Mahalliy
2024-yilda xalqaro reytinglardan o‘ntasida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilangan
2024-yilda mamlakat uchun ustuvor deb belgilangan 20 ta xalqaro reyting va indekslardan 10 tasida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari yaxshilandi, 2 tasida holat o‘zgarmasdan qoldi, 2 tasi bo‘yicha esa natijalar hali e’lon qilinmagan.
Bu haqda Senat majlisida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu natijalar davlat organlari, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarining muvofiqlashtirilgan hamkorligi, aniq indikatorlar asosida amalga oshirilgan islohotlar samarasi ekani ta’kidlandi. Jumladan, «Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi»da O‘zbekiston 6 pog‘onaga yuqorilab, 193 davlat orasida 63-o‘rinni egalladi. Mamlakat «yuqori»dan «juda yuqori» toifaga o‘tgan 17 davlat qatoriga kirdi.
«Ayollar, biznes va qonun» indeksida 48 pog‘onaga sakrash hisobiga 190 mamlakat ichida 91-o‘rin, 82,5 ball ko‘rsatkich qayd etildi. So‘zga chiqqanlar bunday ko‘rsatkich gender tengligi, ayollar huquqlari va imkoniyatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarning natijasidir.
Iqtisodiy erkinlik indeksida ham 6 pog‘onaga o‘sish qayd etildi yoki O‘zbekiston 103-o‘rinni egalladi. Shunga qaramasdan, Davlat budjeti va davlat qarziga oid ko‘rsatkichlar hali ham izchil islohotlarni davom ettirish talab etilmoqda.
Mahalliy
Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga imtihonda qo‘shimcha vaqt beriladi
Prezidentning «Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan inklyuziv ta’lim sohasida qator yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish va milliy sertifikat olish imtihonlarida belgilangan vaqt me’yoriga nisbatan 50 foiz qo‘shimcha vaqt beriladi.
Imtihon jarayonlarida Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati ham ta’minlanadi.
Shuningdek, 2027-yil 1-maydan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni vaucher asosida ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi zamonaviy assistiv, ya’ni yordamchi jihozlar bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish bolaning individual ta’limga ehtiyoji, funksional imkoniyatlari va o‘zlashtirish darajasiga mos ravishda ishlab chiqiladigan individual ta’lim rejalari asosida tashkil etiladi.
Qaror bilan 2026-yil 1-sentyabrdan korreksion sinf tashkil etgan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga ham davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etilmoqda.
Unga muvofiq, har bir o‘quvchi uchun Toshkent shahrida BHMning 11 baravari, viloyat markazlari va Nukus shahrida 9,5 baravari, boshqa tuman va shaharlarda esa BHMning 8,5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.
Mahalliy
Toshkentning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi
Toshkent shahar hokimi poytaxtning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi.
Xizmat tekshiruvi Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlariga nisbatan o‘tkaziladi.
Farmoyishga muvofiq, xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasi tuzilgan. Komissiyaga taqdimnomada ko‘rsatilgan holatlarni xolis va sifatli o‘rganish, tekshiruv natijalari yuzasidan tegishli xulosalarni rasmiylashtirish hamda zarurat tug‘ilganda boshqa tashkilot va idoralardan mutaxassislarni jalb etish vazifasi yuklatilgan.
Mahalliy
Uzrli sabab tufayli milliy sertifikat imtihonida qatnasholmaganlarga to‘lov qaytariladi
Chet tili va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok eta olmagan talabgorlar uchun to‘lovni saqlab qolish mexanizmi joriy qilinadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi mas’ul xodimi Javlonbek Nurmatov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, agar talabgor imtihonda uzrli sabab bilan qatnashmagan bo‘lsa, keyingi imtihonga qo‘shimcha to‘lovsiz kiritiladi yoki to‘langan mablag‘ qaytarib beriladi.
Bunda kasallik, xizmat safari yoki oila a’zosining vafoti kabi holatlar uzrli sabab sifatida tan olinadi. Biroq buning uchun tegishli tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi shart.
Imtihonga kechikkan, hech qanday uzrsiz kelmagan yoki imtihon qoidalarini buzgani uchun auditoriyadan chetlashtirilgan shaxslarga mazkur imtiyoz berilmaydi.
Mahalliy
O‘zbekistonda doktoranturaga qabullar soni ortmoqda
2025-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda tayanch doktoranturaga ega tashkilotlar soni 165 taga yetdi. Bu 2024-yilga nisbatan 19 taga yoki 13 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, tayanch doktoranturaga qabul qilinganlar soni 4 ming 159 nafarni tashkil etib, bir yilda 324 nafarga oshdi.
Yil oxiriga kelib tayanch doktoranturada tahsil olayotganlar soni 8 ming 326 nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 334 nafarga yoki 4,2 foizga ko‘pdir. Tayanch doktoranturani bitirganlar soni ham o‘sib, 2 ming 256 nafarni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 22 nafarga yuqori bo‘ldi.
Hududlar kesimida tayanch doktoranturaga ega tashkilotlar eng ko‘p Toshkent shahrida — 84 ta, Toshkent viloyatida — 17 ta va Samarqand viloyatida — 14 ta qayd etildi. Eng kam ko‘rsatkich Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida kuzatildi.
Tayanch doktoranturaga qabul bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchilik qildi. Poytaxtda 1 ming 682 nafar doktorant qabul qilingan bo‘lsa, Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 386 nafarni, Namangan viloyatida esa 330 nafarni tashkil etdi.
Yil yakuniga ko‘ra, tayanch doktoranturada tahsil olayotganlar soni bo‘yicha Toshkent shahri 2 ming 842 nafar bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati — 831 nafar va Samarqand viloyati — 825 nafar bilan qayd etildi.
Tayanch doktoranturani bitirganlar soni bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, 772 nafar bitiruvchiga ega bo‘ldi. Samarqand viloyatida 295 nafar, Namanganda esa 217 nafar doktorant o‘qishni yakunladi.
2025-yilda doktoranturaga ega tashkilotlar soni 124 taga yetdi. Bu bir yilda 24 foizga oshgan. Doktoranturaga qabul qilinganlar soni 604 nafarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 23,3 foizga ko‘paydi. Yil yakuniga kelib doktorantlar soni 1 ming 309 nafarga yetgan bo‘lsa, bitiruvchilar soni aksincha 252 nafarni tashkil etib, 3,8 foizga kamaydi.
Mahalliy
Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun sertifikat imtihoni tartibi belgilandi
Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha imtihonlarni o‘tkazish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (411-son, 29.07.2026-y.) bilan «Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab V+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga:
Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, sertifikatning amal qilish muddati davomida, tegishli ta’lim tiliga mos ravishda barcha fanlar bo‘yicha lavozim maoshiga har oyda 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lab boriladi.
Nizomga ko‘ra, Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi.
Malaka imtihonida ishtirok etishi uchun talabgordan ro‘yxatdan o‘tishda, ariza berilgan kundagi BHMning 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Malaka imtihoni natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanadi. Unga ko‘ra:
– 70 balldan yuqori ball olgan talabgorga A+ darajali;
– 65 – 69,9 ball olgan talabgorga A darajali;
– 60 – 64,9 ball olgan talabgorga B+ darajali;
– 55 – 59,9 ball olgan talabgorga B darajali;
– 50 – 54,9 ball olgan talabgorga C+ darajali;
– 46 – 49,9 ball olgan talabgorga C darajali sertifikat beriladi.
Talabgorning boshlang‘ich sinflardagi tegishli fanlar mazmuni doirasidagi bilim darajasi, o‘qitish metodikasi va pedagogik mahorati test sinovlari orqali baholanadi.
Talabgor sertifikat olish maqsadida malaka imtihonida qatnashish uchun YaIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda ariza berib, ro‘yxatdan o‘tadi.
Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga 1 ish kuni ichida QR-kodli sertifikatning elektron shakli YaIDXP (my.gov.uz) orqali yuboriladi.
Talabgor malaka imtihoni natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 3 kun ichida YaIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli organga apellyasiya shikoyati berish huquqiga ega.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab huquqshunoslik fanini bilish darajasini aniqlash va milliy sertifikat berish tartibi joriy etilishi belgilandi.
-
Jamiyat2 days ago
Namanganda katta miqdorda sifati noma’lum dorilar aniqlandi
-
Jamiyat4 days ago
Xotira va miya holatini yaxshilovchi meva nomi aytildi
-
Iqtisodiyot1 day ago
Senat «Enterprise Uzbekistan» markazining huquqiy asoslari bo‘yicha qonunni ma’qulladi
-
Sport2 days ago
Lionel Messining otasi vafot etdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Iyun oyida cheklari eng ko‘p o‘tkazilgan korxonalar ma’lum qilindi
-
Jamiyat2 days ago
Uning jinoyat ishi 12 ming 192 varaqni tashkil etgan – Usmon Nosir qanday shaxs bo‘lgan?
-
Jamiyat1 day ago
Bugun O‘zbekistonda havo harorati yanada ko‘tarilishi kutilmoqda
-
Iqtisodiyot1 day ago
Dollar kursida yana pasayish yuz berdi
