Iqtisodiyot
Yashirin iqtisodiyotni aniqlovchi yangi platforma yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda 2026 yil oxirigacha “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” raqamli platformasi ishga tushiriladi. Yangi tizim yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq xavflarni avtomatik aniqlash, nazorat ishlarini samarali tashkil etish hamda inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.
Prezidentga yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti doirasida “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” raqamli platformasini ishga tushirish loyihasi tanishtirildi va ma’qullandi.
Ma’lum qilinishicha, platformaga 16 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilinadi. Bu ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ish va tahlil qilish imkonini beradi.
Tizim 22 ta iqtisodiyot tarmog‘i, 85 ta soha, 14 ta hudud va 208 ta tumanni qamrab oladi. U 100 dan ortiq xavf mezonlari asosida sohalar va hududlarni avtomatik tarzda «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratadi.
Platforma litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy tovar aylanmasini yashirish, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini kam ko‘rsatish, shuningdek, rentabellik va foydani sun’iy ravishda pasaytirish kabi holatlarni avtomatik tarzda aniqlaydi.
Taqdimotda qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 35 foizdan 23 foizgacha qisqargan. Bu hisobidan davlat budjetiga qo‘shimcha 38 trillion so‘m tushum ta’minlangan, rasmiy band aholi soni 8,5 million nafardan oshgan, o‘rtacha oylik ish haqi esa qariyb 6,5 million so‘mga yetgan.
2030 yilga qadar yashirin iqtisodiyot hajmini yana ikki barobar qisqartirish, band aholi sonini 14 million nafarga yetkazish hamda naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, platformaning tahliliy imkoniyatlari nazorat organlari faoliyatini aniq yo‘naltirish, inson omilini kamaytirish va muammolarni tuman darajasidan respublika miqyosigacha tezkor yetkazish imkonini yaratadi.