Jamiyat
1 sentabr kuni Toshkentdagi ba’zi ko‘chalar vaqtincha yopiladi
Poytaxt aholisi va mehmonlarga yondosh va aylanma ko‘chalardan harakatlanish tavsiya qilindi.
Foto: IIBB YHXB axborot xizmati
1 sentabr kuni O‘zbekiston davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bayram tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilgan, deb ma’lum qildi IIBB YHXB.
Shu sababli poytaxtning Mahtumquli- Ohangaron shoh ko‘chasidan Yangi O‘zbekiston – 4P12 yo‘li kesishgan chorrahasigacha, Cho‘lpon ko‘chasi bo‘ylab, Yangi O‘zbekiston-Milliy bog‘ ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha, Yangi O‘zbekiston-Temirchi ko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan qismida soat 17:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida avtotransport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklanadi.
“Poytaxtimiz aholisi va mehmonlaridan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan holda, yondosh va aylanma ko‘chalardan harakatlanishni tavsiya qilamiz”, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Samarqandda ikki qizga zo‘ravonlik qilgan vaqtinchalik vasiy ayolga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati fosh etildi. Voqea Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-aprel kuni fuqaro M.S. o‘zining vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019-yilda tug‘ilgan B.D. va 2017-yilda tug‘ilgan B.M.ga nisbatan turli shaklda tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu holatni videoga olgani qayd etilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylik vazifasidan chetlatildi. Bu qaror bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu jarayonda barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb qilingan. Hozirda ular tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Shu bilan birga, yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilib, ta’lim olish huquqlari tiklandi.
Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning o‘z ota-onalik majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani ham o‘rganilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ish bo‘yicha kuzatuvni davom ettirmoqda.
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda ikki kishini katta pul evaziga haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
U kelishilgan 18 ming dollar puldan 9 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollari evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan.
U kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi hajga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirgandi.
Jamiyat
Texnik talablarga javob bermaydigan konditsionerlar sotilayotgani aniqlandi
Hisense va Aux konditsionerlarida kamchiliklar aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan poytaxtdagi savdo nuqtalarida sotilayotgan Xitoyda ishlab chiqarilgan Aux hamda Hisense rusumli konditsionerlarga nisbatan nazorat xaridi o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Aux konditsionerlari «Texnik vositalarning elektromagnit mosligi to‘g‘risida»gi texnik reglament talablariga mos kelmasligi aniqlandi.
Shuningdek, Hisense rusumli konditsionerlar ham belgilangan standartlarga to‘liq javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, qurilmaning iste’mol qilinadigan nominal quvvati belgilangan me’yorlardan yuqori ekani qayd etildi.
Ushbu holatlar mazkur mahsulotlarning amaldagi texnik va xavfsizlik talablariga to‘liq mos emasligini ko‘rsatadi.
Fuqarolardan maishiy texnika xarid qilishda mahsulotning muvofiqlik sertifikati hamda texnik hujjatlariga alohida e’tibor qaratish so‘raladi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ostonaga Orol dengiziga yordam berish jamg‘armasi yig‘ilishiga keldi
-
Jamiyat4 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
