Jamiyat
Toshkentda onlayn qimor uchun mashina o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi
Avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlagan erkak o‘zganing Spark mashinasini boshqarib ketgan. U avtomobilni ehtiyot qismlarga bo‘lib sotgan holda pulini onlayn qimorga tikmoqchi bo‘lganini aytgan.
Foto: YHXB matbuot xizmati
Toshkent shahrida birovning mashinasini o‘g‘irlagan shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkak Yunusobod tumanidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasidan Spark mashinasini egasining ruxsatisiz olib qochib ketgan. Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda YHXB qidiruv bo‘limi xodimlari olib borgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida mashina Bektemir tumanida topilib, gumondor qo‘lga olingan.
“Moyka”dan Spark’ni olib ketib qoldim. Bu yoqqa kelganimga hozir bir soatcha bo‘ldi. Maqsad – “zapchast” qilib sotish edi. Onlayn qimor o‘ynayman. O‘sha O‘shanga pul tikib, yutaman degan maqsadda shu ishni qildim”, degan erkak.
Hozirda holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruv va protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Toshkent shahar YHXB fuqarolardan mashinalarini qarovsiz qoldirmaslik, kalitlarini begona shaxslarga ishonib topshirmaslik hamda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasiga ko‘ra, transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘rilik yoki talonchilik yo‘li bilan olib qochish 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jamiyat
Qashqadaryoda harakatdagi mashina gaz balloni portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
Hodisa Muborak tumanida sodir bo‘lgan. Qarshi shahridan Buxoro viloyati tomonga harakatlanib ketayotgan Nexia mashinasining gaz balloni portlagan. Oqibatda mashinadagi bir kishi voqea joyida halok bo‘lgan, ikki kishi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Qashqadaryo viloyatida harakatdagi mashinaning gaz balloni portladi. Hodisa haqida Qashqadaryo viloyati FVB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 8 iyul kuni ertalab Muborak tumanining Quruvchilar mahallasi hududidan o‘tgan A-380 “Qarshi–Buxoro” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.
54 yoshli haydovchi J.J. Nexia mashinasini Qarshi shahridan Buxoro viloyati tomon boshqarib ketayotganda avtomobilga o‘rnatilgan gaz ballon portlagan. Oqibatda mashinada bo‘lganlardan biri voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, 2 kishi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan Muborak tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Qashqadaryoda ko‘chada turgan Damas portlab ketgandi.
Jamiyat
O‘qotar qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirganlar mukofotlanadi
Hukumat qarori bilan “Ro‘yxatga olinmagan qurolni va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi materiallarni va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyori bilan topshirish hamda qurolni va uning o‘q-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi
Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxs yoki yuridik shaxsning rahbari:
ro‘yxatga olinmagan qurol va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi materiallarni va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirish to‘g‘risida qarorga kelsa;
uning o‘zi ushbu ashyolarni topshirish haqida ichki ishlar organlariga yozma yoki og‘zaki ravishda murojaat qilsa, mazkur shaxs ashyolarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanadi.
Ariza beruvchi o‘zining yashash (turar) joyi bo‘yicha ichki ishlar organiga murojaat qiladi.
Ariza beruvchi tomonidan topshirilayotgan qurol qismlarga bo‘laklangan, patronlari olingan, shuningdek, qurol va uning o‘q-dorilari, o‘qotar qurolning asosiy qismlari begona shaxslarning ko‘rish imkoniyatini istisno etadigan o‘ramga joylashtirilgan bo‘lishi lozim.
Mintaqaviy texnik komissiya tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
pul mukofoti bilan taqdirlash yoki taqdirlashni rad etish;
o‘qotar qurolni va uning o‘q-dorilarini imtiyozli olish huquqini berish yoki berishni rad etish.
O‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning o‘q-dorilari uchun pul mukofoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshlig‘ining buyrug‘i asosida beriladi.
Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka ko‘ra, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod etiladi.
Jamiyat
Eng ko‘p talaba Toshkent shahrida tahsil olmoqda
2025-2026 o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida 1 million 535 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Hududlar kesimida eng ko‘p talabalar Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yili boshida respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarni tashkil etgan.
Shundan 1 million 478,7 ming nafari bakalavriat, 56,3 ming nafari esa magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
Hududlar kesimida eng ko‘p talabalar Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 579,3 ming nafarni tashkil etadi.
Undan keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati (117,7 ming nafar), Qashqadaryo viloyati (111,6 ming nafar), Toshkent viloyati (101,5 ming nafar), Farg‘ona viloyati (98,9 ming nafar) va Samarqand viloyati (93,9 ming nafar) joylashgan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatida 76,2 ming, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 73,7 ming, Xorazm viloyatida 65,9 ming, Andijon viloyatida 65,7 ming, Namangan viloyatida 52,5 ming, Navoiy viloyatida 42,5 ming, Jizzax viloyatida 32,4 ming va Sirdaryo viloyatida 23,2 ming talaba tahsil olmoqda.
Jamiyat
Serbiyadagi o‘zbekistonlikka bepul aviachipta olib berildi
Serbiyada og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga yurtga qaytishi uchun bepul aviachipta olib berildi. Amaliy yordam O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
«Dunyo» axborot agentligi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi Konsullik bo‘limiga Serbiyada bo‘lib turgan fuqaro M.B. vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, fuqaroning og‘ir ahvolga tushib qolishiga Serbiyadagi ish beruvchi tomonidan mehnat shartlari va erishilgan kelishuvlarga amal qilinmagani sabab bo‘lgan. Buning oqibatida u moddiy qiyinchilikka duch kelib, O‘zbekistonga mustaqil ravishda qaytish imkoniyatini yo‘qotgan.
Elchixona tomonidan ko‘rilgan choralar va o‘zaro kelishuvlar natijasida O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vatandoshga bepul aviachipta rasmiylashtirib berilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari chet elda bo‘lib turgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, zarur huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Jamiyat
Toshkentda Lacetti chiroq ustuniga borib urildi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Lacetti rusumli avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi quvib o‘tish qoidasini qo‘pol ravishda buzishi oqibatida transport vositasi boshqaruvdan chiqib ketgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa joriy yilning 18 iyun kuni soat 18:30 atrofida Chilonzor tumanidagi Bunyodkor shohko‘chasida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi quvib o‘tish qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada avtomobil yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqqa chiqib ketib, yo‘lni yoritish chiroq ustuniga urilgan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
YHXB haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, bu kabi qoidabuzarliklar og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini eslatdi.
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
-
Jamiyat5 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Sport5 days agoFIFA Rivaldo oldidagi qarzdorlik tufayli «Bunyodkor»ga transfer taqiqi qo‘ydi
-
Jamiyat2 days agoShayxontohurda ikki qavatli do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport5 days agoJahon chempionatida bir nechta futbolchi doping bilan qo‘lga tushdi
-
Sport4 days ago
Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi
