bir podshoh unday qilmaydur edi va eshitmaydur edi” deb yozadi Sharafiddin Ali Yazdiy bu to‘g‘rida (Sohibqironning shu va boshqa harbiy san’at usullari keyinchalik Yevropa harbiy akademiyalarida o‘qitib borilgan).
Ko‘rilgan barcha chora-tadbirlar, jangchilarning jasurligi va tajribasi sohibqiron so‘zi bilan aytganda, chigirtka va chumoli kabi behisob qo‘shinga ega bo‘lgan To‘xtamish ustidan g‘alaba qozonishga olib keldi.
“O‘shandan “Oltin O‘rdaning mavqeiga putur yetdi. Ikki asrdan buyon butun Yevropaga tahdid solib turgan raqib chekindi, ularni ham yenga oladigan, tiz cho‘ktiradigan kuch dunyoda paydo bo‘lganini hamma bildi” (H.Sattoriy).
Rossiya davlatchiligi taqdiriga bevosita aloqador bo‘lgan olamshumul voqea borasida uzoq muddat sukut saqlandi. To‘g‘ri, mazkur g‘alabani Rus uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan edi, deya tan olganlar ham bo‘ldi. Ular Amir Temur “To‘xtamishni yengish bilan Rus yeriga ob’yektiv suratda katta xizmat ko‘rsatgan”ligini alohida ta’kidlashdi. Ammo shu bilan birga boshqa o‘rinlarda: go‘yoki ”ruslar bilan jang qilishga botinolmagan”, “jur’at qilmagan”, “yuragi betlamagan” qabilidagi ayri qarashlar bilan uni kamsitishga urinishlar hukm surib turdi.
Bugungi, ya’ni yigirma birinchi asr boshlaridagi voqelikda sohibqiron Amir Temur va Oltin O‘rda xoni To‘xtamish qo‘shinlarining Qunduzcha daryosi bo‘yida 1391 yilda bo‘lib o‘tgan jangi o‘sha paytdagi Rus davlatining mo‘g‘ul zulmidan xalos bo‘lishida muhim ahamiyatga ega ekanligi, Rossiya xalqlari taqdiridagi o‘rni, mazkur mavzuni o‘quv adabiyotlarida yoritish masalalari tobora ko‘proq ta’kidlanmoqda va bu borada keng ko‘lamli izlanishlar, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shu jihatdan Poxlebkin degan rus olimining 2005 yili Moskvada chop etilgan “Tatarlar va Rus” degan kitobi ahamiyatli.
Mazkur tadqiqotda yoziladiki, birlashgan rus qo‘shini Kulikovoda erishgan harbiy, siyosiy va iqtisodiy yutuq Oltin O‘rda tomonidan ikki yil o‘tmayoq to‘la barbod qilingan, ya’ni siyosiy qaramlik amalda yanada kuchaygan, Moskvaning Tver, Nijegorod, Ryazan knyazliklari bilan munosabati yomonlashgan, Oltin O‘rdaga beriladigan o‘lponlar nafaqat qayta tiklangan, balki ikki baravar oshirilgan va hokazo…
– Keyingi barcha avlodlar shuuri orqali o‘tib kelgan ushbu mavzu so‘zsiz juda og‘ir qabul qilinadi, – deb qayta-qayta takrorlaydi Poxlebkin. – Ammo, o‘sha davrning shafqatsiz urf-taomillarini umumiy kontekstdan ajratgan holda qabul qilish kerak emas. Masalan, Moskva knyazi Saroyga berilgan o‘lpondan tashqari o‘z xazinasini to‘ldirish uchun maxsus soliqlar joriy etdi…
Shu tarz Kulikovo jangi natijalari yo‘qqa chiqarilib, Moskva knyazligida taraqqiyot yana yuz yil orqaga surildi va O‘rda bilan munosabatlar istiqboli uning uchun yana zulmat bilan o‘raldi. Agar yangi bir tarixiy hodisa yuz bermaganida O‘rda zulmi abadiy bo‘lib qolishi hech gap emasdi.
