Jamiyat
Xonanda Jahongir Otajonov firibgarlik qurboni bo‘ldi
Xonandani talabalik davridan aka-ukadek bo‘lib kelgan boshqa bir xonanda 2,3 mlrd so‘mga chuv tushirgan. Firibgarlik ishida Jahongir Otajonovning Lexus va BMW rusumli mashinalarini, uyini sotib olish, to‘yga chaqirib, pulini o‘zlashtirish bilan bog‘liq bir nechta epizodlar bor. Ushbu jinoyatni sodir qilgan xonanda sud hukmi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Xonanda X.X. jinoiy jazoga tortildi. U firibgar jinoyatini sodir qilishda gumonlanib, 2025 yil 9 avgustdan buyon qamoqda saqlanayotgandi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Jahongir Otajonov va X.X. O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasida o‘qib yurgan kezlarda tanishib, aka-ukadek bo‘lib kelgan. Ikki xonanda o‘rtasidagi “oldi-berdi” 2017 yilda boshlangan.
2017 yil noyabr. X.X. Jahongir Otajonovning Lexus mashinasini 68 ming dollarga baholab, sotib olgan. U dastlabki to‘lov sifatida 34 ming dollar bergan va qolgan 34 ming dollarni 2 yilga bo‘lib to‘lashga kelishgan. Keyinchalik mashinani oldi-sotdi shartnomasiga asosan boshqa shaxslarga rasmiylashtirishga erishib, Jahongir Otajonovga 34 ming dollarni bermasdan, pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
2019 yil iyul. X.X. Jahongir Otajonovni tanishining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan to‘y marosimiga taklif etgan hamda xizmati evaziga 1000 dollar berishini bildirgan. U kelishilgan 1000 dollarni to‘y egasidan o‘zi olib, Jahongir Otajonovga keyinchalik berishini aytgan. Ammo ushbu pulni bermasdan, o‘z ehtiyojlariga sarflagan. X.X. 2019 yil iyul oyida xuddi shu uslubda Jahongir Otajonovni Qashqadaryo viloyatiga to‘yga olib borib, xizmat uchun kelishilgan 5 ming dollarni to‘y egasidan o‘zi olgan holda xonandaga bermagan.
2021 yil fevral. X.X. Jahongir Otajonov BMW mashinasini 83 ming dollarga sotmoqchi ekanini eshitib qolgan. U mashinani xonandaga 15 ming dollar berib, qolgan qismini 2 yil davomida to‘lab berish sharti bilan olgan. Keyinchalik avtomobilni oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirib olishga erishgan. Kelishuv bo‘yicha 68 ming dollarni esa Jahongir Otajonovga bermasdan, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
2021 yil mart. X.X. Jahongir Otajonov Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi xonadonni sotish niyatida ekanligidan xabar topgan. U mazkur xonadon uchun mijoz topganini, uyni 35 ming dollarga sotishini xonandaga aytgan. Biroq ushbu pulning 30 ming dollarini berib, qolgan 5 ming dollarini keyinchalik berishini va’da qilgan. Lekin u bu safar ham o‘z va’dasida turmagan.
Bundan tashqari, X.X. Jahongir Otajonovni o‘zi muqaddam ijara asosida yashab kelgan Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi uyni ikki yil muddatga bo‘lib to‘lash evaziga sotib olishga qiziqtirgan. U xonanda yashab kelgan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 6,54 sotixli uyning uy-joy qurilgan 1,18 sotix qismini 50 ming dollarga sotib olishga va ushbu pullarni Jahongir Otajonov sotib olayotgan Yakkasaroy tumanidagi xonadon uchun to‘lov sifatida berishga ishontirgan. Biroq Jahongir Otajonov Turkiyada ekanidan foydalangan X.X. 50 ming dollarni xonanda sotib olayotgan uy egasiga to‘lov qilmasdan, 2021 yil 2 aprel Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xonadonni xaridor nomiga to‘liq o‘tkazishga erishgan. 2021 yil 12 may kuni esa uyning 1,18 sotix qismini o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan. Bu orqali Jahongir Otajonovning uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini qo‘lga kiritgan. So‘ngra 2022 yil 25 iyul kuni mazkur xonadonni sotib yuborib, Jahongir Otajonovga 50 ming dollar miqdorida moddiy zarar yetkazgan.
