Iqtisodiyot
Valuta operatsiyalari tartibida nimalar o‘zgardi?
22 apreldan boshlab O‘zbekistonda jismoniy shaxslar hisobvaraqlaridagi mablag‘ doirasida naqd chet el valutasini cheklovlarsiz yechib olishlari mumkin. Banklar endilikda shikastlangan kupyuralarni mijozlarga qaytarib bermaydi. Xorijiy sayyohlar QQSni naqd chet el valutasida qaytarib olishadi. Xorijiy investorlar dividendlar va qimmatli qog‘ozlardan olinadigan daromadlarni bitta ariza bilan olishlari mumkin.
Bu o‘zgarishlar Markaziy bank boshqaruvining 2026 yil 30 martdagi 10/9-sonli qaroriga asosan kiritildi.
Asosiy o‘zgarishlar
Jismoniy shaxslarning hisobvaraqlaridagi naqd valutani olishlariga qo‘yilgan cheklovni bekor qildi. 22 apreldan 46¹-band qo‘shildi. Unda bank qaysi holatlarda naqd chet el valutasini mijozlarning hisobvaraqlaridan berishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Jismoniy shaxslarga hisobvaraqlaridagi mablag‘ doirasida naqd chet el valutasi cheklovlarsiz beriladi. Bu agar dollar hisobvarag‘ida 50 ming dollar bo‘lsa, mijoz bitta tranzaksiya orqali hamma mablag‘ni yechib olishi mumkin degani.
Yuridik shaxslar naqd valutani faqat ikkita holatda olishlari mumkin.
ustav fondiga jismoniy shaxslar tomonidan ilgari kiritilgan valuta mablag‘larini qaytarishda;
xodimlarni O‘zbekistondan tashqariga xizmat safariga yuborish bilan bog‘liq operatsiyalarda.
Xorijiy kompaniyalarning vakolatxonalari va filiallari ham naqd valutani shu asosda olishlari mumkin: xodimlarni xizmat safariga yuborishda. Diplomatik vakolatxonalar boshqa maqsadlar uchun valutani banklarga rasmiy xat asosida olishlari mumkin.
Banklar shikastlangan kupyuralarni muomaladan chiqaradi
39-bandga xatboshi qo‘shildi: banklar tomonidan 37 va 38-bandlarda ko‘rsatilgan shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalarning qayta muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Ilgari bank mijozga qaytim sifatida, hisobvaraqdan yechib berishda yoki ayirboshlash paytida yopishtirilgan, yirtiq yoki mayda dog‘lari bor kupyurani berishi mumkin edi. Bunday banknota rasman qonuniy to‘lov vositasi hisoblanardi. 22 apreldan boshlab shikastlanish belgilari bor barcha kupyuralar bank tomonidan inkassoga yuboriladi. Mijozga faqat toza banknotalar beriladi.
Quyidagi shikastlanish belgilariga ega banknotalar muomalaga chiqarilmaydi:
Mijozning huquqi o‘zgarishsiz qoldi. Bank muomalaga yaroqli bo‘lgan shikastlangan kupyurani ayirboshlashni rad etmaydi. Muomalaga yaroqsiz banknota bank tomonidan inkassoga qabul qilinadi. Bu asosiy qoidalarning 35-bandida mustahkamlangan.
Xorijliklar nosavdo tusdagi o‘tkazmalarni amalga oshirishi mumkin
Fuqarolikka bog‘liqlik olib tashlandi. Endi O‘zbekiston bankida hisobvarag‘i bo‘lgan jismoniy shaxs boshqa jismoniy shaxslarning O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlariga nosavdo tusdagi valuta o‘tkazmalarini qabul qilishi va yuborishi mumkin.
Xorijiy investorlar birgina murojaat bilan daromadlarini chiqarib olishlari mumkin
23-bandga uchta yangi xatboshi qo‘shildi. Ular PF-254 farmoniga bog‘langan bo‘lib, norezidentlar uchun O‘zbekiston fond bozorida ishlashni soddalashtiradi.
Xorijiy investor quyidagi hollarda repatriatsiya uchun valutani sotib olishi mumkin:
fond birjasida qimmatli qog‘ozlarni sotishdan olingan daromadlar;
dividendlar;
foizlar va kuponlar;
obligatsiyalarni so‘ndirish;
qimmatli qog‘ozlardan olingan boshqa daromadlar.
