Jamiyat
Xorijdan qaytgan fuqarolarning OIVga test topshirishi majburiy bo‘ladi
Uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq vaqt chet elda bo‘lgan qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi ko‘lami va xorijdan qaytayotgan fuqarolar, shuningdek, tijorat va mehnat maqsadlarida kelayotgan chet elliklar soni ortib bormoqda.
2024 yilda qaytib kelgan 1,7 million fuqarodan atigi 434 ming nafari OIV/OITSga test topshirgan. Ularning 1 512 nafarida bunday kasallik aniqlangan. Tekshiruvdan o‘tkazilgan 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar orasida 81 kishida bunday kasalliklar aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, tekshiruvdan o‘tmagan migrantlarning qanchasida yuqumli kasalliklar borligi noma’lum. Shu jihatdan ushbu qonun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qonun bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq vaqt chet elda bo‘lgan qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonga kelgan yoki respublikada doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilangan.
O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy tekshiruvdan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladi. Xorijlik va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mablag‘lari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkaziladi. OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullandi.
Jamiyat
Toshkentda 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi aniqlandi
Ko‘chirib o‘tqazilgan daraxtlarning 107 tupi qurib qolgan va tabiatga 881 million 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga kelib tushgan murojaat asosida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Abu Ali ibn Sino ko‘chasi hududida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari davomida yopiq kollektor hududida 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi va ularning 107 tupi qurib qolganligi aniqlandi.
Ta’kidlanishicha, bu daraxtlar yuzasidan Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasiga murojaat qilingan va boshqarma tomonidan rad javobi berilgan. Ammo daraxtlar noqonuniy tarzda ko‘chirib o‘tqazilgan.
Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 881 million 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi hisoblandi.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.
Jamiyat
Chust tumani bosh soliq inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Chust tumanida yashovchi ayol mas’uliyati cheklangan jamiyatning soliq qarzdorligini ushbu tizimda ishlovchi tanishlari yordamida bartaraf qilib berish evaziga MChJ ish yurituvchisidan 20 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Chust tumanida yashovchi ayol savdo sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatning 376,6 mln so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligini ushbu tizimda ishlovchi tanishlari yordamida bartaraf qilib berish evaziga MChJ ish yurituvchisidan 20 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur ishga Chust tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori aloqador ekanligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ekologik bilimlari sinovdan o‘tkazildi
25–28 mart kunlari Buxoro viloyatida “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining kasbiy ta’lim muassasalari jamoalari o‘rtasidagi final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etildi. Unda jamoalar 4 shart bo‘yicha bellashdi.
1-shartda (“Bu bizning hudud”) ishtirokchilar o‘z hududlarining ekologik holati, ekomadaniyati, piknik madaniyatlari, hudud ekologiyasini yaxshilashga doir amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarining ekologiyaga bo‘lgan munosabatini ochib berishdi. Ikkinchi shartda esa (“Intellektual ring”) jamoa a’zolari 3 daqiqa ichida ekologik, ijtimoiy, siyosiy-huquqiy yo‘nalishlardagi l0 ta savolga javob berishdi.
Shuningdek, 3-shartda (“Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!”) ishtirokchilar respublikamiz ekologiyasini asrab-avaylash, yoshlar orasida ekomadaniyatni targ‘ib qilish, plogging, iqlim o‘zgarishlari, daraxt ekish hamda suv muammolariga qaratilgan loyihalarini ibratli sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berishdi. 4-shart esa (“Eng yaxshi ekologik loyiha”) respublika miqyosida ekologiya sohasini rivojlantirish, yosh ekologlar sonini ko‘paytirishga erishish, ekologiya yo‘nalishidagi investitsiyalarni jalb qilish, ekologiya salohiyatini kengaytirish borasidagi taklif va loyihalarga bag‘ishlandi.
Yakunda Navoiy viloyatining «Ecoline» jamoasi 1-o‘rinni, Qoraqalpog‘iston Respublikasining «Qoratol» jamoasi 2-o‘rinni, Toshkent viloyatining «Zamin» jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi. G‘oliblar munosib taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovi yoshlarning ekologik-huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, milliy huquq tizimiga hurmat munosabatini shakllantirish, yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillariga nisbatan huquqiy immunitetini shakllantirish, qonun buzilishi holatlariga murosasizlik hissini uyg‘otish maqsadida 2025 yildan boshlab har yili yanvar-mart oylari davomida tashkil etiladi.
