Jamiyat
yordam uchun qariyb 7 tonna mahsulot yo‘naltirildi
To‘rt hafta davomida Uklon jamoasi haydovchi-hamkorlar bilan birgalikda Toshkent shahrida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi. Barcha tashabbuslar uchun ajratilgan umumiy mablag‘ 250 million so‘mni tashkil etdi.
Tashabbuslar oddiy va tushunarli mexanizmga asoslangan: foydalanuvchilar safardan so‘ng qoldirgan choypullar to‘liq haydovchilarga qoldirildi, kompaniya esa ushbu summani qo‘shimcha ravishda ikki barobarga oshirib, xayriya loyihalariga yo‘naltirdi.
Bir oy davomida to‘rtta tashabbus amalga oshirildi. Yordam quyidagilarni o‘z ichiga oldi: kam ta’minlangan oilalar va obodonlashtirish xodimlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena vositalari, issiq ovqat tashkil etish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablar uchun interaktiv doskalar.
“Biz yordam berish jarayoni oddiy va tushunarli bo‘lishini, ya’ni hayotimizning bir qismiga aylangan kundalik safarlar orqali amalga oshishini istadik. Natijada haydovchilarni qo‘llab-quvvatlash va xayriya loyihalarini yagona tizimda birlashtirishga muvaffaq bo‘ldik”, – dedi Uklon’ning O‘zbekistondagi bosh menejeri Eduard Kovtun.
Tashabbuslar qanday o‘tdi?
Xayriya faoliyatlari har hafta o‘tkazilib, bir nechta yo‘nalishni qamrab oldi.
Tashabbuslar Volontyorlar assotsiatsiyasi ko‘magi va Food For Life hamkorligida “Mehr-saxovat” reabilitatsiya markazida issiq ovqat tashkil etishdan boshlandi. Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan insonlar uchun issiq taomlar tayyorlandi.
Ikkinchi haftada “Ona” jamg‘armasi bilan hamkorlikda kam ta’minlangan oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena vositalaridan iborat 75 ta to‘plam topshirildi.
Uchinchi tashabbus obodonlashtirish xodimalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi: shahar tozaligini har kuni ta’minlaydigan 280 nafar xodim oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlandi.
Yakuniy bosqichda ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga, jumladan, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasalarga interaktiv doskalar topshirildi. Uskunalar Toshkent shahriga, shuningdek, hududlarga — Qo‘qon shahri, Jizzax va Qashqadaryo viloyatiga topshirildi.
Ushbu tashabbusda servis haydovchi-hamkorlarining ishtiroki ayniqsa muhim bo‘ldi — aynan ularning jalb etilgani va sa’y-harakatlari tufayli loyiha amalga oshdi.
Uklon kompaniyasi Volontyorlar assotsiatsiyasi, Ona jamg‘armasi, Food For Life jamoasi, Toshkent shahar IIBB hamda Ijtimoiy himoya agentligiga, shuningdek hamkorlar — Advicmode reklama agentligi va Kontora jamoasiga minnatdorchilik bildiradi.
Ma’lumot uchun
Uklon — avtomobil chaqirish uchun mo‘ljallangan shu nomdagi onlayn xizmatni yaratgan IT kompaniya.
2025 yil aprel oyidan boshlab kompaniya korporativ huquqlarining 97 foizi Ukrainadagi eng yirik elektron kommunikatsiyalar operatori — Kyivstar’ga tegishli. Kyivstar xalqaro VEON guruhiga kiradi — 160 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatuvchi raqamli operator. VEON telekommunikatsiya, ride-hailing, striming xizmatlari, medtexnologiyalar, fintex va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. VEON aksiyalari NASDAQ birjasida kotirovka qilinadi.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Davlat tashkilotlarida ayrim xizmatlar autsorsingga o‘tkaziladi
O‘zbekistonda ijro etuvchi hokimiyat organlari va ayrim davlat korxonalarida autsorsing xizmatlarini tashkil etishning yangi tartibi joriy etildi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, bir qator yordamchi va texnik xizmatlar xususiy sektorga autsorsing asosida berish orqali amalga oshiriladi.