Bank investor murojaati asosida valuta sotib oladi. Tuzatish kiritilishidan oldin tasdiqlovchi hujjatlar to‘plami va har bir operatsiyani alohida kelishish talab qilinardi.
Xorijiy sayyohlar QQSni naqd chet el valutasida qaytarib olishadi
22 apreldan boshlab qoidalarda bank hisobraqamidan naqd valuta berish uchun yangi asos joriy etildi. Xorijiy fuqarolar bank orqali Tax Free to‘g‘risidagi qonunchilik belgilaydigan tartibda QQSni naqd valuta shaklida qaytarib oladilar.
Xorijiy sayyohlar QQS qaytarmasini kartaga, o‘tkazmalar yoki vaucherlar orqali olardi. Endi esa bank kassalari orqali naqd pul shaklida qaytarib olish mumkin bo‘ldi.
Qo‘shimcha ravishda, 46-bandga norezident jismoniy shaxslardan naqd valuta qabul qilish haqida yangi xatboshi kiritildi. Agar chet ellik fuqaro 45-bandning oltinchi, yettinchi yoki sakkizinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha valuta kiritsa, bank uni nafaqat standart hujjatlar to‘plami asosida, balki mablag‘larning qonuniy manbasini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida ham qabul qiladi.
Markaziy bank butun valuta bozorini FERUz’ga bog‘lamoqda
21-bandga «Valuta operatsiyalarini hisobga olish» (FERUz) tizimi faoliyatiga oid xatboshi qo‘shildi. Endi banklar valuta oldi-sotdisiga oid barcha operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni ushbu tizimga kiritadilar:
banklar o‘rtasidagi;
mijozlar bilan;
valuta svoplari bo‘yicha;
derivativlar bo‘yicha.
Endi tizim butun valuta bozorini ko‘radi: naqd, naqdsiz, banklararo va muddatli bozorlarni.
33-bandda FERUz tizimiga ulanish tartibi bayon qilingan. Banklar ayirboshlash kassalari, bank ofislari, chakana bo‘linmalar va valuta ayirboshlash shoxobchalari haqidagi ma’lumotlarni Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasiga taqdim etadilar. Bosh boshqarma obektlarni besh bank ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tkazib, ma’lumotlarni Markaziy bankka yuboradi. Markaziy bank esa yana besh bank ish kuni ichida ushbu ma’lumotlarni tizimga kiritadi. Bankomatlar orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar FERUz tizimidan ozod qilingan.
Banklar svoplar va derivativlar bo‘yicha bitimlarni ISDA standartlari asosida tuzadi
10-band qayta yozildi. Markaziy bank va banklar valuta svoplari va derivativlar bo‘yicha bitimlarni uch yo‘l bilan tuzadilar: to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro, o‘z mijozlari bilan yoki valuta birjasi orqali. Xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasi (International Swaps and Derivatives Association, ISDA)ning namunaviy shartlari yoki birjaning ichki qoidalari asos sifatida qo‘llaniladi.
Mijoz valuta sotib olish bo‘yicha arizadagi xatoni qayta ariza topshirmasdan tuzatadi
24-bandga ikkinchi xatboshi qo‘shildi. Agar valuta sotib olish bo‘yicha ariza 23-band talablariga zid ravishda rasmiylashtirilgan bo‘lsa, mijoz unga texnik tuzatish kiritadi. Bank arizani rad etmaydi.
Ilgari bank noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan arizani rad etardi. Yuridik shaxs hujjatlarni qaytadan to‘plab, qayta ariza topshirishi kerak edi. Endi esa kompaniya xatoni tuzatadi va aynan shu ariza bilan ishni davom ettiradi.
24-bandning uchinchi xatboshisidan «va tasdiqlanadi» degan ibora chiqarib tashlandi. Ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytning o‘zida qabul qilingan hisoblanadi.
Barcha banklar yagona qoidalar asosida ishlaydi
Qarordagi barcha tegishli bandlarda «tijorat banklari» degan so‘zlar «banklar» degan so‘zga almashtirildi.
Ushbu o‘zgarish tartibga solishni birlashtiradi. Endi O‘zbekistondagi barcha banklar — tijorat, ixtisoslashgan va davlat banklari valuta operatsiyalari bo‘yicha yagona qoidalar asosida ishlaydi. Ilgari ayrim me’yorlar faqat tijorat banklariga nisbatan qo‘llanilardi.