Jamiyat
Andijondagi yashirin dori sexlaridan 10 mlrd so‘mlik qalbaki dorilar musodara qilindi
Ushbu sexlarda qo‘lbola tarzda “Tivortin”, “Layboten”, “Revarton”, “Diprospan”, “Riyabolel”, “Tsefazolin”, “Streptomitsin”, “Ampitsillin” kabi dori vositalari tayyorlangan.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda sifati kafolatlanmagan dori vositalarini ishlab chiqarish va muomalaga kiritishning oldini olishga qaratilgan tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.
Andijon va Asaka shaharlari hamda Asaka tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda shubha ostiga olingan 3 nafar shaxsning yashash xonadonlarida dori vositalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yashirin laboratoriya va sexlar tashkil qilingani aniqlandi.
Qo‘lbola tarzda dori vositalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yashirin sexlardan qiymati 1 mlrd 250 mln so‘mlik uskunalar, muhrlar, 214 ming dona bo‘sh flakon va idishlar, turli etiketka va yo‘riqnomalar, ularni qadoqlashga xizmat qiluvchi anjomlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, 163 xil turdagi 286 ming 676 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari olib qo‘yildi.
“Tivortin”, “Layboten”, “Revarton”, “Diprospan”, “Riyabolel” “Tsefazolin”, “Streptomitsin”, “Ampitsillin” kabi qo‘lbola dori vositalarining asl nusxalari qiymati farmatsevtika bozorida o‘rtacha 10 mlrd. so‘mni tashkil qiladi.
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev 100 mln dollarlik stadion qurilishini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Yangi Toshkentda barpo etilayotgan yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadionining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu zamonaviy sport majmuasiga o‘tgan yilning 11-noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan tamal toshi qo‘yilgan edi.
Ayni paytda o‘yingoh qurilishi jadal davom etmoqda. Jumladan, yerni tekislash ishlari to‘liq yakunlangan. Poydevor quyish ishlari to‘qson besh foizga bajarilgan. Qurilish joyiga metall-konstruksiya materiallari bosqichma-bosqich keltirilmoqda.
Qayd etish kerak, keyingi yillar mamlakatimiz futbol sohasida tub burilish davri bo‘ldi. Jumladan, mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va o‘smirlar akademiyalari tashkil etildi, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, 2017-yilda yurtimizda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta bo‘lgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi.
Shuningdek, 1,5 mingta maktabning futbol stadionlari ta’mirlanib, 1 milliondan ziyod o‘quvchi va mahalla yoshlari qamrab olindi. Yoshlar o‘rtasida mahalla, tuman, viloyat va respublika turnirlarini an’anaviy o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini bera boshladi.
Futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoamiz Parijdagi olimpiadada ilk bor ishtirok etdi. Tariximizda birinchi marotaba milliy terma jamoamiz joriy yilda bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
O‘tgan yilning 2 oktyabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027 yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni shu maqsadda qurilmoqda. Qiymati 100 million dollarlik ushbu o‘yingoh qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi.
Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etilmoqda. Majmua Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.
Mazkur inshoot nafaqat 2027 yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi rivoji uchun xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbariga qurilish jarayoni haqda batafsil ma’lumot berildi.
55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Yangi Toshkent stadioni 6 qavatli bo‘ladi, unda nafaqat sportchilar, balki tashrif buyuruvchilar va matbuot xodimlari uchun ham keng qulayliklar yaratiladi. Tomoshabinlar stadionga tez fursatda kirib-chiqishlari uchun o‘ndan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Hududda yana qo‘shimcha 3 ta mashg‘ulot maydoni bo‘ladi. Stadion yaqinida metro bekati barpo etiladi. 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh quriladi.
Prezident bunday katta sig‘imli yopiq stadion mamlakatimizda ilk bor bunyod etilayotgani uchun har bir jihatga ahamiyat berish zarurligini ta’kidladi. Stadion atrofini obodonlashtirish ishlarini hozirdan rejalashtirib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi qayd etildi.
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Turk dunyosi5 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Dunyodan4 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Jamiyat5 days ago
Namanganda yirik turistik majmua qurilishi boshlandi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekiston eksporti 35 yilda qariyb 19 barobarga oshdi
-
Dunyodan2 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