Hukumatning tegishli qarori bilan ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat korxonalarida autsorsing xizmatlarini tashkil etish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, autsorsing orqali amalga oshiriladigan xizmatlar qatoriga bino va inshootlarni saqlash, hududlarni obodonlashtirish, sanitariya-gigiyena ishlari, oziqlantirish xizmatlari, axborot texnologiyalari, arxiv ishlari, transport va logistika, laboratoriya hamda tahlil xizmatlari kabi yo‘nalishlar kiritildi.
Qaror bilan autsorsing xizmatlarini tanlash, shartnoma tuzish, ijroni baholash va monitoring qilishning yagona tartibi ham belgilandi. Bunda davlat buyurtmachilari autsorsing xizmatlarini xarid qilishda ochiqlik, shaffoflik va samaradorlik tamoyillariga amal qilishi lozim.
Shuningdek, autsorsing xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati samaradorligini baholash uchun asosiy ko‘rsatkichlar (KPI) joriy etiladi. Ularning bajarilishi muntazam monitoring qilinadi va natijalar maxsus elektron platformada aks ettirib boriladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar davlat tashkilotlarining asosiy vazifalarga ko‘proq e’tibor qaratishi, xizmatlar sifatini oshirish, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda korrupsiya xavflarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Jamiyat
Advokatlar davlat muassasalariga shartnoma asosida yuridik xizmat ko‘rsatishi mumkin
O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning advokatlarga davlat organlari, davlat muassasalari va tashkilotlariga shartnomaviy asosda yuridik xizmat ko‘rsatish huquqini beruvchi normasini Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi.
Konstitutsiyaviy sud Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazining murojaati asosida «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisi Konstitutsiya talablariga muvofiqligini ko‘rib chiqdi.
Murojaatda mazkur norma advokatlarga davlat organlari va muassasalariga shartnomaviy asosda yuridik xizmat ko‘rsatish imkonini berishi, biroq tadbirkorlik sub’yektlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan shunday qoida aniq nazarda tutilmagani sababli huquqiy baholash so‘ralgan edi.
Konstitutsiyaviy sud ish materiallarini o‘rganib, advokatning davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat muassasalari va tashkilotlariga shartnoma asosida yuridik xizmat ko‘rsatishi fuqarolar va yuridik shaxslarning malakali yuridik yordam olish huquqini cheklamasligini ta’kidladi.
Sud xulosasiga ko‘ra, mazkur norma har kimning malakali yuridik yordam olish huquqini kafolatlovchi hamda mulk shakllarining teng huquqliligini ta’minlovchi konstitutsiyaviy tamoyillarga zid emas.
Qarorda advokatning davlat tashkilotlariga shartnomaviy asosda yuridik xizmat ko‘rsatishi davlat fuqarolik xizmatida ishlashi degani emasligi ham qayd etilgan. Bunday munosabatlar mehnat shartnomasi emas, balki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuzaga keladi.
Konstitutsiyaviy sud yakuniy xulosasida «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning bahsga sabab bo‘lgan normasi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 29-, 65- va 141-moddalariga muvofiq ekanini belgilandi.
Mazkur qaror qat’iy hisoblanadi, shikoyat qilinishi mumkin emas va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Jamiyat
Toshkentda renovatsiyaning birinchi bosqichi boshlandi
Poytaxtda renovatsiya loyihalarini amalga oshirish ishlarining birinchi bosqichi start oldi. Unda aholi, tashabbuskor guruhlar va loyiha ishtirokchilariga renovatsiya jarayoni, ko‘chirish shartlari, kompensatsiya tartibi hamda boshqa muhim masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berish ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi renovatsiya hududlarida tashkil etilgan maxsus shtablar faoliyati bilan tanishdi.
Jumladan, Yashnobod tumanidagi Jarqo‘rg‘on, Mirobod tumanidagi A.Fitrat hamda Sergeli tumanidagi Xonobodtepa mahallalarida joylashgan shtablar faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Ma’lum qilinishicha, bunday shtablar har bir renovatsiya hududida tashkil etiladi. Ularning tarkibiga hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, soliq idoralari, Majburiy ijro byurosi, kommunal xizmatlar, kadastr, adliya va qurilish tashkilotlari vakillari, shuningdek, gaz, elektr energiyasi, suv va issiqlik ta’minoti sohasi mutaxassislari, banklar hamda notariat idoralari jalb qilingan.
