Connect with us

Jamiyat

Toshkentda tug‘uruqqa sog‘lom kirgan 21 yoshli ayol ikki oydan buyon og‘ir ahvolda

Published

on


Toshkentdagi tug‘uruq muassasalaridan birida 21 yoshli ayol tug‘uruqdan keyin falaj holatiga tushib qolgan. Voqeaga ikki oy bo‘lganiga qaramay, uning ahvoli hanuz og‘irligicha qolmoqda. Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kun.uz’ga holat yuz berganini tasdiqlab, bemor shifokorlar nazorati ostida ekanini ma’lum qildi.

Ayolning yaqinlari ma’lum qilishicha, voqea joriy yil 24 aprel kuni Toshkentdagi 9-tug‘uruq muassasasida sodir bo‘lgan. Ularning aytishicha, ayol homiladorlik davrini sog‘lom o‘tkazgan va tug‘uruqqa jiddiy muammolarsiz kirgan.

Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, tug‘uruq jarayonida og‘riqni kamaytirish maqsadida epidural anesteziya qo‘llangan. Shundan keyin ayolning ahvoli og‘irlashib, u koma holatiga tushgan. Chaqaloq kesarcha kesish amaliyoti orqali dunyoga keltirilgan.

Ma’lum qilinishicha, uch kundan keyin ona va chaqaloq Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazi jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Ayol komadan chiqqan, ammo unda falajlik alomatlari kuzatilgani aytilmoqda.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kun.uz so‘roviga javoban mazkur holatni tasdiqladi. Boshqarmaga ko‘ra, bemor ayni vaqtda mutaxassislar nazorati ostida davolanyapti.

Hozircha ayol ahvolining og‘irlashishi sabablari bo‘yicha rasmiy xulosa e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kuvaytda faoliyat yuritayotgan o‘zbek anesteziologi Jahongir Jo‘rayev Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonda anesteziologiya sohasi chuqur islohotlarga muhtojligini ta’kidlagan edi. Uning fikricha, anesteziologik yondashuvlar va xavfsizlik standartlari yetarli darajada takomillashtirilmasa, og‘ir asoratlar va o‘lim bilan bog‘liq holatlar kuzatilishi davom etishi mumkin.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekiston bo‘ylab Janubiy Koreyaga yuborish bo‘yicha firibgarliklar aniqlandi

Published

on


Koreya davlatiga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.T. 12 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, 38 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni muqaddam Migratsiya Agentligida ishlagan A.A.ga (muqaddam JKning 168 va 211-moddalari bilan sudlangan) berganligi aniqlangan.

Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.R. (muqaddam sudlangan) 2 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, ulardan jami 3 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 3 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Departamentning Dehqonobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar I.X. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) va A.K. migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali fuqaro B.T.ni Koreya davlatiga ishga yuborishlarini aytib, 2 000 AQSh dollari va 36 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Departamentning Xonobod shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.A. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) 3 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishi uchun viza olib berishini aytib, 2 500 AQSh dollari va 11 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 1 000 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Departamentning Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Yu.L. (muqaddam sudlangan) 11 000 AQSh dollari evaziga fuqaro U.F.ni migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, shundan 2 300 AQSh dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.K. 3 500 AQSh dollari evaziga fuqaro A.A.ni Koreya davlatiga ishga ketishi uchun o‘tkaziladigan imtihonlaridan ijobiy natijalar bilan o‘tkazib berishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Vatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman

Published

on


O‘zbekiston prezidenti matbuot va OAV xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigini yo‘lladi.

Davlat rahbari tabrigida mamlakatning bosma va internet nashrlari, teleradiokanallar, axborot va media xizmatlari, nashriyot hamda matbaa korxonalarida faoliyat yuritayotgan ijodiy va texnik xodimlar, jurnalistlar hamda soha faxriylarini samimiy qutladi.

Prezident jurnalistlarni o‘zining doimiy maslakdoshi va jonkuyar do‘sti deb bilishini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, bu yilgi kasb bayrami milliy matbuot tarixidagi muhim sanalar – jadidlar tomonidan «Taraqqiy» gazetasi tashkil etilganining 120 yilligi hamda O‘zbekistonda ilk radioeshittirishlar boshlanganining 100 yilligi arafasida nishonlanmoqda.