Iqtisodiyot
Markirovkali suv va ichimliklarni agregatsiyalash kechiktiriladi
Tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgan suv va ichimliklarni majburiy agregatsiyalash amaliyoti kechiktiriladigan bo‘ldi. Bu haqda prezident huzuridagi yig‘ilishdan keyin biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev ma’lum qildi. Soliq qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, markirovka talablarini buzganlik uchun sanksiya yumshatiladi.
O‘zbekistonda 1 apreldan suv va salqin ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiya kuchga kirgan va bu tadbirkorlarda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lib kelayotgan edi. 5 may kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda bu yangi talabni amaliyotga majburiy joriy etishni kechiktirish masalasi ko‘tarildi.
Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, prezident tomonidan tadbirkorlik muhitiga ta’sir qilayotgan muammolarni o‘rganish borasida topshiriq berilgan. Taqdimotda 15 ta masala ko‘tarilgan. Ulardan biri – markirovkalangan suv va ichimliklarni agregatsiyalash.
“2026 yil 1 apreldan boshlab markirovka tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu, ayniqsa, suv ishlab chiqaruvchi korxonalarga ta’sir o‘tkazyapti. Korxonalarni tahlil qilganimizda 90 foiz bozorni egallagan 10 ta yirik ishlab chiqaruvchining 5 tasi ushbu jarayonga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi. Prezidentimizga buni aytganimizda, cho‘zish bo‘yicha taklif berdilar. Bu jarayon 2 marta cho‘zilgan. 2024 yil apreldan 2026 yilgacha. “Mayli, yana cho‘zamiz, qachonki tadbirkorlarimiz tayyor bo‘lganda yo‘lga qo‘yiladi”, dedilar”, – deydi Bo‘riyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, taqdimotda tadbirkorlarni qiynayotgan peshlavhalar, dizayn kod masalalari ham muhokama qilingan. “Tadbirkorlarning ovozini yetkazdik, hammasini prezidentimiz qo‘llab-quvvatladi”, – dedi biznes ombudsman.
Abdumannop Bo‘riyev
Soliq qo‘mitasining Soliq solish metodologiyasi departamenti direktori Aziz Umrzoqov yig‘ilishda raqamli markirovkalash borasida ikkita masala muhokama qilinganini ma’lum qildi.
“Tovarning ishlab chiqaruvchidan ulgurji sotuvchi, undan keyin yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan harakatini kuzatish imkonini beruvchi tizim yetarli darajada yuqori texnologik ekanidan kelib chiqib, qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun bunday vositalarni samarali joriy etish muddatini kechiktirishga qaror qilindi”, – dedi u.
Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab tadbirkorlarni markirovka bo‘yicha tashvishga solgan ikkinchi masala – ularga qo‘llanadigan jarimalar miqdori ham muhokama qilingan.
“Prezident uni kamaytirish tashabbusini ilgari surdi, ya’ni ishlab chiqaruvchilar, ulgurji sotuvchilar hamda import qiluvchilar uchun sanksiyalar kamaytiriladi, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari uchun esa jarimalar daromad summasidan kelib chiqib emas, balki qat’iy belgilangan summada bo‘ladi”, – dedi Soliq qo‘mitasi mas’uli.
O‘zbekistonda ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimi joriy etilishi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Joriy yil 1 apreldan boshlab ichimliklar uchun majburiy agregatsiya talabi ham kuchga kirdi. Bu tizim mahsulot harakatini bosqichma-bosqich kuzatish va yashirin aylanmani qisqartirishni maqsad qiladi, biroq bozor ishtirokchilari yangi tartibni amaliyotga joriy etishda qator muammolar borligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq soliq maslahatchilari Nodirbek Xo‘jabekov va Murod Muhammadjonov ham Kun.uz’ga bergan intervyusida markirovkalashga oid talablar amaliyotda nimalarga olib kelayotgani haqida gapirib o‘tgandi.
