Sport
21:53 Debyutda mag‘lubiyat. Qayerda xato qildik?
21:53
Debyutda mag‘lubiyat. Qayerda xato qildik?
Source link
Sport
O‘zbekiston jamoasi Jahon tezkor va blits shaxmat chempionatida kuchli oltilikdan joy oldi
17–21 iyun kunlari Xitoyning Gonkong shahrida FIDE World Rapid & Blitz Team Chess Championships 2026 xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etayotgan nufuzli turnirda 53 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda. O‘zbekiston terma jamoasi ham musobaqada 8 nafar yetakchi shaxmatchi bilan qatnashmoqda.
17-iyun kuni o‘tkazilgan dastlabki to‘rt tur natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi:
«Blue Bulldogs»ni 5:1
Indoneziya terma jamoasini 3,5:2,5
«Chess Thulir» jamoasini 4,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.
Shu bilan birga, jamoa Qozog‘istonning «KazChess» klubiga qarshi bahsda 2,5:3,5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
To‘rt tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqa jadvalida 6-o‘rinni egallab turibdi.
Turnir bahslari 21-iyunga qadar davom etadi. O‘zbekistonlik shaxmatchilar yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.
Sport
Futbolchilarimdan g‘ururlanaman, ular Kolumbiyaga qarshi yaxshi o‘ynadi
Milliy jamoa bosh murabbiyi Kolumbiyaga qarshi mag‘lubiyatli o‘yinga izoh berdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCh-2026 guruh bosqichidan o‘rin olgan Kolumbiyaga (1:3) qarshi o‘yindan keyin o‘z fikrlarini aytdi.
— O‘yin qiziqarli o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda biz o‘yinni o‘zgartirishga erishdik. Chap qanotdan imkoniyatlar yaratdik. O‘yin nazoratini o‘z qo‘limizga olishga harakat qildik.
Avvalambor biz O‘zbekistonni butun dunyoga ijobiy namoyish etish uchun bu yerga keldik. Men doim jamoamga o‘yin davomida faol harakat qilish kerakligini aytib kelaman. Kolumbiya singari jamoalarga qarshi o‘ynash, to‘psiz harakat qilish osonmas. Umuman olganda, ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik, biroq afsuski gol o‘tkazib yubordik.
Biz bu stadionda o‘tgan ushbu o‘yinni eslab qolamiz. Chunki bu tarixiy o‘yin. Biz Jahon chempionatidamiz. Bugungi o‘yin biz uchun yaxshi bo‘ldi, deb ayta olaman. Xatolar bo‘ldi, ular ustida ishlaymiz.
— Futbolchilarimdan g‘ururlanaman. Ular yaxshi o‘ynadi. Bugun qiyin o‘yin bo‘ldi. Bunday stadionda, muxlislar qarshisida o‘ynash oson emas. Lekin bu sizga ko‘proq motivatsiya berishi ham mumkin.
O‘zbekiston milliy jamoasi navbatdagi o‘yinni 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.
Sport
JChda 7-kun. Ronaldu Messiga javob qilolmadi, Angliya shou uyushtirdi
Portugaliya kamtarona Kongo DR bilan o‘yinda ishonchni oqlay olmadi, Angliya va Xorvatiya turnirning hozircha eng yaxshi o‘yinini o‘tkazishdi.
Jahon chempionatining navbatdagi kuni ham voqealarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston turnirda ilk o‘yinini o‘tkazdi va ilk golini urdi, Gana Panamani so‘nggi daqiqalarda urilgan gol bilan ranjitdi, Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya milliy jamoasi Kongoni DR milliy jamoasini mag‘lub etolmadi, Angliya va Xorvatiya o‘yinida esa haqiqiy triller kuzatildi.
Hakamlar yana diqqat markazida: ilk bor ayol hakam JCh o‘yiniga tayinlandi, ekspertlar esa Argentina va Jazoir uchrashuvida Shimon Marchinyak Lionel Messini maydondan chetlatmay, xato qilgan deb hisoblamoqda.
