Iqtisodiyot
XVJ O‘zbekistonda «soliq yuki»ni kengaytirishni taklif qildi. Iqtisodchi berilgan tavsiyalarni keskin tanqid qildi
Xalqaro valuta jamg‘armasi 2020 yildan beri YaIMga nisbatan 2 foiz punktga kamaygan soliq tushumlarini uch yil ichida qoplash uchun O‘zbekiston hukumatiga soliq tizimini yanada adolatliroq qilishni tavsiya qildi. Bu qator imtiyozlarni bekor qilish va ayrim soliq turlarini oshirishni o‘z ichiga oladi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov bu tavsiyalarni tanqid ostiga oldi va birinchi navbatda shishirilgan va tez o‘sib borayotgan davlat xarajatlarini qisqartirish kerakligiga urg‘u berdi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonni soliqqa tortish bazasini kengaytirish va soliq tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda XVJ missiyasining mamlakatga tashrifi yakunlari bo‘yicha tayyorlagan xulosasida keltirib o‘tilgan.
«2025 yilgi budjet umuman olganda soliq imtiyozlarini kengaytiradi va mavjudlarini uzaytiradi. Bu esa soliq bazasining o‘sishini sekinlashtiradi hamda soliq tushumlarining YaIMga mutanosib ravishda o‘sish imkoniyatini cheklaydi», deyiladi hisobotda.
XVJ hukumatga kelgusi uch yil mobaynida daromadlarni oshirishning o‘rta muddatli strategiyasini ishlab chiqish va soliq tizimini yanada adolatliroq qilishni tavsiya qildi. Bu 2020 yildan keyingi davrda yalpi ichki mahsulotning 2 foizlik nuqtasi yo‘qotilishini qoplashga ko‘maklashishi kerak.
XVJning texnik yordam bo‘yicha tavsiyalarida quyidagi takliflar mavjud:
aksiz solig‘ini oshirish (masalan, spirtli ichimliklar, yoqilg‘i, transport vositalari va shakar uchun). Bu YaIMning 1,1 foizigacha daromad keltiradi;
investitsiya imtiyozlarini kamaytirish, daromadlarga asoslangan soliq imtiyozlari va foyda solig‘idan ozod qilishni qayta ko‘rib chiqish. Bu YaIMning 1,1 foizigacha daromad keltiradi;
samarasiz bojxona imtiyozlarni bekor qilish va yangi yengilliklar berishni to‘xtatish. Bu YaIMning 3,2 foizigacha daromad keltiradi.
«Soliq tizimini adolatliroq qilish uchun daromad solig‘ining hozirgi bir xil stavkasini progressiv stavkaga almashtirish kerak», deya qayd etilgan hisobotda.
«O‘zbekiston hali na rivojlangan, na to‘liq bozor iqtisodiyotiga o‘tgan davlat»
Iqtisodchi Yuliy Yusupov Xalqaro valuta jamg‘armasi tavsiyalarini keskin tanqid ostiga oldi.
«Mutaxassis sifatida alohida shaxslar va tarmoqlarga beriladigan imtiyozlar to‘liq barham topishi kerakligiga to‘liq qo‘shilaman. Chunki bunday imtiyozlar bozor mexanizmlarining to‘g‘ri ishlashini izdan chiqaradi, korrupsiya va raqobatni cheklovchi muhitni shakllantiradi.
Biroq, XVJ tomonidan budjet daromadlarini oshirish zarurati borasida bildirilgan fikrlar hayrat uyg‘otadi. Ularning ta’kidlashicha, 2020 yildan buyon YaIMga nisbatan budjet tushumlari kamaygan va buni qoplash lozim ekan. Ammo Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ma’lumotlariga qaralsa, bunday kamayish kuzatilmagan: 2020 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari YaIMning 26,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 30,5 foizga yetgan. Shunisi rostki, davlat xarajatlari bundan ham ko‘proq o‘sdi — 29,1 foizdan 35,5 foizgacha. Albatta, budjet tushumlari o‘sishi davlat xarajatlari sur’atiga yetmayapti, bu esa budjet taqchilligi va davlat qarzining oshib borishiga olib kelyapti. Savol tug‘iladi: bunday vaziyatda, iqtisodiyot zimmasiga tushayotgan soliq yukini yanada oshirish kerakmi yoki, aksincha, shishirilgan va tez o‘sib borayotgan davlat xarajatlarini qisqartirish lozimmi?» deya yozdi Yusupov.
Iqtisodchiga ko‘ra, Xalqaro valuta jamg‘armasining budjet muvozanatini saqlash uchun soliq yukini oshirish kerakligi haqidagi fikrlari makroiqtisodiy nazariya nuqtayi nazaridan to‘g‘ri, ammo O‘zbekiston hali na rivojlangan, na to‘liq bozor iqtisodiyotiga o‘tgan davlat.
«Avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyoti kambag‘al, YaIMning har bir aholiga to‘g‘ri keluvchi hajmi 3000 dollar atrofida. Buning ustiga iqtisodiyot nazariyasida aniq qonuniyat bor: mamlakat qanchalik kambag‘al bo‘lsa, u shunchalik kam budjet-soliq yukini ko‘tara oladi. Agar, u rivojlangan davlatlar qatoriga chiqishni istasa. Chunki YaIMda davlat xarajatlari ulushining yuqoriligi – bu biznes uchun katta xarajatlar va uning raqobatbardoshligi past bo‘lishi, demakdir.