Shu kabi, X.X. yana bir uy epizodi bo‘yicha Jahongir Otajonovga 32 ming dollar zarar yetkazib, ushbu pullarni ham o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
X.X. sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va ushbu pullarni san’at sohasidagi faoliyatini rivojlantirish uchun sarflaganini bildirgan.
“Mening hisobim bo‘yicha Jahongir Otajonovga hozirgi kunda 85 ming dollar berishim kerak. Holat sodir bo‘lgan vaqt bo‘yicha pul oldi-berdi ishlari yuzasidan pul miqdori bo‘yicha adashayotgan bo‘lishim mumkin. Jahongir Otajonov barcha hisob-kitobni o‘zi uchun qayd qilib yurganini inobatga olib, uning pul miqdori bo‘yicha barcha vajlarini to‘liq tasdiqlayman”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.
Shuningdek, X.X. qilmishidan pushaymonligini, imkon berilsa ishlab, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berishini bildirgan hamda suddan yengillik so‘ragan.
JIB Yakkasaroy tuman sudining hukmi bilan X.X. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
X.X.dan jabrlanuvchi Jahongir Otajonov foydasiga yetkazilgan moddiy zarar, ya’ni 2 mlrd 337 mln so‘m undirish belgilangan. Shuningdek, X.X. nomiga rasmiylashtirilgan, Toshkent shahrida joylashgan 2 ta xonadon sodir etilgan jinoyat natijasida orttirilgan mulk sifatida baholanib, sotuvga qo‘yilishi, sotuvdan tushgan mablag‘ yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratilishi ham nazarda tutilgan.
Jamiyat
Boshqa davlatdagi urushlarni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanyapti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining asosiy maqsadi jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, yangi turdagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda huquqbuzarliklar uchun javobgarlik mexanizmlarini aniq belgilashdan iborat.
Loyiha bilan o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish va namoyish etish uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz harakatlarni yoki fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi boshqa xatti-harakatlarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda sodir etish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Bu orqali axborot makonida huquqiy madaniyatni yuksaltirish va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, shaxsning o‘zi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmoqlarida tarqatish uchun javobgarlik nazarda tutilyapti.
Qayd etilishicha, mazkur normalar huquqbuzarliklarni ommalashtirish va ularga taqlid qilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonlik mehnat muhojiri yiliga o‘rtacha 2-4 ming AQSh dollari jo‘natyapti – Markaziy bank
Markaziy bank xalqaro migratsiya, pul o‘tkazmalari va jismoniy shaxslarning valyuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha navbatdagi tahliliy sharhni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, global migratsiya va pul o‘tkazmalari ko‘plab mamlakatlar uchun barqaror tashqi moliyalashtirish manbai bo‘lib, uy xo‘jaliklari daromadlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ichki bozorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbekiston ham hozirgi kunda xalqaro mehnat migratsiyasi global yo‘nalishlariga integratsiyalashib, mehnat muhojirlari an’anaviy davlatlar (Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiya) bilan bir qatorda Yevropa va Osiyo davlatlariga yo‘nalmoqda. Shunga mutanosib ravishda, 2024-2025 yillarda O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining asosiy qismi ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2025-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga, mehnat muhojirlari ishlaydigan mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan barqaror darajada saqlanib qolishi bilan bir qatorda ulardagi iqtisodiy faollikning oshishi hamda milliy valyuta kurslari mustahkamlanishi ham ta’sir qildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasida diversifikatsiya jarayonlari davom etib, bu rivojlangan mamlakatlardan O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishida namoyon bo‘ldi.