Iqtisodiyot
Raqobat qo‘mitasi peshlavhalarga oid hujjat loyihasini e’lon qildi
Tegishli nizom loyihasiga ko‘ra, peshlavhalar reklama hisoblanmaydi. Peshlavha uchun reklama joyining pasportini olish va to‘lov qilish talablari bekor qilinadi. Loyiha 25 aprel kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, Raqobat qo‘mitasi bu haqda 6 may kuni xabar berdi va tadbirkorlarni muhokamada faol qatnashishga chaqirdi. Bir kun oldin muammo yechimi davlat rahbari huzurida ko‘rib chiqilgan edi.
Foto: Chilonzor tumani hokimligi
Tashqi reklamani joylashtirish tartibi tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita tashqi axborot vositalarini, xususan peshlavhalarga oid tartiblarni nazarda tutuvchi “Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Hujjat bilan amaliyotda turli kelishmovchilikni keltirib chiqarayotgan va qonunchilikdagi bo‘shliq hisoblangan ayrim jarayonlarga va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda.
Xususan, “tashqi axborot vositasi, “tashqi yozuv”, axborot ko‘rsatkichi”, “peshlavha”, “e’lon”, “ma’lumotlar taxtasi” kabi tushunchalarga aniq tarif berilmoqda.
Bunda, “tashqi axborot vositasi” va “tashqi yozuvlar” tashqi muhitga qaratilgan hamda tijorat maqsadi ko‘zlanmagan axborot, ya’ni reklama tusiga ega bo‘lmagan vositalar hisoblanib, tashqi axborot vositalarini ularga reklama yoki tijorat tusiga ega bo‘lgan axborot yoki tasvirni joylashtirish orqali o‘rnatishga va foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, peshlavhalar – savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlarida faoliyati tasnifi (tashkilot nomi, ixtisoslashuvi) to‘g‘risidagi ma’lumot hisoblanib (misol uchun: dorixona, sartaroshxona, AYoQSh, milliy taomlar, supermarket, shifoxona, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari do‘koni), bunday peshlavhalar tashqi reklama obekti hisoblanmaydi va reklama joyining pasportini olish shart emas.
Ya’ni, muayyan tadbirkorlik sub’yekti egallab turgan binoning tashqi tomonida binoga kirish joyida o‘zi va faoliyat turi (ixtisosligi) to‘g‘risida joylashtirilgan yoki mazkur tadbirkorning mahsuloti haqida shu bino vitrinasidagi axborot (peshlavha) reklama hisoblanmaydi va buning uchun tegishli ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlarni olish hamda to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmaydi.
Loyiha muhokamasi joriy yilning 25 aprelidan boshlangan va 10 mayga qadar davom etadi.
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlik sub’yektlarini hujjat loyihasi bo‘yicha muhokamada o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda tadbirkorlik sub’yektlarining peshlavhalarini ommaviy buzib tashlash kampaniyasi tadbirkorlar e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi. 5 may kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda bu muammo ham ko‘tarilib, peshlavhani reklama deb baholash va pasport rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadigan bo‘ldi.
Iqtisodiyot
Dollar to‘xtovsiz o‘sib bormoqda
Dollar to‘xtovsiz o‘sib bormoqda
Source link
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda mol go‘shti narxi jahon narxlari bilan taqqoslandi
Mamlakat 101 ta davlat ichida 66-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston mol go‘shti nisbatan arzon mamlakatlar ro‘yxatiga kirdi. Bu Numbeo portali ma’lumotlaridan oydinlashmoqda.
5 may kuni yangilangan reytingda 101 ta davlat ishtirok etgan. O‘zbekiston mol go‘shtining bir kilogrammi 10,86 dollar (≈130 ming so‘m) narx bilan 66-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda go‘sht possovet hududining boshqa mamlakatlariga qaraganda qimmatroq, masalan, Ozarboyjon (10,53 dollar), Belarus (9,25 dollar), Qozog‘iston (8,72 dollar).
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, eng qimmat mol go‘shti Shveytsariya (45,58 dollar), Norvegiya (32,89 dollar) va Lyuksemburgda (27,65 dollar) sotiladi. Umuman olganda, aksariyat rivojlangan mamlakatlarda go‘sht O‘zbekistonga qaraganda 3-4 baravar qimmatroq. Reytingning dastlabki 15 ta qatorini mol go‘shti 20 dollardan qimmat bo‘lgan davlatlar egallagan. Bular Yevropa davlatlarining bir qismi (Germaniya, Shvetsiya, Fransiya, Finlyandiya, Avstriya, Italiya, Belgiya va boshqalar), shuningdek, Isroil, Janubiy Koreya va Singapurdir.
