Dunyodan
Yevropa Ittifoqi Moskva bosimiga javoban Armanistonga 50 million yevro ajratdi
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen Armanistonga iqtisodiy yordam paketi doirasida 50 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Bu haqda u Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon muloqotidan so‘ng bayonot berdi.
Von der Leyenning aytishicha, Rossiyaning arman mahsulotlariga nisbatan eksport cheklovlarini kengaytirishi iqtisodiy aloqalardan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanilayotganidan dalolat beradi.
“Moskva Armaniston mahsulotlariga cheklovlar qoʻyish orqali iqtisodiy munosabatlardan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanmoqda. Biz bu stsenariyni yaxshi bilamiz, shuning uchun Yevropa Armanistonni qatʼiy qoʻllab-quvvatlamoqda”, – dedi u.
Xabarlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘makdan tashqari, Armanistonning ayrim mahsulotlari uchun Yevropa bozorlariga chiqishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Ursula fon der Leyenning aytishicha, yaqin kunlarda Armanistondan Latviyaga 10 ming dona gul jo‘natiladi. Kelgusida bu yetkazib berish hajmi oshishi kutilmoqda.
Armanistonda parlament saylovlari 7-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. So‘nggi paytlarda Yerevan va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Rossiya hukumati Nikol Pashinyanni g‘arbparast siyosatni olg‘a surayotganlikda aybladi.
Armanistonning Yevropaga yaqinlashish harakatlariga javoban Rossiya mamlakat mahsulotlari importiga turli cheklovlar joriy qildi. Ushbu cheklovlar gullar, mineral suv, sabzavotlar, ko’katlar, shaftoli, qulupnay, olma va baliq mahsulotlarini o’z ichiga olgan.
Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham Armanistondan Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqida qolish yoki Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish haqida referendum orqali qaror qabul qilishini talab qilmoqda. Biroq bosh vazir Nikol Pashinyan bunday referendum o‘tkazish niyati yo‘qligini aytdi.