Jamiyat
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
Yuk tashish qoidalari bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramasdan, ortilgan yukni to‘g‘ri yopmasdan harakatlanib yo‘l qoplamasini ifloslayotgan haydovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida jarimalar qo‘llanilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar bilan yuk tashish qoidalari, ortilgan yukning ustki qismi qay tarzda yopilishi shartlari yuzasidan targ‘ibot va tashviqot ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
Shunga qaramay, ayrim yuk tashish transport vositalari haydovchilari tomonidan belgilangan talablarga rioya etilmasligi natijasida poytaxt ko‘chalarining ifloslanishi, yo‘l qoplamasining loy va chiqindilar bilan qoplanishi holatlari kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Toshkent shahar IIBB YHXB axborotiga ko‘ra, yuk tashish qoidalarini buzgan, ortilgan yuk ustini to‘g‘ri yopmasdan harakatlangan haydovchilarga nisbatan MJtKning 125¹-moddasi va 147-moddalariga muvofiq ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, MJtKning 147-moddasida yo‘l qoplamasini ifloslantirish, shuningdek yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, mansabdor shaxslarga – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yuk tashuvchilardan belgilangan me’yor va qoidalarga qat’iy rioya qilishni, yukni to‘g‘ri mustahkamlash va ustini yopish orqali yo‘llar hamda shahar muhitiga zarar yetkazmaslikni so‘ramoqda.
Jamiyat
Buxoro va Surxondaryoda Afg‘onistondan kontrabanda qilingan opiyning katta partiyasi aniqlandi
Buxoroda haydovchi Lacetti mashinasining motor qismiga qariyb 1 kg opiy yashirgani fosh bo‘ldi. U giyohvand moddani Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsdan olgani aniqlanib, tadbir davom ettirilgan. Ikkinchi shaxsning yonidan muqaddam Afg‘onistondan kontrabanda qilingan 5 kg va yashash xonadonidan esa 7 kg opiy topilgan.
Buxoro va Surxondaryoda qariyb 13 kg giyohvand moddaning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Buxoro va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda bojxona idoralari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Buxoro shahrida yashovchi 32 yoshli shaxs shaxs boshqaruvidagi Lacetti “Surxondaryo–Buxoro” yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida Kogon tumani hududida to‘xtatilgan.
Mashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning motor qismidagi havo filtri ostiga 993 gr opiy yashirib qo‘yilgani fosh etilgan.
Muqaddam ham narkojinoyat sodir etgani uchun sudlangan haydovchi narkotik moddani Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 46 yoshli shaxsdan olgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ikkinchi shaxs ham ushlangan. Uning yonidan muqaddam Afg‘onistondan kontrabanda qilingan 5 kg va yashash xonadonidan esa 7 kg opiy topilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Afg‘onistondan olib kelingan qariyb 9 kg opiy musodara qilingandi.
Jamiyat
May oyida qanday ob-havo kutiladi? «O‘zgidromet» izoh berdi
Kelayotgan may oyida kutilayotgan ob-havo ma’lumoti e’lon qilindi.
Bu yil may oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Birinchi besh kunlikda respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda momaqaldiroq va kuchli shamol bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi. Havo harorati asosan kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 22-27 daraja bo‘ladi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha harorat kechalari 13-18 darajadan 18-23 darajagacha, kunduz kunlari 25-30 darajadan 30-35 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 36-38 darajagacha o‘zgarib turadi. Ushbu davrning ayrim kunlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
2026-yil may oyida o‘rtacha oylik harorat iqlimiy me’yordan 1,5-2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Iqlimiy xususiyatlarga ko‘ra (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha qiymatlar), may oyi aprel oyiga nisbatan 4–6 darajaga iliqroq bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha harorat oyning birinchi yarmida 24-27 darajani, ikkinchi yarmida esa 28-31 darajani tashkil etadi. Deyarli har yili may oyida yozga xos issiq davrlar harorat 34-37 darajagacha ko‘tarilishi kuzatiladi.
Meterologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyi haroratining mutlaq maksimumlari 38-41 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa ba’zi joylarda 43-45 darajani tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida may oyidagi harorat rekordlari yaqin orada – 2020, 2021 va 2025-yillarda yangilandi.
May oyida yomg‘irlar, ko‘pincha, qisqa muddatli tavsifga ega bo‘lib, deyarli har doim momaqaldiroq va kuchli shamol bilan kuzatiladi.
