Mahalliy
Xalqaro Nordik universiteti O‘zbekiston bo‘yicha xususiy oliygohlar orasida — 1-o‘rinni egalladi
Nufuzli uniRank–2025 xalqaro reytingiga ko‘ra, Xalqaro Nordik universiteti:
O‘zbekiston bo‘yicha umumiy reytingda — 19-o‘rinni;
Xususiy oliygohlar orasida — 1-o‘rinni egalladi.
Jahon reytingida esa 7 900 dan ortiq universitetlar qatoridan joy oldi.
Xalqaro Nordik universiteti (Axborot texnologiyalari va menejment universiteti) 2022 yilda tashkil etilgan. Nordik universiteti (NIU) qo‘shma ta’lim beruvchi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Universitet bir nechta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr va magistr darajalari kabi rasman tan olingan oliy ta’lim darajalariga olib boradigan kurslar va dasturlarni taklif etadi. NIU shuningdek, talabalarga kutubxona, onlayn kurslar va masofaviy o‘qitish imkoniyatlari, ma’muriy xizmatlar kabi bir qator akademik va akademik bo‘lmagan qulayliklar va xizmatlarni taqdim etadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
Mahalliy
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
Oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
2026/2027-o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida esa:
— 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;
— 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.
Mahalliy
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
Hukumatning 18-avgustdagi 446-son qarori bilan Toshkent shahrida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish belgilandi.
Markaz Toshkent shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish instituti huzurida faoliyat yuritadi.
Yangi tuzilmaning asosiy vazifalaridan biri maktabgacha ta’lim sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Shuningdek, YuNESKOga a’zo mamlakatlarning maktabgacha ta’lim dasturlari va usullari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish ham markazning vazifalari qatoriga kiritildi.
Markaz bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, 2030-yilgacha maktabgacha ta’lim sohasidagi Toshkent deklaratsiyasi ijrosi monitoring qilinadi. Markaz ushbu yo‘nalishda davriy hisobotlar ham tayyorlaydi.
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash sohasida yangi yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ham belgilangan vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, markaz xalqaro treninglar, seminarlar va konferensiyalar tashkil etishda ham ishtirok etadi.
Mahalliy
Xorazmda yoshlar uchun Kasblar shaharchasi tashkil etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi. Majmua mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Texnikumni barpo etish uchun davlat budjetidan 72,4 mlrd so‘m ajratilgan. 5,2 gektar maydonda 1 ming 100 o‘rinli ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona va ikkita zamonaviy o‘quv ustaxonasi qurilgan.
Bu yerda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Dual ta’lim orqali nazariy bilim ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘lanadi.
2026–2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Ta’lim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarni egallagan kasbi bo‘yicha ish bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.
Texnikum Xorazmdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham amaliy baza vazifasini bajaradi. Viloyatdagi ta’lim muassasalarining qariyb 4 ming 300 nafar o‘quvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘taydi.
Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.
Kasblar shaharchasida yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash hamda ularni muayyan kasblarga yo‘naltirish uchun sharoit yaratilgan. «O‘zing yasab ko‘r» tamoyili asosida o‘quvchilar zamonaviy uskunalarda amaliy ko‘nikma hosil qiladi.
Majmuada transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda «yashil» energetika kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan. Prezident ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish va ushbu tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
-
Iqtisodiyot4 days agoХоразмда бугуннинг ўзида 176 млн долларлик лойиҳалар ишга туширилди
-
Jamiyat5 days ago
Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti to‘liq tiklandi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston avtomobil bozorida pasayish kuzatilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoIjtimoiy tadbirkorlik uchun davlat ko‘magi beriladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Muddatli to‘lov operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
-
Siyosat4 days ago
Prezident bugun Xorazm viloyatiga boradi
-
Mahalliy3 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Mahalliy5 days ago
Dadamning bir gaplari…
