Connect with us

Jamiyat

Yaponiyada «turizm» yoki «talaba» vizasi bilan ishlash man etiladi – elchixona

Published

on


Joriy yil 24-aprel kuni Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan O‘zbekistonning ikki fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolardan biri Yaponiyaga «talaba» vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan haydalganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va vakolatli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.

Ikkinchi fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan.

Diplomatik vakolatxonaning eslatishicha,«turizm», «yaqinlarni ko‘rish», «biznes (konferensiya, madaniy almashinuv kabi)» maqsadidagi qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash qat’iyan man etiladi. O‘zbekistonda qarz (kredit) olib bo‘lsa ham Yaponiyaga o‘qishga borgan, ammo yapon tilini o‘rgana olmay o‘qishdan chetlatilgan fuqaroning Yaponiyada yashash maqomi bekor qilinadi.

«Yaponiyaga «turizm» yoki «talaba» maqomidagi viza bilan kirib,«uzoq muddat qolish mumkin» yoki «ishlash mumkin» degan chaqiruvlar butunlay yolg‘on. Shu kabi yolg‘on maqsadlar bilan Yaponiyaga kirishga yo‘l qo‘yilmaydi.«Talaba» vizasi ishlash uchun emas, balki faqatgina mamlakatda o‘qish uchungina beriladi», – deyiladi elchixona xabarida.

Ta’kidlanishicha, Yaponiyada noqonuniy ravishda yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular politsiya tomonidan hibsga olinadi va bunday shaxslarga nisbatan immigratsiya muassasasida ushlab turish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi.

«Bundan tashqari, Yaponiya hukumati shu kabi shaxslar haqida O‘zbekiston hukumatiga ma’lumotlarni berib borayotganligi sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin. Shu sababli,«Yaponiyada ishlash mumkin» deb da’vo qiluvchi vositachilarning va’dalariga osonlik bilan ishonib qolmang, ogoh bo‘ling!» – deb ogohlantiradi Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi.

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Ohangaronda dalaga yashirilgan sintetik narkotikni qazib olib ketayotgan xorijlik ushlandi

Published

on


Yaqin Sharq davlatlaridan birining fuqarosi dala maydoniga yashirilgan 970 gr «Mefedron» narkotik moddasini qazib olib ketayotganida qo‘lga olingan.

Foto: Telegram / xavfsizlik_uz

DXX, IIV va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sintetik giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, Yaqin Sharq davlatlaridan birining fuqarosi dala maydonidagi xufiya joydan 970 gr «Mefedron» narkotik moddasini qazib olib ketayotgan vaqtida ushlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, xorijlikning Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi vaqtincha yashash xonadonidan 2 dona elektron tarozi, termoizolentalar va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Sergelida aholi ko‘paygan, infratuzilmani shunga mos rivojlantirish zarur

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda Sergeli tumanida amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar qayd etildi. Ta’kidlanishicha, o‘tgan o‘n yilda tumanda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis obyektlari barpo etildi. Tadbirkorlar soni 2,5 mingdan 6,2 mingga, budjet tushumlari esa 382 milliard so‘mdan 2,2 trillion so‘mga yetdi.

Shuningdek, 9 kilometrlik yangi metro liniyasi va yo‘l qurildi, maktab o‘rinlari 38,5 mingga, bog‘cha o‘rinlari 15,5 mingga yetkazildi, 50 ta davlat va xususiy klinika ishga tushirildi.

Prezident aholini xatlovdan o‘tkazish natijalariga ham to‘xtalib, avval 181 ming deb hisoblangan Sergeli aholisi aslida qariyb 236 ming nafar ekani aniqlanganini qayd etdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 300 mingdan oshib ketishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga uy-joy, maktab, bog‘cha, poliklinika va ish o‘rinlari sonini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha aniq dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda joriy yil Sergeli tumanini rivojlantirish uchun budjetdan 173 milliard so‘m va banklar orqali 2,2 trillion so‘m resurs ajratilgani qayd etildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qashqadaryoda tormozi ishlamay qolgan yuk mashinasi 9 ta avtomobilni urib ketdi

Published

on


YTH Shahrisabz tumanida sodir bo‘lgan. Howo yuk mashinasi o‘zi bilan bir qatorda harakatlanib ketayotgan mashinalarni urib yuborgan. Oqibatda yo‘l chetida ketayotgan piyoda jarohatlangan.

Shahrisabz tumanida bir necha mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati YHXB hodisa haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTH 3 iyul kuni soat 14:30 larda sodir bo‘lgan. Howo yuk mashinasi tormoz tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli o‘zi bilan bir qatorda harakatlanib ketayotgan jami 9 ta avtomobilni urib yuborgan.

Oqibatda 2 ta Lacetti, Tracker-2, Nexia-1, Nexia-3, Matiz, Damas, Spark  mashinalari o‘zaro to‘qnashgan. To‘qnashuvdan so‘ng Nexia-1 haydovchisi yo‘l chetidagi piyodani urib yuborgan.

Piyodaga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda viloyat YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda 15 ta avtomobil ishtirokida YTH ro‘y bergandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘rikzor bozoridagi oziq-ovqat do‘konida yong‘in chiqdi

Published

on


Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan O‘rikzor bozoridagi oziq-ovqat do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar xizmati yong‘in qisqa vaqt ichida o‘chirilganini, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi.

Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 4 iyul kuni soat 04:26 da Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Toshkent halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida joylashgan O‘rikzor bozoridagi do‘konda yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Shundan so‘ng qutqaruv bo‘linmalari soat 04:35 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 04:48 da qurshab olingan va soat 05:01 da to‘liq bartaraf etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in natijasida oziq-ovqat do‘konining 150 kvadrat metr maydoni yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.

Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Mug‘lada suvga tushgan 21 yoshli o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Published

on


Turkiyaning Mug‘la viloyatida suvga cho‘milish uchun daryoga tushgan 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Qutqaruvchilar olib borgan qidiruv ishlari natijasida uning jasadi suvdan topildi.

Hodisa Mug‘la viloyatining Seydikemer tumaniga qarashli Chobanlar mahallasida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi, 21 yoshli Shoyadbek Halimjonov uydan chiqib, daryoda cho‘milish uchun yo‘l olgan. Uzoq vaqt davomida undan darak bo‘lmagach, otasi o‘g‘lini qidirish uchun daryo sohiliga borgan.

Daryo bo‘yidan yigitga tegishli kiyimlarni topgan ota zudlik bilan 112 tezkor chaqiruv xizmatiga murojaat qilgan.

Hodisa joyiga jandarmeriya, tez tibbiy yordam, AFAD qutqaruv xizmati, dengiz politsiyasi hamda qidiruv-qutqaruv guruhlari jalb qilingan. Qidiruv ishlariga Fethiye sohil qo‘riqlash qo‘mondonligi g‘avvoslari ham qo‘shilgan.

Qutqaruvchilar tomonidan daryoda olib borilgan qidiruv ishlari natijasida Shoyadbek Halimjonovning jasadi topildi.

Marhumning jasadi voqea joyida o‘tkazilgan dastlabki ko‘rikdan so‘ng sud-tibbiy ekspertizasi uchun morgga yuborildi.

Hodisa yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.