Sport
XOQ rossiyalik sportchilardan barcha cheklovlarni olib tashlashni tavsiya qildi
XOQ tomonidan cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha berilgan tavsiya musobaqalarga avtomatik ravishda ruxsat berilishini anglatmaydi. Har bir sport turi bo‘yicha yakuniy qarorlarni tegishli xalqaro federatsiya mustaqil ravishda qabul qiladi.
Foto: REUTERS/Denis Balibouse
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rossiyalik sportchilarga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlashni tavsiya qildi, shuningdek, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi (ROQ) huquqlarini vaqtincha tikladi, deyiladi tashkilot saytida.
Rossiya Olimpiya qo‘mitasiga nisbatan cheklovlar 2023 yil oktabr oyidan beri amal qilgan. Ular ROQ o‘z tarkibiga Ukrainaning o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR va LXR, shuningdek, anneksiya qilingan Zaporojiye va Xerson viloyatlarining olimpiya kengashlarini kiritgani munosabati bilan joriy etilgan edi.
XOQ huquqiy masalalar bo‘yicha komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan «puxta tahlildan so‘ng» ROQ bo‘yicha qaror qabul qilindi. Shu bilan birga, Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitasi (UMOQ) yurisdiksiyasi ostidagi hududlarda joylashgan sport tashkilotlari endi uning tarkibiga kirmasligi hisobga olindi.
ROQ anneksiya qilingan hududlarda ishlamayotganini va ishlamasligini tasdiqladi. Aprel oyida sport vaziri Mixail Degtyarev nomi ko‘rsatilmagan mintaqaviy sport tashkilotlari ROQ tarkibidan chiqarilganini ma’lum qilgan edi.
ROQ bo‘yicha cheklovlar qancha muddatga olib tashlanganiga aniqlik kiritilmagan. XOQ Ijro qo‘mitasi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishga va’da berdi.
Bundan tashqari, XOQ tomonidan rossiyalik sportchilarni faqat neytral maqomda qabul qilish va ularga nisbatan «himoya choralari» bo‘yicha berilgan barcha tavsiyalar bekor qilindi. Tashkilotning ta’kidlashicha, xalqaro musobaqalarga qaytayotgan barcha rossiyalik sportchilar amaldagi antidoping talablariga javob berishi kerak.
Tashkilot Olimpiya o‘yinlarida Rossiya bayrog‘i, madhiyasi, milliy ranglari va boshqa ramzlardan foydalanish bo‘yicha hali qaror qabul qilmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, XOQ o‘z tadbirlarini Rossiyada o‘tkazmasligini va rossiyalik amaldorlarni o‘z homiyligidagi tadbirlarga taklif etmasligini qo‘shimcha qildi.
Tegishli qarorlar bir kun avval 2028 yilda Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari saralashining boshlanishi, shuningdek, «barcha sportchilar uchun musobaqalarga teng kirishni ta’minlash zarurati» munosabati bilan qabul qilindi.
Rossiya va Belarus sportchilari Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan so‘ng xalqaro musobaqalardan chetlatilgan edi. Keyinchalik bu mamlakat sportchilari neytral maqomda musobaqalarda ishtirok eta boshladi.
XOQ 2026 yil may oyida Belarusni jahon sportiga qaytarishni tavsiya qilgan edi.
XOQ tomonidan cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha berilgan tavsiya musobaqalarga avtomatik ravishda ruxsat berilishini anglatmaydi. Har bir sport turi bo‘yicha yakuniy qarorlarni tegishli xalqaro federatsiya mustaqil ravishda qabul qiladi.