Portugaliyada yo‘qotish
Portugaliya – Kongo DR 1:1
Gollar: Joau Nevesh, 6 (1:0). Vissa, 45+5 (1:1)
Portugaliya: Koshta, Arauju, Veyga, Nunu Mendesh (Semedu, 72), Joau Kanselu, Joau Nevesh, Vitinya (Ramush, 83), Brunu Fernandesh, Pedru Netu (Leau, 72), Bernardu Silva (Konseysau, 46), Krishtianu Ronaldu
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Kapuadi, Tuanzebe, Mbemba, Masuaku (J. Kayyembe, 74), Van-Bissaka (Kalulu, 85), Mutussami, E. Kayyembe (Pikel, 74), Mukau (Sadiki, 57), Bakambu (Banza, 85), Vissa
Ogohlantirishlar: Bernardu Silva, 13. Semedu, 88. Arauju, 90 – Mbemba, 32
Bir kun oldin Lionel Messi Jazoir darvozasiga het-trik qayd etib, Krishtianuga chaqiriq tashlagandi. Muxlislar uning portugaliyalik azaliy raqibidan javob kutishgandi va «An-Nasr» forvardi Afrikadan kelgan kamtaron jamoaga qarshi o‘yinda bu vazifani uddalaydigandek ko‘ringandi ham.
O‘yinning oltinchi daqiqasidayoq 174 santimetrlik Joau Nevesh Pedru Netuning uzatmasini bosh bilan golga aylantirganida bu fikr yanada mustahkamlangandi. Ammo shundan keyin portugallar hech narsa o‘ylab topa olishmadi. Bo‘lim oxirida esa kongoliklar hujumchisi Yoan Vissa hisobni tenglashtirdi.
O‘yinning ikkinchi bo‘limida ham portugaliyaliklar raqib darvozasi atrofida xavfli vaziyatlar yarata olmadi. Yakunda o‘yin 1:1 hisobidagi sensatsion durang bilan yakunlandi.
Ronaldu esa yirik turnirlarda qatorasiga 10 o‘yindan buyon gol ura olmayapti. Opta Spors qayd etishicha, bu uning jahon va Yevropa chempionatlaridagi antirekord seriyasi hisoblanadi.
Turnirning eng yaxshi o‘yini
Angliya – Xorvatiya 4:2
Gollar: Keyn, 12 – penalti (1:0). Baturina, 36 (1:1). Keyn, 42 (2:1). Musa, 45+5 (2:2). Bellinghem, 47 (3:2). Reshford, 85 (4:2)
Angliya: Pikford, Konsa, Stouns (Geyi, 87), O`Rayli, Jyeyms, Rays (Rodjyers, 72), Anderson, Bellinghem (Spens, 79), Gordon (Saka, 72), Madueke (Reshford, 72), Keyn
Xorvatiya: Livakovich, Vushkovich (Matanovich, 66), Gvardiol, Shutalo, Modrich (Kovachich, 58), M. Pashalich (Vlashich, 78), Perishich, Stanishich, Baturina (Kramarich, 78), Suchich, Musa (M. Pashalich, 66)
Angliya – Xorvatiya juftligi oldindan birinchi turdagi eng yorqin afisha sifatida ko‘rilayotgandi. Va amalda ham jamoalar kutilmalarni oqladi. Gollar shousi 10-daqiqadayoq boshlandi: Luka Modrich o‘z jamoasi jarima maydonida Noni Maduekega qarshi fol ishlatdi, Harri Keyn esa birinchi urinishda yaxshi zarba bera olmadi, ammo hakamlar bu vaziyatda darvozabon zarbadan oldin chiziqni tark etgan deb topishdi va ingliz hujumchisiga ikkinchi imkoniyatni taqdim etishdi. Bu safar hujumchi Dominik Livakovichga hech qanday imkon qoldirmadi.
Bo‘lim oxirida jamoalar xuddi ko‘cha bokchilaridek zarbalar almashinuvini amalga oshirishdi va gollar ham urildi. Avvaliga Martin Baturin hisobni tenglashtirdi, Keyn burchak zarbasidan keyin jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi, bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Petar Musa inglizlar jamoasi himoyasidagi xatodan foydalanib, yana muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘lim startini Angliya futboli tarixiga kiritish mumkin: Tomas Tuxel shogirdlari 10 daqiqa ichida 9 zarba berdi, shundan bittasi golga aylandi. Agar Livakovich bo‘lmaganida o‘yin taqdiri shu daqiqalarda hal bo‘lib ulgurgan bo‘lardi.
