Jamiyat
Uzcard va “Elkart” O‘zbekiston va Qirg‘izistonni transchegaraviy pul o‘tkazmalari xizmati bilan bog‘ladi
O‘zbekistonning Uzcard va Qirg‘izistonning “Elkart” to‘lov tizimlari o‘z kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi. Xizmatdan hozircha ikki davlatdagi bittadan ilovada foydalanish mumkin.
O‘zbekistonning Uzcard (“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ) va Qirg‘izistonning “Elkart” (“Banklararo protsessing markazi” AJ) to‘lov tizimlari o‘z kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi.
Uzcard xabariga ko‘ra, yangi xizmat ikki operator o‘rtasidagi hamkorlik natijasi bo‘lib, chegaradosh davlatlar fuqarolari uchun moliyaviy aloqalarni mustahkamlash va qulaylikni oshirishga qaratilgan.
Foydalanuvchilar endilikda Uzcard kartasidan “Elkart” kartasiga va aksincha yo‘nalishda pul o‘tkazishi mumkin. Qayd etilishicha, transchegaraviy operatsiyalarda “qulay valuta kursi” taklif etiladi.
O‘zbekistonda dastlabki bosqichda bu xizmatdan Unired (Universalbank) ilovasi orqali foydalanish mumkin. Kelgusida O‘zbekistondagi boshqa tijorat banklari ham ulanishi rejalashtirilgan. Qirg‘izistonda esa xizmat Elcard Mobile ilovasida mavjud.
Uzcard’ni boshqaruvchi UCMG kompaniyasining tijorat direktori Olimjon Zokirov transchegaraviy o‘tkazmalar ishga tushirilishini “mintaqaviy to‘lov hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam” deb atadi.
“Elkart” bilan hamkorlikda ikki davlat fuqarolari uchun kundalik moliyaviy operatsiyalarni yanada oddiy, qulay va ishonchli qiladigan infratuzilmani barpo etmoqdamiz”, – dedi Zokirov.
“Banklararo protsessing markazi” AJ (“Elkart”) raisi Turatbekov Oltimish bugungi kunda davlatlar, qarindoshlarni birlashtiradigan yechimlar har qachongidan ham muhimligini aytdi.
“Elkart” va Uzcard kartalari o‘rtasidagi yangi pul o‘tkazmalari xizmati ochiqlik va qulaylik sari tashlangan navbatdagi qadamdir. Ishonchimiz komilki, mazkur xizmat mehnat qiluvchi migrantlar hamda ikki davlat chegarasidagi yaqinlariga yordam ko‘rsatadigan fuqarolar uchun foydali bo‘ladi”, – dedi u.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Uzcard Forum” doirasida ikki tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.
Jamiyat
Yaponlar o‘z uyida qanday qilib mukammal ozodalikni saqlaydi?
Bu mamlakatda uyni tozalash og‘ir mehnat hisoblanmaydi.
Yaponiyada biz tushunadigan ma’nodagi «uyni katta tozalash» tushunchasi deyarli noma’lum, ammo uylar hech qanday qiyinchiliksiz ozoda bo‘lib qoladi.
Buning siri qimmat vositalar yoki murakkab texnikalarda emas, balki odamlarning kundalik hayotiga kirib borgan oddiy odatlarda.
Ta’kidlanishicha, yaponlar an’anaviy tozalash ishlariga soatlab vaqt sarflash o‘rniga har kuni 5-10 daqiqa tozalash qoidasiga amal qiladi.
Kichik, ammo muntazam harakatlar, masalan, narsalarni tartibga keltirish, foydalanilgandan so‘ng darhol yuzalarni artish yoki xonalarni har kuni shamollatish uyni iflos bo‘lishiga imkon bermaydi.
Shuningdek, bu mamlakatda ta’lim muhim rol o‘ynaydi, maktablarda bolalar ozodalikka o‘rgatiladi, gigiyena odatga aylanadi. Shuning uchun uyni parvarish qilish og‘ir mehnat sifatida emas, balki bo‘shashtiruvchi va samarali faoliyat sifatida qabul qilinadi.
