Iqtisodiyot
Yaponiya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni Toshkentning yangi aeroportini qurish bo‘yicha bitim imzoladi
Shu kunlarda poytaxtda o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Uzbekistan Airports» AJ hamda tarkibiga «Sojitz Corporation» (Yaponiya) va «Incheon International Airport Corporation» (Koreya Respublikasi) kompaniyalari kiruvchi, «Vision Invest» (Saudiya Arabistoni) boshchiligidagi xalqaro konsorsium o‘rtasida Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish va kelgusida undan foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Bitim imzolanishidan oldin keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Xususan, xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq ekologik va ijtimoiy baholashlar o‘tkazildi, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim ishlab chiqildi, muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘chirish bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlandi hamda bo‘lajak aeroport hududini hozirlash ishlari boshlab yuborildi.
«Ta’kidlash lozimki, aeroport loyihasi mamlakat prezidenti tashabbusi bilan Hukumat, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligi ko‘magida ishlab chiqilgan. Bugun barchamiz uni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam qo‘ydik. Toshkentning yangi xalqaro aeroporti o‘nlab yillar davomida yo‘lovchi va yuk tashishning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira oladigan zamonaviy texnologik aviatsiya xabiga aylanadi. Yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik tufayli biz nafaqat sarmoya, balki eng so‘nggi texnologiyalardan foydalangan holda dunyodagi eng yirik aeroport majmualarini loyihalash, qurish va boshqarish bo‘yicha noyob tajribaga ega bo‘lamiz. Ishonchim komilki, ushbu loyiha O‘zbekiston aviatsiya sanoatini rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ladi va mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi asosiy transport markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi», — dedi «Uzbekistan Airports» boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2025 yil 25 noyabrdagi 353-sonli qarori bilan qurilishi belgilangan poytaxtning yangi aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, umumiy maydoni 1310 gektar bo‘lgan maydonda joylashadi.
Loyihaning birinchi bosqichida har birining uzunligi 4 km bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, 208 ming kvadrat metr maydonga ega yo‘lovchi terminali, havo kemalari uchun 98 ta to‘xtash joyi, yoqilg‘i quyish majmuasi va zamonaviy havo harakatini boshqarish dispetcherlik minorasi qurilishi ko‘zda tutilgan.
2030 yil oxirida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanayotgan aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga va 300 ming tonnagacha yuklarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Imzolangan bitimga ko‘ra, xususiy sheriklar konsorsiumi yo‘lovchi terminali va vokzal atrofi maydonini qurish hamda keyinchalik ekspluatatsiya qilishni o‘z zimmasiga oladi, davlat sherigi esa aerodrom majmuasini qurish va ekspluatatsiya qilishni ta’minlaydi.
Tasdiqlangan jadvalga muvofiq, joriy yilning iyun oyida muhandislik tarmoqlarini ko‘chirishni boshlash, hududni tayyorlashni yakunlash va bosqichma-bosqich qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.