Mahalliy
Vazifam marshrutlarni chizishgina emas, ishonchli transport aloqalari ham – Anvar Faridov, mutaxassis
O‘zbekistonda bugun xalqaro tashuvlar bilan bir qatorda temir yo‘llar sohasi ham yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ygan. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar va raqamli transformatsiya jarayonlarida yosh mutaxassislarning o‘rni beqiyos. Ular orasidan ajralib turadigan fidoyi kadrlardan biri – 26 yoshli Anvar Faridov.
U ayni paytda o‘zi faoliyat olib borgan sohani rivojlantirish maqsadida Nyu-Yorkda ilm olyapti, ilmiy izlanishda.
– Samarqand shahrida tug‘ilganman. Yoshligimda temir yo‘l transporti va logistika sohasiga qattiq qiziqardim. Maktab va Samarqand temir yo‘l kollejini a’lo baholar bilan tamomlaganimdan so‘ng, Toshkent davlat transport universitetida tahsilni davom ettirdim.
2021 yilda «Yuk tashishni tashkil etish va transport logistikasi» yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini olib, keyinchalik «Temir yo‘lda xavfsizlikni ta’minlash» mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani ham a’lo baholar bilan bitirdim, – deydi Anvar Faridov.
– Mehnat faoliyatingiz-chi? Qayerda ish boshlagansiz?
– Ish faoliyatimni2017 yil Samarkand kasb-xunar kolledjini bitirib Samarkand temir yo‘lyuk bekatining yuk tashuvral xujatlari operatori lavozimiga ishga kirganman. Ammo uch oy davomida mehnat faoliyatimni olib borgach, Toshkent davlat temir yo‘l muhandislar institutida tahlis olish sharafiga muyassar bo‘ldim. 2021 yil aprel–avgust oylarida institutning 4-chi bosqich talabasi bo‘lgan davrimda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatidagi amaliyotdan boshlaganman desam ham bo‘ladi. Bu tajriba menga nafaqat nazariy bilimlarni amalda qo‘llash, balki mamlakatning eng yirik transport kompaniyasining ish jarayonlarini yaqindan o‘rganish imkonini berdi.
Shundan so‘ng logistika bo‘yicha mutaxassis sifatida kompaniyaning Logistikani rivojlantirish va raqamlashtirish boshqarmasida ish boshladim. Arzimas ishlarimiz 2022 va 2023 yillarda kompaniya rahbariyati tomonidan e’tirof etilib, faxriy yorliqlar bilan taqdirlandik.
– Qisqa vaqt ichida lavozimingiz ko‘tarildi…
– 2023 yil avgust oyidan «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning tashqi tashishlar strategiyasi bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i lavozimiga tayinlandim. Bu xalqaro muzokaralar, konferensiyalar va transport yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan strategik yig‘ilishlarda ishtirok etish degani edi.
Bu orada «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston», «O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» kabi xalqaro temir yo‘l loyihalari, shuningdek «BMTT – Xitoy – Turkiya – Yevropa» multimodal transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etdim. Faoliyatim nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa transport tizimini mustahkamlashiga umid qilardim…
Mening vazifam faqat marshrutlarni chizish emas, balki davlatlar o‘rtasidagi ishonchli transport aloqalarini qurishdan iborat edi.
Anvar Faridov 2023 yilning oxirida AQShda o‘qish uchun talabalik vizasini qo‘lga kiritdi. 2024 yil boshida u Mayami va Nyu-York shaharlarida ingliz tilini chuqur o‘rganishni boshladi.
Bu qadam uning kelgusi xalqaro faoliyati uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi aniq. Anvarning fikricha esa xorijdagi tajriba va bilimlar O‘zbekiston temir yo‘llarini zamonaviy, innovatsion yo‘nalishda rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy
Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi
Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi.
Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.
Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.
Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi.
Mahalliy
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.
Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalliy
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.
Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.
Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.
2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport3 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
-
Dunyodan4 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
