Dunyodan
Xitoyda qabul qilingan yangi qonun xavotir uyg’otmoqda
Xitoyning oliy qonun chiqaruvchi organi – Butunxitoy xalq vakillari kengashining so‘nggi sessiyasida ko‘pchilik ovoz bilan “Milliy birlik va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash” shartli deb nomlangan qonun qabul qilindi. 2756 deputat qonunni qo‘llab-quvvatladi, 3 nafari qarshi ovoz berdi, teng miqdordagi deputat esa betaraf qoldi.
Xitoy hukumati rasmiylarining aytishicha, yangi qonun milliy birlikka hissa qo‘shadi va ijtimoiy hayotda etnik ozchiliklar huquqlarini himoya qiladi. Ammo tahlilchilar bu hujjat etnik ozchiliklarga nisbatan diskriminatsiyani kuchaytirishi mumkinligidan xavotirda.
1,4 milliard aholiga ega Xitoyda rasman tan olingan 56 etnik guruh mavjud bo‘lib, ulardan 55 nafari etnik ozchilikdir. Buning sababi, aholining 91,9 foizi yoki 1,2 milliard kishi xonlardir. Etnik ozchiliklarga uygʻurlar (11,7 million kishi), hui xalqi (11,4 million kishi), tibetliklar (7,1 million kishi), moʻgʻullar (6,3 million kishi) kiradi.
2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan 65 moddadan iborat qonunning 1-moddasida Xitoy xalqining mafkuraviy birligi va birligini mustahkamlash, Xitoy xalqining kuch-qudratini uyg‘otish haqida so‘z boradi. Hujjatda etnik kamsitishlarga qarshi kurashga alohida urg‘u berilgan.
Tanqidchilar etnik guruhlarning madaniy o’ziga xoslik talablari separatizm bilan tenglashtirilishidan xavotirda.
“2016-yilda qabul qilingan, ommaviy lagerlar yaratish uchun asos boʻlgan terrorizmga qarshi qonun bilan bir qatorda, bu yangi qonun Sharqiy Turkistondagi uygʻurlarning til, madaniy va diniy erkinlik borasidagi huquqlarining buzilishini kuchaytiradi”, dedi Myunxenda joylashgan Jahon uygʻurlari kongressi prezidenti Tulgunyan Alahudun DW bilan suhbatda.
Vashingtondagi Demokratiyalar jamg’armasining katta ilmiy xodimi Jek Bernxem ham qonun Tibet va Shinjon mintaqasida repressiyalarga yo’l ochganiga ishonadi.
Siyosiy va mafkuraviy jihatdan etnik guruhlar “buyuk vatan, Xitoy xalqi, Xitoy madaniyati, Xitoy Kommunistik partiyasi va Xitoy xususiyatlariga ega sotsializm”ga sodiq bo‘lishi kutiladi. Jek Bernxem buni “xan millatchiligi”ning yuksalishi deb atadi.
Bir muddat avval Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Shinjonda yashovchi etnik guruhlar qatag‘on qurboni bo‘layotgani haqidagi hisobotini e’lon qilgan edi. 160 sahifalik hisobotda “qayta tayyorlash lagerlari” deb atalgan yuzlab qamoqxonalarda uyg‘urlar, o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izistonliklar va tojiklar kabi ozchilik millatlari vakillariga nisbatan qatag‘on va zo‘ravonlik siyosati olib borilayotgani qayd etilgan.
AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko’ra, Xitoyda tozalashlar boshlanganidan beri Shinjonda yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha musulmon yopiq lagerlarda qamalgan.
Aytish joizki, sudsiz va tergovsiz joriy qilingan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni diniy va milliy o‘zliklaridan mahrum qilish va ularni butunlay sindirishga qaratilgan. Davlat departamenti hisobotiga koʻra, lagerlarda ruhiy va jismoniy zoʻravonlik avj olgan va Shinjondagi musulmonlar shunchaki namoz oʻqib, roʻza tutgani uchun jazolanadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp birinchi prezidentlik muddati davomida uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklarning huquqlarini poymol qilgani uchun Xitoy hukumatiga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Shuningdek, AQSh hukumati Xitoy hukumatining Shinjondagi siyosatini “genotsid” deb atagani ham ma’lum.
Human Rights Watch tashkilotining xabar berishicha, Xitoyning musulmonlar yashovchi hududlarida yuzlab masjidlar vayron qilingan.
Xitoyning etnik ozchiliklarga nisbatan repressiv siyosati BMTda 50 davlat tomonidan qoralangan.
“Biz Xitoy Xalq Respublikasidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, xususan, Shinjondagi uyg‘ur xalqi va boshqa asosan musulmonlardan tashkil topgan etnik ozchiliklarga nisbatan inson huquqlarining buzilishidan chuqur xavotirdamiz”, — deyiladi BMT Bosh Assambleyasi Inson huquqlari qo‘mitasi bayonotida.
Xitoy Uyg’urlar va boshqa musulmon ozchiliklar yopiq lagerlarda qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni rad etadi. Xitoy hukumati vakillarining aytishicha, ekstremizmga moyil bo‘lgan odamlarni qayta tarbiyalashga qaratilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati noto‘g‘ri tushunilmoqda.