Iqtisodiyot
Yevropada gaz narxi so‘nggi uch yildagi eng yuqori darajaga yetdi
Yevropada birjada gaz narxi 3 mart kuni qariyb 60 yevroga chiqdi – bu oldingi kunga nisbatan uchdan birga qimmat va 2023 yil fevraldan beri eng yuqori ko‘rsatkich. Bir kun oldin QatarEnergy kompaniyasi Eron hujumlari sabab STG ishlab chiqarishni to‘xtatganini e’lon qilgan edi.
Niderlandiyada joylashgan, Yevropadagi eng yirik birja gaz habi hisoblangan TTF’da gaz yetkazib berish bo‘yicha aprel fyuchers shartnomasining qiymati 3 mart, seshanba kuni ertalab 1 megavatt-soat uchun 59,44 yevrogacha ko‘tarildi, deb xabar berdi dpa agentligi. U qayd etganidek, bu oldingi kunga nisbatan 30 foizga yuqori va 2023 yil fevraldan beri rekord daraja.
1 mart kuni Qatarning milliy neft-gaz kompaniyasi QatarEnergy — u dunyodagi suyultirilgan tabiiy gaz (STG) taklifining taxminan 20 foizini ta’minlaydi — Qatardagi Ras-Laffan va Mesaid shaharlarida joylashgan o‘z sanoat obektlari Eron tomonidan o‘qqa tutilib, hujumga uchragani sabab STG va unga bog‘liq mahsulotlar ishlab chiqarishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Kompaniya ishlab chiqarishni qachon qayta boshlashini aytmadi. Bu xabar fonida jahon gaz narxlari keskin o‘sishni boshladi.
Hafta boshidan beri Yevropada gaz narxlari 80 foizdan ko‘proqqa oshdi. Biroq o‘sish hali ham to‘rt yil avval, Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishni boshlagan davr boshida kuzatilgan darajadan past: o‘sha paytda TTF habida narxlar qisqa vaqtga 1 MVt-soat uchun 300 yevrodan ham oshgan edi.
Shimoliy dengizda qazib olinadigan Brent markali neft narxi 3 mart kuni ertalab 8 foizdan ko‘proqqa oshib, barreli 85,12 dollar (73,38 yevro) darajasiga yetdi — bu 2024 yil iyulidan beri eng yuqori ko‘rsatkich. AQSh neftining asosiy turi hisoblangan West Texas Intermediate ham 7 foizdan ko‘proqqa o‘sib, barreli 76,47 dollar (taxminan 65,92 yevro) bo‘ldi.
Eron 28 fevral kuni — unga qarshi Isroil–AQSh harbiy operatsiyasining birinchi kuni — dunyo neft ta’minotining taxminan 20 foizini ta’minlaydigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini to‘sishni boshladi. Bu akvatoriyada bir necha neft tankerlariga qilingan hujumlar haqida ham ma’lum bo‘ldi.
Isroil va Qo‘shma Shtatlar 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarbalar berishni boshladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyati borligini bildirdi. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirdi.
Eron davlat OAV 3 mart kuni Eron Qizil Yarim oy jamiyati ma’lumotlariga tayanib, zarbalar natijasida mamlakatda kamida 787 kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va bir necha yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari halok bo‘lgani tasdiqlangan. Eron javoban Isroilga, shuningdek Fors ko‘rfazidagi bir necha davlat hududiga zarbalar bergan — u yerlarda ham halok bo‘lganlar bor. Tehron arab davlatlari bilan urishmayapmiz, deb ta’kidlamoqda va mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga zarba berayotganini aytadi.
Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi nafaqat neft va gaz narxlarining keskin oshishiga, balki Yaqin Sharqda aviaqatnovning izdan chiqishiga ham olib keldi — mintaqada o‘n minglab sayyohlar qolib ketgan.