Jamiyat
Toshkentda kuchli dorilarga qarshi reyd: minglab preparatlar musodara qilindi
DXX hamda ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Toshkent shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Reydlar davomida “Regapen” va “Zardeks”, shuningdek, qo‘lbola tayyorlangan dorilarning katta partiyasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ma’lum qilinishicha, DXX va IIO xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi, 1996 yil tug‘ilgan shaxs hamda uning 1999 yil tug‘ilgan samarqandlik tanishi poytaxt hududida to‘xtatilib tekshirilgan. Natijada ularning yonidan 8400 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlangan.
Shuningdek, ular vaqtinchalik ombor sifatida foydalangan Chilonzor tumanidagi xonadondan 12 600 dona “Regapen”, 10 000 dona turli xildagi, ishlab chiqaruvchisi aniq bo‘lmagan qo‘lbola dorilar, dorilarni qadoqlash uchun 500 dona idish, qalbaki qadoqlarga qaydlarni yozishga mo‘ljallangan markerlovchi mini-printer ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ikkinchi holatda DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1994 yil tug‘ilgan shaxs 6 dona “Zardeks” dori vositasini 600 ming so‘mga sotgan paytida ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu dori vositalarini yetkazib berib turgan Namangan shahrida yashovchi, 1987 yil tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro ham poytaxt hududida qo‘lga olingan. Uning “Treker” rusumli avtomashinasidan 12 400 dona “Zardeks” va 14 dona “Regapen” protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holatlarga duch kelinganda 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish mumkinligini eslatdi. Shaxs ma’lumotlarining sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlandi.
Jamiyat
Jarima xatlarini yetkazib berish xizmati to‘xtatiladi
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalarni (jarima xatlarini) yetkazib berish xizmati to‘xtatiladi.
Respublikada «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini amalga oshirish doirasida jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonlarini raqamlashtirish, shu jumladan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarni yetkazishda inson omilini kamaytirish, ishonchliligini oshirish hamda aholi uchun qulayliklar yaratish maqsadida yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorlarning ko‘chirma nusxasi va unga ilova qilingan materiallar sinov tariqasida quyidagi manbalar orqali yuborilishi yo‘lga qo‘yilgan:
— davlat xizmatlari portali: — my.gov.uz (MyGov mobil ilovasi)
— SafeRoad mobil ilovasi
— Road24 mobil ilovasi
— Yagona interaktiv davlat xizmatlari mobil ilovasi (MIB)
— Hamroh mobil ilovasi Qaror rasmiylashtirilishi bilan 6079 raqamidan SMS-xabarnoma yuboriladi.
Agar SMS-xabarnoma kelmasa, my.gov.uz portaliga kirib, telefon raqamingizni ro‘yxatdan o‘tkazishingiz lozim — shundan so‘ng barcha xabarnomalar avtomatik ravishda yuboriladi.
Mazkur raqamli xizmatlardan foydalanish vaqti cheklanmagan, qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish yoki hujjat taqdim etish talab etilmaydi, qaror rasmiylashtirilishi bilan bir vaqtda barcha materiallar bilan tanishish hamda qonunchilikda belgilangan muddatlarda jarimani to‘lash imkoniyati mavjud.
Jamiyat
Toshkent tumanidagi ichki yo‘llar ta’miri uchun 3,5 mlrd mablag‘ ajratildi
Toshkent viloyati hokimi Toshkent tumani hamda Chirchiq shahridagi yo‘llarni ta’mirlash xarajatlari uchun Viloyat mahalliy budjetining 2026-yil boshiga shakllanadigan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan jami 5,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratdi.
Hokim farmoyishiga ko‘ra, ajtilgan mablag‘larning 3,5 mlrd so‘mi Toshkent tumanining 9 ta ichki ko‘chalarini jami 11,5 km uzunlikdagi ta’mirtalab qismini ta’mirlash uchun ishlatiladi. Qolgan 1,8 mlrd so‘m esa Chirchiq shahridagi Harbiy poligonga olib boruvchi yo‘lning ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazish xarajatlari uchun sarflanadi.
Ushbu mablag‘larning belgilangan tartibda maqsadli sarflanishi ustidan esa viloyat «Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» davlat muassasasi (N.Tog‘aynazarov), Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi viloyat boshqarmasi (O.Odilov) hamda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O.Tursunovlar tegishli nazoratni o‘rnatadilar.