Xususan, transfertlar hajmi:
Buyuk Britaniyadan 39 foizga;Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 37 foizga (Irlandiya 2,6 barobar, Xorvatiya 2,5 barobar, Slovakiya 67 foiz, Litva 57 foiz, Niderlandiya 49 foiz, Polsha 9 foiz);AQShdan 15 foizga;Janubiy Koreyadan 15 foizga oshishi mehnat migratsiyasining yangi yo‘nalishlar bo‘yicha kengayib borayotganini anglatadi.
Regulyator press-reliziga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 2024-yilga nisbatan 28 foizga (4,1 mlrd doll) ko‘payib 18,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda an’anaviy va bank o‘tkazmalari kesimida bir qabul qiluvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik o‘tkazma summasi 2-4 ming dollar ekvivalentini tashkil etadi.
O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi esa 2024-yilga nisbatan 5 foizga (138,4 mln doll) qisqarib, 2,7 mlrd dollarni tashkil qildi.
Jamiyat
Dunyoning eng boy ayoli pullarini qanday tarqatmoqda?
2019-yilda Jeff Bezos bilan ajrashish jarayoni yakunlangach, Makkenzi Skott qo‘lida 38 milliard dollarlik Amazon aksiyalari bilan dunyoning eng boy ayollaridan biriga aylandi. O‘shanda ko‘pchilik uchta an’anaviy ssenariydan birini kutgandi: yo u dabdabali hayotga sho‘ng‘iydi, yo shaxsiy media imperiyasini quradi, yoki binolarga o‘z ismini yozib qo‘yadigan ulkan xayriya jamg‘armasiga asos soladi.
Biroq Skott bu yo‘llarning birortasini tanlamadi. U xayriya dunyosining barcha yozilmagan qoidalarini parchalab tashladi.
«Pulni tugaguncha baham ko‘raman»
Skott o‘z boyligini shunchalik tez tarqata boshladiki, hatto ekspertlar ham hayratda qoldi. U Uorren Baffet va Bill Geyts tomonidan asos solingan «Giving Pledge» tashabbusiga qo‘shilib, hayoti davomida boyligining kamida yarmini xayriya qilishga va’da berdi. «Mening nomutanosib miqdorda pulim bor va men uni yo‘q bo‘lib ketguncha baham ko‘raman», — deb yozgan edi u o‘z ochiq xatida.
An’anaviy jamg‘armalardan farqli o‘laroq, uning strategiyasi byurokratiya va nazoratni yo‘q qilishdir. U hisobot berishni talab qilmaydi, shartlar qo‘ymaydi va matbuot xabarlarida uning ismi ko‘rinmaydi. Pullar ehtiyojmandlarga yashirincha keladi va ko‘pincha ma’lum tashkilotlar tarixidagi eng katta xayriyaga aylanadi.
Raqobatbardosh arizalar, grant qo‘mitalari va KPIlar o‘rniga u professional tadqiqotchilarga va zaif guruhlar, ta’lim tashabbuslari, irqiy, gender tengsizligi bilan ishlaydigan tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalarga tayanadi va u o‘z blogida kimga, nima uchun pul bergani haqida oddiy ro‘yxat e’lon qiladi.
Skottning kichik jamoasi detektivlar kabi ishlaydi: ular zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan, ammo jamiyat uchun muhim ishlarni qilayotgan tashkilotlarni qidirib topishadi. Ular orasida bankrotlik yoqasidagi oziq-ovqat banklari, eski uskunalar bilan ishlayotgan qishloq kasalxonalari, qamoqdan chiqqanlarga yordam beruvchi kichik ijtimoiy loyihalar bor.
Bu tashkilotlar kutilmaganda elektron pochta orqali xat olishadi: «Biz sizning ishingizga ishonamiz va yordam bermoqchimiz». So‘ng hech qanday shartlarsiz millionlab dollarlik mablag‘ kelib tushadi.
Bu saxovatning natijasi esa hayratlanarli: Detroytdagi bolalar kasalxonasi psixologlar shtatini ikki barobar oshirishga muvaffaq bo‘ldi, tub amerikaliklar ta’lim muassasalari o‘z tarixidagi eng katta mablag‘ni qabul qilib oldi, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari uchun boshpanalar pandemiya davrida o‘z imkoniyatlarini kengaytirdi.
