Jamiyat
Xavfli deb topilgan yonilg‘i shoxobchalari xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi
O‘zbekistonda insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan, shuningdek xavfsizlik va shaharsozlik talablariga javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalari hamda gaz to‘ldirish inshootlari bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya hamda noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2026 yil 1 sentabrga qadar xavfsizlik, sanoat va yong‘in xavfsizligi, ekologik hamda shaharsozlik normalariga javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlari reyestrini shakllantiradi.
Shundan so‘ng mazkur obektlarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Qarorda ko‘chirilgan obektlar joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar tadbirkorlar ixtiyorida saqlanib qolishi belgilangan.
Hujjatda, shuningdek, xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga istisno tariqasida gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar rasmiylashtirib berilishi nazarda tutilgan.
Mazkur choralar yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida xavfsizlik talablarini kuchaytirish, avariyalar xavfini kamaytirish hamda aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.