O‘zbekistonda esa davlat xarajatlarining YaIMga nisbatan ulushi G‘arbiy Yevropa davlatlariga yaqin – 40 foizdan yuqori. Agar korxonalarning kvazifiskal xarajatlarini ham inobatga olsak, bu raqam yanada ortib ketadi. Holbuki, boy Sharqiy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatkich 1,5–2 barobar past. Qolaversa, muvaffaqiyatli rivojlanayotgan kambag‘al davlatlarda ham bunday daraja kuzatilmaydi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda hamon to‘liq bozor iqtisodiyoti shakllanmagan. Chunki muhim qarorlarni xususiy sektor va bozor emas, mansabdorlar qabul qiladi. Ular buning uchun ulkan davlat xarajatlaridan, imtiyozlardan, subsidiyalardan, soliqlar va bojlardan, shuningdek, imtiyozli kreditlardan foydalanadi. Va mansabdorlar xarajat qilishi va «o‘zlashtirish» imkoniyati bo‘lgan mablag‘lar qancha ko‘p bo‘lmasin, ular uchun doimo kamlik qiladi.
Eng asosiysi, ularning faoliyati ustidan jamiyat tomonidan samarali nazorat mavjud emas, muvozanat va tiyib turish mexanizmlari ham ishlamaydi. Bu esa davlat xarajatlarining cheksiz o‘sishiga olib keladi. Natijada, bu xarajatlar soliq yuki va davlat qarzi orqali iqtisodiyot zimmasiga yuklanadi», deya yozdi u.
Yusupov O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur deb hisoblaydi:
davlat xarajatlarini keskin qisqartirish (1,5–2 barobar), ayniqsa iqtisodiy xarajatlarni;
davlatning mulkchilikdagi ulushini keskin kamaytirish;
soliq va qarz yukini tushirish, biznes xarajatlarini kamaytirish va mahsulot raqobatbardoshligini oshirish;
import uchun bojlar va notarif to‘siqlarni qisqartirish, alohida shaxslar va tarmoqlar uchun berilgan imtiyozlarni bekor qilish (raqobat muhitini kuchaytirish va mansabdorlar tomonidan sun’iy yaratilgan monopoliya va korrupsiya manbalarini yo‘q qilish uchun);
davlatning iqtisodiyotdagi vazifalarini keskin qayta ko‘rib chiqish. Mansabdorlarni biznesdan uzoqlashtirish, bozor mexanizmlari va raqobat muhitini buzishlariga qat’iy chek qo‘yish lozim.
«Shunday holda, XVJ nima tavsiya qilmoqda? Albatta – soliq yukini yanada oshirishni! Bu – umumiy makroiqtisodiy qoidalarni mamlakatning institutsional va tarixiy xususiyatlarini hisobga olmasdan mexanik tarzda qo‘llashning natijasidir», deya xulosa qilgan Yusupov.
Iqtisodiyot
Kimlar foyda solig‘ini ikki barobar kam to‘lashi mumkin?
Soliq kodeksining 337-moddasiga muvofiq, foyda solig‘i to‘lovchilarining ayrim toifasi belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida pasaytirilgan stavkani qo‘llash huquqiga ega.
Ushbu imtiyoz 2022-yil 1-sentyabrdan keyin joriy soliq davrida jami daromadi ilk bor 10 mlrd so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilarga beriladi.
Pasaytirilgan stavka joriy soliq davrida hamda undan keyingi soliq davri mobaynida amal qiladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun pasaytirilgan stavka qo‘llanilayotgan davrlarda soliq to‘lovchining jami daromadi 100 mlrd so‘mdan oshmasligi shart. Agar ushbu chegaradan oshib ketilsa, pasaytirilgan stavkani qo‘llash huquqi bekor bo‘ladi.
Mazkur imtiyoz yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilari va aksiz solig‘i to‘lovchilariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, soliq to‘lovchi tugatilayotgan hollarda yoki imtiyoz olish maqsadida bir nechta tadbirkorlik subyekti o‘rtasida daromad sun’iy ravishda bo‘lingani aniqlansa, pasaytirilgan stavkadan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Mazkur tartib Soliq kodeksining 337-moddasida belgilangan bo‘lib, tadbirkorlik subyektlarini halol soliq to‘lash va biznesni qonuniy kengaytirishga rag‘batlantirishga qaratilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Iqtisodiyot
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Foto: Adam Gray/Bloomberg
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.
17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.
Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.
Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».
«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
-
Jamiyat4 days agoXalqaro qidiruvdagi fuqaro Varshavadan Toshkentga olib kelindi
-
Siyosat4 days agoRustam Jo‘layev Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik agentligi rahbari etib tayinlandi
-
Dunyodan1 day ago
Vengriya prezidenti isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy oʻzgartirishni imzoladi
-
Sport5 days agoJahon chempionati finaliga sloveniyalik hakamlar tayinlandi
-
Sport5 days agoFIFA prezidenti Infantinoga 200 dan ortiq mamlakat ishonch bildirmoqda
-
Jamiyat4 days agoZangiotadagi propan shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash sababi ma’lum qilindi
-
Sport3 days agoYamal Messiga qarshi. JCh finali intrigalari
-
Jamiyat4 days agoKoreyada ish va’dasi ortidagi firibgarlik fosh etildi
