Iqtisodiyot
XVJ urush oqibatlarini sanab o‘tdi
Yaqin Sharqdagi urush jahon iqtisodiyotiga zarba beradi, deya ma’lum qildi Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) rahbari Kristalina Georgiyeva. Jahon neft ta’minoti allaqachon 13 foizga qisqargan. Hatto mojaro tez orada yakunlansa ham, XVJ iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozini pasaytiradi.
Foto: REUTERS/Valentyn Ogirenko
Yaqin Sharqdagi urush inflatsiyaning o‘sishiga va jahon iqtisodiy o‘sishining sekinlashishiga olib keladi. Bu haqda Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva dushanba, 6 aprel kuni, Reuters agentligiga bergan intervyusida, jamg‘armaning kelasi hafta e’lon qilinishi rejalashtirilgan yangi jahon iqtisodiyoti prognozi arafasida aytdi.
XVJ rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush energiya tashuvchilarning global ta’minotida “tarixdagi eng kuchli uzilish”ni keltirib chiqardi. Bunga Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda to‘sib qo‘yilishi sabab bo‘lgan. Mazkur bo‘g‘oz orqali jahondagi neft va gaz ta’minotining taxminan 20 foizi o‘tadi. Isroil, AQSh va Eron o‘rtasida bir oydan ortiq vaqtdan beri davom etayotgan mojaro allaqachon jahon neft ta’minotini 13 foizga qisqartirdi, deya qo‘shimcha qildi u.
Mojaro tez orada hal etilgan taqdirda ham, XVJ baribir jahon iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozini pasaytirish va inflatsiya bo‘yicha prognozini oshirish niyatida, dedi Georgiyeva.
Georgiyevaning aytishicha, agar Yaqin Sharqdagi urush bo‘lmaganida, XVJning jahon iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha prognozi 2026 yil uchun 3,3 foiz, 2027 yil uchun esa 3,2 foizni tashkil etar edi. Ammo hozirda barcha yo‘llar narxlar oshishi va iqtisodiyot sekinlashishiga olib bormoqda, deya ta’kidladi u.
XVJ rahbari shuningdek, urushdan eng ko‘p energetika zaxiralari va aholiga yordam berish uchun budjet imkoniyatlari yetarli bo‘lmagan kambag‘al davlatlar jabr ko‘rayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu esa o‘z navbatida ijtimoiy-siyosiy beqarorlik xavfini kuchaytiradi.