Jamiyat
Elchining tarixiy xotiralari chop etildi
Shu kunlarda “Yangi sahifa” nashriyotida taniqli diplomat Yodgorxo‘ja Shodmonovning “Ikki qutb orasida” nomli kitobi chop etildi. Har bir insonning o‘z hayot yo‘li, manzillari va yorqin xotiralari bo‘ladi. Ammo shunday kasblar borki, ular nafaqat sharafli, balki nihoyatda mas’uliyatlidir – elchilik faoliyati ana shunday sohalardan biri.
2005-2009 yillarda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Bosh konsul, 2012-2021 yillarda esa O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida sermahsul faoliyat yuritgan muallifning ushbu asari ham tarixiy, ham ilmiy va badiiy jihatdan beqiyos qimmatga ega. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda diplomat Abror G‘ulomovning avtobiografik asari nashr etilib, xalqimizga armug‘on qilinganiga guvoh bo‘lgan edik. Endilikda ushbu an’ananing Yodgorxo‘ja Shodmonov tomonidan davom ettirilishi quvonarli hol.
Men Yodgorxo‘ja aka haqida “Jahon” axborot agentligida ishlab yurgan kezlarimda hamkasblar va ustozlarimizdan ko‘p ijobiy fikrlar eshitganman. 1961 yilda tug‘ilgan muallif o‘z faoliyati davomida dastlab yoshlar tashkilotlarida, Toshkent davlat texnika universiteti prorektori lavozimida hamda “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi o‘rinbosari sifatida samarali mehnat qilgan.
1999-2000 yillarda Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati kotibiyati mudiri, 2000-2005 yillarda Kadrlar va o‘quv muassasalari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, keyinchalik boshlig‘i, Afg‘onistondagi Bosh konsullikdan qaytgach esa 2010-2012 yillarda Konsullik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida sidqidildan xizmat qildi. Ko‘plab insonlarga yordam qo‘lini cho‘zgan, Vatan ravnaqi yo‘lida bor bilim va tajribasini safarbar etgan kamtarin va malakali diplomatning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, 2022 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani ham fikrimiz isbotidir.
Qiziqarli va samimiy tilda yozilgan ushbu kitobni mutolaa qilar ekansiz, elchilik davri muallif uchun chinakam sinov va mazmunli hayot maktabi bo‘lganiga amin bo‘lasiz.
“Bu yillar davomida men nafaqat xizmat burchimni ado etdim, balki dunyoqarashimni kengaytirdim, inson qiymatini, tinchlik qadrini va mehr-oqibatning beqiyos kuchini yanada teranroq his etdim. Bu yurtda vaqt bilan yuzma-yuz turib zamon va hayot ziddiyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnash keldim, o‘zligimni teran angladim. Ana shu ikki qutb o‘rtasida kechgan hayot menga sabrning chegarasiz kuchini, do‘stlikning beqiyos qudratini, osoyishtalikning eng bebaho ne’mat ekanini chuqurroq anglatdi. Diplomatik xizmatning mashaqqati, kunu tun mas’uliyati, xavf-xatar va sinovlari mening irodamni chindan ham chiniqtirdi”, deb yozadi muallif.
Kitob orqali Afg‘oniston bizga qo‘shni bo‘lsa-da, ichki vaziyati va murakkab siyosiy-harbiy jarayonlari biz uchun ancha notanish bo‘lgan davlatning haqiqiy manzarasini anglaymiz. Salkam yarim asrdan buyon tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan bu yurt odamlarining yuksak g‘ururi, samimiyati va mehmondo‘stligi o‘quvchida katta taassurot qoldiradi. Muallif Balx, Jauzjon, Samangon, Faryob, Hirot kabi viloyatlar, Kobul, Mozori Sharif, G‘azni kabi shaharlar haqida shunday mahorat bilan hikoya qiladiki, voqealar beixtiyor ko‘z oldingizda jonlanadi.
Ayniqsa, Afg‘onistonning 100 ga yaqin yetakchilari, qo‘mondonlari va nufuzli shaxslari haqidagi ma’lumotlar, ularning siyosiy tiynati va salohiyati tarixiy izchillikda mahorat bilan ochib berilgan. Shuningdek, muallifning oddiy afg‘on dehqoniga bo‘lgan ehtiromi, ularning matonati va yashovchanligiga bergan ta’rifi kitobning ta’sirchanligini oshirgan.
