Jamiyat

“Zarafshon daryosida suv sarfi keskin oshgani sabab bo‘ldi” – Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirilganiga izoh berildi

Published

on


Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining keskin oshishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan dambani mustahkamlash ishlari boshlangan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 3 iyul kuni Samarqand viloyati Toyloq tumani hududidan o‘tuvchi “Samarqand – Urgut” temir yo‘l uchastkasining ma’lum qismiga shikast yetgan.

“So‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin kuchaydi. Buning oqibatida daryo qirg‘oqlarini yuvib ketib, ayrim hududlarda o‘zan yo‘nalishi o‘zgardi.

Hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining me’yoriy 80–100 m³/s o‘rniga keskin oshib, 300 m³/s gacha yetgani sabab bo‘ldi. Oqibatda daryo o‘zani temir yo‘lga yaqin hududlarda 30–40 metrgacha kengayib, o‘zanga yaqin joylashgan temir yo‘lning ma’lum qismiga zarar yetdi. Mazkur gidrologik holat so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan”, deyiladi jamiyat munosabatida.

Ayni paytda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilayotgani bildirilgan.

“Ishlarga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. 30 ta dumpkar vagon orqali xarsang toshlar yetkazib berildi. Shuningdek, zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda temir yo‘l qatnovini imkon qadar qisqa muddatda to‘liq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Toyloq tumani hududidan o‘tgan yangi temiryo‘l tarmog‘ida favqulodda holat ro‘y bergani xabar qilingandi. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videoda daryo suvi temiryo‘l o‘tkazilgan dambani yuvib ketgani, natijada relslar tayanchsiz qolganini ko‘rish mumkin.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version