Jamiyat
Toshkentda qiymati 40 mlrd so‘mlik gastronomik ko‘cha ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi.
Turizm kam mablag‘ evaziga ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadlarini oshirib, hududlar qiyofasini yaxshilaydigan muhim sohadir. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar katta.
Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida mazkur salohiyatdan to‘liq foydalanish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston ovozi ko‘chasida olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mamlakatimizda turizm va servis sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.
Ob’yekt 2025-yil sentyabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, loyihasi Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxitekts” byurolari tomonidan ishlab chiqilgan.
Ko‘chaning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Jumladan, keng piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilgan, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Hududda selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari, biohojatxonalar tashkil etilgan. Shuningdek, oilaviy dam olish maskanlari, bolalar uchun ekomaydonchalar va arqonli bog‘ faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, zamonaviy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar bilan samimiy suhbatlashdi.
Loyihaning umumiy qiymati 40 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chada jami 165 ta savdo ob’yekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkorlik sub’yekti uzluksiz ishlash tartibiga o‘tgan. Shuningdek, 2 ming 221 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Prezidentimizga shu yerning o‘zida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik ko‘chalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Qayd etilganidek, 2025-yilda poytaxtda jami 26 ta ko‘cha tunu kun faoliyat yuritishga o‘tdi. Bu yo‘nalishga 540 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 1 ming 103 ta yangi savdo va servis ob’yekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkorlik sub’yekti 24/7 rejimida ishlashni boshladi, 26 ta xorijiy brend faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Amalga oshirilgan ishlar iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘chalarda turli xizmatlardan foydalanuvchilar sutkasiga 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.
Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasini tashkil etish, 500 ta yangi ob’yektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish o‘rni yaratish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bek tumanida gastronomik turizm ko‘chalari sonini yanada ko‘paytirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Yevropa va Osiyoning yetakchi turoperatorlari O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga chiqishdi
Joriy yilning 17–23 aprel kunlari Destination Karakalpakstan 2026 forumi doirasida Toshkent shahri, Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab keng qamrovli info tur tashkil etildi.
Mazkur info turda Yevropa va Osiyoning 20 davlatidan, jumladan Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shveytsariya, Belgiya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston va Xitoy kabi mamlakatlardan yetakchi turoperatorlar ishtirok etdi.
Info turdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amaliy aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Info tur ishtirokchilari dastlab Toshkent shahrining zamonaviy qiyofasi, rivojlangan turizm infratuzilmasi hamda yangi qurilgan ob’yektlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Xorazm viloyatiga tashrif davomida ishtirokchilar qadimiy Ichan Qal’a hududi, Nurullaboy saroyi hamda Xiva shahrining boshqa tarixiy maskanlarida bo‘ldilar. Ushbu hududlar orqali mehmonlar boy me’moriy meros, qadimiy shaharsozlik an’analari va hududning turizm salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida info tur ishtirokchilari Ellikqal’a hududidagi Ayoz qal’a hamda Chilpiq qal’a kabi tarixiy obidalarda bo‘ldilar. Ushbu maskanlar orqali mehmonlar qadimgi sivilizatsiya izlari, betakror arxitektura va hududning boy tarixiy merosi bilan yaqindan tanishdilar.
Bundan tashqari, Orolbo‘yi hududining o‘ziga xos tabiati, ekologik landshaftlari hamda hududda shakllanib borayotgan ekoturizm yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishildi. Jumladan, O‘tov lagerlari faoliyati ko‘zdan kechirilib, mehmonlarga cho‘l hududida tashkil etilgan turistik infratuzilma, milliy an’analar asosida yaratilgan yashash sharoitlari hamda sayyohlar uchun taklif etilayotgan xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar an’anaviy turmush tarzi elementlari, milliy taomlar hamda hududning o‘ziga xos mehmondo‘stlik muhitini bevosita his qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Jamiyat
Saida Mirziyoyeva narkojinoyatchilikka qarshi texnikalar namoyishi bilan tanishdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva narkojinoyatchilikka qarshi texnologiya va uskunalar bilan tanishdi.
