Jamiyat
YPX inspektori o‘limida gumon qilinayotgan Doniyor Turg‘unov qamoqqa olindi
Toshkent shahrining Mirobod tumanida avtomashinada yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan, voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov sud ajrimi bilan qamoqqa olindi.
Foto: Toshkent shahar IIBB reportajidan kadr
2026 yil 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov avtomashinada yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan edi. Keyinchalik inspektor og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etdi. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida Doniyor Turg‘unov qamoqqa olindi.
Ta’kidlanishicha, Turg‘unov Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi) va 104-moddasi 3-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi) “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Sudning 28 fevral kungi ajrimi bilan gumon qilinuvchi Turg‘unovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Qayd qilinishicha, tergov ustidan nazorat shaxsan Bosh prokuror tomonidan o‘rnatilgan.