Jamiyat

«zakladka» ortidagi hayot haqida hikoya

Published

on


O‘zbekistonda psixotrop moddalar savdosi tobora xavfli tus olmoqda. Qo‘lga tushayotganlar – asosan “kurer”lar, katta zanjir egalari esa soyada qolmoqda. Kun.uz 27 yoshli mahkum Bekzod Kerimov va farzandi bu illatga chalingan ota hikoyasi orqali muammoning ichkarisiga nazar tashlaydi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va Kun.uz taqdim etadi. Qamoq devorlari ortida singan taqdirlar, kechikkan pushaymon va “oson pul”ning asl bahosi haqida hikoya.

Bekzod Kerimov, 27 yoshda. Jazo muddatini o‘tamoqda.

«2009 yilda adam xuddi shu joyda o‘tib qoldi. Esimda bor, uyga tobuti yopilgan holda kelgan edi. Balki psixikam o‘sha paytda buzilgandir, shundan keyin yomon bolalar bilan ko‘chada yurganman, maktabgayam bormaganman deyarli. O‘shanda, 10 yoshimda mana shu tatuirovkalarni chizganman.

Oxiri mana shu yer bo‘ldi, shu yerga tushib odam ko‘p narsani qadriga yetadi. Birinchi navbatda ota-ona, uyidagilarning qadriga yetadi. Ko‘chada yurganimizda shu narsalarni tushunmasdik. Shu kamerada 6 oy o‘tirganman, to‘rt devorda kun bo‘yi o‘zingiz bilan o‘zingiz bo‘lasiz. Osonmas…

Menda hamma narsam – mashinam, uyim hammasi bor edi. To‘qchilikdan kirganman bu yo‘lga. 251-modda menga qo‘yilgan sanksiya, kuchli psixotrop moddalar. Bu narkotikmas – psixotrop».

Bekzod o‘zining 3 mingdan ortiq obunachisi bor yopiq telegram kanali orqali psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullangan. Uning aytishicha, bu kabi kanallar o‘nlab bo‘lib, haligacha faol. So‘nggi 5 yilda musodara qilingan sintetik narkotiklar hajmi 80 baravarga oshgani qayd etilmoqda. Ammo bu – muammoning faqat ko‘rinayotgan qismi.

“Faqat kurer, “peshka”lar tushadi bu yerga”

“Mushukning ovqati bor – viskas. Masalan bir tonna mushukning ovqati kirayotgan bo‘lsa, ichida 2-3 kg psixotrop bo‘ladi. Ovqat bitta qadoqda 950 gramm bo‘ladi, poroshok turadi, keyin polietilen paket, falgaga o‘raladi. Bojxonada falgada ko‘rinmaydi. Keyin atrofiga mushukning ovqati solinadi. Bemalol o‘tadi bojxonada. Oldin Qirg‘izdan kirardi, hozir eng asosiy yetkazib beruvchi Xitoydan kirib keladi.

2019 yildan bunaqa moddalarni sotish rasman taqiqlandi. Keyin 2020 yilda birinchi bo‘lib psixotroplarni olib kirgan telegram kanal juda taniqli va haliyam ishlayapti. “Toshturma”ni o‘zida minimum 200-300 ta odam o‘tiribdi o‘sha kanaldan. Katta kanallar shunaqa, faqat kurer, “peshka”lar tushadi bu yerga. Kattalar Rossiyada, Shveytsariyada. Chunki kiberxavfsizlik urmaydi. Lokatsiya chiqmaydi. Ularni qanday ushlaydi – faqat kameradan, mashinadan kurerlarni qo‘lga olishadi. Bitta kurerni tutishadi, kamida 10 yil berishadi. Lekin bir soatda kanalga e’lon beriladi, kurer kerakligi haqida. Bo‘ldi, 1 soat o‘tib boshqa odam kanalni ishlatadi.

Ko‘chada yurganimda bagaj to‘la “narsalar” bilan yurardim. Qo‘rqmaganman, chunki pulim bor, istagan paytda vaziyatdan chiqib ketaman deb o‘ylardim. Yo‘q, qancha pulingiz bo‘lsayam bir kun kelarkan, baribir shu yerga tushasiz. Kuniga 400-500 ta tabletka ketardi. Kuniga shunaqa pul keladi, hech narsa qilmaysiz, kafeda o‘tirasiz, tog‘ga chiqasiz. Shu yerga tushib tushundim – bu harom pul. Kuniga 2 ming dollar qo‘limda ushlaganman, kuniga kelardi. Shunaqa ketardi, o‘zim tushunmasdim qayerga ketganini. Hozir ko‘chada oyiga bir million topishga roziman, chunki halol pul bo‘ladi. Shu narsani tushundim. Bu joylarni dushmanimgayam ravo ko‘rmayman.