Xullas, Turon sultoni Amir Temur olib borgan urushlar natijasida Oltin O‘rda qo‘shinlari yo‘q qilindi, ikkala poytaxti ham xarobaga aylantirildi, mamlakat parokanda etildi va Oltin O‘rda davlatining umurtqasi sindirildi. Natijada Amir Temur 14-asrning oxirida olib borgan harbiy harakatlar tufayli Rusning O‘rda ustidan g‘alaba qozonishiga olib kelgan sharoit-omil vujudga keldi…
Yevropada ikki minginchi yilning birinchi yarmida ro‘y bergan eng qonli muhoraba deya sanaladigan Qunduzcha jangi bo‘lib o‘tgan joyning aniq o‘rni hozirgi kungacha ma’lum emasdi. Samaralik olim Aleksandr Oparin internet orqali o‘zining tug‘ilgan joylarini o‘rganar ekan, Kondurcha (ilgarigi Qunduzcha, muallif) va Sok daryolarini bir-biriga bog‘lab turgan 13 kilometrlik tuproq devorga e’tibor qaratdi. Bu tuproq devor 40–50 kvadrat kilometr hajmdagi maydonni yopib turadi.
– Ayon bo‘ldiki, Amir Temur harbiy qarorgohini o‘rta asr harbiy-muhandislik ilmi qonun-qoidalariga ko‘ra bunyod ettirgan va uning dam olgan va qorni to‘q navkarlari To‘xtamishga qarshi jangga kirib g‘olib chiqqanlar, –deydi Krasniy Yar qishlog‘i o‘lkashunoslik muzeyi direktori Yuriy Brikov.
Bir paytlar tarixda mashhur jang bo‘lib o‘tgan Malaya Kamenka qishlog‘iga yondosh daladan o‘q-yoy uchlari, 14-asrga oid tangalar, xanjar tig‘lari – hammasi bo‘lib 40 dona buyum topildi. Samara viloyat o‘lkashunoslik muzeyining yetakchi arxeologlari Dmitriy Stashenkov, Anna Kochkina qarorgohda qazish ishlarini boshlab yuborishgan. Mahalliy rassom Aleksandr Maligin To‘xtamish otliqlarining Temur qo‘shinlari o‘ng qanotiga to‘satdan qilgan hujumini aks ettiruvchi polotno yaratibdi!
Topilgan barcha buyumlar muzeyning yangi binosidagi ekspozitsiya zalida markaziy o‘rinni egallaydi.
Keyingi vaqtlarda Samara viloyatiga sayyohlarni jalb etish maqsadida har yili 18 iyun kuni Qunduzcha jangining teatrlashtirilgan tomoshasi tashkil etilmoqda. Samaralik maktab o‘quvchilari Rossiya tarixida chuqur iz qoldirgan jang bo‘lib o‘tgan shu maydonda ham xuddi Kulikovo va Borodinoda bo‘lgani singari yodgorliklar qo‘yilib, ertami-kechmi haqiqat tantana qilishini xohlaydilar.
Kezi kelganda, yana bitta e’tiborli va qiziqarli bir jihatni bilib olsak ortiqchalik qilmaydi: 2014 yili “Sharq” NMAK yozuvchi Qamchibek Kenja qalamiga mansub “Buyuk sohibqiron o‘tgan yo‘llarda” safarnoma asarini chop etdi. Kitobni varaqlagan kishi uning 224-225-sahifalaridagi bobning “Rossiyada o‘zbek hovlisi” deb nomlanganini ko‘radi. Mazkur bob Samara viloyatining obro‘ qozongan ishbilarmonlaridan biri haqida.
