Jamiyat
Toshkentda o‘quvchi qizga shilqimlik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamaldi
36 yoshli o‘qituvchi 10-sinf qizni sinf xonasiga qamab, eshikni ichkaridan qulflagan holda uni quchoqlamoqchi bo‘lgan.
Sergeli tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi o‘quvchiga shilqimlik qildi. Sud qarori bilan unga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi.
Kun.uz o‘rgangan sud qarorida keltirilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan E.P. Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. U 2025 yil 4 mart kuni maktabning 10-sinf o‘quvchisini huquq fanidan turli bahonalar qilib, xonasiga chaqirib olgan. O‘quvchi qiz kelgach, sinf xonasining eshigini ichkari tomondan qulflab, unga shilqimlik qilgan.
O‘qituvchi sud majlisida haqiqatdan o‘quvchini xonaga chaqirib, eshikni qulflagan holda unga shahvoniy shilqimlik qilmoqchi bo‘lganligini tan olgan hamda bunday holat boshqa qaytarilmasligini bildirgan.
Sud majlisida so‘roq qilingan o‘quvchi qiz esa bo‘lgan voqeani aytib, o‘qituvchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud E.P. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topgan. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Oldinroq Jizzax viloyatining Forish tumanida ham 64 yoshli jismoniy tarbiya o‘qituvchisi darsda o‘quvchining yakka o‘zini olib qolib, yuzidan ushlagan holda unga shahvoniy shilqimlik qilgandi.
Jamiyat
Toshkent ko‘chalarida “Gelik”ni katta tezlikda boshqargan shaxslar 15 sutkaga qamaldi
Ular Mersedes Benz mashinasini poytaxt ko‘chalarida 210 km/soat tezlikda boshqargan. Huquqbuzarlarga mayda bezorilik va ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bo‘yicha ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Toshkent shahrida mashinani migalka bilan katta tezlikda boshqargan shaxslar jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 30 yoshli Ismatillo Komiljonov 2 martdan 3 martga o‘tar kechasi Mersedes Benz mashinasini Toshkent shahri hududida 210 km/soat tezlikda boshqargan. So‘ngra ushbu holatni videotasvirga olib, Instagram’da e’lon qilgan.
25 yoshli Shahzod Ahmadjonov ham 9 mart kuni ushbu Mersedes Benz mashinasini ruxsati bo‘lmagan yoritish chiroqlari (migalka) bilan poytaxt ko‘chalarida yuqori tezlikda boshqargan.
Shuningdek, ushbu shaxslar fuqaroning arizasiga asosan borgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortib, qarshilik ko‘rsatgan.
Huquqbuzarlar sudda ayblariga qisman iqror bo‘lgan hamda jamoat tartibini buzish niyati bo‘lmaganini aytib, qilmishidan pushaymonlik bildirgan.
Sud qarori bilan Ismatillo Komiljonov va Shahzod Ahmadjonov mayda bezorilik va ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik huquqbuzarliklarini sodir etgan, deb topildi. Ularga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Jamiyat
Qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyev Ozarboyjondagi klinikada qo‘lga olindi
Qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyev Ozarboyjon poytaxti Bokudagi xususiy klinikalardan birida qo‘lga olindi. Uning “bioenergiya” orqali davolash seansini o‘tkazishga urinishi klinika oldida to‘plangan odamlar sabab politsiya aralashuvi bilan yakunlangan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Bokuda joylashgan Bİ ES VİP estetik klinikasida sodir bo‘lgan. Soliyevning qabul o‘tkazishi haqida xabar tarqalgach, bino oldiga seansga kirish istagida bo‘lgan ko‘plab odamlar to‘plangan. Natijada katta navbat va tartibsizlik yuzaga kelgan.
Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ommaviy to‘planish va taklif etilayotgan xizmatlar xususiyati huquq-tartibot idoralarining e’tiborini tortgan. Shundan so‘ng Iqbol Soliyev holatga oydinlik kiritish maqsadida ushlangan.