Ota-onalarning qarg‘ishidan qo‘rqaman, pul odamni jinni qiladi. O‘sha paytda tushunmasdim, ko‘zlarim yopiq edi. Mana shu yerga kelib, kamerada o‘tirib o‘ylab, tushunyapman. Balki mening tabletkalarimni ichib kimdir o‘g‘rilik qilgan, kimdir birovning qiziga zo‘ravonlik qilgan. Hamma narsa bo‘lishi mumkin”.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyoda taxminan 600 ming odam narkotik va psixotrop moddalar oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Eng xavflisi – iste’molchilar orasida voyaga yetmaganlar ulushi ortib bormoqda. Bu raqamlar ortida esa minglab oilalarning parchalangan taqdiri bor.

«Na orzusi bor, na kelajagini o‘ylaydi»

Farzandi shu illatga giriftor bo‘lgan ota hikoyasi:

“Boshida sezganday bo‘ldim, lekin o‘g‘limga ishonganim uchun ahamiyat bermabman.

Orada o‘qituvchilari ko‘p shikoyat qiladigan bo‘lib qoldi. O‘tib ketadi deb o‘yladim. Keyin asta-sekin o‘zgarganini o‘zimam sezdim. Juda passivlashib qoldi, doim jim yuradi, oilaviy suhbatlardan o‘zini opqochadi, bir gap so‘rasam yerga qarab ha-yo‘qdan boshqa narsani bilmaydi. Kuni bilan xonasidan chiqmaydi. Kechga yaqin palonchi o‘rtog‘imdan kitob olishim kerak, pistonchidan narsa olishim kerak desa ishonibman. Maktabdan ko‘p dars qoldiradigan bo‘lib qoldi, uxlab qolibman deydi so‘rasam. Bir kuni xonasiga tasodifan kirsam shu o‘zim eshitgan tabletkani ko‘rdim.

Butun umrim ko‘z oldimdan o‘tdi. Bitta bolani 15 yoshga kirgizish osonmas. Shu bolangiz ko‘z oldingizda hayoti tugab botqoqqa botib borayotganini ko‘rish bu dahshat. Dushmanimgayam ravo ko‘rmayman buni. O‘rtog‘imniki qolib ketgan dedi. Ishonmadim, poylab kuzatishni boshladim. Orqasidan borsam «dom»ning pod’yezdiga borib, hamma yoqni ko‘zdan kechirdi. Keyin o‘sha yerdagi «ogorod»ni kavlashni boshladi. Onasi bilan ne umidda katta qilgan bolamiz o‘zini bilmagan holda tuproq kavlayotganini ko‘rish juda og‘ir edi. Oyog‘idan o‘t chaqnaydigan bolamning ko‘z oldimda so‘lishiga guvoh bo‘lyapman. Na bir orzusi bor, na kelajagini o‘ylaydi.

Bu narsaning orqasidan non yeydiganlar ko‘payib ketdi. Shu narsani olib kirayotganlar, tarqatayotganlar kimligini xalq bilsin. O‘g‘limning aytishicha, tarqatadiganlarning ko‘pchiligi yosh yigitlar, orasida ayollar ham bor ekan. Qorniga narsa bog‘lab, kolyaskaga qo‘g‘irchoq qo‘yib shahar aylanib tarqatib yurisharkan».

Bekzod hikoyasi: «Onamga nimadir bo‘lsa men o‘zimni kechira olmayman»

«Mana shu yerga kelib tushundim ko‘p narsani. Uydan xat kelganda, sud jarayonida uydagilarimni ko‘rganimda hamma yig‘ladi, menam yig‘ladim. Bu yerda har qanday erkak yig‘laydi. Ko‘chada men zo‘rman deganlar ham o‘tirib yig‘laydi bu yerda. Qanchasini ko‘rganman. Aynan shu joyda erkak kishi chin dildan yig‘laydi. Bu yerdaligida onasi vafot etganlar bor. Onamning yoshi katta, qon bosimi kasalligi bor. Agar unga nimadir bo‘lsa men o‘zimni kechira olmayman. U uchun chidayapman hammasiga. Hozir aytib beryapman, badanimga chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi. 2 yildan beri qamoqdaman. Balki uylanardim, balki bola-chaqam bo‘lardi shu paytgacha…»



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version