Iqtisodiyot
yangi xalqaro amaliyotlar joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va investorlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarda kapital bozorini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘tgan oyda mamlakatimiz moliyaviy hayotida ulkan voqea ro‘y berdi. Ilk bor London va Toshkent fond birjalarida Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari birlamchi ommaviy joylashtirildi. Bu iqtisodiyotimizning xorijiy sarmoya uchun ochiq va ishonchli maydonga aylanib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Ta’kidlanganidek, xalqaro investorlar O‘zbekiston kapital bozoriga qiziqishini oshirmoqda. Ayniqsa, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro moliyaviy institutlar o‘z obligatsiyalarini milliy valyutada mahalliy fond bozorida chiqarishga qiziqish bildirmoqda.
Buning uchun zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim, soliq imtiyozlari, eng muhimi, biznes yuritishning ishonchli va shaffof muhitini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Shu bois, xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 16 ta bob va 123 ta moddadan iborat ushbu hujjat kapital bozorini zamonaviy bozor normalari asosida tartibga solish, investorlar huquqini himoya qilish, bozor infratuzilmasini mustahkamlash va yangi moliyaviy vositalarni joriy etishga qaratilgan.
Qonun loyihasida xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish nazarda tutilmoqda. Xususan, Xalqaro derivativlar va svoplar assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq, mamlakatimizda opsion, svop, fyuchers va forvard kabi hosila moliyaviy vositalar, shuningdek, netting shartnomasi asosida bitimlar tuzish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Banklar tomonidan garov bilan qoplangan obligatsiyalar va ipoteka kreditlari majburiyatlari asosida maxsus obligatsiyalar chiqarishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Bu banklar uchun uzoq muddatli resurslarni jalb qilish, ipoteka bozorini rivojlantirish va aholi uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Islom moliyasi vositalarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Yurtimizda ilk bor sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuki kabi islom moliyasi turlarini o‘z ichiga olgan “sukuk” qimmatli qog‘ozlarini chiqarish shartlari belgilanmoqda.
Taqdimotda qimmatli qog‘ozlar bozori infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining vakolatlari kengaytirilib, unga dividendlarni markazlashgan holda to‘lash, xorijiy banklarda vakillik hisobvaraqlari ochish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, moliyaviy tashkilotlar tomonidan mijozlarning qimmatli qog‘ozlarini saqlash, hisobini yuritish va ular bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha professional xizmatlar joriy etiladi. Chet ellik nominal saqlovchilar uchun mahalliy bozorga kirish tartibini soddalashtirish orqali xorijiy institutsional investorlarni jalb qilish imkoniyatlari kengayadi.
Regulyator vakolatlarini xalqaro talablar va standartlarga muvofiqlashtirish ham nazarda tutilmoqda. Bu bozor ishtirokchilari faoliyatini samarali nazorat qilish, axborot oshkoraligini ta’minlash, qonunchilik buzilishi holatlariga tezkor munosabat bildirish va investorlar huquqini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Milliy korxonalar aksiyalarini xalqaro moliya bozorlariga joylashtirish va investorlarning aktivlarini ishonchli himoya qilish maqsadida 10 dan ziyod qonun va kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Prezidentimiz kapital bozori iqtisodiyotga uzoq muddatli resurslarni jalb qilish, korxonalarni transformatsiya qilish va xususiy investitsiyalar oqimini kengaytirishda muhim manba ekanini ta’kidladi.
Mutasaddilarga yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasini xalqaro hamkorlar bilan muhokama qilish, bozor infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish va soha uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
