Iqtisodiyot
Uzbekistan Airways’dan “O‘zbektelekom”gacha. Qator davlat kompaniyalari sotuvga chiqariladi
O‘zbekistonda transport, energetika, kommunal va telekommunikatsiya xizmatlari kabi sohalardagi 13 ta yirik davlat kompaniyasi IPO o‘tkazadi. Ommaviy savdoga chiqariladigan aktivlar qiymati 2,44 mlrd dollarga baholanyapti. Kompaniyalar 2030 yilgacha o‘z sof foydasining kamida 50 foizini aksiyadorlarga bo‘lib beradi. Dastlabki to‘lovlar 2027 yildan boshlanishi kutilyapti.
Yaqin kunlarda har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun mamlakatdagi qator yirik kompaniyalar, xususuan, Uzbekistan Airways, “O‘zbektelekom” kabi tashkilotlarning bir qismiga egalik qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston milliy investitsiya fondi o‘zining aksiyalarini ochiq savdoga chiqarishini e’lon qildi. Soddaroq tilda aytadigan bo‘lsak, davlat o‘zining yirik va daromadli kompaniyalarini katta «hamyon»ga jamlab, shu hamyonning bir qismini mahalliy investorlarga va xorijiy sarmoyadorlarga sotishni rejalashtiryapti.
“Katta hamyon”da nimalar bor?
O‘zbekiston milliy investitsiya fondi 2024 yil avgust oyida mamlakatdagi eng yirik korxonalardagi davlat ulushlarini boshqarish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan. Tuzilmaning yagona aksiyadori Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi. Vazirlik jamg‘armani dunyo bo‘ylab 1,74 trln dollar qiymatdagi aktivlarni boshqaradigan AQShning Franklin Templeton kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga topshirgan.
UzNIF portfelidagi ulushlarning jami sof aktivlar qiymati 2025 yil 31 dekabr holatiga 2,44 mlrd dollarga baholangan va qiymatdagi minoritar aksiyalaridan iborat:
Bu yerda eng e’tiborli jihat – kafolatlangan daromad! Jamg‘arma aksiyadorlar uchun juda jozibador shartni e’lon qildi: UzNIF tarkibidagi kompaniyalar 2030 yilgacha o‘z sof foydasining kamida 50 foizini aksiyadorlarga bo‘lib beradi. Dastlabki to‘lovlar 2027 yildan boshlanishi kutilyapti.
Qimmatli qog‘ozlar bir vaqtning o‘zida ikkita platformada sotilishi kutilmoqda: oddiy aksiyalar — “Toshkent” respublika fond birjasida, global depozitar tilxatlar — London fond birjasining asosiy bozorida.
UzNIF portfelidagi kompaniyalarning quyidagi 6 tasi 2028 yilgacha individual tarzda IPO o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan: Uzbekistan Airways, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “O‘zbektelekom”, “O‘zbekgidroenergo”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot”.
Bu davlatga nima beradi?
Davlatga yangi maktablar, kasalxonalar qurish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun doim pul kerak. Bu pullarni chet eldan qarzga olish mumkin, lekin olingan kreditni foizi bilan qaytarish ham bor. Korxonalarning bir qismini sotish orqali esa davlat hech qanday qarz olmasdan, o‘z g‘aznasiga milliardlab mablag‘ yig‘a oladi.
Qolaversa, global miqyosida tan olingan bir haqiqat bor: 100 foiz davlatga tegishli korxonalarda ko‘pincha rivojlanish sekin bo‘ladi, chunki raqobat yo‘q. Aksiyalar sotilib, kompaniya ichiga xususiy investorlar kirib kelgach, ular tashkilotdan yaxshi ishlashni va ko‘proq foyda keltirishni talab qila boshlaydi. Natijada kompaniya zamonaviylashadi va unumdorlik oshadi.
Shu paytgacha odamlarda ham pulni saqlash va ko‘paytirish uchun tanlov kam edi: yo uy sotib olish, yo dollar qilib saqlash, yoki bankka omonatga qo‘yish. Endi esa yangi imkoniyat – davlatning eng yirik kompaniyalariga sarmoya kiritish va ularning foydasiga sherik bo‘lish imkoni paydo bo‘lyapti.
Xulosa qilib aytganda bu ishlar O‘zbekiston iqtisodiyotini yopiq, faqat davlat buyrug‘i bilan ishlaydigan tizimdan – ochiq, bozor qonunlari va raqobat asosida ishlaydigan zamonaviy tizimga o‘tkazish uchun qilinyapti.