– U asli Surxondaryodan, denovlik O‘rol Jo‘rayev, – deya ta’kidlaydi kitob muallifi. – Rossiyada sohibqiron qadamjolarini o‘rganishda faol qatnashib turadi. Krasniy Yar tumani hududida joylashgan buyuk Amir Temur istehkomi o‘rnidan kattagina yer sotib olib, o‘zbekcha andozada chiroyli hovli-joy quribdi. Muzeyga o‘xshaydi. O‘zbekistonning kichik nusxasini ko‘chirib olib borgan, deysiz. O‘zbekcha hammom, tollar bilan qurshalgan hovuz, qo‘qoncha ravoqli shiypon…
Hamma narsasi bor. Biroq tug‘ilib o‘sgan yurtidan yiroqda yashaydi. Ozgina bo‘lsa-da, vatan sog‘inchini bosib turarmikan, degan ilinjda shu ishga qo‘l urgan-u tasodifan Amir Temur bobomizning qadami tekkan joylardan bir parchasiga egalik qilayotganidan boshi ko‘kda!..
Ming-ming hayratlar bo‘lsinki, Yaratganning dargohida, hadsiz-hududsiz osmonu falakning tasavvurga ham sig‘mas darajadagi ulkan va sonu sanoqsiz planetalari orasida o‘z o‘rnini topib sayrona yurgan Ona Yerimizda nimalar bo‘lmaydi, o‘zi! Hazrat sohibqiron bundan 625 yil muqaddam Movarounnahr davlati manfaatini ko‘zlab Oltin O‘rdaning umurtqa pog‘onasini sindirib g‘alaba qozongan va shu orqali Rus uchun ham xolis katta xizmatlar qilgan maydonda surxondaryolik bir yigit bu narsalardan boxabar bo‘lmagan holda mulk barpo etib tomir yoyishini kim ham o‘ylabdi, deysiz!..
Abdulla Xolmirzayev.
Jamiyat
Gulistonda ko‘p qavatli uy qulash xavfi sabab unda yashovchilar evakuatsiya qilindi
Voqea guvohiga ko‘ra, ko‘p qavatli uyning 1-qavatidagi savdo do‘konlaridan birida asosiy ustun olib tashlangan. Shu sababli uy qulash holatiga kelgan.
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida qulash xavfi yuzaga keldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Guliston shahri Bog‘ishamol mahallasidagi 8-uyda yashovchilar 1 aprel kuni tushdan keyin tezkor ravishda evakuatsiya qilingan. Bunga ko‘p qavatli uyda qulash xavfi yuzaga kelgani sabab bo‘lgan.
Voqea guvohlaridan birining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ushbu ko‘p qavatli uyning 1-qavati savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlariga aylantirilgan.
“Do‘konlardan birining egasi tegishli tashkilotlar ruxsatisiz asosiy ustunni olib tashlabdi. Shu sababli, “dom” qulash holatiga kelgan. Hozir hech kim yashamayapti. Qurbi yetganlar ijaraga uy olishgan, yetmaganlarni esa yotoqxonalarga joylashtirishgan”, deydi u.
Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati holatni Kun.uz’ga tasdiqladi. Uning bildirishicha, tekshirilib, xulosa olingunicha ehtiyot chorasi sifatida odamlar evakuatsiya qilingan. Hokimlik vakiliga ko‘ra, holat o‘rganilyapti, uyni ta’mirlash yoki boshqa qurib berish masalasi ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda futbol maydonchasi va daraxtlarga qurilish xavf solmoqda
Poytaxtdagi yana bir yashil hududdagi daraxtlar va bolalar maydonchasi xavf ostida qolgan. Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri ularni saqlab qolish uchun kurashmoqda. Bu yerda maishiy kompleks qurilishi rejalashtirilgan.
Yakkasaroydagi Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri bolalar sport maydonchasi va 18 ta daraxtni saqlab qolish uchun kurashmoqda, ammo tadbirkorning ham qurilishdan voz kechish niyati yo‘q. 2022 yilda auksionda tadbirkor Doniyor Yusupov tomonidan 1 milliard 300 million so‘m evaziga ofis binosi qurish sharti bilan qo‘lga kiritilgan, biroq keyinchalik loyiha o‘zgartirilib ofis, avtoturargoh, ko‘ngilochar majmua qurilishi reja qilingan.