Bir yil ichida u qariyb 500 ta tashkilotga 6 milliard dollarga yaqin mablag‘ o‘tkazdi. Ammo paradoks shundaki, u pulni qanchalik tez tarqatmasin, Amazon aksiyalarining narxi oshib borishi natijasida uning sof boyligi o‘sishda davom etdi. Bu xuddi ummonni chelak bilan bo‘shatishga urinishdek edi.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nlab milliardlab dollarlik xayriyalarga qaramay, Makkenzi Skott dunyodagi eng boy odamlardan biri bo‘lib qolmoqda. U jamg‘armani boshqarmaydi yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazmaydi, lekin u zamonaviy xayriya qanday ishlashi mumkinligi haqidagi tushunchani o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Boshqa milliarderlar raketalar uchirib, koinotni zabt etish yoki o‘zlariga haykallar tiklash bilan band bo‘lgan bir paytda, Makkenzi Skott boylikni namoyish qilmasdan tarqatish mumkinligini isbotladi. Uning yondashuvi shunchaki xayriya emas, balki insoniyatga bo‘lgan yuksak ishonch namunasidir. Skottning saxovati tufayli minglab odamlarning hayoti yaxshilanmoqda va ularning aksariyati bu baxt ortida kim turganini ham bilishmaydi. Zero, haqiqiy saxovat shovqin-suronni yoqtirmaydi.
Jamiyat
Qozog‘istonda 5 nafar o‘zbekistonlikning ish haqi va pasportlari qaytarildi
Qozog‘istonning Ostona shahrida mehnat qilib kelgan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosining ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgan pasportlari qaytarilib, uch oylik ish haqlari to‘liq undirib berildi.
Ostona shahri Foto: akorda.kz
Ma’lum qilinishicha, 12 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha ortidan Qozog‘istonning Ostona shahrida joylashgan “Karima” restoranida ishlagan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosining murojaati yuzasidan tezkor choralar ko‘rilgan.
Unga ko‘ra, ish beruvchi tomonidan fuqarolarning pasportlari olib qo‘yilgani va ularga uch oylik ish haqi to‘lanmagani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Ostona shahridagi elchixonasi tomonidan restoran rahbariyati bilan aloqa o‘rnatilib, fuqarolarning hujjatlarini qaytarish va ish haqlarini to‘liq to‘lash bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yilgan.
Shuningdek, Qozog‘istonning vakolatli organlari tomonidan ham holat nazoratga olinib, ish beruvchiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida 14 mart kuni fuqarolarning pasportlari to‘liq qaytarildi hamda ularga tegishli bo‘lgan jami 5 ming 290 AQSh dollari miqdoridagi ish haqi undirib berildi.
Jamiyat
Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi
Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosining vafoti yuzasidan tekshiruv va ekspertiza ishlari olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holatda qotillik alomatlari aniqlanmagan.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi vakillari ushbu mamlakatda vafot etgan vatandoshimiz holati bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli ma’lumotlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, K.N.ning vafoti munosabati bilan Janubiy Koreya milliy politsiya agentligining mas’ul xodimlari bilan doimiy muloqot olib borilmoqda.
Janubiy Koreya tomonining bildirishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston fuqarosining o‘limi yuzasidan mutasaddi soha vakillari tomonidan tekshiruv va ekspertiza ishlari davom ettirilmoqda. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, uning vafotida qotillik alomatlari mavjud emas.
Qayd etilishicha, Janubiy Koreya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushbu holatga to‘liq oydinlik kiritilganidan so‘ng qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
Shu bilan birga, tekshirilmagan, yolg‘on yoki vahima chiqaruvchi ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikka muvofiq ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatildi.
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Dunyodan5 days ago
Iroq g‘arbida AQShning yonilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi
-
Iqtisodiyot1 day agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot2 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
-
Iqtisodiyot3 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Dunyodan1 day ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat3 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