Soliyevning faoliyati avval ham O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiborida bo‘lgan. U litsenziyasiz xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan bir necha bor ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Xususan, Qo‘qon shahar IIB ma’lumotiga ko‘ra, unga O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan hujjatlarning amal qilish muddati 2024 yil 21 dekabr kuni tugagan. Shunga qaramay, u faoliyatini davom ettirgan.
Shu yil boshida ham unga nisbatan tegishli ruxsatnomasiz xizmat ko‘rsatgani uchun jarima qo‘llangan. Keyinchalik esa ma’muriy modda asosida hujjatlar rasmiylashtirilib, ish sudga oshirilgan va 17 dekabr kuni unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Jamiyat
Katta tezligi bilan maqtangan shovvozlar «olisga bormadi»
Qoidabuzarliklari bilan maqtanib, ijtimoiy tarmoqda mashhurlikka erishishni ko‘zlagan ikki yigit qilmishiga yarasha jazosini oldi.
Ular shu yil mart oyi boshlarida poytaxtning Sergeli tumani, Fayziy Toshkent ko‘chasida Mercedes-Benz mashinasiga noqonuniy ravishda migalka moslamalarini o‘rnatib olib, bir holatda 210, yana bir holatda 222 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanib, yo‘l va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan.
Ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, qonuniy chora ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlariga taqdim etildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining qarori bilan qonunbuzarlarning har ikkisiga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Jamiyat
Elchixona Isroilda halok bo‘lgan shaxs yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi
So‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Isroildagi raketa hujumi oqibatida halok bo‘lgan shaxs haqida turli xabarlar tarqalmoqda. O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 9 mart kuni Isroilning Yyexud shahrida qurilish maydonida sodir bo‘lgan raketa hujumi oqibatida halok bo‘lgan 62 yoshli Rustam G‘ulomov O‘zbekistonda tug‘ilib voyaga yetgan. Biroq u 2017 yilda O‘zbekiston fuqaroligidan chiqqan bo‘lib, so‘nggi 14 yil davomida Isroilda yashab kelgan va ushbu davlat fuqaroligini olgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.
Shuningdek, 11 mart holatiga ko‘ra, Isroil hududida O‘zbekiston fuqarolari jarohat olgani haqida elchixonaga hech qanday xabar kelib tushmagani ma’lum qilindi.
Ayni paytda Isroilda vaziyat keskinligicha saqlanib qolayotgani ta’kidlanib, ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yoki doimiy yashab kelayotgan barcha vatandoshlar xavfsizlik talab va qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirildi.
Jamiyat
Toshkent va Andijonda yirik miqdordagi taqiqlangan moddalar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahri va Andijon viloyatida yirik miqdordagi sintetik narkotik modda hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy aylanmasining oldi olindi.
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvda bo‘lgan, 2003 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan va Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtotransport vositasi Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan poytaxt tomon harakatlanib kelayotgan vaqtida Chilonzor tumanidagi “Erkin” YPX maskanida to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, salonida sof og‘irligi 4 kg 811 grammni tashkil qiluvchi “Alfa PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda DXX Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Shuningdek, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda “O‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasining Andijon viloyati Marhamat tumani “Boboxuroson” MFY hududidan o‘tuvchi qismida 1985 va 1987 yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular qirg‘izistonlik shaxs tomonidan chegara sim to‘siqlari orqali uloqtirilgan qog‘oz qutini qabul qilib olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Quti xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 9988 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘lgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish so‘raldi. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Гидрометеорология хизмати қор кўчиш хавфидан огоҳлантирди
-
Dunyodan5 days ago
Hormuz boʻgʻozi orqali neft tashish toʻxtatildi
-
Jamiyat4 days ago
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan ushlandi
-
Jamiyat5 days agoAyrim mahkumlar uchun jazoni o‘tash tartibi o‘zgaradi
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 90 tup tol noqonuniy kesildi
-
Jamiyat5 days agoPrezident pedofil-retsidivistlar uchun umrbod qamoq jazosi kiritilayotganiga izoh berdi
-
Iqtisodiyot5 days agoToshkentda yuzdan ortiq quvvat-stansiya tarmoqdan uzildi. Muammo nimada?
-
Dunyodan4 days ago
Naxichevan aeroportida dron hujumi kuzatildi