«Forum doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdik. Unda uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kompleks kurashishda qo‘llaniladigan zamonaviy raqamli texnologiyalar, texnik vositalar va maxsus uskunalar namoyish etildi», deya yozadi Mirziyoyeva.
Mamlakatimiz ishtirokchi-davlatlar uchun narkotrafik, xavfli yuklar va transmilliy jinoyatchilikni tezkor kuzatib borish imkonini beruvchi yagona sun’iy intellekt platformasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Avvalroq Saida Mirziyoyeva Samarqanddagi xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirgani ma’lum qilingandi.
Jamiyat
Aholi orasida meningokokk infeksiyasi biroz ko‘paydi – Sanepidqo‘mita
2026 yil 1-choragida 174 ta meningokokk holati ro‘yxatga olingan. Shundan 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Kasallik dinamikasiga ko‘ra, aprel oyida mart oyiga nisbatan 14 foizga kamaygani kuzatilgan.
2026 yilda O‘zbekistonda aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz ortgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Infeksiya keng tarqalishining oldini olish maqsadida 8 024 doza vaksina xarid qilinib, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4 862 kishi emlash bilan qamrab olingan.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 1 choragida respublikada 174 ta meningokokk holati ro‘yxatga olingan. Shundan 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil qilmoqda. Kasallik dinamikasiga ko‘ra, aprel oyida mart oyiga nisbatan 14 foizga kamaygani kuzatilgan.
Meningit — bu bosh va orqa miya pardalarining yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha bakteriya yoki viruslar sababli yuzaga keladi. U tez rivojlanishi bilan xavfli hisoblanadi.
Qo‘mita infeksiyaning oldini olish bo‘yicha quyidagi choralarni tavsiya qilgan:
o‘z vaqtida emlanish;
shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;
kasallik alomatlari kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish;
jamoat joylarida ehtiyot choralarini ko‘rish;
Haj va Umra safarlariga borishdan avval meningokokk infeksiyasiga qarshi emlanish, ziyoratdan kelgandan so‘ng esa ommaviy tadbirlardan cheklanish.
Qo‘mita emlash meningokokk infeksiyasidan ishonchli himoyalanishning eng samarali usullaridan biri ekanini ta’kidlagan.
Jamiyat
Isroilga yuborish evaziga 20 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi
Chet elga ish yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda «Xavfsizlik» kanali xabar berdi.
Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari Xatirchi tumanida yashovchi, 2006-y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, barcha hujjatlarni o‘zi tayyorlagan holda, uni Bolgariya davlatiga ishga yuborish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Kitob tumanida ham shu kabi holat fosh etildi. Xususan, Toshkent viloyatida yashovchi, 1997-y.t. shaxs 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Isroil davlatiga ishlash uchun yuborish va ishchi vizasini o‘zining tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs Qashqadaryo viloyatiga borib, so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
“Javobgarlar qochib qolishdi” – Farg‘ona sitida tok urgan bolaning ahvoli o‘nglanmayapti
Kun.uz Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chasida 6 yashar tarbiyalanuvchi ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator ustiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Bolakayning otasi tahririyatga qayta murojaat yo‘llab, bog‘cha mas’ullari bolaning holidan xabar olmayotganini ma’lum qildi.
Voqea shu yil 18 fevral kuni, yangi qurilgan 66-sonli davlat bog‘chasida ro‘y bergan. Transformator punkti joylashgan yerto‘la usti tayinli yopilmagan, atrofi to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Faqat fojiadan keyingina bu kamchiliklar bartaraf etilgan.
Jabrlanuvchi bolaning otasiga ko‘ra, transformatorni o‘rnatgan xususiy pudratchi-tashkilot o‘tgan vaqt davomida uning tuzalishi jarayoni bilan qiziqib turgan, lekin maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullaridan darak bo‘lmagan.