Shundan keyin o‘yin sur’ati pasaydi va xorvatlarda o‘yinga qaytish uchun imkoniyat saqlanib turdi. Tuxel esa uchtalik almashtirish qilib, Saka, Reshford va Rodjyersni maydonga tashladi. Qolgan vaqt davomida ulardan birining pasini ikkinchi golga aylantirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi – 4:2.
Gana g‘alabani ilib ketdi
Gana – Panama 1:0
Gol: Yirenkiy, 90+5 (1:0)
Gana: Ati-Zidji (Asare, 46), Adjyeti, Opoku, Mensa, Senayya, Yirenkiy, Ovusu (Sibo, 78), Semenyo, Nuama (Fatavu, 58), Sulemana (Tomas-Asante, 58), Ayyu (Adu, 87)
Panama: Moskera, Kordoba, Andrade, Ramos, Barsenas, Harvi, Blekmen (Godoy, 90), Murilo, Rodriges (Dias, 74), Martines (Faxardo, 63), Uoterman (Londono, 63)
Ogohlantirishlar: Yirenkiy, 16 – Blekmen, 72. Harvi, 90
Panamaliklar uchun bu jahon chempionati tarixidagi ikkinchi ishtirok bo‘lmoqda. Markaziy amerikaliklar 2018 yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan turnirda Belgiya, Angliya va Tunis bilan bir guruhdan joy olib, birorta ochko qo‘lga kirita olmagandi. Bu safar esa jamoa ilk ochkosini qo‘lga kiritishga juda yaqin keldi: Tomas Kristiansen shogirdlari jamoaviy o‘yinni yaxshi qura olgani ma’lum bo‘ldi, Gana esa turnirga eng yaxshi holatida yetib kelmagani bilinib qoldi. Afrikaliklar o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi muvaffaqiyatsiz natijalardan keyin bosh murabbiyni almashtirishdi va bu lavozimga tajribali Karlush Keyrushni olib kelishdi. Turnir startida esa tarkib bilan bog‘liq muammo yuzaga keldi: Panamaga qarshi Kanadada bo‘ladigan o‘yinga jamoa yetakchilaridan biri, tayanch yarimhimoyasi Tomas Parti qatnasha olmaydigan bo‘ldi: unga ushbu mamlakat hukumati viza bermadi.
Panama o‘yin debyutidayoq hisobni ochishi mumkin edi, ammo ganaliklar darvozaboni Lourens Ati-Zidji ajoyib seyv ijro etdi. Shundan keyin o‘yin kartinasi o‘zgardi: to‘qnashuvlar ko‘payib, aniq uzatmalar kamaydi, jamoalar hujumning oxirgi qismida xato qarorlar tufayli to‘p yo‘qotishdi.
Ikkinchi bo‘limda ham syujyet o‘zgarmadi va barchasi golsiz durangga qarab keta boshladi. Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda ganaliklar saviyadagi farqni namoyish etishdi: 90+5-daqiqada «Manchester Siti» vingeri Antuan Semenyoo boshlab bergan hujumda Brendon Tomas-Asante chap qanotda oldinga yurib davom ettirdi va jarima maydoniga kirib borgan sherigi Kaleba Yirenkini golli pas bilan ta’minladi – 0:1.
Bu orqali Keyrush jahon chempionatlarida g‘alabaga erishgan eng keksa yoshli murabbiyga aylandi. Portugaliyalik mutaxassis 73 yoshda, uning uchun bu karerasidagi beshinchi jahon birinchiligi bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda debyut
O‘zbekiston – Kolumbiya 1:3
Gollar: Munyos, 40 (0:1). Fayzullayev, 60 (1:1). Dias, 65 (1:2). Kampas, 90+9 (1:3)
O‘zbekiston: Yusupov, Abdullayev, Ashurmatov (O‘rozov, 77), Husanov, Mozgovoy, Shukurov, Nasrullayev (Sayfiyev, 46), Karimov, O‘runov (Hamdamov, 46), Fayzullayev (Amanov, 77), Shomurodov (Sergeyev, 90+3)
Kolumbiya: Vargas, Lukumi, Sanches, Mohika, Munyos, Lerma, Arias (Kastanyo, 90+3), Puerta (Rios, 80), Dias (Gomes, 90+3), Hames Rodriges (Kampas, 72), Suares (Ernandes, 80)
Ogohlantirishlar: Husanov, 34 – Mohika, 7
Turnirning eng hujumkor jamoalaridan biri sanalgan kolumbiyaliklar turnir debyutantiga qarshi bir bo‘lim davomida deyarli hech narsa qila olishmadi. Janubiy amerikaliklar kutilganidek to‘pga egalik qilishdi va vaziyatlar yaratishdi, ammo o‘zbekistonliklar himoyada ishonchli harakat qilishdi. Ammo bo‘lim yakunlanishi arafasida kolumbiyaliklar qaytarilgan navbatdagi hujumni ikkinchi tempda davom ettirib, o‘z maqsadiga erishdi: Luis Dias to‘pni havolatib himoyachilar ortiga tashlab berdi, unga yetib borgan Daniel Munyos darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Fabio Kannavaro shogirdlari esa bo‘lim davomida birorta golli vaziyat yarata olishmadi.
Lekin italiyalik mutaxassisning tanaffusda qilgan o‘zgarishlari samara berdi va 60-daqiqada O‘zbekiston hisobni tenglashtirdi: Shomurodov yo‘llagan zarbani darvozabon qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Abbos Fayzullayev osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Lekin turnir debyutantlari hisobni saqlash o‘rniga hujumga o‘tishdi va jazolanishdi: Dias yana bir bor o‘z darajasini namoyish etib, g‘alaba golini urdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Haminton Kampas yakuniy hisobni o‘rnatdi – 3:1.
Messi nega yig‘ladi?
Jazoirga qarshi o‘yind Lionel birinchi golidan keyin ko‘z-yosh to‘kkani ko‘pchilikning e’tiborini tortgandi. Argentinalik forvard o‘yindan keyingi matbuot anjumanida hissiyotlarini jilovlay olmagani futbol bilan bog‘liq emasligini aytdi.
La Opinion nashri buning sababini aniqlagan: futbolchi otasi xastaligini o‘ta og‘ir qabul qilgan. Jahon chempionati arafasida katta Messining ahvoli og‘irlashib qolgan.
JCh tarixidagi ikkinchi ayol arbitr
Turnirda erkak hakamlar mojaroli qarorlari bilan shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan mahalda FIFA amerikalik ayol hakam Tori Pensoga murojaat qildi — guruh bosqichida Chexiya va JAR o‘yinini boshqarish unga ishonib topshirildi.
Bu jahon chempionatlari tarixidagi ikkinchi holat bo‘ldi. Mundialdagi birinchi ayol hakam fransiyalik Stefani Frappar bo‘lgandi, u 2022 yilgi turnirda Germaniya — Kosta-Rika o‘yinida ishlagan.
Navbatda qanday o‘yinlar bor?
Jahon chempionatida birinchi tur yakunlandi. Bugun va ertaga ikkinchi tur doirasida quyidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi
21.00 Chexiya — JAR
00.00 Shveytsariya — Bosniya va Hersegovina
3.00 Kanada — Qatar
6.00 Meksika — Janubiy Koreya
Sport
JCh-26. O‘zbekiston mag‘lubiyat bilan boshladi
Kolumbiyaga qarshi o‘yinda jamoa turnir tarixidagi ilk golini nishonladi, ammo bu gol natija uchun yetarli bo‘lmadi.
JCh-2026. K guruhi. 1-tur
O‘zbekiston – Kolumbiya 1:3
Gollar: Fayzullayev 61 – Munios 41, Dias 66, Kampas 90+9.
O‘zbekiston: Yusupov, Karimov, Husanov, Ashurmatov (O‘rozov 77), Abdullayev, Nasrullayev (Sayfiyev 46), Mozgovoy, Shukurov, O‘runov (Hamdamov 46), Fayzullayev (Amonov 77), Shomurodov (Sergeyev 90+3).
Kolumbiya: Vargas, Munyos, Sanches, Lukumi, Moxika, Puerta (Rios 80), Lerma, Rodriges (Kampas 72), Arias (Kastanio 90+3), Dias (Gomes 90+3), Suares (Ernandes 80).
Ogohlantirishlar: Moxika 7, Husanov 34.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatidagi ishtirokini mag‘lubiyat bilan boshladi. Mexiko shahridagi «Atsteka» stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘yin 1:3 hisobida yakunlandi.
