Dunyodan
Ukraina AQSh manfaatlari uchun Yaqin Sharqqa uchuvchisiz samolyotlar yuboradi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakati Iordaniyadagi AQSh harbiy bazalarini himoya qilish uchun dronlar va ekspertlarni yuborganini ma’lum qildi. Bu haqda u New York Times gazetasiga bergan intervyusida aytdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomoni bu borada yordam so‘rab murojaat qilgan. Ukraina esa dronlar va ularni boshqarish bo’yicha ekspertlar guruhini yubordi.
“AQSh payshanba kuni biz bilan bog‘landi, ekspertlar guruhi ertasi kuni jo‘nab ketdi”, — dedi Ukraina prezidenti.
Gazetaning yozishicha, AQSh hukumati Ukrainaning yordam soʻrashiga hozircha hech qanday rasmiy izoh bermagan.
“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, AQSh, Isroil va Eron o’rtasidagi mojaro xalqaro hamjamiyatni Ukraina urushidan chalg’itishi mumkin. Shu bilan birga, u Kiyev uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ukraina AQSh va uning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini Eron dronlaridan himoya qilish uchun tajriba va texnologiya taqdim etdi.
Ma’lumki, Rossiya Ukrainada bir necha yillardan beri Eronda ishlab chiqarilgan hujumchi dronlardan foydalanib keladi. Shu bois Ukraina bu turdagi tahdidlarga qarshi kurashda katta tajribaga ega bo‘ldi.
Nashrning yozishicha, Kiyev AQSh vositachiligidagi tinchlik muzokaralarida o‘z pozitsiyasini mustahkamlamoqchi.
Hozirda Ukraina va AQSh o’rtasidagi munosabatlar biroz tarangligicha qolmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp yaqinda Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik kelishuviga erishish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri ekanini aytdi.
Prezident Zelenskiy Ukraina Yaqin Sharq davlatlariga yordam berish orqali diplomatik yordam olishni xohlashini aytdi. Uning qayd etishicha, mintaqadagi ayrim davlatlar Rossiya bilan mustahkam aloqalarga ega.
Shu bilan birga, u Eron bilan ziddiyat Ukrainaga mudofaa qurollarini yetkazib berish jarayoniga ham taʼsir qilishi mumkinligini taʼkidladi. Kiyev, shuningdek, dronlarni boshqa zamonaviy havo mudofaa tizimlari bilan almashtirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.