Iqtisodiyot
2026 yildan elektron hisobvaraq-fakturalar xavf darajasi bo‘yicha avtomatik baholanadi
O‘zbekistonda 2026 yil 1 yanvardan elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida avtomatik tarzda baholanadi. Agar yuqori xavf belgilari aniqlansa, EHFning maqomi xaridorga ko‘rsatiladi.
2026 yil boshidan ishga tushadigan yangi tizim EHFlarni real vaqt rejimida avtomatik baholaydi. Bu prezidentning 2025 yil 4 sentabrdagi PF-153-sonli farmonida nazarda tutilgan. Soliq qo‘mitasi bu qanday ishlashini tushuntirib berdi.
“Tizim xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, EHF rasmiylashtirishda qonunbuzilish ehtimolini baholash imkonini beruvchi kompleks mezonlar tahliliga asoslanadi”, – deyiladi Soliq qo‘mitasi xabarida.
Rasmiy xabarga ko‘ra, mazkur yangi tizim soliq ma’muriyatchiligining raqamli transformatsiyasida muhim bosqichga aylanishi va iqtisodiyotda yashirin aylanmalar ulushini keskin kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, yangi tizim har bir EHFni yaratish jarayonidayoq avtomatik tahlil qiladi va unga xavf darajasini belgilaydi. Agar yuqori xavf belgilari aniqlansa, EHFning maqomi xaridorga ko‘rsatiladi. Bu esa soliq oqibatlarini baholash va hamkor tanlashda ehtiyotkorlikni ta’minlaydi.
Hozirgi bosqichda tizim sinov tariqasida ishlamoqda va tadbirkorlik sub’yektlari yo‘l qo‘yayotgan yirik xatolar va qonunbuzilishlarni avtomatik ravishda aniqlaydi, ularga nisbatan hech qanday ta’sir choralari qo‘llanmayapti.
Tizimda yuqori xavf darajasiga ega EHF bo‘yicha quyidagilar nazarda tutiladi:
• ularning ulushi hisobot davrida rasmiylashtirilgan jami EHFlar sonining 10 foizidan oshmasligi;
• QQS summasi sotuvchi (yetkazib beruvchi) yoki xaridor (buyurtmachi) tomonidan budjetga to‘liq to‘langandan keyin hisobga olinishi.
Iyul oyidan boshlab Soliq qo‘mitasining rasmiy veb-sayti va boshqa axborot kanallarida tadbirkorlar tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) rasmiylashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan qo‘pol xatolar va soliq qonunchiligi buzilishi holatlariga oid misollar e’lon qilib borilmoqda. Bu holatlar yangi tizim yordamida aniqlanmoqda.
Shubhali operatsiyalar borasida misollar (nomlar o‘zgartirilgan)
• “Alfa” MChJ nomli korxona chorvachilik xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tib, birinchi shartnomasi bo‘yicha 896 mlrd so‘mlik qora metall realizatsiyasi uchun EHF rasmiylashtirgan.
• “Omega” MChJ non mahsulotlari ishlab chiqarishdan metall mahsulotlari savdosiga o‘tib, qisqa fursatda 326 mlrd so‘mlik EHF rasmiylashtirgan.
• “Graf” MChJ esa ishchi kuchi, mulki yoki transport vositasi bo‘lmagan holda, 5 kun ichida 38,5 mlrd so‘mlik turli tovarlar va xizmatlar bo‘yicha EHF rasmiylashtirgan.
O‘rganish natijasida iyul-sentabr oylarida 27 ta soliq to‘lovchi tomonidan iqtisodiy mazmunga mos kelmaydigan operatsiyalar amalga oshirilgani aniqlandi. Bu korxonalar 5,9 trln so‘mlik EHF rasmiylashtirib, 706 mlrd so‘mlik QQSni hisobga olishga uringan.
Avvalroq raqamlashtirish, elektron hisobvaraq faktura, onlayn nazorat kassa mashinasi, raqamli markirovka, mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlari, elektron yuk xati va keshbeklar joriy etilishi yashirin iqtisodiyot ulushini sohalarga qarab 10−20 foizgacha «soya»dan chiqargani xabar qilingandi.