Birinchi bo‘limda to‘liq tashabbusga egalik qilgan janubiy amerikaliklar 40-daqiqada hisobni ochdi. Angliyaning «Kristal Pelas» klubida o‘ynovchi qanot himoyachisi Daniel Munios «Bavariya» vingeri Luis Diasning uzatmasini golga aylantirdi – 0:1.
Kannavaro tanaffusdayoq tarkibda o‘zgarishlarga qo‘l urdi: chap qanot himoyachisi Sherzod Nasrullayev o‘rniga Farrux Sayfiyev, chap qanot vingeri Oston O‘runov o‘rniga esa Dostonbek Hamdamov maydonga tushirildi.
60-daqiqada Shomurodov xavfli vaziyat yuzaga keltirdi: uning zarbasidan keyin to‘p darvozabon orqali bo‘sh darvoza qarshisida turgan Abbosbek Fayzullayevga yetib keldi va ushbu yarimhimoyachi O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi ilk goliga mualliflik qildi.
Ammo ko‘p o‘tmay Kolumbiya yana hisobda oldinga chiqib oldi. Shomurodov maydon markazida to‘p oldirdi va tezkor qarshi hujumni Luis Dias gol bilan yakunladi – 1:2.
O‘yinning so‘nggi daqiqalarida Osiyo vakillari to‘liq kuch bilan shturm uyushtirishdi, natijada himoya chizig‘ida katta bo‘shliq yuzaga keldi va uchinchi gol ham o‘tkazib yuborildi. O‘rozov to‘pni uzoqlashtirishni paysalga soldi va to‘pga ega chiqqan Kucho Ernandes to‘pni qanotdan darvozabon hududiga uzatdi, u yerda turgan Haminton Kampas bosh bilan Yusupov qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi – 1:3.
O‘yinning so‘nggi daqiqasida O‘zbekistonda hisobni qisqartirish uchun imkoniyat bo‘ldi, ammo Behruz Karimovning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘siniga bordi.
Birinchi turdan keyin Kolumbiya 3 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilmoqda, O‘zbekiston esa to‘rtinchi o‘rinda qoldi.
O‘zbekiston milliy jamoasi navbatdagi uchrashuvni 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.
Sport
O‘zbekiston va Ronaldu boshlamoqda – JCh kundaligi
JChdagi birinchi tur o‘yinlari tugay deb qoldi. Oldingi kundaligimizdan keyin yana to‘rtta guruhda o‘yinlar o‘tkazildi. Ispaniya debyutant jamoani yenga olmadi, Eronni o‘yin tugashi bilan quvishdi, Osiyo jamoalarining mag‘lubiyatsiz seriyasi buzildi. Mbappe, Holland va Messi mundialni juda zo‘r boshladi.
Ispaniya oqsadi
Musobaqaning asosiy favoriti deb qaralayotgan Ispaniya musobaqani Afrika vakili bo‘lgan debyutant Kabo-Verde bilan durang o‘ynab boshladi. Butun o‘yin hujum qilgan ispanlar bororta gol ura olmadi. Musobaqadan oldin ispanlarning kuchsiz tomoni deb qaralgan hujum chizig‘i chindan pand berdi.
Hujumda kimlar o‘ynaganini qarang: Mikel Oyarsabal, Ferran Torres, Gavi. Bu futbolchilarni kamsitish adolatdan bo‘lmaydi, lekin Ferran «Barsa»da vaziyatlar kushandasi ekani, Gavi hujumchi emasligi, Oyarsabal o‘rtamiyona hujumchilar sirasiga kirishini hamma biladi. Mikel Yevro finalida Ispaniyaga sovrin olib kelgan g‘alaba golini urgan, Ferranning ham o‘yini chiqib qolsa, ko‘p gol uradi, lekin aynan Kabo-Verde bilan o‘yinda Ispaniya hujum chizig‘i o‘zini ko‘rsata olmadi.
Ispaniya uchun hujumchisiz o‘ynash yangilik emas. Masalan, Yevro-2012 finalida ispanlarda hujumchi sifatida Fabregas, David Silva hamda Iniyesta o‘ynagan. Ya’ni, «Qizil furiya» hujumchisiz o‘ynab ham, bemalol to‘rtta gol urib, chempion bo‘lgan. O‘zi Ispaniyada Torres va Vilyadan keyin yorqin hujumchi chiqmay ham qo‘ydi-da. Yarimhimoya doim kuchli bo‘lgani uchun bu kamchilik bilinmay kelgan.