Jamiyat
Bektemir tumanida piyoda ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
2 mart kuni ertalab Bektemir tumanida «Damas» rusumli avtomashina piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan fuqaroni urib yubordi. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
2026 yil 2 mart kuni soat 08:15 larda Toshkent shahri Bektemir tumani THAY ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi qayd etildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2007 yilda tug‘ilgan A.A. boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashina piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan 2008 yilda tug‘ilgan piyodani urib yuborgan.
Hodisa oqibatida piyodaga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentdagi Yuridik universitetda maxsus uch yillik ta’lim dasturi joriy etilishi mumkin
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetiga Universitet huzuridagi akademik litseylar, yuridik texnikumlar bitiruvchilari hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar belgilangan tartiblar asosida qabul qilinadi va ular tanloviga ko‘ra kirishi mumkin bo‘lgan bakalavr ta’lim yo‘nalishlarining maxsus uch yillik ta’lim dasturini o‘qiydilar. Ushbu toifa abituriyentlarni qabul qilish va o‘qitish alohida qabul kvotasi va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Bu borada Adliya vazirligining tegishli hujjat loyihasi e’lon qilindi.
Hujjat loyihasida Universitet huzuridagi akademik litsey va yuridik texnikumlar bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlanishi ham aytiladi. Bunda iqtidorli bitiruvchilar oliygohga maxsus uch yillik ta’lim dasturiga 2-kursdan kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari o‘qishga qabul qilinishi belgilanmoqda. Toshkent davlat yuridik universitetining maxsus uch yillik ta’lim dasturiga o‘qishga qabul qilish suhbat natijalariga ko‘ra reyting tizimi bo‘yicha to‘plangan ballar asosida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, loyihada oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarning Universitetda “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat doirasida oliy ta’limni olishlari tartibi ham belgilangan. Qayd etilishicha, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘zining mavjud quvvatlari, moddiy-texnik bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibi hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqib, qabul parametrlaridan tashqari kvota doirasida yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi va o‘qitishning kunduzgi, kechki, masofaviy ta’lim shakllarida tashkil etadi.
Jamiyat
48 nafar o‘zbekistonlik Doha aeroportida qolib ketdi
Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi sabab Toshkentga qaytayotgan 48 nafar o‘zbekistonlik Doha xalqaro aeroportida qolib ketdi. Elchixona ma’lum qilishicha, vaziyat nazoratga olingan va fuqarolar vaqtinchalik mehmonxonalarga joylashtirilgan.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, 28 fevral kuni Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi oqibatida Toshkentga qaytishi kerak bo‘lgan 48 nafar fuqaro Doha aeroportida qolib ketgan. Aviakompaniyalar favqulodda vaziyat tufayli yo‘lovchilarni mehmonxona bilan ta’minlay olmagan sharoitda elchixona xodimlari zudlik bilan aeroportga yetib borib, zarur choralarni ko‘rgan.
Olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolar, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam so‘ragan vatandoshlar ham vaqtinchalik mehmonxonalarga joylashtirilgan.
Qatar havo hududi ochilib, parvozlar tiklanishi bilan fuqarolarning vatanga xavfsiz qaytishi ta’minlanishi ta’kidlandi. Qayd etilishicha, vaziyat elchixonaning doimiy nazoratida bo‘lib, yo‘lovchilar ro‘yxati muntazam yangilab borilmoqda.
Diplomatik vakolatxona fuqarolarni vahimaga tushmaslikka, faqat rasmiy manbalarga tayanishga, xavfsizlik yuzasidan odamlar gavjum joylardan saqlanib, mahalliy qonun-qoidalarga amal qilishga chaqirdi.
Murojaat uchun elchixona konsuli Otabek Murodov bilan bog‘lanish mumkin: +974 5141 1001.
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Mahalliy5 days agoO‘zbekiston Jahon banki indeksida o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshiladi
-
Jamiyat2 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Wolt servisi O‘zbekistonda faoliyatini to‘xtatmoqda
-
Siyosat4 days agoShavkat Mirziyoyev Surkandaryo harbiy qismining havo hujumidan mudofaa tizimini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
-
Dunyodan5 days ago
Yun Seok-Yol umrbod qamoq jazosi ustidan shikoyat qiladi
-
Siyosat4 days ago
Londonda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari uchrashadi