Aholi bu qarorga qarshi sudga murojaat qilgan, bir necha bosqichli sud jarayonlaridan so‘ng 2024 yil oxirida ular foydasiga qaror chiqarilgan. Shahar ma’muriy sudining taftish instansiyasida bu holat Shaharsozlik kodeksiga zid ekani aytilgan. Chunki shaharsozlik normalari va qoidalariga ko‘ra, bunday obektlar maktab-bog‘chalardan 50 metrdan kam bo‘lmagan masofada uzoq bo‘lishi kerak. Ammo qurilishi reja qilingan bino bilan tumandagi 323-bolalar bog‘chasining oralig‘i bor-yo‘g‘i 3 metr masofada loyiha qilingan.
“Bu yerda bolalar bog‘chasi bor, jajji bolachalarimiz o‘sib-ulg‘ayishiga tadbirkor quradigan bino salbiy ta’sir qilishi aniq. Bu xalqning noroziligiga sabab bo‘lyapti. Nima sababdan 1 yil-u 2 oy o‘tib shahar prokurori o‘rinbosari protest beryapti? Chunki biz sudlarda yutib chiqdik, isbotlandi bu yerda qurilish mumkin emasligi”, – deydi MFY raisi o‘rinbosari Xolida Murodova.
Biroq 2026 yil fevral oyida Bosh prokuratura ushbu qaror yuzasidan protest kiritdi. Unda aytilishicha, hududdagi 18 ta daraxt qurilish ostiga tushgan va shundan 8 ta daraxtni kesish, 2 tasini ko‘chirish 5 mln 100 ming so‘m to‘lov evaziga amalga oshirilishi mumkin. Bunga Ekologiya qo‘mitasining ruxsati berilgan. Ammo Botanika bog‘i mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, bunday kattalikdagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish deyarli imkonsiz. Bu ularning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Hududdagi barcha daraxtlar «Yashil makon» dasturiga kiritilgan.
Ish 3 aprel kuni qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Aholi Prezident administratsiyasiga ham murojaat yo‘llagan.
«Bu hududda issiq suv quvurlari tepadan o‘tkazilgan, chunki bu mahalla qurilgan paytda ularni pastdan yotqizishning iloji bo‘lmagan. Bu yerdagi barcha uylar taxminan 60 yil avval qurilgan uylar. Agar qurilish jarayonida qazishni boshlashsa va biron bir quvurga tegishsa, butun mahalla gaz, suv yoki kanalizatsiyasiz qoladi. Hatto telefon aloqasini ham uzib qo‘yishi mumkin», – deya ta’kidladi yana bir fuqaro.
«Bu masalada 2023 yildan beri murojaat kelib tushadi. Shunga asosan hududdagi daraxtlar xatlovga olingan. Fuqarolar ham xabardor, tadbirkorga ham ogohlantirish berilgan – daraxtlarni noqonuniy kesmaslik, ko‘chirmaslik va shikast yetkazmaslik yuzasidan. 2023 yildan beri hali hech qanaqa ekologik qonunbuzilish holatlari yo‘q. Daraxtlar kesilmagan, shikastlantirilmagan, ko‘chirilmagan. Daraxtlarni kesish yuzasidan hali murojaat kelib tushmagan. Tushgan taqdirda ham aholining fikri o‘rganiladi. Daraxtlarni saqlab qolish choralari ko‘riladi», – deya izoh berdi Ekologiya qo‘mitasi mas’uli Mirkomil Abduvohidov.