Ispaniyadek kuchli jamoaga birgina o‘yin bilan baho berish adolatdan emas. Ular 2010 yil ham JChni mag‘lubiyat bilan boshlagan. Yamal yaxshiroq formaga kirsa, Ferran to‘purar bo‘lib ketsa ham, ajablanmang.
Guruhdagi ikkinchi to‘qnashvda Saudiya Arabistoni Urugvay bilan o‘yinda g‘alabani saqlab qola olmadi, lekin osiyoliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi. Shu kuni «G» guruhidagi ikki o‘yinda ham durang natija qayd etildi. Belgiya va Misr, to‘g‘risi, o‘rtacha o‘yin ko‘rsatdi. Belgiya oltin avlodining qolgan a’zolari oldingi kabi yorqin o‘yin ko‘rsata olmadi, Misrda ham asosiy yulduz Saloh o‘z darajasida emas. O‘yinni ko‘rgach, bu jamoalar musobaqada uzoqqa borishiga shaxsan men ishonmadim.
Qaytanga guruhning ikkinchi o‘yini qiziq kechdi. Katta qiyinchilik bilan Amerikaga yetib borgan Eron Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynadi. Zelandiyadan Jast degan yigit ikkita gol urdi. Har ikki golda APL yulduzi Kris Vud assistent bo‘ldi. Eronda o‘zbekistonlik muxlislarga yaxshi tanish «Istiqlol» himoyachisi Ramin Rizoyan qahramon bo‘ldi. U avval o‘zi gol urdi, keyin Mohibining chiroyli goliga pas berdi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Bu o‘yinda Eronning g‘alabasini kutgandim, chunki forslar Yangi Zelandiyadan ancha baland darajada. Lekin urush sabab futbolchilar o‘yin amaliyotisiz qolgani, murakkab tayyorgarlik jarayoni, Amerikadagi bosimlar, ruhiy muammo sabab eronliklar o‘z uslublarida agressiv o‘yin ko‘rsata olishmadi. Shuningdek, Eronda ham biz kabi chempionatdan keyin avlodlar almashinuvi boshlanib ketsa kerak. O‘yin tempi avvalgidek emasligiga futbolchilar yosh emasligi ham ta’sir ko‘rsatadi.
O‘yin tugashi bilan tashkilotchilar eronlik futbolchilardan Amerikadan chiqib ketishni talab qilgan. Murabbiyning aytishicha, futbolchilarga hech bo‘lmasa mehmonxonada uxlab olishga ham imkon berishmagan. O‘yin tugashi bilan darhol samolyotga chiqib ketish futbolchilar tiklanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bilish uchun fizioterapevt bo‘lish shart emas. Maydonda terlab-pishib yugurgan odam uchun eng kerak narsa yuvinib, ovqatlanish va yaxshigina uxlash. Busiz inson tanasi uch kunda tiklanishi juda qiyin. Qit’adoshlarimiz Amerikadagi mundialni ana shunday bosimlar bilan o‘tkazishga majbur.
Mbappe va Holandda dubl, Messi esa…
Kecha tunda va bugun tongda o‘tkazilgan o‘yinlar juda yorqin o‘tdi, birorta durang bo‘lmadi, Osiyo jamolarining mag‘lubiyatsiz seriyasi buzildi. Fransiya Senegalni ishonchli tarzda yengdi – 3:1. Bu o‘yin, afsuski, 2002 yildagi afsonaviy uchrashuv kabi esda qolarli bo‘lmadi. Faranglar birinchi bo‘limda qiynaldi, lekin Desham tanaffusdan keyin shogirdlariga ular oxirgi ikki mundial finalchisi ekanini eslatib qo‘ygan ko‘rinadi. Avvaliga haddan tashqari ko‘p yulduzlar sabab jamoada tushunmovchilik bordek ko‘ringandi, lekin doim yulduzli tarkibga ega bo‘lgan Fransiya o‘yinni iziga tushirib oldi.
Senegalning himoyasini 66-daqiqada Olise zargarona uzatmasi bilan yorib o‘tdi. Uning himoyachilar orasidan turib bergan uzatmasini Kilian Mbappe birtepar usulida olis burchakka joylab qo‘ydi. Keyinroq Rabioning Olisecha uzatmasini Barkolya golga aylantirdi. Bu vaziyatlardan oldin Mane jarima maydonchasi ichida Mbappeni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolgandi. Lekin o‘zbekistonliklar yaxshi taniydigan Alirizo Fig‘oniy negadir yaqqol fol bo‘lgan holat uchun penalti bermadi.
Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+4-daqiqada Senegal bitta gol urib, intrigani kuchaytirdi, lekin oxirgi soniyalarda Mbappe o‘z uslubida juda kuchli zarbasi bilan o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi – 3:1. Killianning bu goli uning kumiri Ronalduning YeChLda «Portu»ga urgan golini yodga soldi.
O‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb Mayl Olise topildi, lekin bu o‘yinda Mbappe hamon dunyoning eng kuchli futbolchisi ekanini isbotladi. To‘g‘risi, dunyo futbolida hozir unga teng keladigan futbolchi bor deb o‘ylamayman. Bunaqa texnika, bunaqa tezlik, bunaqa zarba, bunday joy tanlash… Biroz injiqligini hisobga olmasa, Mbappeda hech qanday kamchilik, nuqson yo‘q. Haqiqiy jahon darajasidagi daho futbolchi.
Kunning ikki o‘yinida Osiyo jamoalari mag‘lub bo‘ldi. Shu kungacha qit’adoshlarimiz mag‘lubiyatsiz kelayotgandi. Iroq Norvegiya bilan kurashib ko‘rdi, biroq Holand o‘z darajasini isbotlab ikkita gol urdi va bitta assist berib, o‘yin taqdirini hal qildi. Bunaqa gol mashinasi bor jamoa oxirida chempion bo‘lib ketsa ham, ajablanmang. Kunning oxirgi o‘yinida Marko Arnautovich boshchilik Avstriya Iordaniyani yengib, pley-off tomon katta qadam tashladi.
Kunning eng jo‘shqin o‘yini haqida esa boya gaplashgandik. Argentina Messining benifisiga aylangan o‘yinda Jazoirga imkon qoldirmadi. Bu o‘yinda hamma Messining gollariga e’tibor qaratmoqda, vaholanki, Argentinaning boshqa chiziqlari ham raqibga imkon qoldirmadi. Ko‘pchilik favorit sifatida Yevropa jamoalarini tilga olyapti, lekin amaldagi chempion Argentina g‘oliblikni himoya qilsa ham, ajablanmang.
O‘zbekiston boshlamoqda
Bugungi «match day» biz uchun hayajonli bo‘ladi. Guruh bosqichining birinchi turi aynan bizning Kolumbiyaga qarshi o‘yinimiz bilan yakunlanadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 07:00 da boshlanadi va ertaga O‘zbekistondagi barcha tashkilotlarda ish vaqti soat 10:00 dan deb belgilandi. Davlat odamlar futbolni bemalol ko‘rib olsin deb shunday sharoit yaratib berdi.
Kunning markaziy o‘yini Angliya va Xorvatiya o‘rtasida kechadi. Lekin bu o‘yinni ko‘rishni, to‘g‘risi, tavsiya qilmayman, yaxshisi O‘zbekistonning o‘yinigacha uxlab oling. Men esa do‘stim Harri Keyn uchun bahsni albatta tomosha qilaman.
Bugun 22:00 da musobaqa favoritlaridan yana biri, guruhdoshimiz Portugaliya Kongoga qarshi o‘ynaydi. Boya aytganimizdek, Kongo posboniga oson bo‘lmaydi. Biz uchun bu o‘yinda nima bo‘lishi esa ikkinchi darajali. Eng asosiysi tarixiy o‘yinda O‘zbekiston milliy jamoasiga kuch-quvvat tilaymiz. Eldor boshchilik yigitlarimiz butun millatimiz uchun maydonda munosib kurashishlariga ishonaman. Olg‘a, yigitlar, butun millat siz bilan. Natija qanday bo‘lishidan qati nazar siz biz uchun eng yaxshisiz. JChga chiqish, unda birinchi o‘yin hayajonini his qilishning o‘zi takrorlanmas katta natija. Futbolchilarimizni duo qiling, ilohim yuzlari yorug‘ bo‘lsin.
-
Siyosat3 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Mahalliy4 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Sport3 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Mahalliy4 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda renovatsiyaning birinchi bosqichi boshlandi
-
Dunyodan2 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
