Jamiyat
Yaponiya kompaniyalari Toshkentdagi uylarni boshqarmoqchi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Yaponiyaning bir qator kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, yapon investorlari hozirning o‘zida Xorazm viloyatidagi qariyb 50 ta boshqaruvsiz ko‘p qavatli uyda kompleks ta’mirlash va zamonaviy boshqaruv xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Shuningdek, Yaponiya kompaniyalari Toshkent shahridagi boshqaruvsiz ko‘p qavatli uylarni boshqaruvga olish, uy-joy fondini boshqarishda yapon tajribasi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ham o‘z takliflarini bildirdi.
Tomonlar sohada uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini xalqaro standartlar asosida oshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.