Yaponiyadagi uylarda tartib va gigiyenani saqlaydigan to‘rtta asosiy odat:
– Ko‘chada kiyiladigan poyabzal uyga kirmaydi;
– Kundalik «soudzi» – har bir buyumning o‘z o‘rni bor, keraksiz narsalar tashlab yuboriladi;
– Darhol tozalash – yuzalar artiladi va idishlar ishlatilgan zahoti darhol yuviladi;
– Tez-tez shamollatish – toza havo changning cho‘kishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Natijada, minimal, ammo doimiy sa’y-harakatlar bilan saqlanadigan ozoda, keng va yoqimli makon paydo bo‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
Qarshi shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan taksi haydovchilarini aldash bilan shug‘ullangan firibgarlar fosh etildi. Ular o‘zlarini yo‘lovchi sifatida ko‘rsatib, turli bahonalar orqali haydovchilardan pul va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchilar maxsus mobil ilovalar orqali taksi buyurtma qilgan. Manzilga yetib kelgan haydovchilardan esa “naqd pul yo‘qligi”ni bahona qilib, mablag‘ni karta orqali o‘tkazishni so‘ragan. Shu orqali ular haydovchilarning bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS orqali keladigan tasdiq kodlarini qo‘lga kiritgan.
Operativ tadbirlar davomida mazkur jinoyatlarga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida yashovchi 22 yoshli shaxs aniqlanib, u qilgan jinoyatlarini tan olgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mashhur kompaniyalar nomidan tarqatilayotgan soxta aksiyalar ham aniqlangani xabar qilingan edi. Bunday holatlarda fuqarolarga kvartira, vaucher yoki bepul internet trafigi va’da qilinib, aslida ularning shaxsiy va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritish maqsad qilingan.
Jamiyat
Afg‘onistondan kartoshka ko‘rinishida olib o‘tilayotgan 72 kg gashish fosh qilindi
Termiz tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi yuk mashina chegarada ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uning yukxonasidagi kartoshkalar orasidan kartoshka ko‘rinishida yasalgan 72 kg gashish topilgan. Ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Surxondaryoda Afg‘onistondan Rossiyaga olib ketilayotgan katta miqdordagi narkotik modda fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz tumanida yashovchi 25 yoshli haydovchi boshqaruvidagi MAN yuk mashinasi Afg‘onistondan “Termiz-avtomobil yo‘li” xalqaro o‘tkazish punktiga kirib kelgan vaqtda DXX Chegara qo‘shinlari va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jarayonda mashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi ma’lum bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsuloti sinchkovlik bilan tekshirilganda ularning orasiga kartoshka ko‘rinishida yasalgan 222 dona bo‘lakdan iborat 72 kg 300 gr gashish yashirilganligi aniqlangan. Narkotik modda protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, katta miqdordagi ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda 38 kilogrammga yaqin narkotik modda aniqlangandi.
Jamiyat
Ayrim ko‘chalarda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarish kiritiladi
Elektr ta’minotini yaxshilash hamda iste’molchilarga sifatli elektr xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida 2026 yil 24 martdan 31 martga qadar Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mingbuloq va Shukur Burhonov ko‘chalarida yerosti kabel tarmoqlarini tortish ishlari olib boriladi.
Shu munosabat bilan mazkur hududda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarishlar kiritiladi. Xususan, Mingbuloq ko‘chasining Hamroyeva ko‘chasidan kirish qismida harakat vaqtincha cheklanadi. Avtoulovlar yo‘lning ikkinchi bo‘lagidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanadi. Shuningdek, Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan Mingbuloq ko‘chasiga harakatlanish imkoniyati saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, Mingbuloq ko‘chasidan Shukur Burhonov ko‘chasiga harakatlanish ham vaqtincha cheklanadi.
Mas’ullar haydovchilardan belgilangan tartib va tezlik me’yorlariga qat’iy amal qilgan holda harakatlanishni so‘ramoqda. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘raldi.
Jamiyat
Shahrisabz tumanida qor ko‘chkisi kuzatildi
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hududida joylashgan Hisor tog‘ tizmasida yirik qor ko‘chkisi qayd etildi. Hodisa 2026 yil 23 mart kuni taxminan soat 16:25 larda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, qor ko‘chkisi dengiz sathidan 3000 metr balandlikda boshlanib, umumiy hajmi taxminan 700 ming kub metrni tashkil etgan. Ko‘chki aholi yashash hududidan taxminan 5 kilometr uzoqlikda yuz bergan.
Hodisa oqibatida hech qanday qurbonlar yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan. Shuningdek, infratuzilma va aholi turar joylariga zarar yetmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bahor mavsumida tog‘li hududlarda qor ko‘chkilari xavfi saqlanib qoladi. Shu munosabat bilan fuqarolarga ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish tavsiya etilmoqda.
-
Dunyodan5 days ago
Isroil Livan janubida quruqlikdan operatsiya boshladi
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birlarini tabrikladilar
-
Jamiyat4 days agoCoca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
-
Mahalliy5 days agoRo‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
-
Jamiyat3 days agoImom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)
-
Iqtisodiyot5 days ago
Xizmatlar bozorining qariyb 40 foizi Toshkentda — statistika
