Jamiyat
1 mln xonadon o‘rganiladi, 1,5 mln fuqaroga yordam ko‘rsatiladi
Dastur doirasida 2026 yil davomida turli yo‘nalishdagi aksiyalar, 50 mingdan ortiq tadbirkorni jarayonga jalb qilish hamda 1,5 milliondan ziyod fuqaroga turli ko‘rinishdagi ko‘mak berish rejalashtirilgan. Eng muhimi prezidentimiz tomonidan amalga oshrilayotgan islohotlar har bir xonadonga yetkaziladi.
«Xalq bilan birga» umummilliy dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi va unga rasmiy start berildi. Loyiha taqdimotida partiya Siyosiy kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, mahalliy kengash deputatlari, tadbirkorlar, yoshlar, xotin-qizlar, jamoatchilik faollari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, kambag‘allikka qarshi kurashish, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash hamda inson qadrini ulug‘lash tamoyillarini amaliyotga keng joriy etishni nazarda tutadi.
Dastur uchun alohida yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2026 yil davomida 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha turli yo‘nalishdagi aksiyalar o‘tkaziladi. Shuningdek, dasturga 50 mingdan ortiq tadbirkor jalb etilishi, 1,5 milliondan ziyod fuqaro turli ko‘rinishdagi yordam bilan qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Uyma-uy o‘rganish mexanizmi joriy etiladi
Loyiha doirasida aholi bilan ishlashning yangi tizimli mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, «Yurakka yo‘l» aksiyasi orqali uyma-uy yurib, 1 milliondan ortiq xonadonning holati o‘rganiladi.
Jarayonda partiya faollari, deputatlar, tadbirkorlar hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, ehtiyojmand oilalar aniqlanadi va ularga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, hududlarda 10 dan ortiq mobil shtab faoliyati ishga tushirilib, ular tomonidan respublika bo‘ylab 200 dan ortiq sayyor qabullar tashkil etiladi. Ushbu qabullarda fuqarolarning murojaatlari tinglanadi, muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘rish, zarur hollarda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Mahalla bilan hamkorlik kuchaytiriladi
«Mahalla yettiligi» hamda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda ehtiyojmand oilalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish vazifasi ham dasturdan o‘rin olgan. Hududlarda 50 ta davra suhbati, 100 dan ortiq muhokamalar, 50 ta ochiq muloqot, 10 ta konferensiya hamda 25 ta yirik aksiya tashkil etilishi belgilangan.
Bundan tashqari, Telegram-bot orqali onlayn so‘rovnomalar, «Deputat bilan ochiq suhbat» onlayn platformaci hamda «Sizning fikringiz biz uchun muhim» kabi interaktiv loyihalar ishga tushiriladi.
Ijtimoiy aksiyalar o‘tkaziladi
Dastur doirasida kam ta’minlangan oilalarni oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak va zarur jihozlar bilan ta’minlash, tibbiy ko‘riklar tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kasbga o‘qitish kabi manzilli yordam choralari amalga oshiriladi.
«Bir oila – bir homiy», «Yaxshilik marafoni», «Farovon oila», «Inson qadri ulug‘langan yurt», «Keksalarga mehr», «Umid», «Bir kunda – 1000 kitob», «Salomatlik sari» kabi qator ijtimoiy aksiyalar yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur ijrosi nazoratga olinadi
Loyiha ijrosini ta’minlashda jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Hududlarda o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida jamoat eshituvlari tashkil etish, deputatlik so‘rovlari yuborish va qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish orqali tizimli muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilishi ta’kidlandi.
Yakunda «Xalq bilan birga» umummilliy dasturiga rasmiy start berildi. Hududlar kesimida aniq vazifalar belgilandi, mas’ullar biriktirildi va dastur ijrosini ta’minlashga qaratilgan yo‘l xaritasi tasdiqlandi.