Iqtisodiyot

Yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha yangi onlayn tizimga o‘tiladi

Published

on


Bosh rejasi yo‘q degan bahona bilan 2025-yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgan. 

Hokimlarga buning oqibatida 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish, xususiylashtirish hisobidan budjetga 550 milliard so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgani ko‘rsatib o‘tildi. Uch oyda yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tish topshirildi. 

Bosh rejalarni tasdiqlash orqali juda katta maqsad va vazifalar belgilanmoqda. Lekin bosh rejada ko‘rsatilgan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr liniyalari, yo‘llar qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan quriladi degan savolga javob yo‘qligi tanqid qilindi. 

Aslida, har bir bosh rejani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yilma-yil kompleks dastur qilinib, aholi, tadbirkor va mas’ullarga yetkazilishi kerakligi qayd etildi. Bunday dasturlar yo‘qligi uchun ham infratuzilmaga 1 so‘mlik xarajat ketadigan joyga 2-3 karra ko‘p mablag‘ sarflanayotgani, pala-partish qurilishlar haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Har bir viloyat hokimiga ikki oyda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish topshirildi. 

Mutasaddilarga kompleks dasturlardagi tadbirlarning qaysi biri respublika va mahalliy budjetdan, qaysilari xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan bo‘lishini aniq belgilab berish vazifasi qo‘yildi.

Dunyoda qurilish industriyasi shiddat bilan o‘zgaryapti, sohaga zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiya va standartlar kirib kelmoqda. 

Prezidentimiz mamlakatimizdagi qurilish tizimi bugungi o‘zgarishlarga qanchalik mosligi, soha rahbarlari zamon talab qilayotgan tezkorlik va sifat bo‘yicha mas’uliyatni his qilayotgani, seysmologiya va zilzilabardoshlik bo‘yicha xavflarni inobatga olib, yangi yechimlar ishlab chiqilayotgani borasida savollar ko‘pligini qayd etildi. 

Tadbirkorlik uchun yiliga 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metrli bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trillion so‘m resurs berilmoqda. 

 Lekin yer, kredit kabi asosiy masalalari hal bo‘lgan tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichda to‘siqlarga uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Tadbirkorlarning hali aktivga aylanmagan yeriga soliq, kreditiga foiz hisoblanyapti, lekin byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotgani tanqid qilindi. 

Shu bois, soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mingdan ortiq quruvchi va loyiha tashkilotlarining takliflari olindi. Yig‘ilishda ushbu taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

So‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerdan 3 ming gektarida qurilish boshlanmagan. Oqibatda qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni, 20-25 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat yo‘qotilayotgani qayd etildi. 

Auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi, 122 ta davlat ob’yekti bir yildan beri sotilmay turibdi. 

Chunki xususiylashtirish dasturini qabul qilishda ham, ob’yektlarni sotishda ham hokimlarning o‘rni bilinmayotgani, tadbirkorlarning fikri oldindan o‘rganilmayotgani qayd etildi. Aslida, har ob’yektni sotishda hududga investitsiya, mahalla uchun ish o‘rni birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Endilikda xususiylashtirish dasturiga ob’yektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan tengma-teng javob berishi belgilandi. 

Xususiylashtirish doirasida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan ob’yektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash bekor qilinadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version