Yodgorxo‘ja Shodmonov Afg‘oniston Islom Respublikasining ikki prezidenti davrida ham, “Tolibon” hokimiyatga kelgan og‘ir kunlarda ham o‘z burchiga sodiq qoldi. Elchixona yaqinidagi mudhish terrorchilik harakati oqibatida og‘ir jarohat olib, uzoq muddat davolangan bo‘lsa-da, mardlik bilan o‘z missiyasini davom ettirdi. Uning siymosida o‘z davlati manfaatini har narsadan ustun qo‘yadigan, vatandoshlarini himoya qilishni muqaddas burch deb biladigan haqiqiy vatanparvar diplomatni ko‘ramiz.
Asarning keyingi boblarida 2016 yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik, konstruktiv muloqot va pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyati shaxsiy tajribalar asosida batafsil yoritilgan.
“Ikki qutb orasida” kitobi shunchaki voqealar bayoni emas, balki elchining qalb iztiroblari, hayratlari va teran mushohadalari in’ikosidir. Nodir fotosuratlar bilan boyitilgan ushbu asar diplomatlar, afg‘onshunoslar, talabalar va keng kitobxonlar ommasi uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Jamiyat
O‘zbekistonda AI–chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi ishga tushadi
Hukumatning 202-son qarori bilan 2026–2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirishga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga oladi.
Dastur doirasida «Onlayn-mahalla» platformasi va «mahalla yettiligi» orqali aholi muammolari tahlil qilinib, ularga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar tayyorlanadi. Bu materiallar annotatsiya, video, infografika va bukletlar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yil yakunida fuqarolar murojaatlari asosida «TOP-100 huquqiy tavsiya» to‘plami shakllantiriladi. Shuningdek, yangi qonunlar mutaxassislar ishtirokida intervyu va podkastlar orqali tushuntirilib, «Adliya TV»da joylashtiriladi.
Dasturda zamonaviy texnologiyalarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, qurilish sohasida qonunchilikni tushuntiruvchi AI-chatbotli «Qurilishda qonuniylik» mobil ilovasi yaratiladi.
Ushbu ilova orqali foydalanuvchilar interaktiv o‘yinlar, testlar va videolar yordamida bilim olishi mumkin. Shu bilan birga, noqonuniy qurilish holatlari haqida xabar berish imkoniyati ham yaratiladi.
Bundan tashqari, «Advice.uz» va «Gender-madad» platformalari takomillashtiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda «sovrinli viktorinalar» o‘tkazish orqali aholining huquqiy bilimlari oshiriladi.
Dastur doirasida bolalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirishga ham katta e’tibor berilgan. Huquqiy videoroliklar ishlab chiqilib, keng targ‘ib qilinadi.
Shuningdek, «Oilani asrang – zo‘ravonlikni to‘xtating!» shiori ostida ijtimoiy chellenjlar va roliklar tanlovi tashkil etiladi. Ta’lim muassasalarida «Huquqiy bilimlar oyligi» o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, dasturda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun tegishli davlat organlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi hamda har chorakda Adliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.
Jamiyat
Piskentda «suvta’minot» rahbari sheriklari bilan qariyb 4 mlrd so‘mlik quvurlarni «tuya qilgan»
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJning Piskent tumani filiali rahbari B.K., «A.» AJ mansabdor shaxslari va boshqalar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda, umumiy qiymati 3 mlrd 931,2 mln so‘mlik suv quvurlarining 3 mlrd 78,4 mln so‘mlik qismi, ya’ni jami 14 800 metrini qazib olib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlandi.
Mazkur holat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyat boshqarmasi hamda «O‘zsuvta’minot» AJ komplayens xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida aniqlangan.
Ayni paytda qayd etilgan holatlar yuzasidan «Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJning Piskent tumani filiali rahbari B.K., «A.» AJning mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
-
Jamiyat4 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan5 days ago
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-raundini maʼqulladi (batafsil maʼlumot)
-
Iqtisodiyot5 days agoBiznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
-
Dunyodan5 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Jamiyat5 days agoToshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekiston turizm salohiyati Destination Karakalpakstan 2026 maydonida namoyish etildi
-
Siyosat2 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