Tahririyat ikkinchi tomon fikrini eshitish maqsadida tadbirkor Doniyor Yusupov bilan bog‘landi. U ekranda ko‘rinishni istamadi, u bilan telefon suhbati yozilgan audioyozuvlardan foydalanmaslikni so‘radi. Tadbirkor qurilish futbol maydonchasi uning uchastkasi chegaralariga faqat qisman tushishini, futbol maydonchasini buzishni rejalashtirmayotganini aytib, bu hududni qonuniy xarid qilgani va soliqlar to‘lab kelayotgani, voz kechish niyati yo‘qligini ta’kidladi.
Hududda faqat ekologik xavf emas, sport kelajagi uchun ham xavotir yuzaga kelgan. Chunki daraxtlarga qo‘shilib bolalar sport maydonchasining ham qo‘ldan boy berilishi futbolni rivojlantirish haqidagi qonunlarga ham zid. Prezident qarori bilan har bir mahallada futbol maydoni joriy qilish, davlatga qarashli stadionlar va futbol maydonlarining foydalanish maqsadini o‘zgartirish va sotish taqiqlangan.
Hozircha yakuniy qarorni sud hal qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga o‘tkazildi
Tibbiy xizmatlar uzluksizligini ta’minlash maqsadida bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash tartibi joriy etiladi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
2026 yil 1 apreldan O‘zbekistondagi davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tdi. Bu prezidentning 2025 yil 9 noyabrdagi «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.
SSV matbuot xizmati qayd etishicha, bunda shifo maskanlari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasini tashkil etishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra 2026 yil 1 apreldan:
tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmaydi;
zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti qo‘llanadi;
yuqori ruhiy va aqliy zo‘riqishli ishlar uchun ham 36 soatdan oshmaydi;
tibbiyot xodimlari bo‘lmaganlar uchun ish vaqti 40 soatni tashkil etadi.
Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ish vaqti:
dushanba–juma: 08:00–20:00;
shanba: 08:00–14:00 (navbatchilik).
Sog‘liqni saqlashning yangi modeli joriy etilgan hududlarda:
asosiy ish vaqti: 08:00–16:00;
qo‘shimcha navbatchilik: 16:00–20:00.
Navbatchilik vazirlikning 254-son buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Ish haqi saqlanadi, kamaytirilmaydi. Ichki hujjatlar va mehnat shartnomalari qayta rasmiylashtiriladi.
Statsionarlarda navbatchilik doimiy tashkil etiladi. Smena va navbatchilik adolatli taqsimlanadi.
Jamiyat
Samarqanddagi maktabda direktor o‘rinbosari va o‘quvchi o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, hodisa 2 aprel kuni Urgut tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabida yuz bergan.
Ta’kidlanishicha, janjal maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari hamda 9-sinf o‘quvchisi o‘rtasida sodir bo‘lgan.
Hozirda holatni huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rganmoqda.
Voqeaga nima sabab bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Boshqarma o‘quvchilarga nisbatan har qanday qo‘pol munosabatni keskin qoralashini bildirgan.
Shuningdek, holat yuzasidan boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib o‘rganilishi va uning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi va’da qilingan.
Jamiyat
Fuqarolarning nomiga yashirincha kredit rasmiylashtirgan bankirlar aniqlandi
Farg‘ona viloyatida fuqarolarning nomiga mikroqarz rasmiylashtirib o‘zlashtirish holati fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda hududiy tijorat banki Toshloq filiali xodimlari fuqaro R.I. va boshqalarning xabarisiz fuqarolik pasporti va boshqa hujjatlarini qo‘lga kiritib, ularning nomidan o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs sifatida mikroqarz shartnomalari rasmiylashtirgan. Natijada jami 170 mln so‘mni axborot tizimidan foydalangan holda qo‘lga kiritganliklari aniqlangan
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Dunyodan4 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Dunyodan4 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
-
Sport4 days agoEronlik futbolchilar Minob qurbonlarini xotirladi
-
Jamiyat4 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
-
Jamiyat4 days ago
yilning eng yirik media loyihasi start olmoqda
-
Jamiyat5 days ago
Soliqdan qarzdor fuqaroning qimmatbaho avtomashinasi xatlandi