Tabrikda so‘nggi yillarda mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish, axborot sohasini raqamlashtirish va zamonaviy mediamakonni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qayd etildi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, bugungi kunda mamlakatdagi qariyb 2 ming 700 ta ommaviy axborot vositasining 67 foizi, noshirlik sub’yektlarining 90 foizdan ortig‘i va matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshib, 15 ming nomdagi 60 milliondan ortiq nusxada kitob nashr etilgan.

Davlat rahbari axborot oqimi ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan sharoitda ishonchli manbalarga tayanish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida 10 ming nafar yoshni qamrab oladigan zamonaviy media-ta’lim tizimi shakllantirilgani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev erkin va mas’uliyatli, xalqchil jurnalistikani davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim sharti deb atab, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, malakasini oshirish hamda mehnatini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.

Shuningdek, prezident O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va jurnalistlarni huquqiy hamda axborot-texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

Tabrik so‘zi yakunida davlat rahbari kasb bayrami munosabati bilan davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini qutlab, barcha jurnalistlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va ijodiy muvaffaqiyat tiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Xorazmda avtobus uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi

Published

on


Xorazm viloyatida jamoat transporti uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Yangi tartib jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, to‘lovlar shaffofligini ta’minlash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish, yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilmoqda.

Elektron to‘lovga o‘tish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 2026 yil 1 iyuldan ShI-4, ShI-5, ShI-7, ShI-13, ShI-18, ShI-19 va ShI-28-sonli avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli «Urganch shahri – Xiva shahri» trolleybus yo‘nalishini qamrab oladi.

Ikkinchi bosqichda qolgan avtobus hamda trolleybus yo‘nalishlarida belgilangan tartibda brutto-shartnomasi rasmiylashtirilgandan keyin yo‘lkira haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi amaliyoti joriy etiladi va to‘lovlar faqat elektron tarzda qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda aholisi eng kam tuman va shaharlar qaysi?

Published

on


2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam bo‘lgan hudud Navoiy viloyatidagi G‘ozg‘on shahri bo‘ldi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu yerda 9,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Top-10 talikdan Navoiy, Buxoro, Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlari o‘rin olgan.

Reytingning ikkinchi pog‘onasidan Navoiy viloyatining Tomdi tumani joy olgan. Bu yerda 15,3 ming nafar aholi yashaydi. Keyingi o‘rinda esa Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahri qayd etilgan bo‘lib, uning aholisi 19,4 ming nafarni tashkil qiladi.

Shuningdek, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida 20,7 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida 21,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Ro‘yxatdan Jizzax viloyatidagi Yangiobod tumani ham o‘rin olgan. U yerda 30,6 ming nafar aholi yashaydi. Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq tumani aholisi esa 34,1 ming nafarni tashkil etgan.

Navoiy viloyatining Konimex tumanida 36,8 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida 38,9 ming nafar aholi yashaydi. Reytingni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani yakunlab, u yerda 39,9 ming nafar doimiy aholi qayd etilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bank sirini bekor qilish emas: Soliq qo‘mitasi izoh berdi

Published

on


Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga munosabat bildirdi.

Qo‘mita ayrim ommaviy axborot vositalarida loyiha faqat jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bog‘liq tashabbus sifatida talqin qilinayotganini qayd etdi. Rasmiy izohga ko‘ra, bunday yondashuv hujjat mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.

Ta’kidlanishicha, loyihada soliq nazorati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron formatini belgilash taklif etilmoqda. Shu bilan birga, hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi va bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan holatlar va tartib doirasida taqdim etishi mumkin. Bu vakolatlar Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan.

Shuningdek, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, soliq solish masalalariga oid ma’lumotlar belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga berilishi mumkin.

Qo‘mita soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanishini ham eslatdi. Bunday ma’lumotlarni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga taqdim etish yoki belgilangan maqsaddan tashqari ishlatish qonun bilan taqiqlangan.

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi mexanizmi xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida bunday tizimlar soliq shaffofligini ta’minlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgan.

Soliq qo‘mitasi qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma’lum qildi. Idora fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini muhokamada faol ishtirok etishga chaqirib, kelib tushgan takliflar hujjatni takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqilishini bildirdi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.