“Bolangizni o‘g‘limning o‘rniga qo‘yib ko‘ring”
Abuzar Ravshanjonovning otasi Abdurahmon Qodirov:
— Avvalo, bunday fojia hech kimning boshiga tushmasin. O‘g‘lim Abuzarni bog‘chaga soppa-sog‘ olib kirganman. Mana, nogiron bo‘lib chiqdi. 10 ming volt tok qo‘lidan kirib, son sohasidan teshib chiqib ketgan.
Men boshida tuzalib oyoqqa turib ketadi, shunchaki kuygan deb o‘ylagan edim. Lekin shifokorlar chap sonidagi terisini shilib, o‘ng tomonga o‘tkazib yamaymiz, deyishganida holat dahshatli ekanini his qildim. Ko‘zingiz yonida farzandingiz terisini shilishsa… buni his qilish dahshatli… Strescli kunlarni boshimdan o‘tkazyapman.
Abdurahmon Qodirov
Menga alam qilayotgani – maktabgacha ta’lim boshqarmasi shu paytgacha o‘g‘limning holidan xabar olmadi… Ikki oydan oshibdiki halovatimiz yo‘q, er-xotin uxlamay navbati bilan bolaga qarab chiqamiz. Ikki oydan beri ishga ham bora olganim yo‘q. O‘g‘limning kelajagi haqida o‘ylasam, dahshatga tushaman.
Ayb ishni qilib o‘g‘limning to‘shakka mixlanib qolishiga sababchi bo‘lganlarga aytar so‘zim – ozgina bo‘lsa ham vijdoningiz bo‘lsa, bolangizni o‘g‘limning o‘rniga qo‘yib ko‘ring…
“Qo‘li ishlab ketishiga vaqt bor…”
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali kombustiologiya bo‘limi boshlig‘i Davlat Oripov:
— Bemor Abuzar Ravshanjonov 18 fevral kuni RShTYoIM Farg‘ona filiali qabul diagnostika bo‘limiga olib kelingan. Elektr tokidan, elektr yoyidan tananing III-IV darajali 25-30 foiz termik kuyish jarohati, kuyish shoki og‘ir darajasi bilan reanimatsiya bo‘limiga olingan.
Davlat Oripov
Holati barqarorlashganidan keyin, kombustiologiya bo‘limiga olib o‘tildi va 1-bosqich nekroektomiya operatsiyalari bajarildi. Boshqa son qismidan teri olib oraliq sohasiga ko‘chirish operatsiyasini ham o‘tkazdik.
Hozirgi kunda bemorning holati barqaror, faqat chap qo‘l tomoni bilak sohasidan elektr toki kirgan hamda oraliq sohadan chiqib ketgani hisobiga jarohat chuqur bo‘lgani uchun sekin-astalik bilan teri osti yog‘ qavatlarining o‘sishini kutyapmiz. Nervlar ham anchagina shikastlangani uchun qo‘lda hayotiylik saqlangan, ammo ishlashiga vaqt bor.
Abuzar Ravshanjonov
Tergov ketmoqda
Farg‘ona viloyati prokuraturasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi bo‘yicha bog‘cha mansabdorlari va tarbiyachilaridan hamda ishga aloqador 16 nafar shaxslar guvoh tariqasida so‘roq qilinib, ish materiallariga qo‘shilgan.
Ushbu jinoyat kelib chiqishi, sabablari hamda mutasaddi tashkilot xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqidagi taqdimnomalar tegishli idoralarga kiritilgan.
-
Jamiyat4 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Dunyodan4 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Dunyodan3 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat3 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat2 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Jamiyat5 days ago
Afg‘onistonda farzandlari halok bo‘lgan ota-onalarga imtiyoz beriladi
-
Siyosat2 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat3 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
