Mahalliy
«Yangi O‘zbekiston» universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi
«Yangi O‘zbekiston» universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi — universitet faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarorida bu ko‘rsatilgan.
Ta’kidlanishicha, universitetda texnika va tibbiyot sohalaridagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini grant asosida moliyalashtirishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Bunda:
ilmiy-tadqiqot loyihasini 1 yillik moliyalashtirish qiymati BHMning 2 500 barobaridan yuqori bo‘lgan hollarda ushbu loyihani moliyalashtirish xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 30 talik ro‘yxatga kirgan oliy ta’lim tashkiloti xulosasi asosida amalga oshiriladi;
ilmiy-tadqiqot loyihalariga ajratilgan mablag‘larning kamida 60 foizi ushbu loyiha doirasida foydalanish uchun tegishli asbob-uskuna xarid qilishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot loyihasini 1 yillik moliyalashtirish qiymati BHMning 5 000 barobaridan yuqori bo‘lgan hollarda ushbu loyiha rahbariga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
ilmiy-tadqiqot loyihasi umumiy qiymatining kamida 20 foizini hamkorlikda moliyalashtirish maqsadida xorijiy grantlarni jalb qilish;
ilmiy-tadqiqot loyihasini 3 nafar doktorant va 10 nafar magistrantni jalb qilgan holda amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot loyihasini amalga oshirishda kamida 10 nafardan iborat tadqiqotchilar guruhini tuzish hamda kamida Xirsh indeksi 20 dan yuqori bo‘lgan 1 nafar chet ellik olimni jalb qilish.
Universitetda Yevropa standartlari asosida Germaniya oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tibbiyot fakulteti tashkil etiladi.