Shtablarning asosiy vazifasi aholi bilan bevosita muloqot qilish, renovatsiya mexanizmlarini tushuntirish, fuqarolarning savollariga javob berish, ularning taklif va mulohazalarini o‘rganish hamda har bir oilaning o‘ziga xos holatlarini inobatga olishdan iborat.
Aholi bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi, ko‘chirish jarayoni, hujjatlarni rasmiylashtirish, kompensatsiya to‘lovlari, amalga oshirish muddatlari va huquqiy kafolatlar kabi masalalar muhokama qilinmoqda. Shuningdek, fuqarolarni joylashtirishning eng qulay va maqbul variantlari bo‘yicha ham fikr almashilmoqda.
Shavkat Umurzoqov renovatsiya jarayonida fuqarolar manfaatlari ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, aholini qurilishi tugallangan, yashash uchun tayyor bo‘lgan va qiymati jihatidan teng hisoblangan yangi xonadonlar bilan ta’minlash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu esa fuqarolarga yangi uylar qurib bitkazilishini yillab kutib o‘tirmasdan, imkoni boricha qisqa muddatlarda yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tish imkonini beradi. Shuningdek, ko‘chirish jarayonida aholining o‘z tumanida yoki o‘zi ko‘nikkan shahar muhitida yashashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Jamiyat
Farg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1 kilogrammdan ortiq gashish hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib ketayotgan shaxs ushlandi. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida «Qo‘qon – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan, Toshkent shahrida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Voyah rusumli avtomashina Namangan viloyati Pop tumanidagi «Namangan» YPX maskanida to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda, salondagi o‘rindiq ostiga yashirilgan qora rangli sellofan paket ichida sof og‘irligi 1 kilogramm 178 gramm bo‘lgan gashish moddasi hamda 8 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.
Tergovga qadar o‘tkazilgan surishtiruvlar davomida ushbu giyohvandlik vositalarini Toshkent shahridagi mijozlarga sotish maqsadida olib ketilayotgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishga chaqirdi. Ma’lumot beruvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
O‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
Davlat soliq qo‘mitasi 2026-yil 1-iyun holatiga «Soliq» mobil ilovasidan foydalanish statistikasini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tizimda 17,4 million nafardan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 16,3 millioni faol hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Android qurilmalari orqali foydalanuvchilar ulushi 60,3 foizni, iOS qurilmalari esa 39,7 foizni tashkil etgan.
Android platformasida eng ommabop fintex ilova sifatida «Soliq» birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda «Alif», «Payme» va «Click SuperApp» joylashgan. Top-10 reyting quyidagicha shakllangan:
«Soliq»
«Alif»
«Payme»
«Click SuperApp»
«Uzum Bank»
«Tez»
«TBC UZ»
«Paynet»
«AVO»
«Xazna»
Apple qurilmalari foydalanuvchilari orasida ham «Soliq» birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Biroq keyingi pozitsiyalarda Android reytingiga nisbatan ayrim farqlar kuzatiladi. Jumladan, iOS platformasidagi reyting quyidagicha:
«Soliq»
«Click SuperApp»
«Uzum Bank»
«Payme»
«Paynet»
«Tez»
«Hamkor»
«AVO»
«Korona»
«TBC UZ»
-
Iqtisodiyot3 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan4 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Iqtisodiyot3 days agoMevalar nega qimmat?
-
Jamiyat3 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Fond birjasi va birjadan tashqari savdo tashkilotchilari uchun litsenziyalash tartibi belgilandi
-
Jamiyat3 days agoAQShdan deportatsiya qilingan 24 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga qaytarildi
-
Jamiyat5 days agoYo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
-
Iqtisodiyot3 days ago11:55 Namanganda “chempion” tadbirkorlar va yirik investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi
