Jamiyat

10 sutkagacha ushlab turish normasi Konstitutsiyaga zid deb topildi. Endi nima bo‘ladi?

Published

on


Konstitutsiyaviy sudning 2026-yil 22-sentyabrdagi QSQ–8-son qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 288-moddasi ikkinchi qismining Konstitutsiyaga muvofiqligi ko‘rib chiqildi.

Mazkur masala bo‘yicha Konstitutsiyaviy sudga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili — ombudsman murojaat qilgan. U kodeksning ushbu normasi Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga qanchalik muvofiq ekanini aniqlashni so‘ragan.

Qaror bilan 288-moddaning huquqbuzarning shaxsi va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun ayrim hollarda uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turishni nazarda tutuvchi qismi Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topildi.

Amaldagi normaga ko‘ra, chegara tartibini yoki O‘zbekiston davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar bayonnoma tuzish uchun uch soatgacha ushlab turilishi mumkin edi.

Agar huquqbuzarning shaxsi va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash zarur bo‘lsa, ushlash paytidan boshlab 24 soat ichida prokurorga yozma xabar berish sharti bilan uch sutkagacha ushlab turish nazarda tutilgan. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan holatda esa prokuror sanksiyasi bilan ushlab turish muddati o‘n sutkagacha uzaytirilishi mumkin edi. 

Endi nima bo‘ladi?

Bu qarordan keyin 288-modda to‘liq bekor bo‘lmaydi. Faqat Konstitutsiyaga zid deb topilgan 3 va 10 sutkalik ushlab turish qoidalari amal qilishini tugatadi. Bayonnoma tuzish uchun 3 soatgacha ushlab turishga oid norma esa saqlanib qoladi.

«Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilgan norma o‘z amalini tugatadi. Uni qabul qilgan organ esa hujjatni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishi lozim.

Shu tariqa, 288-modda saqlanib qoladi, ammo shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turishga yo‘l ochgan qoidalar endi qo‘llanmaydi.

Konstitutsiyaviy qonunning 73-moddasiga ko‘ra esa Konstitutsiyaga zid hujjatni qabul qilgan davlat organi uni bir oydan kechiktirmay Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishi shart.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version