Reytingga ko‘ra, mol go‘shti eng arzon davlatlar – Pokiston (4,68 dollar), Nigeriya (4,73 dollar) va Keniya (5,23 dollar).
Numbeo – bu foydalanuvchilar tomonidan yaratilgan ma’lumotlar bazasi bo‘lib, u dunyoning turli shaharlari va mamlakatlarida yashash narxi haqidagi raqamlarni to‘playdi va e’lon qiladi. Xizmat asosan foydalanuvchilarning o‘z ma’lumotlaridan, shuningdek, qisman rasmiy statistikadan foydalanadi. Shuning uchun reytingdagi raqamlar vaziyat haqida umumiy tasavvur beradi, lekin har doim ham aniq bo‘lavermaydi.
Iqtisodiyot
Charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 12 trln so‘mga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev charm-poyabzal sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda soha korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha qator choralar ko‘rildi. Joriy yil birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish 25 foizdan oshdi. 2030- yilga qadar charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trillion so‘mga, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 12 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, sohada ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Respublikada katta hajmda teri va jun xomashyosi hosil bo‘layotgan bo‘lsa-da, ularni chuqur qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, qo‘y va echki terisini qayta ishlash darajasi 30 foiz atrofida. Yiliga tayyorlanadigan 40 ming tonna jun xomashyosining esa atigi 6 ming tonnasi, ya’ni 15 foizi qayta ishlanmoqda.
Taqdimotda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu zonalarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Sanoat zonalari boshqaruvi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi huzurida tashkil etiladigan maxsus direksiyaga yuklatiladi.
Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga javob beradigan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi. Respublikadagi 32 ta terini qayta ishlash korxonasida suv tozalash inshootlarining 70 foizi eskirgan, yagona markazlashgan tizim mavjud emas. Shu bois, yangi zonada markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha tozalangan suvni texnologik jarayonlarda qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.
Xomashyo bazasini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shni davlatlardan mol terisini markazlashgan holda import qilish, bu jarayonda tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘maklashish, transport xarajatlarini kompensatsiya qilish va qayta ishlovchi korxonalarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash taklif etildi.
Mayda shoxli mol terilarini yig‘ish va birlamchi qayta ishlash tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yig‘ish va birlamchi ishlov berish punktlarini tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini rag‘batlantirish choralari ko‘rib chiqildi.
Jun xomashyosini qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha Sirdaryo viloyatida yangi kompleks tashkil etish taklif qilindi. Uning quvvati 30 ming tonna junni qayta ishlashga mo‘ljallanadi. Loyiha ishga tushsa, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qo‘shilgan qiymat bir necha barobarga oshadi, eksport va ish o‘rinlari ko‘payadi.
Poyabzal, shu jumladan, maxsus poyabzal ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlar bilan kooperatsiya va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda sun’iy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jahon bozorida yirik brendlar ekologik talablar, narx va texnologik qulayliklar nuqtai nazaridan sun’iy charmdan foydalanishni kengaytirmoqda.
Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida 50 million pogon metr mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ichki talabning katta qismi qoplanadi, eksport oshadi.
Davlatimiz rahbari sohaga berilgan imtiyozlar o‘z-o‘zidan natija bermasligini, har bir korxona, loyiha va bozor bo‘yicha aniq hisob-kitob va amaliy harakat zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilar va hududlar rahbarlariga korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, quvvatlardan to‘liq foydalanish, import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqaro sertifikatlar olishda tadbirkorlarga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonning ikki qo‘shnisi bilan tutashgan chegarasida «Tinchlik parki» tashkil etilishi mumkin
-
Dunyodan3 days ago
Sudya Terranovaning o’ldirilishi
-
Sport5 days ago
FIDE reytingi yangilandi: ikki o‘zbekistonlik «top-5»talikda!
-
Jamiyat4 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
-
Jamiyat4 days agoDiyetolog qarishning asosiy «dushmani»ni ma’lum qildi
-
Dunyodan5 days ago
Smartfonlar nutqni o’ldiradiganmi?
-
Dunyodan5 days ago
AQShning Eronga iqtisodiy bosimi: inqiroz davom etadimi?
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich
